Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Azmu-shijoatli Azim aka

Azmu-shijoatli Azim aka

Baho:
+ | -

Hayotda ismi jismiga monand insonlar yetarlicha topiladi.

Bundayning fe’l-atvori, o‘ziga xos fazilatlariga qarab, beixtiyor ismi o‘ziga naqadar mos tushganidan yoqa ushlaysan gohida.        Bugungi maqolamiz qahramoni ham o‘z kasbidan baxt-iqbol topgan fidoiy insonlardan. 80 yoshli Azim aka Alimov umrining qariyb 70 yilini millionlar o‘yini, xususan, sport jurnalistikasiga bag‘ishladi. Quyida ana shu jonkuyar insonning umr yo‘li haqida mufassal to‘xtalamiz.

***  

Azim aka to‘g‘riso‘z, dilidagini tili bilan izhor etishni xush ko‘radi. Yana ba’zi insonlardan farqli o‘laroq, qusurlarni ko‘rgan pallada jim turolmaydi. Shuning uchun ko‘pchilik baralla aytadi: «Jo‘mardlikni Azim akadan o‘rganish kerak». «Beg‘ubor bolaligim Toshkent shahri Sirli yoxud Qo‘shbozor mahallasida o‘tgan, - deya eslaydi Azim aka. - Padari buzrukvorim - Hoshim ota yurtimizdagi birinchi poligrafchilardan biri edi. Volidam Jamila aya ikki qiz va to‘rt o‘g‘ilni oq yuvib, oq taradi. Otam Toshkent shahri Shayxontohur (avvalgi Oktyabr) tumani Ilg‘or mahallasiga 40 yil raislik qilib, odamlar dardiga malham bo‘lgan. Dastlabki ta’limni Toshkent shahridagi 3ta ilm dargohi - 82, 32 va 111-maktablarda oldim. Sport,  jumladan, futbolga ishtiyoq bolaligimdan o‘yg‘ongan. Toshkentning eski shahar hududida joylashgan «Spartak» stadionida taniqli murabbiy Ma’ruf Akbarov tashkil etgan futbol seksiyasiga qatnaganman. O‘sha payt «Sokol» jamoasini tajribali murabbiy Vitaliy Valiskiy boshqarardi. Kaminaga ham ushbu klub mashg‘ulotlarida ishtirok etish nasib etgan. Do‘stim G‘ayrat Shoqurbonov bilan mashg‘ulotlarga bitta yo‘nalishdagi tramvayda borib-kelardik. Kechagidek esimda, «Sokol»ning asosiy tarkibida Valeriy Lyubushin va Igor Malinov­skiy kabi taniqli futbolchilar o‘ynashardi. Biz esa o‘rinbosarlar safida to‘p surib, mashg‘ulotlarni ular bilan birga o‘tkazardik. «Sokol» nafaqat O‘zbekiston, hattoki, sobiq ittifoq miqyosidagi turnirlarda ham porladi. Keyinchalik shart-sharoit tufayli ma’lum vaqt o‘zimni ota kasbida sinab ko‘rdim. 1960 yili 2-poligrafiya bilim yurtida harf teruvchi sifatida ishladim...».

*** 

Qahramonimiz Azim aka Alimov shundan so‘ng Toshkent davlat milliy universiteti filologiya fakulteti qoshidagi jurnalistika bo‘limida tahsil oladi va «Sirdaryo haqiqati» gazetasida faoliyat boshlaydi. Cho‘l ob-havosi, u yerda ter to‘kayotgan fidoiylarning jasoratli mehnatini ko‘rib, qaynoq hayot taftini qalbdan his etadi. Shu asnoda 3 yil mobaynida Mirzacho‘l bahodirlari, Boyovut va Sardoba paxtakorlari mehnatini tarannum etadi. Shuning barobarida Guliston hamda Yangiyerdagi navqiron avlodning sportga mehr qo‘yganidan faxr tuyg‘usini tuyadi. Shu orada harbiy xizmatda bo‘lib, o‘sha davr ta’biri bilan aytganda, yigitlik burchini o‘taydi. Azim aka 1968 yili O‘zbekiston radiosida ish boshlab, mehnat faoliyatida yangi sahifa ochadi. Dast­lab «Axborot» bosh tahririyatida, so‘ng sport bo‘limini tashkil etishda oldingi safda bo‘ladi.1970-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining sport tahririyatida muxbirlikdan bosh muharrirlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. Bu yillar davomida nafaqat futbol, balki sportning boshqa turlarini ham ravon sharhlashda hamkasblariga o‘rnak ko‘rsatadi. «Kasb sirlarini o‘rganishda ustozim No‘’mon Nasimov, jurnalistikaning nazariy tomonlarini obdon anglab olishda bevosita ko‘mak bergan Anvar Shomaqsudovdan bir umr minnatdorman, - deydi Azim aka Alimov. - Bejiz jurnalistni konda mehnat qiladigan zahmatkashlarga o‘xshatishmaydi. Qadrdon do‘st­larim Shoabdulla Muhammadjonov, Roman Turpishev, To‘lqin Ilhomov, Tal’at Soliyev, Azim Po‘latov bilan yonma-yon izlanib, kam bo‘lmadik. «Paxtakor» jamoasi o‘yinlarini O‘zbekiston radiosi va televedeniyesida sharhlab, millionlar muxlislar xonadoniga kirib bordik. Moskva, Kiyev, Sankt-Peterburg, Riga, Vilnyus, Tbilisi, Boku, Yerevan shaharlarida bo‘lib, futbol ixlosmandlari bilan uchrashganimizda, o‘zbeklar, o‘zbekistonliklarga qanchalik hurmatda ekanliklarini teran anglaganmiz. Hech esimdan chiqmaydi, Tyumen shahriga yetib borganimizda, «Paxtakor» hujumchisi To‘lagan Isoqov hayratini yashirolmagandi: «Qoyil, shu yerga ham keldingizmi?»

