Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Ivan Solovyov O‘zbekiston va o‘zbek futboli haqida

Ivan Solovyov O‘zbekiston va o‘zbek futboli haqida

Baho:
+ | -

Sports.ru sayti jurnalisti yaqinda Qarshi shahrida bo‘lib, «Nasaf»ning rossiyalik yarim himoyachisi Ivan Solov­yovdan katta intervyu olib qaytdi.

Ma’lumot uchun, bu futbolchi 2013 yili yosh iqtidor sifatida katta janjal bilan Moskva «Dinamo»sidan «Zenit»ga o‘tgan. Biroq Peterburgda Ivanning ishlari yurishmagan - 3 yilda chempionat, kubok va CHLda atigi 55 daqiqa to‘p surgan. Keyin ijara safarlari («Amkar» va Finlyandiyaga), to‘laqonli transferlar («Fakel» va Piter «Dinamo»siga). 2019 yilga kelib, Ivan kutilmaganda, RPLga talpinayotgan «Sochi»dan «Navbahor»ga keldi. Shu tariqa uning faoliyatida o‘zbek futboli sahifasi ochildi. Qiziq, rossiyalik jurnalist Solovyov bilan suhbatda futbolimiz haqida nimalarni so‘radi? Qisqasi, quyida intervyuning o‘zimizga tegishli qiziqarli joylari berilmoqda.

— O‘zbekistonda qanday paydo bo‘lib qolding... 

— «Sochi»da o‘ynardim, ta’til payti hozir «Navbahor»da o‘ynayotgan Igor Golban havaskorlar turnirida qatnashish, keyin O‘zbekistonga yo‘l olishni taklif qildi. Qancha to‘lashlariga qiziqdim, bilsam, chakki emas ekan. Shundan so‘ng taklifga ko‘ndim. Sharq — nozik masala. Klubga keldim, sinovlardan o‘tdim, ammo direktor dangalini ayt­di: «Bizga kerak emassan». Kanchelskis esa men tomonda edi. Keyin 6 oylik shartnoma taklif etishdi, yakunda 1  yillik bitimga imzo chekdim, baribir. Shu tariqa Namanganda 3 yil o‘ynadim, mana, hozir Qarshidaman. Xudo xohlasa, yaqinda chempion bo‘lamiz.

— «Sochi» RPLga talpinayotgan vaqt ketganding. Jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Tochilin bunga qanday munosabat bildirdi?

— O‘zi meni sotish yoki ijara safariga yuborishni xohlayotganlari haqida gap-so‘zlar tar­qalgandi. Shu tufayli ketishga chog‘landim. Tochilinga O‘zbekiston varianti va u yerda ko‘proq pul topishimni, klubda esa meni sotishni mo‘ljallayotganlarini ro‘y-rost aytdim. U shunda ishimiz - yuqori divizionga chiqish hali yakunlanmaganini ta’kidladi. O‘sha vaqt oldimda «Nijniy» varianti ham bor edi. Ehtimol, Dmitriy Cherishev oldiga yo‘l olsam, yaxshiroq bo‘larmidi? «Sochi» rahbarlaridan biri shart qo‘ydi: «Mening agentim bilan shartnoma tuz, seni «Nijniy»ga tekin transfer qilamiz». Lekin maoshdan 15 yoki 20 foizini unga berishga to‘g‘ri kelardi. Qisqasi, ishning shunday boshlangani yoqmadi va O‘zbekiston variantini tanlashga qaror qildim.

— Rossiya chempionatiga qaytolmasliging mumkinligini tushunganmiding?

— Ha, ortga qaytish qiyin bo‘lishini bilgandim. Ammo legioner bo‘lishni xohladim. Rossiyada legionerlarga aql bovar qilmas darajada ko‘p maosh beriladi — barchasini ular uchun. Bu qandayligini bilish uchun O‘zbekistonga yo‘l oldim. Axir legioner hamma joyda legioner. Agar yaxshi o‘ynab ketsang, xalq seni yaxshi ko‘radi. 

— 3,5 yil davomida Rossiya­ga qaytish imkoni tug‘ilmadimi?

— «Krilya»ga chaqirishdi, klub MFLda o‘ynagan payt, lekin taklifni rad etdim. Yana o‘sha sabab: «Mana shuncha maosh, qanchasinidir bizga berasan». Agentim klubda «banditcha» ishlar borligini va bog‘lanmaslikni tavsiya qildi. Agar hech kimga pul to‘lash talab etilmasa, yaxshi... Ammo 2 million maoshdan 1 millionini kimgadir tutqazish... Bu klubni tanazzulga itaradigan xunuk holat. 

