Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Husayn Norchayev: «Bo‘shashish yo‘q, bu boshlanishi, xolos»

Husayn Norchayev: «Bo‘shashish yo‘q, bu boshlanishi, xolos»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, 30 iyun sanasi mamlakatimizda «Yoshlar kuni» keng nishonlandi.

Poytaxtimizdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bir guruh yigit-qizlarga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi. Jumladan, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi vakillari Husayn Norchayev, Jasur Jaloliddinov va Hojimat Erkinov shaxsan mamlakatimiz Prezidentidan «Kelajak bunyodkori» medalini qabul qilib oldilar. Maxsus muxbirimiz shu munosabat bilan «Nasaf» hujumchisi Husayn Norchayevni muborakbod etish bahonasida uni alohida suhbatga chorladi.

- Husayn, yuksak e’tirof - «Kelajak bunyodkori» medali muborak bo‘lsin...

- Katta rahmat. Haligacha quvonch va hayajonimning cheki yo‘q. Negaki, ushbu mukofotni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zidan qabul qilib oldik. To‘g‘risi, buni sira kutmagan va o‘ylamagandim ham. Albatta, bu e’tirof qalbimizni katta sevinch va shodlikka limmo-lim to‘ldirdi,  shuning barobarida zimmamizdagi mas’u­liyatni yanada oshirib yubordi.

- Davlat mukofotini qabul qilishda ko‘nglingizdan kechgan kechinmalar bilan o‘rtoqlashsangiz.

- O, nimasini aytasiz... Muhtaram Prezidentimizning qo‘limni qisgancha «Bo‘shashmaylik, hali bu boshlanishi» degan so‘zlari mislsiz darajada to‘lqinlantirib yubordi. Bu - otalarcha da’vat. O‘sha lahzada ko‘z o‘ngimdan butun yo‘lim o‘tdi beixtiyor - beg‘ubor bolaligim kechgan Yakkabog‘ tumani Sovuqbuloq qishlog‘i, otamning qo‘limni tutgancha yashil maydonga chorlagani, «Nasaf» akademiyasida ilk ustozim Dadajon aka Tog‘ayev bergan o‘git va maslahatlar, ayni paytdagi bosh murabbi­yimiz Ro‘ziqul aka Berdiyevning katta ishonch bilan oldinga boshlagani... Qarang, bir chekka qishloqning oddiy farzandi atigi 21 yoshda davlat rahbari tomonidan yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi... Ochig‘i, o‘sha kungi hayajon va baxtiyorlikni tavsiflab berishga ojizman.

- Ushbu xushxabarni yaqinlaringiz va do‘stlaringiz ham o‘zgacha kayfiyatda qabul qilgan bo‘lsalar kerak...

- Uyimizdagina emas, butun qishlog‘imizda bayram boshlanib ketdi. Ustiga-ustak qutlovlar... Qanchadan-qancha bolakaylar oldimga kelib, baralla aytishdi: «Husayn aka, kelajakda xuddi sizdek futbolchi bo‘laman». Tabiiyki, bu ham o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, otamning shodlanganini ko‘rib, ichimga sig‘may ketdim go‘yo. «O‘g‘lim, endi bu ishonchni oqlashing shart, vatanimiz, Yurtboshimiz sendan shuni kutmoqda» - otamning ushbu samimiy so‘zlari miyamga abadiy muhrlandi. Demak, Prezidentimiz so‘zlariga yarasha to‘xtash yo‘q, umid qilamanki, katta yutuqlar hali oldinda.

- Futbolchi sifatida xalq mehrini qozonish oson emas. Ya’ni g‘alabaning zavqli damlari ortida mashaqqatli mehnat bor...

- Albatta, hayot doim faqat shodlikdan iborat bo‘lmaganidek, futbolda ham nuqul g‘alaba qozonish mumkin emas. Hujumchi sifatida imkoniyatdan foydalanib, raqiblar darvozasini nishonga olgancha jamoa muvaffaqiyatiga hissa qo‘shish zavqli, albatta. Lekin futbolchi hayo­tida durang va mag‘lubiyat, bosh egik holda maydondan chiqish ham bor. Natija chiqmagan payt avvalo, o‘zimga savol beraman: «Hujumchiman, nega zimmamdagi vazifani uddalay olmadim?» Oddiy aytganda, barchasini tahlil qilib, mashg‘ulotlarda xatolar ustida ishlashga harakat qilaman. 

