O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro AQSH va Meksika klublarida murabbiylik faoliyatini davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu maqsadda italiyalik mutaxassis Lotin Amerikasi va AQSH bozorida faoliyat yurituvchi agentlik bilan hamkorlikni boshladi.
Meksikaning TUDN telekanali xabariga ko‘ra, Kannavaro mintaqada futbolchilar va murabbiylar manfaatlarini himoya qiluvchi kompaniya bilan shartnoma imzolagan. Jurnalist Fransisko Arredondoning “Linea de 4” dasturida ma’lum qilishicha, agentlik mutaxassis uchun Meksikaning Liga MX yoki AQSHning MLS chempionatlaridan munosib takliflarni izlaydi.
Shunga qaramay, 2006 yilgi Jahon chempioni va “Oltin to‘p” sohibi O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatini davom ettirmoqda. Kannavaro 2025 yil oktyabr oyida jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan va uni 2026 yilgi Jahon chempionatida boshqargan. Mundial yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston futbol assosiasiyasi italiyalik mutaxassis bilan tuzilgan shartnoma 2027 yil oktyabrigacha amal qilishini rasman tasdiqlagan.
Jahon chempionatidan keyin Kannavaro terma jamoani qayta shakllantirish ishlarini davom ettirmoqda. Sentyabr va oktyabr oylaridagi FIFA kunlarida O‘zbekiston Eron (3:1) va Suriya (4:1) terma jamoalarini mag‘lub etdi. Biroq Janubiy Koreyaga qarshi bahsda imkoniyatni boy berdi — 0:2.
Eslatib o‘tamiz, Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasiga kelishidan avval Xitoyning “Guanchjou” klubi va Xitoy milliy terma jamoasida, shuningdek, Italiyaning “Benevento” va “Udineze”, Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klublarida ishlagan.