— Qiziq, agar «Krilya»da maoshingni yarmini bersang ham, «Navbahor»dagidan ko‘proq olarmiding?

— Ha.

— O‘zbekistondagi ilk kunlar, haftalar yoki oylarda nimadan ko‘proq hayratlanding?

— Taksi haydovchilari gapirishdan to‘xtashmaydi, har bir mashina tinmay signal beraveradi. 3 oycha taksida yurdim va mudom haydovchilarni koyidim. Yo‘lda ketyapsan, signal chalaverishadi. To‘g‘ri, ke­yinchalik ko‘nikib ketdim.

— Jamoa safiga qo‘shilganingdan 3 oy o‘tib, Kanchelskisni ishdan olishdi. O‘zi nima bo‘lgandi?

— «Buxoro»ga qarshi o‘yin oldidan hokim barchani to‘pladi: «Kanchelskis — iste’fo». Shunchaki, qarab o‘tiribmiz — nega, nima uchun? Hammasi barbod bo‘ldi, xuddi oiladan otani ayrishgandek. Bo‘shliq. Kanchelskis stadionda edi va o‘yin oldidan ruhiyatimiz bo‘shligini ko‘rsatmasligimiz uchun biz bilan gaplashdi. Keyin xotirjam to‘p surib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondik. Uni qaytarishganida esa, «o‘lik» holda edik. Keyingi mavsum karantinga qadar 3-o‘rinda yurdik, 4 oy maosh to‘lashmadi. Murabbiy esa doim yigitlar tarafida bo‘ldi, rahbarlardan qo‘rqmasdi. Rahbariyatga shunisi yoqmadi va «qazish»ga tushdi. Yakunda «qazidi» ham.

— O‘zbekistonda boshqaruv tizimi qanday?

— Hokim huddi prezident kabi: nimani xohlasa, gapiradi, nimani xohlasa, qiladi. Bizda Miller deylik, Arshavinga «Aqlingni kiritib qo‘yish kerak», deyolmaydi-ku. Bu yerda umuman boshqacha munosabat...

— «Navbahor» rahbariyatining eng qattiq tanqidi...

— Avvalgi hokim davrida har bir o‘yindan so‘ng tanqid yog‘ilardi. Yutqazdingmi  — tamom. Durangli o‘yin tanaffusida ham kirib tanbeh berishlari mumkin: «Qani, yuguringlar». Eng yomoni «Andijon»ga 0:1 hisobida yutqazganimizda, kuzatilgandi. Hokim kirib, barchani so‘kdi. Kanchelskis ham jim turmadi: «Sen o‘zi jismoniy tarbiya o‘qituvchisisan, bor ins­titutda bolalarni shug‘ullantir». Keyinchalik u Farg‘onaga ketdi.

— Nima, mastmidi?

— Yo‘q. Shunchaki, futbolni yaxshi ko‘radi. O‘sha payt ehtirosga berilgandi. Futboldan tashqarida umuman bunday emas. Mag‘lubiyatdan g‘azablangan. Chunki derbi o‘yini edi.

— «Navbahor»da «Zenit»dagiga yaqin maosh olganing­ni aytganding. U yerda shunchalik yaxshi to‘lashadimi?

— Yaxshi o‘ynasang, o‘zingni ko‘rsatsang, munosib to‘lashadi. Agar yaxshi ko‘rishsa, katta raqamlarga yetish mumkin. «Navbahor»da chempionlik uchun uy yoki bittadan avtomobil va’da qilishgandi. O‘sha yillar buning qiymati 20-25 ming dollarga teng edi. Hozir bilmayman, byudjet biroz ko‘proq, maosh boshqacha. Menimcha, bahosi 40 ming dollarga teng uy yoki mashina berishni aytishgan.

— Safar o‘yinlariga qanday boriladi?

— Namangandan Toshkentgacha 4 soatlik yo‘l, undan keyin boshqa transport. Qarshidan tezyurar Afrosiyob poyezdiga o‘tirasiz, 3,5 soatda Toshkent­dasiz.

— Nega avtobusda emas?

— Tog‘li yo‘lda avtobuslarni qo‘yishmaydi. Ular ag‘darilib ketgan holatlar bo‘lgan. «Buxoro»ning qulashiga sal qolgan. Tormoz ishlamagan, haydovchi esa avtobusni jarga qulashi oldini olib, butun jamoani saqlab qolgan.

— Hakamlik sifati qanday?

— Hakamlik hamma yerda og‘riqli mavzu: O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham. Hozir oldingidan yaxshiroq. VAR bo‘lmaganida, boshqacha ishlardilar.