Futbolda eng yomoni - qulay imkoniyatdan foydalanilmaslik va minglab muxlislar hamda murabbiydan dashnom eshitish. To‘g‘risi, omadsiz o‘yinlardan keyin ko‘zimga uyqu kelmaydi. Butun tun bo‘yi keyingi o‘yinda o‘zimni ko‘rsatish haqida o‘ylab chiqaman, bu borada o‘zimga qat’iy so‘z beraman.

- O‘zbek futboli tarixi aynan buyuk goleadorlar bilan boy - Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov... Biroq bugungi hujumchilar ular yaratgan maktabga mos o‘ynashmayotgandek. Umuman, futbolimizning bugungi hujum harakatiga qanday baho berasiz?

- Otalar jasorati - farzandlarga meros. Hozirgi hujumchilarga baho berishga yoshlik qilaman, albatta. Lekin Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov, Vladimir Fyodorov kabi afsonalar boshlab bergan shonli an’ana yana tiklanishiga ishonaman. Mana, Eldor Shomurodov Italiyada o‘ynamoqda, Qozog‘iston chempionatida faoliyat yuritayotgan Igor Sergeev ham chakki emas. Qolaversa, Otabek Shukurov, Aziz G‘aniyev, Jaloliddin Masharipov va Sardor Rashidov kabi hujumga moyil futbolchilarimiz ham bor. Oxirgi vaqtlarda o‘zimizda kamolga yetgan Bobur Abduxoliqovning Belarus chempionatida dadil odimlayotgani alohida quvontirmoqda. Lekin biz - hujumchilar o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz shart. Oddiy misol, O‘zbekiston milliy va olimpiya termalari hamda «Nasaf»dagi faoliyatimni chuqur tahlil qilsam, men hali uddasidan chiqmagan ishlar bir talay. Kumirim Ronaldoning o‘yin uslubi, jismoniy, texnik va taktik holatini ko‘z oldimga keltirib, o‘ylab qolaman: «Biz nega shunday o‘ynolmaymiz?» Javob oddiy: mukammallik sari intilishda ko‘p va xo‘p ishlash kerak. Zamonaviy futbolning shiddatli taraqqiyoti shunday yondashuvni talab qiladi, aks holda, ortda qolib ketasiz. Oddiy misol, Yevropaning aksariyat jamoalarida hujumchilar bilan ishlaydigan alohida murabbiylar bor. Bizda nega shu jihatga e’tibor qaratilmaydi? To‘g‘ri, jamoalarimizda murabbiylar hujumchilar bilan ham yetarli darajada ishlashadi, ammo har bir chiziq bo‘yicha alohida mutaxassis shug‘ullansa, samara tezroq ko‘rinarmidi?

- Faoliyatingiz davomida katta o‘rin tutgan murabbiylar xizmatini alohida e’tirof etdingiz. Umuman, «Nasaf» akademiyasida malakali mutaxassislar ko‘p. Yana kimlarni tilga olishni istardingiz?

- 10 yoshda «Nasaf» akademiyasiga kelgan bo‘lsam, Dadajon Tog‘ayevdan tashqari, Eldor Moyliyev, Ilyos Pardayev, Sirojiddin Eshqobilov, Denis Qayumov, Pavel Kshnyakin kabi murabbiylardan ham ko‘p narsa o‘rgandim. Ularning o‘gitlarini aslo unutmayman. Murabbiylarimiz har doim bizga futbolda ham yulduzli onlar bo‘lishi, shundan eson-omon o‘tgan tarbiyalanuvchigina yangi marralarni zabt etishini uqtirib kelishgan. O‘zingiz o‘ylang, mustaqillik yillari o‘zbek futboli ne-ne iste’dodlarni kashf etmadi. Biroq hamma ham chinakam yuksaklikka ko‘tarilolmadi. Demoqchimanki, yorqin kelajakni o‘ylasak, ishga yondashuvni o‘zgartirishimiz kerak. Mana, bizning oldimizga aniq vazifa qo‘­yilgan - avvalo, olimpiya termasi safida Parij Olimpiadasiga yo‘l olishimiz, ke­yin milliy jamoa bilan mundial havosidan bahra olishimiz kerak. Buning uchun harakatdan to‘xtamaslik, Superliga bahslarida imkon qadar tajriba to‘plash zarur. Albatta, «Nasaf»ning Osiyo maydonlaridagi muvaffaqiyatini ta’minlash ham ustuvor vazifa hisoblanadi. Muhimi - orzu yo‘lida jiddiy ishlab, Yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilgan ehtirom va qat’iy ishonchga amaliy natija bilan javob berish. Hozirgi harakatlar yaqin orada natija berishidan umidvorman, bunga ishonaman ham.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:10, 23.07.2022.
O'qildi: 3197 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.