Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Futbol va texnologiya: Hakamga beminnat ko‘makchi

Futbol va texnologiya: Hakamga beminnat ko‘makchi

Baho:
+ | -

Yangi va qanday karomatlarga ega ekanligini oldindan aytish qiyin bo‘lgan to‘plar - deyarli har bir JCH atrofidagi eng dolzarb mavzulardan biri.

Xususan, so‘nggi mundialda ham o‘yinning asosiy atributi o‘zgacha jihatlari bilan hayron qoldirdi. Maxsus taglik ustidagi to‘plar suratiga ko‘zingiz tushgandir. Uchrashuvlarga ularni shu tarzda tayyorladilar. O‘rinli savol: «Nima, to‘p ichida batareya bormi?! Nima uchun?» Ha, azizlar, yuksak texnologiyaga asoslangan to‘plar xususida kengroq tushuncha olish vaqti keldi. Zero, ular futbolning ajralmas qismiga aylanishi hech gap emas.

Quvvat to‘p ichidagi datchik uchun kerak. Qatar mundiali uchun tayyorlangan har bir to‘p ichiga maxsus moslama o‘rnatilgan. U o‘yin davomida yuz bergan holatlarni nazorat qiladi. Mutaxassislar to‘pni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish uchun 6 yil izlanib, mehnat qildilar va FIFA sertifikatiga ega bo‘ldilar. «Aqlli» to‘p - Adidas va KINEX0N kompaniyalari hamkorligining mahsuli. Har bir to‘p ichiga umumiy og‘irligi 14 grammga teng 2ta datchik o‘rnatilgan:

* To‘pning qayerda turganini onlayn-rejimda uzatib turadi.

* To‘p harakatidagi o‘zgarishlarni uzatib turadi.

Moslama ixcham batareyadan quvvat oladi. To‘la quvvatli moslama 6 soat davomida bexato ishlaydi, ishsiz turganida esa quvvati 18 kunda tugaydi. Har qanday teginish (oyoq yoki bosh bilan zarba, hatto yerga urish) holati har soniyada 500ta kadr tezligida qayd etiladi. To‘p maydondan chiqib ketsa va o‘rniga boshqasi o‘yinga kiritilsa, tizim mus­taqil ravishda yangisiga e’tibor qaratadi. Golni Ronaldu emas, Fernandesh urganini shu tizim aniqladi, u «ofsayd» holatini ham bexato ko‘rsatib beradi. 

Datchik bilan birga optik nazorat kameralari ham ishlatiladi. Stadionga o‘rnatilgan 12ta kamera har bir futbolchini to‘xtovsiz kuzatib turadi. Ular yordamida o‘yindan tashqari holat juda tez aniqlanadi. Yangi texnologiya JCHda ilk marta qo‘llanildi. Muhimi, biror «ofsayd» holati bahs-munozaralarga sabab bo‘lmadi. To‘p ichidagi datchik uzatma vaqtini aniqlab beradi. Avvalgi VAR tizimiga aynan shu yetishmayotgan va barchasi inson omiliga bog‘liq edi. Ya’ni VAR operatorining uzatma vaqtini aniqlashdagi arzimas xatosi hakamning noto‘g‘ri qaroriga olib kelardi. Yangi texnologiya boshqa muhim masalalarga ham oydinlik kiritadi. Masalan, gol muallifini aniqlashga. Yodingizdami, Portugaliya - Urugvay qarama-qarshiligi (2:0)da Brunu Fernandeshning uzatmasidan keyin to‘p Ronalduning soch­larini silab o‘tgan va darvozadan joy olgandi. Hattoki, golni Krishtianu hisobiga yozish kerakligini ham da’vo qilishdi. Keyinchalik FIFA masalaga oydinlik kiritdi: «Ronaldu to‘pga tegingani yo‘q. Buni yangi texnologiya aniqlab berdi». Texnologiya futbolda yangi eshiklarni ochmoqda: o‘yinning adolatli 3-D modeli yaratildi, 300dan ortiq ko‘rsatkich nazoratga olindi. Yangi to‘plar ustida Portugaliyada o‘tkazilgan test-sinovlar haqida KINEXON vakili ma’lumot bergandi. O‘shanda «Moreyrenshe» va «Shavish» jamoalari elit divizion yo‘llanmasi uchun o‘zaro kuch sinashgan, moslama o‘yinga oid 300dan ortiq turli ko‘rsatkichlarni o‘z nazoratiga olgandi: zarba va uzatmalar tezligi, to‘pni egallab turish vaqti, dribling tezligi, tezlanish va sprintlar... Yana to‘p bilan va to‘psiz, hatto bo‘shliq, pressing va qarshi hujumlar nazorati. Masalan, yo‘llanma taqdirini hal qilgan g‘alaba goli 14,54 metr uzoqlikdan urilgan, to‘pning tezligi 68,58 kilometr|soatga yetgandi. Eng tezkor futbolchi esa 33,72 kilometr|soat tezlik bilan harakatlangan, «Shavish»ning aniq uzatmalari o‘yin davomida 3 foizga ko‘paygan, «Moreyrenshe»niki aksincha, 9 foizga pasaygan. Muhimi, 80 foiz muxlis ushbu statistik ma’lumotlarga ijobiy baho berdi. KINEXON boshqaruv direktori Maksimilian Shmidtning fikricha, mazkur axborot bir vaqtning o‘zida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish, keyinchalik futbolchilar samaradorligini yanada chuqurroq tahlil etish imkoniyatini beradi. FIFAning Futbol tadqiqotlari va standartlar bo‘limi boshlig‘i Nikolas Evans endi kelajakda yangi texnologiya videoo‘yinlar olamiga ham ko‘chib o‘tishini bashorat qildi: «KINEXON» yanada mukammalroq 3-D grafigini yaratmoqda. Bunda har qanday vaziyatni futbolchi ko‘zi bilan baholash mumkin bo‘ladi. Ushbu model futbol mexanikasi va futbolchilar qarorlarini baholashda muhim rol o‘ynaydi. Yaqin kelajakdagi teletranslyasiyalarda ham yangiliklar naqadar zo‘rligiga amin bo‘lamiz».

Datchik to‘p sifatini buzmadimi? Xo‘sh, futbolchilar yangilik haqida nima deyishmoqda? Yangi to‘plar ko‘r-ko‘rona bir qator mamlakatlar, shuningdek, Qatardagi boshqa musobaqalar (Arab davlatlari kubogi, Klublar o‘rtasidagi JCH)da sinovdan o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad avvalgi va yangi to‘p o‘rtasida farq bor yoki yo‘qligini bevosita futbolchilardan bilib olish edi. Ma’lum bo‘lishicha, hech qaysi o‘yinchi yaqqol farqni sezmagan. Datchikli to‘plarning dastlabki nusxalari Germaniya Hududiy ligalarida, so‘nggi partiyalari esa klublar akademiyalarida sinab ko‘rildi. To‘g‘ri, Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Kiran Tripyer JCH-2022 turniri arafasida biroz boshqacha fikr bildirdi: «Har bir kross payti to‘p sal o‘zgacha harakatlanayotganini sezdim. Gap issiq iqlimda emas. To‘p shunchaki, odatdagidan yengilroqdek tuyuldi. Agar sal kuchliroq zarba bersam, ancha uzoqqa ketib qoladigandek...». Tripyerning holati tushunarli - inglizlar azaldan standart vaziyatlarga o‘ta jiddiy e’tibor bilan yondashadilar, Kiran esa zarbani ijro etadigan futbolchilardan biridir. Urugvay terma jamoasi darvozaboni Serxio Rochet esa yangi to‘p nisbatan tezroq uchishini aytdi. U o‘z nuqtai-nazarini qisqa va aniq ifodaladi: «Futbol yil sayin hujumchilar uchun osonlashib, darvozabonlar uchun qiyinlashib bormoqda». Umuman olganda, oxirgi mundial ishtirokchilaridan yangi to‘pga oid taqrizlar juda oz. Demak, eski va yangi to‘p o‘rtasidagi tafovut deyarli hech kimga sezilmagan...

A.Abduvalixo‘jayev tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:38, 07.01.2023.
O'qildi: 1546 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.