Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Fernando Yerrodan hech kim «Real»dagi g‘ururini tortib ololmaydi

Fernando Yerrodan hech kim «Real»dagi g‘ururini tortib ololmaydi

Baho:
+ | -

Fernando Yerro Madridning asosiy jamoasiga 1989 yilda «Valyadolid»dan kelib qo‘shilgan. U jamoada dastlab shunchaki yangi o‘yinchi edi, ammo oxir-oqibat afsonaga aylandi, uch marta Chempionlar ligasi, ikki bor qit’alararo kubok, besh marta La Liga, bir marta Ispaniya kubogi, bir marta Yevropa Superkubogi va to‘rt marta Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritdi. «Qaymoqranglilar» libosida  o‘tgan 14 yil uni klub tarixidagi 601 uchrashuvi bilan eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan beshinchi futbolchiga aylantirdi. Undan oldingi o‘rinlarda Raul, Kasilyas, Sanchis va Serxio Ramoslar joy olishgan. Yerroni ko‘pchilik muxlislar shunchaki himoyada gol urish bo‘yicha master sifatida eslashadi. Biroq u o‘z faoliyatini yarim himoyachi sifatida boshlagan, shunga qaramay keyinchalik o‘z o‘rni himoya markazida ekanligini tezda anglab yetdi. Pozisiyasiga qaramay, Fernando 127 ta gol urgan. Bundan tashqari, u Ispaniya terma jamoasi safida 89 ta rasmiy o‘yinda ham maydonga tushgan. Quyida e’tiboringizga futbolchining AS nashriga bergan eksklyuziv intervyusini havola etamiz.

Madridda boshqa klublardan ajralib turadigan noodatiy nima bor?

Birinchidan, tarixni sotib olib bo‘lmaydi. «Real Madrid» - dunyodagi eng muvaffaqiyatli klublardan bittasi va dunyodagi eng yaxshi qadriyatlarga ega jamoa. Ikkinchidan, bu yerda g‘oliblik geni mavjud. Bu stadionda boshqa klublardagidan yaxshiroq o‘yin va taktika ko‘rishingiz mumkin. Madriddagi asosiy omil - bu g‘alaba qozonish. «Real Madrid» a’zolari faqat g‘alaba qozonish uchun maydonga tushishadi - bu klubning mentalitetiga xos narsa.

«Real»da o‘ynab, bosimga dosh berish qiyinmi?

Mening ajoyib jamoadoshlarim bor, ular istalgan bosimga bardosh bera olishlariga ishonaman. La Ligadagi debyut kunimda katta yoshli futbolchilar oldimga kelib: “Biz buyuk «Real»miz. Hatto mavsumoldi o‘rtoqlik bahslarida ham yutqazmasligimiz kerak”, deyishgani haligacha yodimda. «Real Madrid» Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lish bo‘yicha qirol hisoblanadi. Buning qanchalik qiyin vazifaligini avvalo, tushunib yetish kerak. O‘zingiz eslang: masalan, «Yuventus» yoki «Valensiya»ga qarshi bahslarda biz favorit emasdik. Madridliklar deyarli barcha finallarda g‘alaba qozonishgan. Bu seni beixtiyor ravishda klub gerbini hurmat qilishga undaydi.

Siz aytgan g‘alaba tuyg‘usi nimaligi va uni bugungi yoshlarga yetkazish qiyinmi?

Odatda bu qiyin jarayon, lekin hozir klubda buni tushuntirib bera oladigan odamlar bor. Raulga e’tibor bering, hech kim unga bu nimani anglatishini tushuntirmagan. Yoki Moriyentes, Gutilarni oling. Klubga kelganlar jamoa logotipini avtomatik ravishda his qilib ketaveradi. Biroq shunday jamoadoshlarim ham bo‘lardiki, ular katta bosimga dosh bera olishmagan. Madridda mag‘lubiyatga uchragan kuning eng og‘ir kun: klub muxlislari hayratda, jamoatchilik fikri o‘sha kuni faqat sizga qaratilgan va qarama-qarshi fikrlar talaygina. Men bu klubda 14 yilni o‘tkazdim va har safar rahbariyatining men bilan shartnoma imzolashni xohlayotganini turli nashrlarda o‘qidim. Qachondir gol o‘tkazib yuborgan paytimiz klub short-listida darhol boshqa markaziy himoyachilar ro‘yxati paydo bo‘la boshlagan. Xo‘sh, buni qanday qilib yengib o‘tish mumkin? Sizda individual mahorat va o‘zingizga bo‘lgan ishonch ko‘p bo‘lishi kerak, aks holda ruhiy tushkunlikka tushib qolishingiz hech gap emas.

