Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa - Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe - Malyorka
21/12 19:00 Torino - Bolonya
21/12 20:00 Brentford - Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich - Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem - Brayton
21/12 20:15 Selta - Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa - Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas - Arsenal
21/12 22:30 Osasuna - Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche - Lasio
22/12 01:00 Barselona - Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol

Erik Kantona: «Hayotimiz - sirk, men esa masxarabozman...»

Erik Kantona: «Hayotimiz - sirk, men esa masxarabozman...»

Baho:
+ | -

Afsonaviy Erik Kantona The Atletic nashriga katta va ochiq intervyu berdi. Millionlab muxlislarning 56 yoshli qahramoni ancha cho‘zilgan keng ko‘lamli muloqot davomida futbol mavzusi bilangina cheklanib qolmadi.

Erikni Angliya qutqardi. U 1991 yili tumanli o‘lkani zabt etishga chog‘landi va bu qarori yakunda hayotidagi eng muhimlaridan biriga aylandi. Zero, Kantona bunga qadar o‘zini ortiqchadek sezardi. Afsona Fransiya futbolida munosib joy topolmaganini hech qachon yashirgan emas: «Fransiyada to‘p surishga ishtiyoqim qolmagach, 2 oycha maydonga tushmadim. O‘sha payt Angliya men uchun yaxshi joy bo‘lishi mumkinligi haqida o‘yladim. Chunki qandaydir turtki va daldaga muhtoj edim. O‘sha vaqt ingliz futbolida Kevin Kigan va Jorj Best kabi yulduzlar yorqin o‘yin ko‘rsatishardi. Ular rok-n-roll yulduzlari darajasiga ko‘tarilgandilar. Yakunda Angliyada nimalarnidir kashf qildim, Fransiyada atrofimdagilardan ko‘p narsa kutganimni tushundim. Kimni qancha hurmat qilsam, shunday javob qaytarishini o‘ylardim. Keyin bu noo‘rin tushuncha asiri bo‘lib qolganimni anglab, yechim topishga urindim. Bu holat ham futbolchi, ham chinakam mard inson sifatida shakllanishimga katta yordam berdi».

Erik tumanli o‘lkada har qanday bosimdan xoli bo‘lganligi muvaffaqiyatli moslashuvida katta rol o‘ynaganini ta’kidlaydi: «Fransiyadan chiqib ketish arafasida o‘zimni noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgandek his etdim. Biroz hayajon ham yo‘q emasdi. Keyinchalik arzimas ikir-chikirlarga e’tibor qaratmaslikni o‘rgandim. Bunda mehmonxona hayoti o‘ziga xos tranzit vazifasini bajardi. Hayotga boshqacha yondashuv o‘z fikrimni dadil bayon etish erkinligini berdi. Agar avvalgi fe’l-atvorim bilan qolganimda, Angliyada ham muvaffaqiyatga erisholmasdim. Qolaversa, «Yunayted»da meni yaxshi tushunishdi va ayni dilimdagi gapni aytishdi: «Agar Erik ketishni istasa, bemalol ketadi». Bahsli munosabat. Lekin aynan shunday munosabat o‘laroq, erkinlikni seza boshladim. Bordiyu, shartnoma muddati tugagunga qadar qolishimni aytganlarida, o‘zimni garovga olingan kishidek his qilardim. Odam bunday vaziyatda o‘zini yomon sezadi. Eng asosiysi - erkinlik. Fergyuson - tengi yo‘q ruhshunos. U yigitlar bilan hamisha to‘g‘ri munosabatda bo‘lardi».

Kantona «MYU»da sport direktori bo‘lmoqchi edi. Manchesterga Gleyzerlar oilasi bilan birga kelgan va ijrochi-direktor lavozimini egallagan Ed Vudvord 2021 yil oxirida «MYU»dan ketdi. Erik iste’foga qadar Ed bilan uchrashib, klubdagi o‘zgarishlar xususida o‘z taklifini bayon etgandi: «Vudvord - malakali marketolog, ammo futbol bilimi bobida maqtaydigan darajada emas. Jamoaga futbolga oid masalalarni to‘g‘ri hal qiladigan mutaxassis kerak. Erik bilan bir necha marta ko‘rishib, bu rolga o‘z nomzodimni ilgari surdim. Biroq taklifim yerda qoldi. Menmi yoki bosh­qa mutaxassis - farqi yo‘q, «MYU» futbolni yaxshi tushunadigan mutaxassisga muhtoj. Nomzod klub an’analari va qadriyatlaridan ham xabardor bo‘lishi shart, albatta. Qarang, Fergyuson ketganidan buyon «MYU»ning daromadi ikki baravar ko‘paydi, lekin biror sovrin yo‘q. Tasavvur qiling, agar klub maydonda muvaffaqiyatga erishganida, shunday professional marketolog bilan ikki emas, uch baravar ko‘p topardi. Afsus, klub rahbariyati buni tushunishni istamaydi».

