Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Mojaro: Sobiq prezidentlar ishi

Mojaro: Sobiq prezidentlar ishi

Baho:
+ | -

Shveysariyada Mishel Platini va Zepp Blatterning sud ishi davom etmoqda.

Bu shaxslar ishtirokidagi mojaro ko‘p yillardan buyon davom etayotgani sababli, barchasi aslida nimadan boshlangani ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lsa, ajabmas.

Platini va Blatterga qanday ayb qo‘yilgan? Yodga olamiz:

* Blatter 1998-2015 yillar mobaynida FIFA prezidenti bo‘lgan.

* Platini 2007-2015 yillar mobaynida UYEFA prezidenti bo‘lgan.

2015 yilda ularga qarshi korrupsiya bo‘yicha tergov boshlandi. Sabab:

* Ma’lum bo‘lishicha, Platini tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, Blatterdan 2 mln. Shveysariya franki (1,8 mln. yevro) olgan. Bunda yozma hujjat bo‘lmagan.

* Platiniga atalgan to‘lov uning 1998-2002 yillardagi ishi uchun mo‘ljallangan, o‘tkazma esa 2011 yilning fevralida amalga oshirilgan.

* Platini va Blatter kelishuv og‘zaki tarzda kechganini tasdiqlashgan.

* Jinoyat ishi Shveysariya qonunchiligi asosida qo‘zg‘atilgan. Unga ko‘ra, ishchi kelishuv bo‘yicha pullarni majburiyat bajarilgan kundan boshlab keyingi 5 yil ichida to‘lanishi belgilangan.

* Nima shubhalantirdi? Platini FIFA prezidentligiga saylanishni rejalashtirgan, lekin ko‘p o‘tmay fikri o‘zgargandi. Shuningdek, u 2011 yilda qayta saylangan Blatterni qo‘llab-quvvatlagan. To‘lov aynan saylovlardan biroz avval amalga oshirilgandi.

Platinining aytishicha, u o‘z ishi uchun belgilangan summaning faqat bir qismiga o‘sha zahoti ega bo‘lgan, qolgani keyinroq to‘lanishi ko‘zda tutilgandi, chunki FIFA mablag‘ni to‘liq to‘lay olmasdi. Biroq FIFA moliyaviy hisobotlari boshqacha «so‘zlamoqda» - tashkilot bunday to‘lovni amalga oshirishga qodir edi.

Avvalroq Shveysariya bosh prokuraturasi Blatterni 2005 yili Karib futbol ittifoqi bilan FIFA uchun manfaatli bo‘lmagan shartnoma imzolaganlikda ayblagandi. Gap JCH-2010 va JCH-2014 televizion huquqlarini 600 mingga sotish haqida bormoqda - bu bozor narxidan ancha past.

FIFA qarori:

* Blatter 8 yilga futbolga aloqador faoliyatdan chetlatildi. 2016 yilning fevralida muddat 6 yilgacha qisqartirildi.

* Platini ham 8 yilga chetlatildi. Bir necha oydan so‘ng diskvalifikasiya muddati 6 yilgacha, yana bir necha oy o‘tgach, 4 yilgacha qisqartirildi.

2021 yilning martida Blatter 85 yoshni qarshilaganda, FIFA uni tartib-intizom kodeksini buzganligi uchun yana 6 yilu 8 oyga chetlatib, 1 mln. Shveysariya franki miqdorida jarima belgiladi. Diskvalifikasiya 2021 yilning oktyabridan kuchga kirdi. Ayni jazo FIFAning sobiq bosh kotibi Jerom Valkega ham qo‘llandi.

Diskvalifikasiya muddati qanday o‘tdi?

* Blatter 2016 yili UYEFAni qur’a tashlash paytida firib qo‘llaganlikda ayblab, buning uslubi haqida gapirdi: «Sharlar qur’adan oldin muzlatkichga solinadi. Keyinchalik kichik teginish ham sharning isitilgan yoki muzlatilganini bilish uchun yetarli bo‘ladi». Shuningdek, FIFAda hech qachon bunday qilinmagani qo‘shimcha qildi. UYEFA esa uning gaplarini qisqacha izohladi: «Blatterning aytganlari - absurd».

* Ko‘p o‘tmay Blatterning teri saratoni operasiyasini boshdan kechirgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. U juda zaif ekanligini ta’kidlagan: «Qimirlolmay qoldim. Ular meni zudlik bilan Syurixdagi shifoxonaga olib borishdi. Meni bir necha soatlar ichida vafot etadi, deb o‘ylashgandi».