— O‘z ishtirokingdagi o‘yin­da kuzatilgan eng dahshatli «qotil»lik...

— «Paxtakor» bilan Namanganda o‘ynagandik. 90}5-daqiqada hisob 1:1, bahsli holat, hakam VARga bordi. Uni ogohlantirdim: «Qo‘yma, penalti qo‘ysang, stadion o‘zgaradi».  Lekin penalti belgiladi, gol urishdi va final hushtagi. Shu tariqa tribunalardan maydon tomon suv idishlari, olov yondirgichlar, telefonlar, quvvatlagichlar, nosvoy qutilari uchdi. Shundan so‘ng hakam 3 soatcha ketolmadi. Odamlar stadion atrofini o‘rab olib, hech kimni o‘tkazishmadi.

— O‘zbekistonda maydonda qo‘y so‘yilishi haqida tez-tez gapirilardi. Bunaqasini ko‘rdingmi?

— Namanganda deyarli har bir o‘yin oldidan qo‘y so‘yishardi. Bu odat ekanligini tushunaman. Lekin nega har bir o‘yinda? Mavsum boshi va oxirida bo‘lsa, mayli... Mohiyatini tushunmaganman. 

— Bu qanday bo‘ladi? 

— Butun jamoa yig‘iladi. Darvoza atrofiga chuqurcha qaziladi, qo‘chqorning boshi qo‘yiladi va kesiladi. Keyin duo o‘qiladi, palov tayyorlashadi, go‘shtni  esa kambag‘allar yoki bolalar uylariga tar­qatishadi.

— Qishda nega «Navbahor»dan «Nasaf»ga o‘tding?

— Har mavsum barchasi zo‘r bo‘lishini aytishadi, 3 yilda bir xil gap. Nimadir o‘zgarishiga ishonmay qoldim. «Nasaf» varianti tug‘ilgach, darhol rozilik berdim. Zero, O‘zbekistonda to‘pni nazorat qiladigan va kombinasion o‘yinga moyil yagona jamoa shu.

— «Nasaf» mamlakat kubogini yutdi va OCHLga chiqdi. Aprelda Saudiya Arabistonida guruh bosqichi bo‘lib o‘tdi. Nega «uy-safar» tizimiga qaytilmadi?

— Koronavirus tufayli.

 Mehmonxona — stadion — o‘yin — mehmonxona?

 Shunday yashadik. Ramazon oyi sabab, do‘konlar kunduzi yopiq edi, faqat kechqurun ishladi. 26 kunni shunday o‘tkazdik.

— YECHL va OCHL o‘rtasidagi farq...

— Yevropada barchasi tez. Osiyo­da o‘ynashga berishadi: bemalol to‘pni qabul qilib olasan, boshni ko‘tarasan va uzatasan. 

— Raqiblardan biri Xavi boshqargan «Al-Sadd» edi. Undan nima qoldi?

— Jamoa o‘tgan mavsum chempion bo‘ldi, ammo o‘zgacha nimadir ko‘rmadim. Ilk o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Raqib 2ta «qizil» oldi, biz vaziyatlardan gol urolmadik. Takroriy bahsda «Sadd»ni xotirjam yengdik - 3:1.

— Jamoa tarkibida Santi Kasorla va Andre Ayyu kabi yulduzlar o‘ynashgandi. Ular hali ham oldingidekmi yoki shunchaki, pul jamg‘arishmoqda?

— Oldingidek emaslar, ammo yugurishadi, aldashadi. Ayyuga gap yo‘q. Santi esa to‘lishgan. «Vilyarreal» va «Arsenal»da bunday emasdi.

— 3,5 yildan buyon O‘z-bekistondasan. Qan-chadan so‘ng pasport olish mumkin?

— Yana 1,5 yildan keyin. 5 yil o‘tishi kerak.

— Agar O‘zbekiston termasiga taklif qilishsa, qabul qilasanmi?

— Deyarli 4 yildan beri shu yerdaman. Xuddi ikkinchi uyimdek, bu yerda ko‘p do‘st­lar orttirdim. Shunday ekan, bajonudil termada o‘ynayman.

— O‘zingni ko‘proq O‘zbekis­tonga yaqin ko‘rasanmi yoki Rossiyaga?

— Rossiya — uyim. Bu yerda shunchaki ish, futbol... Fuqarolikni qabul qilish va mamlakat uchun o‘ynashga kelsak, Rossiya termasiga kirmas ekanman, nega urinib ko‘rmasligim kerak? Albatta, agar shunday imkoniyat tug‘ilsa...

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:30, 15.10.2022.
O'qildi: 2586 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.