Bundan tashqari, bizda murabbiylar faktori ham ancha yuqori edi. Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan barcha murabbiylarga e’tibor bering. Ularning barchasi deyarli bir xil: ahillik, ichki xotirjamlik va mas’uliyat doimo birinchi planda bo‘lib kelgan. Migel Munyos, Xaynkes, Zizu yoki Anchelotti... Bu kabi insonlar asosiy yulduzlar o‘zlari emas, balki maydondagi futbolchilar ekanligini juda yaxshi bilishadi. Madridda g‘alaba qozonsang bu ajoyib, lekin yutqazsang hammasi yomonlashib ketaveradi, chunki bu klub faqat g‘alaba qozonish uchun yaratilgan. Bu yerda ne-ne futbolchilar o‘ynashmadi deysiz, ammo Madridning buyukligi hamma narsadan ustun bo‘lib kelgan.

«Real Madrid» muxlislarini rahbariyatdan ham talabchanroq deyishadi. Bu fikr qanchalar to‘g‘ri?

Muxlislarimiz g‘alaba qozonishga o‘rganib qolishgan, chunki ular ko‘plab titullarni birga boshlari uzra ko‘tarishgan. Agar siz 9 va 7-raqamni egningizga ilgan bo‘lsangiz, muxlislar sizdan doimo yuqori narsalarni talab qilishgan. Biroq keksayib qolganingizda e’tibordan chetda qolishingiz ham hech gap emas. Formangiz yomonlashishi tabiiy jarayon, bu hammada sodir bo‘ladi. Yoshingiz qanchalik katta bo‘lsa, samaradorlik shunchalik pasayib ketaveradi. Yoshingiz ulg‘aydi va o‘rningizga yangi kadr izlashga to‘g‘ri kelib qoldi va bu tabiiy jarayon, bu hayot qonuni. 1989 yilda jamoa safiga kelib qo‘shilganimda 5-raqamli futbolkani oldim. Men ketgan paytim esa Serxio Ramos pozisiyamni egalladi. Madridda qolishni istasang, yangi biror narsa kashf etib ket, iste’doding bo‘lmasa barchasi bekor.

«Bernabeu»da ajralmas nima abadiy va uni alishib bo‘lmaydi?

Sadoqat. «Bernabeu»da agar 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lsang ham muxlislar sendan kambek kutishadi, yana imkon berishadi. Bu yerni odamlari kurashga intiluvchan. Yirik hisobdagi g‘alabadan ko‘ra ko‘proq kambek qilish haqida o‘ylashadi. Ular o‘z jamoasining kurashini tomosha qilishdan zavqlanishadi. Va bu sodir bo‘ladi ham. Tarixda bu kabi aql bovar qilmas epizodlarning bir qanchasi bo‘lib o‘tgan. Ko‘plab yulduzlarni bir yerga birlashtiradigan narsa - bu fidoyilik. Men g‘oliblik mentaliteti haqida avval aytganlarimga yana qaytaman.

Bugungi kunda «Real Madrid»ni qanday tasavvur etasiz?

Men bu qanday klub ekanligini doim yodimdan chiqarmaganman. Hayotimning naq 14 yilini shu yerda o‘tkazdim. «Real» menga nafaqat futbolchi, balki inson sifatida ham ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Men o‘tmishim bilan faxrlanaman. Hech kim mening «Real»dagi g‘ururimni tortib ololmaydi.

Kiritildi: 22:53, 07.03.2022.
O'qildi: 2418 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.