Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Nilufar Qudratova: Ko‘cha futbolidan katta futbolga kirib kelishi, o‘zbek ayollar futboliga legionerlarning kerakligi, paydo bo‘lgan chet el orzulari haqida

Nilufar Qudratova: Ko‘cha futbolidan katta futbolga kirib kelishi, o‘zbek ayollar futboliga legionerlarning kerakligi, paydo bo‘lgan chet el orzulari haqida

Baho:
+ | -

“Sevinch” O‘zbekistonda ayollar futbolining rekordchisi hisoblanadi. O‘ndan ziyod chempionlik, kubok sohibligi, ikki yildirki o‘tkazilmayotgan futzal musobaqalarining deyarli barchasida g‘oliblik, besh-olti bor tashkil etilgan plyaj chempionatining barcha mavsumlari chempioni, klublar o‘rtasida uyushtirilgan xalqaro musobaqalar ishtirokchisi va sovrindori... Jamoa bunday muvaffaqiyatlarga ikki avlod vakillari evaziga erishdi. Kamola Usmonova, Mariya Moiseeva, Oliya Ahmedova, Gulnora A’zamova, Elmira G‘ulomova, Zebo Jo‘rayeva kabilar  ilk qaldirg‘ochlar edi, ularning qatoriga qo‘shilgan Kamola Risqiyeva, Shaxzoda Jamolova, Fazilat Bahromova, Shoira Qulto‘rayeva, Nilufar Qudratova, Laylo Tilovova, Malika Bahromova, Laylo Shodiyeva jamoaning keyingi  yutuqlarini davom ettirishdi. Bu ism-shariflarning aksariyati ayni paytda o‘z omadlarini boshqa klublarda davom ettirishayotgan bo‘lsa, yana ancha-munchasi hamon qarshiliklar sharafini munosib himoya qilishyapti. Kechagina maydon chetida opalarining xatti-harakatlarini zavq-shavq bilan kuzatib, ularga havas bilan boqayotgan Nilufar Qudratova, Laylo Tilovova singari mohir futbolchilar bugun nafaqat “Sevinch”ning, balki mamlakat terma jamoasining yetakchilariga aylangan. Nilufar hatto yaqinda nihoyasiga yetgan KAFA turnirida termaning yangi sardori sifatida jamoani maydonga yetaklab tushdi, to‘purarlar safida bo‘ldi.

 

...Nilufarning otasi Gulmurod aka va ikki akasi futbolning ashaddiy ishqibozlari.  Katta-katta futbolni televizorda birga tomosha qilishardi. Nilufar uy ishlaridan bo‘shagan zaxoti uyi oldidagi maydonda futbolchi qizlarning mashg‘ulotlarini kuzatishga oshiqardi.  “Sevinch” jamoasining sobiq bazasi uning uyi oldida ekanligi  Nilufar uchun ayni muddao bo‘ldi. Mashg‘ulotlarni diqqat bilan kuzatar, mahalla bolalari bilan qo‘shilib futbol o‘ynar chog‘ida kuzatgan mashqlarini amalda qo‘llashga urinardi.  Kunlarning birida uning bu xatti-harakatlari “Sevinch” futbol maktabi murabbiyi Gulnora To‘rayevaning diqqatini tortadi va u yosh qizchani jamoa bazasiga yetaklab keladi.

 

- Ota-onam futbol o‘ynashimga qarshilik qilishmadi, - deya suhbatni davom ettirdi Nilufar. – Avaliga Gulnora opa o‘zining guruhida shug‘ullantirdi. Bir gal jamoaning katta murabbiyi Bahrom Norsafarov guruhi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi  o‘tkazdik. O‘sha o‘yindan keyin Bahrom aka, garchi biz uning shogirdlaridan ancha kichik bo‘lsakda, Laylo Tilovova ikkalamizni o‘z guruhiga qo‘shib oldi. O‘shanda Laylo Tilovova, Kristina Borisova, Sitora Normurodova kabi yosh futbolchilar bilan birga “Sevinch”ning uchinchi jamoasi – “Lochin” safida o‘ynadik. Kelasi yili Muborakning “Mash’al” jamoasi tarkibida ilk bor kattalar musobaqasida - Birinchi ligada to‘p surdik. 2015 yildan esa Laylo Tilovova ikkalamizni “Sevinch”ning asosiy tarkibiga o‘tkazishdi. Bu yerda tajribali Vladislav Xan qo‘lida shug‘ullanishimizdan shoyat mamnun edik.

 

- “Sevinch”da kimlarga xavas qilgansiz?

