Futbol qirolidan judo bo‘lganimizni hali hazm qilmay turib, yaqin o‘tmishning yana bir yulduzi ketdi: Italiya futboli afsonasi Janluka Vialli endi oramizda yo‘q.
U saraton kasalligi bilan uzoq davom etgan kurashdan so‘ng 6 yanvar kuni vafot etdi. Shunday buyuk futbolchining 2014 yilda FFT nashriga bergan intervyusini e’tiboringizga havola etishga jazm etdik. Vialli o‘shanda «aristokratlar»dan ajralganidagi og‘riqlari, nonga bo‘lgan muhabbati va ilonlarni yoqtirmasligini gapirib bergandi.
QISQACHA FAOLIYATI HAQIDA
Janluka Vialli klubdagi faoliyatini 1980 yilda «Kremoneze»da boshlagan, 4 yildan so‘ng, undan yetarlicha taassurot olgan «Sampdoriya» forvardni sotib olgan. Genuyada Vialli ko‘p yillik do‘sti Roberto Manchini bilan birga o‘ynadi va 1992 yilda «Yuventus» unga 12,5 million funt sterlingni sanab berishidan oldin «A» seriya va Yevropa kubok egalari kubogi g‘olibi bo‘lishga ulgurdi. Turinda esa Vialli Italiya Kubogi, Skudetto, Italiya Superkubogi, YECHL va UYEFA kubogini qo‘lga kiritdi. 1996 yilda «Chelsi» safiga qo‘shildi va keyingi mavsumda «aristokratlar» futbolchisiG‘menejeriga aylandi. Va u rda Angliya kubogi, liga kubogi va Yevropa kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan holda, ingliz futbolini shunchaki yondiradi. Keyinchalik murabbiy sifatida «moviy gvardiya» Yevro-2020 chempioni bo‘lganida Manchiniga yordam berdi.
O‘yinchi sifatida muvaffaqiyat qozonganimni bilardim...
- 1981 yili «Kremoneze» yoshlar jamoasida o‘ynardim va mavsum oxirida mendan asosiy jamoaga o‘tishimni so‘rashdi. Va shu tariqa ular bilan mashg‘ulotlarga kirishdim, tez orada esa «Kremoneze»ning bir qismi bo‘lishim mumkinligini tushuna boshladim. Bir necha o‘yin o‘tkazganimdan so‘ng menga professional shartnoma taklif qilishdi, o‘sha paytga kelib, o‘zim ham professional bo‘lishim mumkinligini anglagandim. Tabiiyki, bundan hayron bo‘lmadim, lekin asosiy jamoada shu qadar erta nom qozonishim katta syurpriz bo‘ldi. Chunki o‘shanda endi 17ga to‘lgandim, qolaversa, klubda ikkita asosiy hujumchi bor edi.
Futbolda baxtli edim...
- 1996 yilda «Yuventus» bilan Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan o‘yinim - «Chelsi»ga o‘tishdan oldin klub sardori sifatidagi so‘nggisi edi. «Sampdoriya» bilan skudettoni yutganimda ham (1991 yilda) shunday holat kuzatilgan. Sakkiz yillik urinishlardan so‘ng, nihoyat unga erishganimizdan juda xursand bo‘ldik. Men har doim aytamanki, futbolda g‘alaba qozonish quvonch emas, aksincha, yengillikdir. Biz g‘alaba qozonganimizda ham shunday yengillikni his qilgandim. Lekin agar «Sampdoriya» bilan Skudetto yoki Chempionlar ligasi o‘rtasida tanlov qilishim kerak bo‘lsa, shubhasiz ikkinchisini tanlagan bo‘lardim.
Futbol yuragimni sindirgan kun...
- «Sampdoriya» bilan 1992 yilda Yevropa kubogi finalida «Barselona»ga yutqazganimizda, «Uembli»dagi kiyinish xonasidagi ahvolimni ko‘rsangiz edi... O‘sha yozda «Yuventus» bilan shartnoma imzolashimni bilardim, shuning uchun ko‘plab sabablarga ko‘ra asabiy edim: mag‘lubiyatga uchraganimiz, bu mening «Sampdoriya»dagi so‘nggi o‘yinim bo‘lgani va o‘yinda ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy berganim uchun. Men aybni to‘liq o‘z bo‘ynimga oldim. Yana bir holatda, aniqrog‘i 2000 yilda, «Chelsi» bosh murabbiyligidan bo‘shatilganimda ham ahvolim ya’shi emasdi. O‘sha kuni nafaqat futbol, balki Ken Beyts («Chelsi» boshqaruvchi direktori) va Kolin Xatchinsonlar ham yuragimni sindirishgandi.
Bu haqda hech kimga aytmaganman, lekin...
- Men ilonlarni ham, kalamushlarni ham yoqtirmayman. Afrikaga tez-tez borib turaman, shuning uchun ilonlar bilan yo‘lim ko‘p kesishadi. Ularni umuman yoqtirmayman.
Agar futbol o‘ynamaganimda, men...
- Otam bilan uning qurilish kompaniyasida ishlagan bo‘lardim. O‘zimni boshqa istalgan sport turida professional bo‘la olishimga ishonsamda, oilaviy biznesimizda me’mor bo‘lardim, deya olaman.
Bolalikdagi qahramonlarim...
- Oilaviy do‘stimiz, qaysar Antonio Kabrini va Yoxan Kroyfflarni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Kroyff haqida italyancha Profeta del Gol deb nomlangan film bor edi va men uni 10 marta qayta-qayta ko‘rganman. Kroyff doim yuragimdan joy olgan, lekin 1992 yilda «Barselona»ga yutqazganimizdan beri oramizda qandaydir sevgi-nafrat kabi narsa bor.
Eng mag‘rur daqiqalarim...
- Ikki qizimning dunyoga kelishiga guvoh bo‘lishdan tashqari, «Yuventus» sardori sifatida Chempionlar ligasi kubogini boshim uzra ko‘targan paytim.
Agar o‘yinda bir narsani o‘zgartira olsam, bu...
- Italiya futbolining holati bo‘lardi. Muxlislar, futbolchilar, hakamlar va barcha klublar sportni yaxshilash uchun birlashishi kerak.
Meni ta’riflaydigan uchta so‘z...
- Mehnatsevar, perfeksionist va adolatli.
Men usiz yashay olmaydigan yagona
narsa bu...
- Futbol, golf, oilam va non. Aslida, men hamisha non bilan yuraman. Chunki nonni juda yaxshi ko‘raman.
Futboldagi yagona afsusim...
- Terma jamoada o‘ynashni davom ettirish imkoniyatidan bosh tortganim. O‘shanda (Vialli 1992 yilda o‘zining so‘nggi kubogini qo‘lga kiritgan edi) buni to‘g‘ri, deb o‘yladim, chunki men juda qaysar va mag‘rur edim. Ammo necha yoshda bo‘lishingizdan qat’i nazar, hech qachon o‘z mamlakatingiz sharafini himoya qilish imkoniyatidan voz kechmasligingiz kerak.
Agar menda bitta tilak bo‘lsa, bu...
- Premyer-ligada uyimga juda yaqin bo‘lgan futbol klubiga egalik qilish! Darhaqiqat, futbol klubiga egalik qilish uchun yetarli pulingiz bo‘lishi juda yaxshi orzu bo‘lardi.
Men uchun eng qadrli narsa bu...
- Balki mendagi golfga doir anjomlardir. Haftada bir marta golf o‘ynayman. Bu menga juda yoqadi, ko‘pchilik esa bu qanchalik raqobatbardosh ekanligini anglamaydilar. Yo‘q-yo‘q, men boshqalar bilan raqobatlashadigan manyak emasman, lekin doimo yaxshiroq bo‘lishga harakat qilaman. Golf jihozlarimni haqiqatan ham qadrlaymanmi? Yo‘q, unchalik emas... Odatda narsalarga juda bog‘lanib qolmayman.
Manba: Fourfourtwo.com,
MUHAMMADXON tayyorladi