Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Klubga tengdosh kompaniya yoxud Bundesliga tarixidan...

Klubga tengdosh kompaniya yoxud Bundesliga tarixidan...

Baho:
+ | -

Germaniyaning top-klublari qaysi kompaniyalar bilan bir vaqtda tashkil etilgan? Xorijlik kasbdoshlarimiz quyidagi material orqali ana shu qiziqarli mavzuga oydinlik kiritdilar.

«Bavariya» va  «Borussiya-M» (1900)

Myunxenning gegemon klubi va uning gladbaxlik azaliy raqibi Germaniyaning Adler avtokompaniyasi bilan tengdosh hisoblanadi. Qayta tashkil etilishidan 20 yil avval kompaniya yozuv mashinkalari va kalkulyatorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanar va Heinrich Kleyer GmbH deb nomlanardi. Biroq keyinchalik Genrix Klyayer sohani o‘zgartirishga qaror qildi va transport vositalarini tanladi. Ikkinchi jahon urushida korxona vayron bo‘ldi, uni tiklash uchun mablag‘ yo‘q edi. Shu sababli kompaniya avvalgi sohasiga qaytib, ofis uskunalari bilan velosipedlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Moliyaviy qiyinchiliklar oqibatida kompaniya 1957 yilda maishiy jihozlar ishlab chiqaradigan Grundig kompaniyasi bilan birlashtirildi. 2 yildan keyin esa Italiyaning Olivetti kompaniyasiga sotib yuborildi.

«Borussiya-D» (1909)

1909 yilga qadar Avgust Xorx omadsiz tadbirkorlar safida edi: u baxtini avtomobil biznesidan izlab, 1899 yilda A Horch - Cie kompaniyasiga asos soldi va 10 yil ichida bir nechta avtomobillarni tayyorladi. Rahbariyatdagi o‘zaro kelishmovchiliklar tufayli Avgust korxonani tark etdi va yangi August Horch Automobilwerke firmasini tashkil etdi. 30-yillarda Audi Horch bilan birlashib, Wanderer va DKW hisobiga kengaytirildi va Auto Union nomini oldi. Shu tariqa 4 halqali logotip dunyoga keldi. Keyinchalik Wanderer, DKW va Horch tugatilgan bo‘lsada, ramz o‘zgarishsiz qoldi.


«Bayer» va  «Frayburg» (1904)

1904 yilda tadbirkorlik sohasi tanazzulga yuz tutgan, faqat plastik xom-ashyolardan o‘yinchoq askarlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Elastolin kompaniyasi talab darajasida faoliyat ko‘rsata olgandi. Plastilindan keng foydalanadigan korxona oddiy askarlar qatorida Vilgelm II, hatto 30-yillarda Adolf Gitler siymolarini ham ishlab chiqargandi. Biroq tez orada korxona kasodga uchradi, askarchalar hech kimni qiziqtirmay qo‘ydi va 1983 yilda kompaniya bankrot bo‘ldi.


«Union» (1966)

Berlin klubi suv filtrlarini ishlab chiqaruvchi Brita komapaniyasining tengdoshi. Avvaliga u Aqua De Mat nomi ostida edi. Tez orada Xayns Xankammer o‘z kompaniyasiga qizining ismini berdi. Hozirda korxona dunyoning 69ta davlati bilan hamkorlik qiladi. Faqat Shimoliy Amerika qit’asi bundan mustasno.


«RB Leypsig» (2009)

2009 yilda futbol industriyasini zabt etish bo‘yicha Napoleonga xos reja tuzgan «RB» Leypsigda o‘z klubini tashkil etdi. Aynan shu yilda Bit Composer Interactive kompaniyasi ham dunyoga keldi. Nomini eshitgan kishi uni musiqiy asboblar korxonasi, deb o‘ylashi mumkin. Biroq aslida u Germaniyadagi videoo‘yinlar nashriyotidir.


«Xoffenxaym» va «Ayntraxt» (1899)

1899 yil uy bekalari uchun unutilmas yil bo‘lgandi - aynan shu yili kir yuvish mashinalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Miele kompaniyasiga asos solindi. Shundan beri uni Mile (51,1 foiz) hamda Sinkann (48,9 foiz) oilalarining avlodlari boshqarib kelishmoqda. Markus Mile kompaniyaning amaldagi sohibi. 2007 yilda Germaniyaning eng muvaffaqiyatli kompaniyasi sifatida e’tirof etilgan korxona Google va Porsche brendlaridan o‘zib ketgandi, hozir dunyodagi maishiy texnika vositalari korxonalari orasida yetakchi beshlikda bormoqda.


