Fransiyada ancha mashhur jamoalardan biri bo‘lgan «Bordo» so‘nggi mavsum yakuniga ko‘ra Liga1ni tark etdi.
Lekin klublar monitoringi va moliyaviy faoliyatiga mas’ul tashkilot - DNCG iyun oyida jamoani 3-divizionga tushirib yubordi. Sabab - 52 mln. yevrolik qarz. «Bordo» apellyasiya berib, byudjetdagi kamomadni qo‘shimcha vositalar va o‘yinchilarni sotish evaziga to‘ldirish majburiyatini olgandi. Biroq DNCG kafolatni qabul qilmadi va apellyasiyani rad etdi.
Bankrot holatiga tushib qolmaslik va hech bo‘lmaganda hozirgi maqomini saqlab qolishi uchun klubga mablag‘ suv va havodek zarur bo‘lib qolgandi. Shu bois, jamoaning eng xaridorgir o‘yinchilaridan biri 19 yoshli Seku Mara 13 mln. yevroga «Sautgempton»ga sotib yuborildi. Bir qarashda, mazkur transfer minglab odatiy kelishuvlardan farq qilmaydigandek. Biroq aynan shu kelishuv sababchisi o‘zi bilmagan holda «Bordo»ning xaloskoriga aylandi: FFFning ijroiya qo‘mitasi jamoani 2-divizionda olib qolishga qaror qildi.
Seku Mara uchun «avliyolar»dan tashqari, «Nyukasl» va Myonxengladbaxning «Borussiya» jamoalari ham muzokaralarga kirishgan edilar. Lekin ular «Bordo»ning tarqatib yuborilishini (yuz berish ehtimoli yuqori bo‘lgan hodisa) kutishga qaror qilgan edilar. Bunday variantda yosh hujumchini tekinga olish imkoniyati paydo bo‘lardi. Lekin Mara qadrdon klubi uning transferidan oz bo‘lsada, manfaat olishini talab qildi. Oxir-oqibat, «avliyolar» ziqnalikka berilmay, talab qilingan mablag‘ni muhayyo qilishdi. Mana buni chinakam oliyjanoblik desa bo‘ladi, to‘g‘ri emasmi?
1 oyda 5ta gol urib, «Manchester Siti» va «Atletiko» e’tiborini tortgandi.
Nihoyasiga yetgan mavsumda Seku «Bordo»ning chempionat doirasidagi 26 uchrashuvida maydonga tushdi. Lekin bularning 18tasida u zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Ana shu bellashuvlarda Mara 6ta gol va 2ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ydi - Liga1dagi dastlabki to‘liq mavsum uchun risoladagidek ko‘rsatkich. Mavsum startidagi «Anje»ga urgan goli esa hech bo‘lmaganda turning eng chiroyli goli maqomida edi.
Mart oyida klub yosh iqtidor sohibi bilan amaldagi shartnomani 2025 yilga qadar uzaytirgani hujumchiga qo‘shimcha motivasiya berganiga shak-shubha yo‘q. Chunki mavsumdagi 6 golning naq 5tasini u aprel-may oralig‘ida urdi. «Brest» bilan bo‘lgan so‘nggi tur uchrashuvini Seku dubl bilan yakunladi. Shundan keyin «Manchester Siti», «Lion» va «Monako» hujumchiga qiziqib qolishdi, «Atletiko»ning rasmiy taklifi esa «Bordo»ni qoniqtirmadi.
Seku Maraga oid yana bir qiziqarli fakt: uning onasi - Odri Krespo-Mara fransiyalik taniqli jurnalist va teleboshlovchi. U 1999 yildan beri mamlakatning eng yirik televizion xoldingi - TF1 Groupda ishlaydi.
Xo‘sh, «Bordo»ga nima bo‘ldi? Hazil-kesatiqlar tufayli homiy bilan aloqani uzdi, mablag‘ tagchilligi tufayli bosh murabbiyni iste’foga chiqara olmadi va sardorlar bilan chiqisha olmay qoldi.
Qishda Sports.ru sayti «Bordo»ning muammolari xususida maqola chop etgandi. Klub barcha jabhalarda qiyinchiliklarga duch kelgandi: natijalar, o‘yin saviyasi, sport menejmenti, moliyaviy holat, media faoliyati talab darajasida emasdi.
Qisqacha eslatib o‘tamiz:
** «Bordo» Winamax idorasi bilan hamkorlikdan voz kechdi. Ya’ni, 1,5 mln. yevroli yillik daromaddan yuz o‘girdi. Sababi, kompaniya ijtimoiy tarmoqlar orqali sifatsiz o‘yinlari uchun jamoani kalaka qilardi. «Bordo» bosh menejeri Toma Jakmye ana shu mablag‘ni faylasuflarga xos donolik bilan rad etdi: «Mag‘lubiyatlarimiz uchun bizni kalaka qilishga faqat muxlislar haqlilar, homiylar emas».
** Yanvar oyi avvalida klub a’zolarining 21 nafarida koronavirus testlari musbat natija berdi. Fransiya Kubogida «Bordo» «Brest»dan 0:3 hisobida yengildi. O‘sha bellashuvda jamoa tarkibida bunga qadar hech bo‘lmaganda 1 daqiqa to‘p surgan atigi 5 nafar futbolchi bor edi. Jamoa ichki chempionat uchrashuvlarini boshqa muddatga ko‘chirilishiga umid qilgandi, ammo «Marsel»ga qarshi bahs arafasida barcha bemor o‘yinchilar birdaniga sog‘ayib qolishdi va hech qanday tayyorgarliksiz maydonga tushdilar. Xullas, mavsumning ikkinchi yarmida jamoaga na o‘yinlarni kechiktirish va na risoladagidek tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati berildi.
** Moliyaviy muammolar tufayli jamoa uzoq vaqt shveysariyalik bosh murabbiy Vladimir Petkovichni iste’foga chiqara olmadi. Uni faqat fevral oyida, 6 uchrashuvning 5tasida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin lavozimidan chetlatishdi. Petkovich 10 mln. yevro tovon puli talab qilgandi. «Reyms»dan o‘tgan David Giyon vaziyatni yaxshilay olmadi.
** Menejment o‘sha paytdagi jamoa sardori Loran Kosyelnini zaxiraga o‘tkazdi. Shuningdek, Otavio, Pol Bess, Semyuel Kalu, Mehdi Zerkan va Josh Madja ham asosiy tarkibni tark etdilar. Asosiy sabab - ular jamoa uchun ortiqcha bo‘lib qolishgan, yangi boshpana izlashga majbur edilar. Tez orada Kosyelni shartnomani bekor qilib, biryo‘la faoliyatini tugatib qo‘ya qoldi. Vaholanki, u lazaretning doimiy mijozi emasdi.
** Sardorlik bog‘ichi darvozabon Benua Kostilga o‘tdi. Biroq mart oyida «Bordo» muxlislari uni klub xizmatchilaridan biriga nisbatan irqchilikda aybladilar. Benua ayblovni inkor etdi, mavsum yakunida esa jamoani tark etdi.
** Mart oyining oxirida nomi oshkor etilmagan «Bordo» futbolchisi jamoadoshlarining poyafzallarini o‘g‘irlayotgani va internet orqali sotayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur xabarni o‘sha o‘yinchining sobiq ma’shuqasi yetkazgandi. Jamoa a’zolari o‘g‘ri bilan hamkorlik qilib bo‘lmasligini aytishdi, rahbariyat uni diskvalifikasiya va jarima bilan jazoladi. Qolganlar jazoni o‘ta yengil, deb hisobladilar.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi