Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Uotford»ning ajabtovur siyosati

«Uotford»ning ajabtovur siyosati

Baho:
+ | -

Chempionshipda 10-pog‘onada borayotgan «Uotford» navbatdagi murabbiy almashuvini lozim topdi - Slaven Bilich jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Uelslik Rob Edvards atigi 87 kun faoliyat yuritdi. Uning davrida «Uotford» 11ta uchrashuvda 3ta g‘alaba, 5ta durang va 3ta mag‘lubiyatni qayd etgandi. Navbatdagi iste’fo uchun klub mutasaddilari tanqid ostiga olinmoqda….

***   23 may. «Biz yangi bosh murabbiy Rob Edvardsni har qanday vaziyatda ham qo‘llab-quvvatlaymiz» - degandi «Uotford» prezidenti Skott Dyuksberi. Xalq tili bilan aytganda, u Edvards bilan suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib ishlashga tayyor ekanligini bayon etgandi. 

***   26 sentyabr. Quyidagi sababga ko‘ra, Rob Edvards lavozimidan chetlatildi: 

«Bizningcha, yangi, o‘ziga xos jamoani shakllantirish uchun Rob yetarli vaqtga ega bo‘ldi. Biroq jamoa biz orzu qilgan o‘yinni namoyish eta olmadi». 

«Tabiiyki, asosiy xatolik Dyuksberining dastlabki bayonotida. Hatto Chempionship darajasida ham sinovdan o‘tmagan mutaxassis xususida qanday qilib bu qadar qat’iy fikr bildirish mumkin? Hammasi o‘ta kulgili chiqdi. Lekin uni oldindan tasavvur qilish qiyin emasdi. Masalan, men dastlabki bayonotni saqlab qo‘ydim - tezda kerak bo‘lib qolishini sezgandim. Possolarga («Uotford» sohibi) xos klassika», - deb yozdi Lukomskiy telegramm-kanalida. 

3 yilda 9 murabbiy 

Slaven Bilich - «Uotford»­ning oxirgi 3 yil ichidagi 9-murabbiyi. O‘tgan mavsumda ayniqsa, qiziq voqea bo‘lgandi - jamoani APLga olib chiqqan Xisko Munyos oktyabr oyida iste’foga chiqarildi. O‘shanda «Uotford» 7 o‘yinda 7 ochko jamg‘arib, 14-o‘rinda borayotgandi. 

Munyos o‘rniga Klaudio Ranyerini taklif etishdi. Italiyalik mutaxassis jamoadagi murabbiylar beqarorligi uni ajablantirmasligini ta’kidlab o‘tgandi: 

«Italiyada bu normal holat. Faqat Angliyada bunday emas. Bu yerda hatto juda ko‘p klublar o‘zgarishgan». 

Ranyeri davrida jamoa 14 o‘yinda 11 mag‘lubiyat, 2 g‘alaba va yagona durangni qayd etib, autsayderlar safiga tushib ketdi. 

«Biz Klaudioni jamoani munosib boshqarish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun doim hurmat qilamiz. Lekin bosh murabbiyni almashtirish yangi mutaxassisga iqtidorli jamoa bilan maqsadga erishishi - APLdagi o‘rnini saqlab qolishi uchun yetarli vaqt beradi, deb hisoblaymiz» - deyilgandi klub bayonotida. 

Shundan keyin rahbariyat 74 yoshli Roy Xojsonga ishonch bildirdi, ammo o‘ta tajribali mutaxassis ham cho‘kayotgan «Uotford»ni qutqara olmadi: 2 g‘alaba, 3 durang va 13 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati 11ga 37 va iyun oxirida Xojson ham ketdi. 

«Uotford» murabbiylarni avaylamaydi - bu Possolar oilasining odati. 

Oxirgi 11 yil ichida klub 19 nafar murabbiyni almashtirdi. Bulardan tashqari, 2 nafar vaqtinchalik murabbiy ham ishlagandi. Klubning iste’fosiz yili yo‘q, ko‘pincha, 2-3 marta o‘zgarish bo‘ladi: 2022 yili - 3ta, 2021, 2020 va 2019 - 2ta, 2018 - 2014 3ta, 2013 , 2011 yillarda bittadan. 

Klub rahbariyati hech kimni ayab o‘tirmaydi: Slavisha Yokanovich va Xisko Munyoslar jamoani APLga olib chiqishgandi, Sanches Flores Kubok turnirida yarim finalga, Xavi Garsiya esa finalgacha olib chiqishgandi. 

Iste’fodan keyin Garsiya o‘z taajjubini yashirib o‘tirmadi: 

«Shartnomaning kutilmaganda bekor qilinishi meni hayron qoldirdi. Vaholanki, jamoa o‘z tarixidagi eng muvaffaqiyatli mavsumni (APLda 11-o‘rin, Angliya Kubogida final) o‘tkazgandi. Biroq men rahbariyat qarorini hurmat qilaman va Jino Posso, Filippo Jiraldilar bilan avvalgidek samimiy munosabatni davom ettiraman. Klubni tark etganim hech narsani o‘zgartira olmaydi». 

Italiyalik mutaxassis faoliyatni yaxshi boshlagan bo‘lsada, yangi mavsum startini omadsiz o‘tkazdi. Uning o‘rnini vatandoshi - Juzeppe Sannino egalladi. 

Sannino ham 2014 yilda jamoani tark etgach, «Uotford»da iste’folar marafoni kuzatildi. Ya’ni, 37 kun ichida 4 nafar murabbiy almashdi. Sannino o‘rniga kelgan Oskar Garsiya 4ta o‘yindan keyin salomatligi yomonlashgani tufayli jamoani tark etdi. Uning o‘rniga kelgan Billi Makkinlayni esa Posso 2 uchrashuvdan keyin lavozimidan chetlatdi. «Uotford»ni elitaga olib chiqqan Yokanovich yangi shartnoma xususida mutasaddilar bilan kelisha olmadi. Shu sababli jamoaga APLda rahbarlik qilgan Kike Sanches Floresning faoliyati ham 1 mavsumda nihoyasiga yetdi. 

2014 yilda katta Posso klub boshqaruvini o‘g‘li Jinoga topshirgan bo‘lsada, murabbiylar beqarorligi davom etdi. Jampaoloning o‘zi 1986 yilda xarid qilgan «Udineze»ga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. Qizig‘i shundaki, Italiya klubida ham murabbiylar almashuvi yetarli - Posso rahbarligidagi 36 yil ichida 36 nafar mutaxassis udineliklar jamoasini boshqardi. 

So‘nggi 11 yil ichida «Udineze» 14 nafar bosh murabbiydan saboq oldi. Ular orasida faqat Franchesko Gvidolin (2010-2014) va Luka Gotti (2019-2021) Possoning 1 yillik «limit»idan ko‘proq ishlashga muvaffaq bo‘lishdi. Qolgan murabbiylar uzog‘i bilan bir mavsumdan keyin iste’foga yo‘l olishdi. 

Darvoqe, Posso 2009-2016 yillar oralig‘ida «Granada»ni ham boshqargandi. Tabiiyki, shu davr ichida talabchan sohib nechta murabbiydan foydalangani sizni qiziqtirishi aniq. U 10 nafar murabbiyni almashtirgan.

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:50, 28.10.2022.
O'qildi: 1217 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.