Xosep Bartomeu nomini "Barselona" muxlislari juda yaxshi eslab qolishgan. Bartomeu Kataloniya jamoasini olti yil (2014-2020) davomida prezident o‘laroq boshqardi. Bu yillar mobaynida "Barselona" bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Umumiy olib qaraganda, Xosep o‘z vazifasini yaxshi uddalayotganday ko‘ringan edi. Lekin, bu - dahshatli bo‘rondan oldingi sukunat bo‘lib chiqdi. 2020-yilning oxiriga kelib klub qulog‘igacha qarzga botganini kattayu-kichik bilib bo‘ldi. Bartomeu kursisidan ag‘darildi. Ispaniyalik ishbilarmon o‘zidan katta miqdordagi qarzni meros qilib qoldirdi.
Klub tepasiga endi ancha ishonchli, jamoa uchun qadrdon bo‘lgan - Joan Laporta keldi. Muxlislar bir oz tin oldi. Muxlislarning ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. Lekin Laporta sehrgar emas-ki, bir tayoq silkitishi bilan barchasini to‘g‘irlab yuborsa. Klubni bu inqirozdan qutqarish uchun, Laporta o‘ta keskin qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Laportaning dastlabki yurishi bunday bo‘ldi: u klubdagi ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan birin-ketin qutula boshladi. Iqtisodiy holatning qurbonlari jamoani asta-sekin tark eta boshladilar. Shak-shubhasiz, eng katta qurbon bu - Lionel Messi. Umrining yarmini shu klubda o‘tkazgan, barcha yaxshi va yomon xotiralari shu klub bilan bog‘liq bo‘lgan futbolchi. "Barselona" qiroli klub manfaati uchun taxtdan tushishga majbur bo‘ldi. Undan keyingi qurbonlar Koutinyo va Grizmann bo‘ldi. Ikkalasi ham katta umidlar bilan jamoaga olib kelingan futbolchilar. Rahbariyat bu ikki futbolchini ijaraga berish orqali, ularga sarflanadigan maoshni tejab qoldilar va bu summani klub rivoji uchun sarfladilar.
Jamoa o‘z yulduzlarini sotdi. Ularning o‘rni bo‘sh qoldi. Yangi yulduzlarni sotib olish uchun "Barsa"da yetarlicha mablag‘ yo‘q edi. Superklublar uchun esa doimo qahramonlar kerak. Laporta bu bo‘shliqni akademiyaning fidokor o‘yinchilari yordamida to‘ldirdi. Bir mavsumning o‘zida Pedri, Gavi, Arauxo kabi yosh yulduzlar porlab chiqdi. Shak-shubhasiz, bularning ichida eng yorqin porlagani bu - Pedri Gonsales edi.
"Kataloniya javhari"
Maqolani yozishdan oldin, Pedrini qandaydir yorqin nom bilan nomlashim kerak edi. Lekin yaltiroq gaplar bilan, mubolag‘a orqali qahramonimizni ko‘pirtirgim kelmadi. Zotan u bunga muhtoj ham emas. O‘ylab-o‘ylab, unga eng munosib nom "Kataloniya javohiri" deb bildim.
Javhar bu - qimmatbaho va noyob bo‘lgan toshdir. Pedri ham huddi shunday. U kabi yosh yulduzlar ko‘p. Xo‘sh, uning noyobligi nimada? Gap shundaki, Mbappe, Sancho, Saka, Foden kabi yosh yulduzlarning barchasi oldi chiziq vakillaridir. Ular gollari orqali mashhurlikka erishdilar. Pedri esa yarimhimoyachi. Yarimhimoyachilar esa - nisbatan tanilishlari qiyinroq bo‘lgan, qora ishni qiluvchi futbolchilardir. "Barselona"dek jamoada, o‘n sakkiz yoshda, asosiy yarimhimoyachi bo‘lish, faqat javhar kabi noyob o‘yinchilar qo‘lidan keladi.
Aslini olganda Pedri bu mavsumning kashfiyoti emas. Pedri bundan avvalgi mavsumda, Messining qanotida ko‘rsatgan o‘yinlari orqali muxlislar e’tiborini jalb qildi. Avvalgi (2020-2021) mavsumda, Pedri umumiy hisobda oltmish to‘rtta o‘yin o‘tkazdi. Bu esa yosh yulduzning jismoniy holatiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Pedri o‘ttizinchi sentyabrda, "Benfika"ga qarshi bahsda jarohat oldi va maydonni tark etdi. Bu o‘yin u uchun mavsumdagi to‘rtinchisi edi.
Qahramonimiz naqd uch yarim oyga safdan chiqdi. Bu muhlat oralig‘ida jamoa pastki o‘rinlarga sho‘ng‘ib ketdi. Kuman iste’foga chiqarildi. Jamoa o‘zining eng yomon mavsumlaridan birini o‘tkazayotgan edi.
Pedri yanvarda safga qaytdi. Bu vaqtga kelib jamoa Xavi qo‘l ostiga o‘tgan edi. Pedri yangi murabbiy qo‘l ostida yana ham yayrab o‘ynashni boshladi. Jamoa yevrokuboklar zonasiga qaytdi. Biroz kech bo‘lsa-da jamoa o‘ziga kelib oldi va bunga eng katta hissa qo‘shgan futbolchilardan biri Pedri edi. Pedri bor vaqtlar "Barselona" aut olishga ham qiynalmadi. Ya’ni - Pedri maydonda doimo o‘zini taklif qilar va bu orqali jamoasini qiyin vaziyatlardan olib chiqib ketdi. Ispaniyalik iqtidor egasi, o‘zining nostandart qarorlari bilan jamoaga ko‘plab ochkolar keltirdi.
Lekin mavsumning tugashiga bir yarim oy qolganda u yana safdan chiqdi. U bilan birga "Barselona" ham, "muvaffaqiyat relsidan" chiqib ketdi. "Barsa" birin-ketin mag‘lubiyatlar qabul qilib oldi. Bu esa - Pedrining jamoadagi o‘rni naqadar katta ekanini ko‘rsatdi.
Nima bo‘lganda ham, "Barselona"ning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yomon mavsumi tugadi. Qahramonimiz jamoa bilan har doim birga bo‘lganida natijalar bu qadar qo‘rqinchli bo‘lmasdi balki. "Oltin bola" o‘z qarshisidagi yagona dushmani - jarohatlarni yengib o‘tib, yangi mavsumda jamoasi bilan titullar qo‘lga kiritishiga tilakdoshmiz...
Norboy muallim