- Maxliyo Sariqova, Oliya Ahmedova, Maxfuza Turopovaning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatardim, o‘rganardim, ularga o‘xshashga intilardim. Haqiqatdan ham “Sevinch”ning o‘sha birinchi avlodi juda kuchli bo‘lgan. Respublikada bizga yetadigani bo‘lmagan, biz bundan faxrlanardik. Ular ham biz yoshlarni iliq kutib olishdi. Boshida ko‘proq Mariya Moiseevaning, keyinroq Maxliyo Sariqovaning o‘rniga maydonga tushardim. Sir bosardi, shunday pallalarda ularning o‘zlari ruhiyatimizni ko‘tarishardi, dadil bo‘lishimizni uqtirishardi. Zebo Jo‘rayeva ham hujumchi bo‘lishimga ko‘p maslahatlar bergan.

 

- “Sevinch” asosiy tarkibidagi ilk golingizni eslay olasizmi?

- Afsus, eslay olmadim. Lekin  asosiy, hal qiluvchi gollarni urganim yodimda. “Bunyodkor”ga qarshi o‘yin oxirlarida Maxliyo opam o‘rniga maydonga tushib, 1:1 hisobini 2:1ga aylnatirgan golni urganman. “Metallurg”ga ham hal qiluvchi gollarni kiritganman, shular yodimda qolgan.

 

- Ayollar futboli bo‘yicha barcha yoshdagi terma jamoalarda o‘ynagan ekansiz..

- Birinchi marta 16 yoshlilar termasiga taklif etishgan. Bahrom Norsafarov va Gulnora A’zamova ustozligidagi bu terma bilan Iordaniya, Xitoy davlatlarida o‘tgan musobaqalarda qatnashdim. O‘smir qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh o‘yinlarida birinchi o‘rinni egallab, Shri-Lanka mamlakatida ikkinchi bosqich bahslarida qatnashganmiz. Keyinroq 19 yoshlilar va milliy termalarga ham taklif etishgan. Malayziyada o‘tgan futzal bo‘yicha birinchi Osiyo chempionatida terma tarkibida men va Dildora Nozimova eng yosh futzalchi sifatida qatnashganmiz. Lekin afsuski, bu termalar bilan hali rasmiy musobaqalarda zafar qucha olganim yo‘q.

 

- Yaqinda Tojikistonda o‘tgan SAG‘A turnirida chempion bo‘ldinglarku, bu muvaffaqiyat emasmi?

- To‘g‘ri aytasiz, maqomi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar har qanday xalqaro turnir muhim ahamiyat kasb etadi. SAG‘Ada birinchi o‘rinni oldik, eng muhimi asosiy va azaliy raqibimiz Eronni mag‘lub etdik. Bundan ham muhim maqsadimiz bor edi – turnir davomida o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslik edi. Uddaladik.

 

- Eron termasi o‘zbekistonliklar tomonidan  ilk bor mag‘lub etildi, shundaymi?

- Rasmiy musobaqa doirasida ha, ilk bor. Lekin avval ham yutganmiz. Belarusda 5:0 hisobida g‘alaba qozonganmiz, Toshkentda esa 1:1 hisobidagi durang qayd etilgan. Har ikkala o‘yin ham o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida bo‘lgandi.

 

- Rasmiy musobaqada kuchli termani mag‘lub etish – buni termamizda yaponiyalik tajribali murabbiy faoliyat ko‘rsatayotgani bilan  bog‘lash mumkinmi?

- Albatta. Midori Xonda ajoyib ustoz. Uning birinchi quroli – talabchanlik va intizom.  Mashg‘ulotlarga,boringki, jamoaviy har qanday jarayonlarga kechikkan futbolchini yoqtirmaydi va ayab ham o‘tirmaydi. Mashg‘ulotlari esa xilma-xil, ham charchaysan, ham zavq olasan. Qisqasi bu murabbiy bilan uzoqroqqa borsak kerak.

 

- Eronga qarshi o‘yinda uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritdingiz, bu bilan tabriklaymiz.

- Raxmat. Lekin bu faqat bir o‘zimning mukofotim emas, barcha jamoamiz a’zolariniki. Raqibimiz tarkibi avvalgilarga nisbatan deyarli o‘zgarmagan, aksincha, bizda sezilarli o‘zgarishlar bor edi. Yaponiyalik mutaxassis qo‘rqmay tarkibni yoshartirdi, hatto mening o‘zim ham gumon qilayotgandim – tarkibga tushamanmi, yo‘qmi, deya. Ustozimiz shunday taktika ishlab chiqdiki eronliklar hech narsa qila olmadilar. Hisob bizning foydamizga  bundanda yirik bo‘lishi ham mumkin edi, lekin biz shoshildik, ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadik. Raqiblarimiz esa deyarli esda qoladigan vaziyat ham qila olishmadi. 

 

- Terma jamoa sardorlik bog‘ichini ilk bor taqdingiz, shundaymi?