1979 yilning 11 avgustida «paxtakorchilar»ning aviahalokati haqidagi xabar barchamizni larzaga solgani... «Do‘st do‘st­ning kuniga oro kiradi», deganlaridek, «Paxtakor» qisqa muddatda yangidan shakllantirildi. Biroq yurakdagi dog‘ haligacha barchamizni qiynaydi...»

*** 

Mustaqillik barcha soha xodimlari singari matbuot, OAV vakillari uchun ham keng imkoniyat eshiklarini ochdi. O‘zbekiston milliy teleradio­kompaniyasida sport muharririyati maxsus teleradiokanalga aylantirildi. Uning tetapoya bo‘lishida Azim aka Alimovning ham o‘ziga xos xizmati bor. Bu yerda sharhlovchilik maktabining yangi vakillari voyaga yetishdi. Komil Jumayev, Murod Rizayev, Saparmat Safayev, Malika Murodova, Musurmon Elmurodov singari iqtidor egalari o‘z mehnatlari, ustozlar o‘git-maslahatlari tufayli elga tanilishdi. «Azim aka Alimov tom ma’noda o‘rnak olsa arziydigan fidoiy ustozlardan, - deya qo‘shimcha qiladi taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayev. - U kishi bilan suhbatlashgan inson dildan yayraydi. Samimiy, yutuqlarimizni ko‘rib quvonadi, ba’zi masalalarda xolisona fikr bildiradi. Kishini iliq so‘zlar bilan ruhlantirib, o‘z kasbiga ishonchni oshiradi. Mehnatkash, vaqt bilan hisoblashmasdan ishlashni yoqtiradi. Azim akaning vodiy va voha viloyatlari bo‘ylab safarlarda yoshlarga xos azmu-shijoat ko‘rsatganini bir necha bor ko‘rib, qoyil qolganman. Buni ustozdagi haqiqiy yurtparvarlik fazilatiga mengzash mumkin».

*** 

Darhaqiqat, Azim aka Alimov shunday benazir, beqiyos inson, o‘z kasbining mohir ustasi. Turmush o‘rtog‘i Mashhura aya bilan farzandlari Ziyodulla, Farida, Zafar, Diyor, shuningdek, 10 nafar nabira, 4 nafar evarani el-yurt ishiga munosib vorislar qilib tarbiyaladi. Garchi hozirgi kunda nafaqada bo‘lsada, mahalla tashvishlari bilan birga  O‘zbekiston sport faxriylari kengashining faol a’zosidir. «Inson hayotda yaxshi nom, ezgu amallar qoldirish uchun yashashi kerak, - deydi Azim aka. - 80 yillik umrimning besamar o‘tmaganidan g‘oyat mamnunman. Mustaqillikning dastlabki yillari ishlash oson kechmagandi. Deylik, 1994 yili Osiyo o‘yinlarini namoyishida rosa qiynalgandik. Oq-qora tasvir, kommunikasiya borasidagi muammolar... Mana, yillar o‘tib, texnika va kadrlar masalasidagi kamchiliklar z yechimini topdi. Ayni payt O‘zbekiston teleradiosi eng so‘ng­gi zamonaviy texnikalar, salohiyatli kadrlarga ega. Bularni ko‘rib, yoshligimga qayt­gim keladi, dorulomon kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytaman. Ko‘plab iqtidorli shogirdlar kamolini ko‘rib faxrlanaman. Bularning barchasi tinchliksevar yurt xalqining ahilligidan, albatta».

Ustoz jurnalist, mohir sharhlovchi Azim Alimov haq gaplarni aytdi. Uning shukronalikka yo‘g‘rilgan so‘zlarida Yangi O‘zbekistonning nurli istiqboli yorqin aks etib turibdi. Shuning o‘zi qutlug‘ yoshini nishonlayotgan ustozning azmi-shijoatga esh bo‘lganidan dalolatdir. Ustoz sharhlovchi 26 avgust kuni 80 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan tahririyatimiz, ko‘p sonli o‘quvchilar nomidan u kishini samimiy qutlaymiz.

Husan TEMIROV

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:40, 05.09.2022.
O'qildi: 1492 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.