Kirish Ro'yxatdan o'tish
17/12 00:45 Lasio 0-6 Inter
17/12 01:00 Bornmut 1-1 Vest Xem
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Paulo Dibala: «10-raqam hamon Tottiga tegishli»

Paulo Dibala: «10-raqam hamon Tottiga tegishli»

Baho:
+ | -

«Yuventus»da qolishni istamagan Paulo Dibala 20 iyul kuni «Roma» bilan 3 yillik shartnoma tuzdi va darhol klub rasmiy sayti «o‘lja»siga aylandi.

Tabiiyki, argentinalik hujumchi faoliyatidagi yangi sahifa yorqin chiqishidan umidvor.

- Salom Paulo, xush ko‘rdik! Endi «Roma» futbolchisisan...

- Bu yerda bo‘lib turganimdan bag‘oyat xursandman, albatta. Yangi jamoadoshlarim, murabbiylar, umuman, «Roma» oilasi bilan tezroq tanishishni xohlardim. 

- Oxirgi kunlar sen uchun qanday o‘tdi?

- Muzokara jarayoni ancha tez rivojlandi, hammasi qisqa vaqtda hal bo‘ldi. Kutishga sabrim chidamadi va bir to‘xtamga kelishni paysalga solmadim. Zarur tekshiruvlardan keyin esa darhol shartnomani rasmiylashtirdik.

- «Roma» taklifida nima ko‘proq o‘ziga tortdi?

- Rahbarlar, bosh menejer, klub prezidenti va xo‘jayinlari bilan suhbatlar. Qisqasi, ular meni ishontira olishdi - bu juda muhim. Yana murabbiy ham o‘z g‘oyalarini aniq tushuntirdi. Shubhasiz, «Roma»da o‘ynash Rim, Italiya va butun dunyoda nimani ang­latishini yaxshi bilaman.

- Hozir kimlarga minnatdorchilik bildirishni istaysan?

- Doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashgani uchun yaqinlarim va do‘stlarimga! Meni Rimda o‘ynashga aynan oilam undadi. Men bilan ishlaydiganlar va sevimli klublari safini to‘ldirishim uchun bor imkoniyatlarini ishga solishgan «Roma» muxlislaridan ham minnatdorman, albatta. 

- Joze Mourinyo bilan ish istiqboliga qanday qarayapsan?

- Mourinyoning kimligi, nimalarga erishganiyu, nimalarga qodirligi hammaga ayon. Biz uzoq gaplashdik - hayajonli va yoqimli suhbat. Bunga qadar barcha zamonlarning eng yaxshi futbolchilari davrasida o‘ynash baxtiga muyassar bo‘ldim. Endi esa tarixdagi eng buyuk murabbiylardan biri qo‘l ostida shug‘ullanaman.

- Yangi mavsum uchun shaxsiy maqsadlar...

- Birinchi navbatda, yuqori sport formasini tiklab, ruhiy va jismoniy tomondan eng sara futbolchilar bilan bir qatorda turish, jamoaga maksimal darajada yordam berishni xohlayman. Mana, JCH starti yaqinlashmoqda, shunday ekan, tezlikni oshirib, «Roma»ga imkon boricha ko‘proq manfaat keltirishim kerak.

- «Roma» o‘tgan mavsum tash­qaridan qanday taassurot qoldirdi?

- «Roma» - butun dunyoga mashhur klub. Italiyaga kelishimdan oldin ham jamoa haqida yetarlicha eshitganman. Axir tarkibida eng sara yulduzlar o‘ynashgan. Menimcha, «Roma» so‘nggi yillarda yaqqol o‘sdi. Avvalgi mavsum yevrokubok yutgani fikrimga dalil. 

- Ehtimol, eng muhim golingni Rimda nishonlash taqdiringga bitilgandir...

- Shaharni chinakamiga yaxshi ko‘raman. Bolaligimda Rim tarixi va gladiatorlar haqida ko‘p filmlar ko‘rganman. Mana, taqdir meni shu shaharga yetakladi, oxir-oqibat...

- Qiziq, nega aynan 21-raqamni olding?

- Aslida klub bosh direktori 10-raqam bo‘yicha xohishimni so‘radi. Lekin «Roma»da «10» hamon Franchesko Tottiga tegishli va abadiy unda qolishi kerak. Har holda, «Roma»ning 10-raqami shahar va muxlislar uchun nimani anglatishini yaxshi bilaman - bu Totti belgisi. Ehtimol, kun kelib, «10»ni olarman, lekin hozircha «21» ma’qulroq. Futbolda ilk muvaffaqiyatga ayni shu raqam ostida erishganimni ham unutgan emasman.

- «Roma» tiffozilari o‘ta ehtirosli. Ular bilan uchrashishga tayyormisan?

- «Olimpiko»da «Roma»ga qarshi kechgan o‘yinlarda biz - Janubiy amerikaliklar xuddi Argentina yoki Braziliyada to‘p surgandek bo‘lardik. Bunday muxlislik butun Yevropa uchun - fantastika. Ortingizda tinim bilmas muxlislar turishganida, o‘zgacha zavq bilan o‘ynashingiz tayin.

- Muxlislar va «Roma» o‘rtasidagi munosabat 26 may kungi bayramda ham namoyon bo‘ldi. Buni ko‘rdingmi?

- Ha, kadrlarni. Yangi klubdoshlar bilan o‘sha kun haqida gaplashdim, ular shunchaki, aqldan ozishganini aytib berishdi. Bu ham Rim va «Roma» uchun futbol qanchalik muhimligidan nishona. 

- Muxlislar seni kutib, ijtimoiy tarmoqlarda «vahshiy»ga aylanishdi. Ularga aytadigan so‘zing  bormi?

- Avvalo, e’tibor va SMS-xabarlar uchun rahmat. Afsus, barcha muxlislar xatiga javob berish imkonsiz. Lekin yaqin orada Rimda bevosita ko‘rishamiz!

Aytgancha... 

Paulo Dibala Roma»da 21-raqamni tanladi. Diqqatga sazovor tomoni, Rim klubi qisqa vaqt ichida erkin agent maqomida shartnoma tuzgan 28 yoshli hujumchi futbolkalarini sotish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Oddiy aytganda, rimlik fanatlar birinchi kuniyoq uning familiyasi tushirilgan bir necha ming libosni xarid qilishdi. Shu tariqa muayyan futbolchi formalarini kunlik sotuvi masalasida «Roma»ning mutlaq natijasi qayd etildi. Aytish joiz, Dibala futbolkalari ikki xil tasnifda sotuvga chiqarildi. Ularning bahosi - 110 va 130 yevro. Umuman, Corriere dello Sport xabariga ko‘ra, Rim klubi «Yuventus»ning Krishtianu Ronaldu futbolkalarini kunlik sotuvi borasidagi rekordini takrorladi. «Roma» tarixida futbolkasi eng ko‘p sotilgan o‘yinchi esa hamon Franchesko Totti.

Ma’lumot 

Argentinalik 28 yoshli hujumchi «Roma»da yiliga 6 million yevro miqdorida maosh oladi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: iff.uz
Kiritildi: 23:45, 03.08.2022.
O'qildi: 1979 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.