Kantonaning aytishicha, agar «Old Trafford»ga boshqa nom berilsa, u «MYU»ga muxlislik qilishni to‘xtatadi. Afsona homiylar futbolni ba’zan salbiy tomonga burib yuborayotganlaridan xafa: «Stadionga yo‘l olishdan maqsad - jonli futboldan lazzatlanish, muayyan jamoa tarixi va an’analari bilan tanishish, o‘yinning hayotga ta’sirini ko‘rish va tushunish. Avvalroq ham men uchun sevimli stadionlar haqida gapirgandim. Hozir barcha stadionlarning nomi o‘zgarmoqda - «Emireyts» yoki «Alyans»... Bu «Arsenal» va «Vest Xem» kabi klublar tarixiyu, qalbini poymol etish bilan barobar. Deylik, vaqtida «Xayberi» va «Apton Park» kabi ko‘hna arenalarda to‘p surganman. «Arsenal»ning ayrim muxlislari bilan gaplashdim, ularga ham stadionlarning yangi nomlari ma’qul emas. Chunki muxlislarni suyukli jamoalari qalbidan judo qilishdi. Xayriyatki, «Old Trafford» va «Enfild» atamasi hozircha o‘zgarmadi. Endi aytingchi, «Old Trafford» qandaydir brend sharafiga yangi nom olishini qanday tasavvur qilish mumkin? Agar qachondir shunday bo‘lsa, «MYU»ga qayg‘urishdan voz kechaman, ehtimol, futboldan butunlay yuz o‘girarman... Iltimos, bu arenani Nestle yoki Amazon sharafiga nomlanmang. Iltimos».

Hech qachon namuna bo‘lishni istamagan. Ha, Kantona hayoti davomida biror marta kimgadir o‘rnak bo‘lish haqida sira o‘ylamagan: «Agar sardorlik bog‘ichini olishni so‘rashsa, bu iltimosni rad etmasdim. Ammo sardorlik maqomi boshqalarga namuna bo‘lishimni anglatmasdi. Sardorlik rolini imkoni boricha yaxshiroq bajarishga intilsamda, uncha qoniqmasdim. Ba’zan ayrim holatlarga notabiiy yondashardim va bu ko‘pchilikka yoqmasdi. Ehtimol, bu masalada haq emasdirman. Ayrimlarning xatolari shuki, mendan boshqalarga ibrat ko‘rsatishni talab qilishdi. Men esa bor kuch-mahoratimni g‘alaba yo‘lida sarflashni yakkayu-yagona majburiyat o‘rnida ko‘rganman. Tushuning, kim o‘zini namunali futbolchidek tutsa, o‘zini bosh-qalardan ustun qo‘ygan hisoblanadi. Men esa bunday qilolmayman. O‘zi hayotda o‘ta kamtarman. Biz sirkda yashayotganimiz, men esa masxaraboz rolini o‘ynayotganimni yaxshi bilaman. Aslida hamma qatori oddiy insonman. Qisqasi, o‘zgalarga namuna ko‘rsatishimni istashlari sira yoqmaydi. Futbolchilar, siyosatchilar, qo‘shiqchilar va boshqa sohalarning mashhur shaxslari barchaga namuna ko‘rsatishlari haqidagi tushunchaga ham mutlaqo toqatim yo‘q. Chunki o‘zimni qalbim istagandek tutishni xohlayman. Bu borada hech kim menga ko‘rsatma berolmaydi. To‘g‘ri, ba’zan xatolarga yo‘l qo‘yamiz. Nima, hamma to‘g‘ri yo‘ldami? Deylik, 3 nafar farzandingiz bor. Suhbatimizni ikkisi eshitishi, uchinchisi eshitmasligi mumkin. Bu normal holat. Qisqasi, mavhumlikni yoqtiraman. Yo‘q, biz robotlarga o‘xshamaymiz. Har holda, men qandaydir qolipga solingan temir emas, balki oddiy odamman. Deylik, zaif, nimjon bo‘lishim mumkin, ammo robot emas».

