Xavi g‘alabalar foizi bo‘yicha «Barselona»ning Frank Raykarddan keyingi eng yomon murabbiyi. Xavi boshqaruvidagi 50 o‘yindan so‘ng 28 g‘alaba, 11 mag‘lubiyat va 11 durang qayd etgan. Mavsum boshida «Barsa» avvalgi darajasiga qaytib, muxlislar ko‘nglida umid uchqunlari uyg‘otgan edi. Ammo o‘tgan haftada «Inter» va «Real»ga qarshi muhim o‘yinlarda ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, kataloniyaliklar La Ligada birinchi o‘rinni qo‘ldan boy berib qo‘yishdi va Chempionlar Ligasi pley-offisiz qolishi mumkin.
"Bizda salbiy tendensiya bor, hech narsa ish bermayapti", - deb tan oldi Xavi Klasikoda mag‘lub bo‘lganidan keyin. - Biz harakat qilamiz va ishonamiz, lekin hozircha o‘yinimiz juda sekinlik bilan o‘syapti. Bizda jamoa tuzilyapti, lekin biz hali yanada kuchayishimiz shart”.
Ikkala uchrashuvda ham «Barselona»ning barcha muammolari yuzaga chiqdi – qariyalar Buskets va Pikening to‘pisiz o‘yinini keskin pasayib ketishi, himoya qanotlaridagi hal etilmagan qiyinchiliklar, maydonning yosh markazi, yorqin hujumkor futbolchining yo‘qligi (Levandovskidan tashqari). Ortiqcha bo‘rttirib o‘tirishning hojati yo‘q - axir, hozirgi «Barsa» tajriba va barqarorlik borasida «Inter»dan ham, «Real»dan ham ortda. Ammo so‘nggi natijalar klub yozda sarflagan pullar o‘zini oqlamayotgani, Laportaning tavakkali omadsiz chiqqanidan darak beradi.
Mavsum boshlanishidan oldin ham ayrim mutaxassislar Kataloniya rahbariyati tanlagan yo‘lning to‘g‘riligiga shubha qilishgan. Esingizda bo‘lsa, «Barselona» bir lahzalik foyda evaziga 25 yil davomida televizor huquqlarining bir qismini sotgan. Bu moliyaviy ahvolni yaxshilash va yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolash imkonini berdi. Savol shundaki, bu tavakkal o‘zini oqlaydimi? Balki klubning muammosi yana ham kattalashib ketar?
Masalan, «Barselona»ga nima uchun zudlik bilan Robert Levandovski kerakligi to‘liq tushunarli deb bo‘lmaydi. Albatta, polyak dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri. Ammo o‘tgan mavsumning ikkinchi qismida yaxshi o‘ynagan 34 yoshli futbolchi uchun 45 million yevro to‘lash mantiqqa to‘g‘ri keldimi? Yoki 25 yoshida Yevropaning eng kuchli chempionatida atigi ikki mavsum o‘tkazgan Rafinya uchun 58 million berib yuborish to‘g‘rimi? Qolaversa, «Barsa»da allaqachon qanot vingerlari Dembele, Fati va Torres bor, ular bir qator sifatlari bo‘yicha braziliyalikdan deyarli qolishmaydi.
O‘tgan mavsumda Xavi qanotlarda yaxshi muvozanatni topdi - o‘ngda, izolyasiya va dribling tufayli, yakkama-yakka kurashlarda Dembele o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, chapda, Ferran, de Yong va Alba o‘rtasidagi kombinasiyalar nisbatan o‘zini oqladi. Endi murabbiy har bir o‘yinda yangicha yondashuv qilishi va u yoki bu futbolchining funksiyalarini cheklab, ularni o‘zlari uchun qulay bo‘lmagan pozisiyalarda maydonga qo‘yishi kerak. Rafinyaga bildirilayotgan ishnonch Dembelening funksiyalarini cheklamoqda. bunday uslubda Usmon o‘zini maydonda erkin his qilmayapti. Bunday uslub esa, kuchli raqiblarga qarshi bahslarda o‘zini umuman oqlamayapti.
Shuningdek, maydon markazidagi masala ham hal etilmadi - aniqki, qarigan Buskets markazda yordamga muxtoj, Gavi bu masalada unga yordam bermoqda. Ammo yosh kanteranoda ba’zida kamchiliklar ham ko‘zga tashlanmoqda. «Inter» va «Real» bilan o‘yinlarda Xavi bu jumboqni yecha olmadi: Gavi italyanlar bilan o‘yinda maydonga tushdi, kataloniyaliklar raqib himoyasini yorib yorib o‘tishi uchun tajriba yetishmadi.
Ammo bularning barchasi Xavi ustida ishlashi kerak bo‘lgan muammolar. Endigi savol ancha boshqacha - ko‘rinib turibdiki, ortiqcha transferlar qurilayotgan yosh jamoaga halaqit berib qo‘ymoqda. Laporta esa qishki transfer oynasida sotishi shart bo‘lgan uchta futbolchini e’lon qiladi. Prezident uchun bu kinolardek ssenariy - qiyin ahvolda bo‘lgan «Barselona»ni avvalgidek top-jamoa qilishi kerak. Lekin bularning barchasi yosh murabbiy va tajribasiz jamoaga juda katta bosim o‘tkazadi.