«Kyoln» (1948)

Ikkinchi jahon urushidagi yaqqol mag‘lubiyatdan keyin Germaniya iqtisodiyoti nochor holatga tushib qolgan, ulkan maydonlar amerikaliklar va britaniyaliklar tomonidan bosib olingandi. O‘sha og‘ir davrda bosib olingan hududlarda pul muomalasini nazorat qilish maqsadida «Nemis davlatlari banki» (BdL) tashkil etildi. Bank nemis markalarini tarqatish bilan shug‘ullangan bo‘lsada, AQSH, Britaniya va Fransiya nazorati ostida faoliyat yuritgan. 1957 yilda uning o‘rnini egallagan «Nemis federal banki» hozir ham faoliyatini davom ettirmoqda.


«Mayns» va  «Arminiya» (1905)

1905 yilda Frans Ritter o‘z o‘g‘li bilan oshxona anjomlarini zangdan tozalaydigan uskuna yaratdi. Uning g‘oyasi - maxsus cho‘tka anjomlarni zarar yetkazmagan holda tozalardi. Tez orada Frans o‘z ixtirosi uchun patent olib, Ritterwerk kompaniyasini ochdi. Shiddat bilan rivojlangan kompaniyaning xizmatchilari soni 20 yilda 130 nafarga yetdi, 100 mingdan ortiq kishi pichoq tozalash asbobi sohibiga aylanishdi. Hozir kompaniya uy bekalari uchun elektr choynaklar, non pishirish moslamalari ishlab chiqarmoqda.


«Boxum» (1938)

Choynak va tosterlarni bir chetga surib, nafis texnika vositalariga o‘tamiz. 1938 yilda ikki maslakdosh fiziklar - Lotar Rode hamda German Shvars texnik asbob-uskunalarni tekshirish jihozlarini ishlab chiqaradigan kompaniyaga asos soldilar. Oradan 10 yil o‘tgach, AQSH armiyasidan harbiy havo kuchlari uchun radiouskunalarni tekshirib turadigan o‘lchagichlarga buyurtma berildi. Korxona hozir ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, AQSH va Singapurda o‘z filiallariga ega. O‘tgan yilni kompaniya 2 mlrd. yevro daromad bilan yakunladi.


«Gerta» (1892)

Ro‘yxatimizdagi Germaniyaning eng ko‘hna klubi va kompaniyasi. Alkogol ichimliklar ishlab chiqaruvchi BEHN kompaniyasi 100 yildan ko‘proq vaqtdan beri Benlar oilasi tasarrufida. Uning 90-yillarda ishlab chiqargan likyori asosiy mahsulot hisoblanadi.


«Volfsburg» (1945)

Ma’lum sabablargi ko‘ra, germaniyalik ishbilarmonlarning faolligi 1945 yilda pasayib qolgan bo‘lsada, bir nechta tashabbuskorlar Aufbau-Verlag kitob nashriyotini tashkil etishdi. Avvaliga u GDRni, hozir esa butun Germaniyani kitob bilan ta’minlamoqda. Nashriyotda rus adabiyotiga qiziqish kuchli. Yozuvchi Boris Akunin uchun nashriyot o‘z saytida alohida sahifa ajratgan.


«Augsburg» (1907)

Sug‘urta xizmati va boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan Signal Iduna Group kompaniyasi turli shaharlar va mamlakatlarda o‘z filiallarini ochgan. Futbol muxlislariga u «Borussiya-D» orqali yaxshi tanish. Gap shundaki, 2005 yilda dortmundliklar o‘z stadionlarini homiy nomi bilan yuritish borasida shartnoma imzoladilar. Yaqinda kelishuv muddati 2026 yilga qadar uzaytirildi.


«Shtutgart» (1893)

Musiqiy uskunalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniya shvesiyalik ixtirochi Karl Lindstryom tomonidan tashkil etilgandi. 20 yilcha muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan korxona Birinchi jahon urushi ta’sirida tanazzulga yuz tutdi va 1926 yilda Columbia Gramophone Company kompaniyasiga sotib yuborildi.


«Groyter» (1903)

Hikoyamizga August Storck kompaniyasi bilan yakun yasaymiz. Mamba saqichlari va Merci shokoladlari uchun unga o‘z minnatdochiligimizni izhor etamiz.

JAHONGIR tayyorladi

Manba: zakovat.uz
Kiritildi: 11:00, 26.04.2022.
O'qildi: 1552 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.