- Safar oldidan terma jamoamiz O‘FA mutasaddilari bilan uchrashdi. O‘sha jarayonda “terma sardori kim bo‘ladi” degan savol berilganida bosh murabbiyimiz mening ism-sharifimni aytdi. To‘g‘risi, buni sira kutmagandim.

 

- Sardorlik vazifasi qanday ekan?

- Sardorlik futbolchidan ikki karra ko‘p mas’uliyat talab etar ekan. Bog‘ichni shunchaki taqish emas, barcha jamoadoshlaring uchun javob berishing, kerak bo‘lsa ularni himoya qilishing kerak ekan. Tojikistonga borgan kunimiz ertasiga oyog‘imni qayrib oldim, og‘riq kuchaydi. Lekin maydonga sardor sifatida tushishimni o‘ylab   chidadim,  mashg‘ulotlarni to‘xtatmadim. Bunda shifokorimiz Rustam Yusupovning ham mehnati ko‘p bo‘ldi.

 

-Necha yildirki birgina “Sevinch” sharafini himoya qilyapsiz. Boshqa jamoalardan takliflar ham bo‘layotgandir?

- Nafaqat boshqa klublardan, hatto boshqa davlatlardan ham bir necha bor takliflar bo‘ldi. Aytaylik, Qozog‘iston, Gruziya, Hindiston, hattoki Xitoydan ham.  Lekin meni bugungi darajaga kelishimga bosh sababchi bo‘lgan “Sevinch”ni hech kimga, hech nimaga almashtirmaganman.

 

- Bundan keyin ham hech qayerga bormaysizmi?

- Balki rejam endi o‘zgarar, har qalay chetga chiqishga umid qila boshladim. Qachonki bizga kelib qo‘shilgan legionerlar hayotini ko‘rgach, bilgach men ham boshqa davlat klublarida o‘ynay olarkanman, degan ishonch paydo bo‘ldi.

 

- Haqiqatdan ham “Sevinch”ga bir qator legionerlar kelib qo‘shildi. Xorijliklar bilan “til topishib” ulgurdinglarmi?

-  Xorijliklar jamoamizga kelganida biz SAG‘A turnirida edik, mashg‘ulotlarga kirishganimizga hali ko‘p bo‘lmay qisqa vaqt ichida ular bilan ancha kirishib ketdik. Go‘yoki ular bilan anchadan beri jamoada birga bo‘lgandek munosabatdamiz. Ayniqsa, Mumuni o‘tgan mavsum “So‘g‘diyona”da o‘ynagani uchun urf-odatlarimizni ancha o‘zlashtirib olibdi, hatto o‘zbekcha gaplashishga ham urinyapti.

 

- Demak, “Sevinch”ning chempionatda maqsadi katta...

- Bo‘lmasamchi. Faqat chempion bo‘lish, Osiyo Chempionlar ligasida yurt sharafini munosib himoya qilish.

 

- O‘zingizning kelajak maqsadlaringiz qanday?

- Rostini aytsam hali o‘zimning kelajagimni o‘ylab ham ko‘rmadim. Yagona umidim karyeramni yuqori notada tugatish.

 

- Ya’ni?

- Ya’ni Olimpiadaga chiqish, Osiyo chempionati va Chempionlar ligasida to‘p surish, xorij klublarda o‘zimni sinab ko‘rish.

 

- Undan keyingi hayotchi?

- Oliy ma’lumotliman, o‘tgan yili Jismoniy tarbiya instiutini tugatdim. Balki murabbiylik kurslarida o‘qirman, lisenziyalar olarman. Lekin hozir bu haqda o‘ylamayapman.

 

- Eng yaqin sirdoshingiz kim?

- Jamoadoshim Malika Burxonova.

 

- Ayollar chempionatida eng kuchli futbolchi deb kimni aytgan bo‘lardingiz?

- Laylo Tilovovani. Ham mohir darvozabon, ham kuchli himoyachi. Bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi.

 

- O‘zbek ayollar jamoalariga legionerlar kerakmi?

- Kerak. Raqobat paydo bo‘ladi, mahalliy futbolchilarning o‘yin uslubi o‘zgaradi, uning misolida o‘zimni ham chetda o‘ynay olish imkoniyatimni his qilaman, o‘zim ustimda yanada ko‘proq ishlayman.

 

- “Sevinch”, “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”... bularning qatoriga yana qaysi jamoani qo‘shish mumkin?

- AGMKni. Yosh, kelajagi bor, aqlli o‘yin namoyish etayotgan jamoa

 

- Sizningcha qaysi jamoa o‘z imkoniyalaridan past darajada ishtirok etyapti?

- “Metallurg”. Tajribali futbolchilari boshqa jamoalarga o‘tib ketganligi ta’sir ko‘rsatyapti.

 

- Nima deysiz, bu yil kim chempion bo‘ladi?

Shak-shubhasiz “Sevinch”.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 16:11, 01.08.2022.
O'qildi: 1489 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.