Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri hamon Eldor Shomurodovga befarq emas. Bunga yorqin misol: rossiyalik hamkasblarimiz «Roma»ning Konferensiyalar Ligasidan o‘rin olgan «Vitess»ga qarshi o‘yini oldidan buoncal-cioatutti.it portali asoschilaridan biri Alessio Seminoni suhbatga tortib, hamyurtimiz muammolari va uning nega amaliyotsiz qolayotgani haqida ham gaplashishdi.
- «Jenoa»da yorqin o‘yin ko‘rsatish evaziga Joze Mourinyo boshqaruvidagi «Roma» safiga qo‘shilgan Eldor Shomurodov haqida nima deysiz?
- Eldorni anchadan buyon alohida kuzatib kelyapman. Bu futbolchi hozir «Jenoa»ga juda asqotgan bo‘lardi. Afsuski, u Genuya klubidan ketib qoldi. Jamoaning yangi murabbiyi qisqa vaqtda sifatli himoya chizig‘ini shakllantirdi, ammo endi hujumda muammolar bor. Xullas, bugungi «Jenoa»da gol ura oladigan hujumchi yo‘q. Eh, Shomurodov qolganida, hozir klubga katta naf keltirardi. Zero, u o‘ziga vaziyat yarata oladigan va eng muhimi, raqibga bosim o‘tkazish ishlarida faol ishlaydigan futbolchilar toifasidan. Kamtarin, odobli, professional va mehnatkash Shomurodov «Jenoa» uchun ideal o‘yinchi edi.
- Sizningcha, u «Roma»da nega o‘z o‘yinini ko‘rsatolmayapti?
- Bu holat sababini bilish uchun hammasini klub ichidan kuzatish va «Roma»ga aloqador kishilar bilan muloqot qilish kerak. «Jenoa» atrofida nima bo‘layotganini yaxshi bilaman, ammo «Roma» ichidagi holatdan xabarim yo‘q. Tashqaridan qaraganda, ham o‘yin, ham boshqa jihatlar nuqtai nazaridan «Roma» Shomurodov uchun qulay klub emasdek. Deylik, «Jenoa»da Eldorning ko‘zlari «yonib turardi». Hozir esa qandaydir tushkun holatdadek. Qolaversa, Genuyada Eldorga mutlaqo ishonishgan. Shu munosabat o‘laroq, u jamoaga kerak ekanligini to‘liq his qildi. Mourinyo esa Eldorga uncha ishonmaydi. Oddiy aytganda, hozirgi holatda unda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati deyarli yo‘q. Aftidan, Joze yozda «Roma» rahbariyatidan Eldorni transferga qo‘yishni so‘raydi va o‘zbekistonlik futbolchi ham bundan xafa bo‘lmasa kerak.
Shomurodovga tezroq o‘zini tiklab olishini tilayman, chunki u mehnatkashligi va professionalligi bilan ko‘proq o‘ynashga loyiq. Balki hozirgi «Roma» uning jamoasi emasdir. Lekin ishonamanki, Eldor boshqa klubga o‘tsa, o‘zini ko‘rsata oladi, uning cho‘qqisi hali oldinda.
Transfermarkt portali talqiniga ko‘ra, Eldor Shomurodovning transfer bahosi 12 milliondan 10 million yevroni tushdi. Pasayish hamyurtimizning zaxirada qolib ketayotgani bilan bog‘liq, albatta. Calciomercato xabariga ko‘ra esa, «Roma» rahbariyati yozda Eldor Shomurodovni transferga qo‘yib, Temmi Abraxamga raqobat tug‘diradigan boshqa hujumchi sotib olmoqchi. «Rim klubi yangi loyihasida Eldor Shomurodovning muhim o‘rin egallashini kutgandi, biroq 26 yoshli hujumchi kutilgan darajani ko‘rsatolmayapti», - deyiladi xabarda. Qo‘shimcha qilinishicha, Rim klubi ayni payt yozda erkin agent maqomini oladigan «Arsenal» vakili Aleksandr Lakazett nomzodini o‘rganib chiqmoqda. Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov va «Roma» o‘rtasidagi shartnoma 2026 yilgacha mo‘ljallangan.