* Janni Infantino FIFA prezidentligiga saylangach, Blatter u haqida ijobiy fikrlar bildirdi. Ikkovlon uchrashib, ish bo‘yicha suhbatlashishdi. Ko‘p o‘tmay Blatter Infantinoni hurmatsizlikda aybladi: «Unga xat jo‘natdim, menda Jannining shaxsiy telefon raqami bor, uning sodiqligini aytishgandi. Biroq hozirgacha javob olmadim». Keyinroq Blatter Infantinoda buyuklikka intilish borligi, uning takabburligini alohida ta’kidladi, shuningdek, futbolni ulkan pul mashinasiga aylantirmoqchi bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

* Blatter jahon chempionatini Rossiyada o‘tkazish qarorini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagandi. Vladimir Putinning taklifiga ko‘ra, u Portugaliya - Marokash va Braziliya - Kosta-Rika o‘yiniga tashrif buyurgandi.

* Lekin Qatar masalasida uning fikri boshqacha bo‘lgan. JCH-2022ning shu mamlakatda o‘tishini avvaldan bilgan, qatarliklar mezbonlikni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan deb hisoblardi. «Bu qarorning noto‘g‘riligini his qilardim, biroq o‘zim unga aloqador bo‘lib qoldim», - degandi Blatter.

* Platini muntazam ravishda aybsizligini ta’kidladi. «Agar zarracha aybim bo‘lganida, sharmandalikdan Sibirga ketardim», - dedi u.

* Mishel videotakrorlar tizimini qo‘llashga tanqidiy ruhda qaragan: «O‘ylashimcha, bu noto‘g‘ri qaror. Yo‘q, agar sinovlar buning yaxshiligini ko‘rsatsa, nega endi undan foydalanmaslik kerak? Lekin shaxsiy fikrimcha, bu noto‘g‘ri va ish bermaydi». Bir necha yildan keyin, VAR ishga tushganida esa fikri shunday bo‘ldi: «Bu chiroyli matoh muammolarni hal qilmaydi, shunchaki, ularning yechimini keyinroqqa suradi».

* JCH-1998 tashkilotchilari Fransiya va Braziliya termalari finalgacha to‘qnash kelmasligi uchun «atayin tryuk qo‘llashgani» haqida gapirdi: fransuzlar «A» guruhi g‘olibiga to‘qnash kelmasligi uchun «S» kvartetidan joy oldi. «Sizningcha, boshqalar o‘z mundiallari uchun shunday yo‘l tutishmasmidi?», - degandi Platini.

* 2019 yilning yozida UYEFAning sobiq prezidenti JCH-2022 mezboni sifatida Qatarning tanlanishi yuzasidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha qo‘lga olindi. Ammo ko‘p o‘tmay uni ozodlikka qo‘yib yuborishdi. Advokati Platini hech nimada gumonlanmayotganini ta’kidladi.

* 2020 yilning boshida Mishel Professional futbolchilar assosiasiyasi xalqaro federasiyasi (FIFPro) prezidenti Filipp Pyaning maslahatchisiga aylandi.

* 2022 yilning bahorida esa Infantinoga qarshi jinoiy ish ochishni so‘rab, ariza topshirdi. Sabab - «vakolatni sotish».

Blatter va Platini nega sudlashishdi? FIFA diskvalifikasiya masalasini darhol hal qilgan bo‘lsa, 2011 yilgi to‘lov bo‘yicha tergov naq 6 yil davom etdi. 2021 yilning noyabrida Blatter va Platiniga ayb qo‘yildi:

* Blatterga - firibgarlik, pul vositalarini noqonuniy o‘zlashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha;

* Platiniga - firibgarlik, pul vositalarini noqonuniy o‘zlashtirishga sheriklik va hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha.

* Blatterning hozirgi vaqtdagi talqini: to‘lov og‘zaki shartnomaga asoslangan - Platini 1998-2002 yillar mobaynida FIFAga maslahat bergan, FIFA belgilangan summani to‘liq to‘lay olmagan, 2010 yilda Mishel pullarni yana talab qilgan.

* Shveysariya bosh prokuraturasi talqini: Platini 1998-2002 yillar mobaynida FIFA maslahatchisi bo‘lgan, xizmati uchun 300 ming Shveysariya franki miqdoridagi yillik kompensasiya esa yozma shartnoma orqali belgilangan. 2011 yili Platiniga to‘langan 2 million qonuniy asosga ega emasdi. 

Sud ishi nima bo‘ladi? 86 yoshli Blatter va 66 yoshli Platini qonun oldida javob berishadi. Ko‘rsatma berish vaqtiga bir necha soat qolganida Blatter nafas olishda qiynalgani uchun jarayon keyinga qoldirildi.

* Sud ishi 22 iyungacha davom etadi.

* Yakuniy qaror 8 iyulda chiqariladi.

Agar Blatter va Platini aybdor deb topilsalar, ularga nisbatan 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:22, 27.06.2022.
O'qildi: 3311 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.