Erikning talabi - doimo asl inson bo‘lish. Kantona shuningdek, shartnomalar asosida sport yulduzlarini shaxsiy fikr aytishdan cheklab qo‘yishayotganidan norozi: «Uzoq yillar davomida brendlar bilan shaxsiy shart­nomalar tuzib kelganman. Ulardagi bandlarning birida siyosiy nuqtai-nazarimni bayon etishim taqiqlanardi. Men bilan ishlashni xohlaysanmi? O‘sha bandni unut. Nima uchun? Men uchun. Kimligim barchaga ma’lum. Nima, bosh­qacha bo‘lishimni istaysanmi? Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Yaqinda futbolchilar jamoatchilikka yaqinlashishlari va musavvirlar kabi siyosiy pozisiyalarini faol oshkor etishlari kerakligi xususida luqma eshitdim. Vaholanki, 90 foiz rassom yengil-elpi yumushlar bilan band va dangal fikr bildirishdan yiroq. Musavvirlar o‘z bizneslaridan boshqasini uddasidan chiqolmaydilar. Gapirish esa hamisha oson. Mana, hozir ekologiya mavzusi juda dolzarb. Jamoatchilik orasidan kimdir shartta o‘rtaga chiqib, iqlim ifloslanayotgani uchun siyosiy arboblarni tanqid qila oladimi? Barcha sohalarda dovyurak insonlar borligiga ishonmang. Biz futboldagi isyonchilar haqida bir nechta hujjatli film yaratdik. Ular xususida fikr bildirganda, badaniga allambalo naqshlar chizdirib olgan yigitlarni nazarda tutmayman. Ular -  munofiqlar. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsada, demokratiya uchun kurashayotgan fidoyi insonlarni qadrlash kerak. Chililik Karlos Kasseli o‘sha Pinochet diktaturasiga qarshi chiqqandi. Natijada Karlosning onasini hibsga olib, uni qiynadilar. Bunga chidash qiyin».

Millatchilik kayfiyatiga ko‘milayotgan dunyo... Siyosiy vaziyat ham Erikning asablarini qiynamoqda: «Fransiyaning tobora millatchi mamlakatga aylanib borayotganiga 10 yildan oshdi. Nafaqat Fransiya, juda ko‘p davlatlarda shunday, Britaniyadan tortib, Ispaniyagacha. 1929 yili inqiroz yuz bergan, 1933 yili saylovlarda Adolf Gitler g‘olib chiqqan va keyin jahon urushi boshlangandi. Endi har bir ikir-chikirda xorijliklar va muhojirlarni ayblab, tobora millatchilik kayfiyati domiga botmoqdamiz. Biror mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olmaymiz. Doimo immigrantlar aybdorlar. O‘ylaymizki, mamlakatdagi farovonlikka faqat o‘zimiz sababchimiz. Og‘ir damlar kelganda, yana immigrantlar «qora» bo‘lib qolaveradilar. Shundan keyin - jahon urushi. Hozir yirik mamlakatlar urushdan manfaatdordek tuyulmoqda. O‘tmish xatolaridan saboq olish o‘rniga ularni takrorlayapmiz. Umid qilamanki, jahon urushi bo‘lmaydi. Lekin u kun sayin yaqinlashayotgandek...».

Qatar mundialiga boykot. Erik Kantona bo‘lajak jahon chempionatini ko‘rmoqchi emas, u yana turnir tashviqoti bilan band Devid Bekxemni keskin qoraladi: «Bu yerda hammasi faqat pul haqida. Hozir futbol - biznes. Bir qarashda, Qatar barcha imkoniyatlarga ega yagona go‘shadek. Ammo stadionlar qurilishida ishchilarga nisbatan munosabatga qarasak, hammasi dahshat. Minglab kishilar hayotdan ko‘z yumdilar. Nima, endi shu mundialni bayram qilamizmi? Shaxsan men chempionat o‘yinlarini umuman ko‘rmayman. Undan ko‘ra, motosiklda Janubiy Amerika bo‘ylab sayrga chiqqanim yoki qashshoq mamlakatlardagi mitti bolakaylar bilan to‘p surganim afzal...

Bosh tashviqotchiga qarang - Devid Bekxem. Men umuman bunday qilmasdim. Bu borada Beks bilan qarama-qarshi yo‘nalishdaman. Yanvar oyidayoq bu haqda gapira boshlagandim. Ehtimol, birinchidirman. Shunday baralla gapirishga haqliman. Balki u yerda nimalar bo‘layotganini ko‘pchilik bilmas. Keyin bilsalar, katta xatoga yo‘l qo‘yganlarini tushunadilar va qattiq afsuslanadilar. To‘g‘ri, jahon chempionatiga boykot e’lon qilishmagani uchun futbolchilardan o‘pkalanmaslik kerak. Chunki yuqorida siyosatchilar, prezidentlar, federasiyalar rahbarlari, vazirlar turibdilar. Boykotga aynan o‘shalar da’vat etishlari lozim. Lekin futbol biznes asiriga aylanib ulgurdi nima bo‘lganda ham...».

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:53, 24.10.2022.
O'qildi: 2045 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.