Braziliyalik Kazemironing cho‘qqidagi «Real»dan voz kechib, rosa qiynalayotgan «MYU» bilan shartnoma tuzgani ko‘pchilikni ajablantirdi, albatta.
Lekin bu transferga munosabat bildirishda tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmaslik kerak. Asosiy fakt: Kazemiro «Madrid» safida qatorasiga 3 marta CHL kubogini boshi uzra baland ko‘tardi, ammo 2020 yilgacha hattoki, uchinchi raqamli darvozabondan ham kamroq maosh bilan cheklandi. Mana, «MYU» bu holatni to‘g‘riladi. Qisqasi, braziliyalikni pul ortidan quvishda ayblash o‘rinsiz...
Avgust oyining eng shovqinli transferi tafsilotlariga qaytamiz. The Athletic nashri xabariga qaraganda, Kazemiro «Yunayted»da darvozabon David de Xea bilan deyarli teng miqdorda maosh oladi (ispaniyalik futbolchining haftalik ish haqi - 375 ming funt). Shuning barobarida Kazemiro daromadining darajasi ko‘p jihatdan bonuslarga bog‘liq. Masalan, «MYU» mavsum yakunida CHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, braziliyalikning maoshi nisbatan oshadi. Bordiyu, jamoa bosh yevroturnirdan yana chetda qolsa, unda yarim himoyachining kamroq maosh bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri keladi. Ayni holatda taxmin qilinishicha, Kazemiro ish haqi miqdori bo‘yicha «Yunayted»da 3-o‘rin egasidir. Maosh reytingi manbai - insayderlar va klublar ichidagi odamlar, moliyaviy hisobotlardan ma’lumot to‘playdigan norasmiy, ammo ancha obro‘li agregator sanalgan Capology portali (ha, bu guruhda o‘z manbalari bor). To‘g‘ri, hamisha klubning har qanday yangi futbolchisi maoshiga doir noaniqliklar bo‘ladi. Deylik, Kazemiroga tegishli saytda uning haftasiga 300 ming funt sterling olishi qayd etilgan - bu Jeydon Sancho va Rafael Varannikidan kamroq.
The Athletic ma’lumotlariga asoslansak, APLda Kevin de Bryuyne ham braziliyaliknikidan kattaroq maoshga ega. Tabiiyki, transferdan keyin ekspertlar yoppasiga Kazemiroga «hujum» qilishdi: «Xasta» klub puldan tashqari, yana nimasi bilan jalb etishi mumkin?» Kazemiro esa bunday fikrlarga oddiygina javob berdi: «Ha, CHL finali va g‘alabalardan keyin ketishga qaror qilganim g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin faoliyatimdagi bir davr yakunlanayotganini his qildim. Endi menga yangi chorlov kerak». Yaqin o‘tmishga qarasak, Kazemironing pulga uncha ahamiyat qaratmasligi oydinlashadi. Deylik, u 2019 yilgacha haftasiga 40 ming funt evaziga o‘ynagan, vaholanki, CHLda qatorasiga 3 marta g‘alaba nashidasini surgan jamoa markaziy zonasida shakllangan dahshatli uchburchakning ajralmas qismiga aylangan edi. Shu o‘rinda ajib faktlarga e’tibor qarating:
* Mavsum-2018|2019da «Real»da uchinchi darvozabon sanalgan Kiko Kasilya (biror marta maydonga tushmagan) va zaxirada o‘tirgan Mariano Dias ham Kazemirodan ko‘proq maosh olishgan.
* Braziliyalik futbolchi mavsum-2019|2020 arafasida (aniq sana yo‘q, chunki klub oshkor qilmadi) yangi shartnoma ostiga imzo chekdi. Unda Kazemironing maoshi birdaniga 4 baravar oshirildi. Ammo u yillik 9 «limon» ish haqini umuman ko‘rmadi. Gap shundaki, «Real» rahbariyati koronavirus tufayli futbolchilar maoshini 10-20 foiz qisqartirdi. Kazemiro esa bunga umuman parvo qilgani yo‘q. Boz ustiga, u 2021 yilning yozida maosh miqdori qisqartirilgan yangi shartnomaga rozi bo‘ldi. Kechiktirilgan emas, aynan qisqartirilgan maoshga. Shubhasiz, Kazemiro Manchesterga ko‘chib o‘tib, moddiy tomondan yutdi, lekin uning pul tufayli «Real»dan voz kechganini aytish qiyin, baribir.
Munosabat
- Kazemiro «Real»dan nega ketdi? Yagona sabab - pul. Unga shunday deyishgan: «Mana, haftasiga 300 ming funt, yoshing 30da, 3-4 yilik shartnoma ham senga...». Ben Foster (Kazemironing «MYU»ga o‘tganiga izoh).
- «Real»dan pul tufayli ketdim? Meni yaxshi bilmaydiganlar shunday o‘ylashlari mumkin. Agar pulni 1-o‘ringa qo‘yganimda 4-5 yil oldin jamodonimni yig‘ishtirardim. Kazemiro (tanqidiy fikrlarga javob).
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi.