Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ot izini tanlagan toychoqlar

Ot izini tanlagan toychoqlar

Baho:
+ | -

O‘zingizni qariya rolida his etishni istaysizmi? Kechagina nafaqaga yo‘l olgandek tuyulgan futbolchilarning farzandlari bugun ota kasbini davom ettirmoqdalar.

Bir paytlar Norvegiya terma jamoasi libosida 34 marta maydonga tushgan, APLning taniqli o‘yinchilaridan biri bo‘lmish Alfe-Inge Xoland hozir Erlingning otasi sifatida ko‘proq mashhurlikka erishmoqda. Avvalgi «Manchester Siti», «Lids» va «Nottingem Forest»ning sobiq yarim himoyachisi faoliyatini hurmat qilgan holda, kichik Xoland hozirning o‘zida otasidan o‘zib ketganini e’tirof etishga majburmiz. Shubha yo‘qki, baxtiyor ota bu mag‘lubiyatni mamnuniyat bilan qabul qiladi va faxrlanadi. Xo‘sh, boshqa nomdor futbolchilarning farzandlari qanday vaziyatdalar? Marhamat, 21 yoshgacha bo‘lgan va ota kasbini ulug‘lashga ahd qilgan 10 nafar futbolchilar bilan tanishing.

Etyen ETO'O

Afrikaning buyuk futbolchilaridan biri bo‘lgan Samuel Eto'O «Malyorka», «Barselona», «Inter» va «Everton» klublarida samarali to‘p surgandi. Uning ikki ukasi - Devid va Etyen ham futbolchi, o‘g‘li Etyen esa katta futbolga endi kirib kelmoqda. U o‘tgan yili «Benfika»da ko‘rikdan o‘tgan, bu yil esa «Vitoriya Gimarayesh» bilan ilk professional shartnomani imzoladi.

Xefren TYURAM

Jahon va Yevropa chempionatlari g‘olibi, UYEFA Kubogining sohibi bo‘lmish Lilian Tyuram uchrashuvlar soni bo‘yicha (142) Fransiya terma jamoasining rekordchisi hisoblanadi. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Markus «Borussiya M.»da muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Markusdan 3 yoshga kichik bo‘lgan Xefren esa 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaning a’zosi. Xefren Italiyada, otasi «Parma»da o‘ynagan davrda tug‘ilgan. O‘zi «Nissa»ning muhim o‘yinchilaridan biri.

Isaak DROGBA

«Stemford Brij»da erishish mumkin bo‘lgan barcha sov­rinlarni qo‘lga kiritgan «Chelsi» afsonasi Didye Drogba APL tarixidagi afsonaviy hujumchilarning biri sifatida shuhrat qozongandi. Uning o‘g‘li Isaak ham 2018 yilga qadar «aristokratlar»ning yoshlar jamoasida to‘p surib, keyin Fransiyaning «Gengam» klubidan joy oldi. O‘tgan yili markaziy hujumchi «Karateze» safida Italiyaning quyi ligalarida maydonga tushib, hozir Portugaliyaning «Koimbra» klubi sharafini himoya qilmoqda.

Romeo BEKXEM

«Inter Mayami»ga Nevill bilan yanada mashhurroq futbolchining farzandi ham yo‘l oldi. Beksning ikkinchi o‘g‘li bo‘lmish Romeo hozir ikkinchi jamoada o‘ynamoqda. Xabaringiz bo‘lsa, «Inter Mayami» qisman Angliya terma jamoasining sobiq sardoriga tegishli. Qachondir Romeo otasining rahnamoligidan voz kechsa, ajablanmaymiz.

Teo ZIDAN

«Real» tarixida muhim o‘rinni egallagan Zayniddin Zidan o‘tgan yili klubni tark etgan bo‘lsada, rishtalar uzilmagan. Kelajagi porloq yarim himoyachi sifatida e’tirof etilayotgan Teo «Real Madrid Kastilya» a’zosi. Uning ikki akasi ham professional futbolchilar: yarim himoyachi Enso «Fuenlabrade»da to‘p surmoqda, Luka - «Eybar» darvozaboni.

Eydur GUDYONSEN

Bu yigitning otasi «Bolton», «Chelsi», «Barselona», «Tottenxem», «Stok» va «Fulxem»dagi sermazmun o‘yinlari bilan tanilgandi. Eydur o‘zining Islandiya terma jamosidagi debyutini 1996 yilda nishonlagan. Uning 3 nafar farzandlari ham futbolchilar. To‘ng‘ich o‘g‘li Sveyn Aron «Elfsborg» klubida o‘ynaydi, kenjatoy Daniel Tristan «Malmyo» akademiya­si tarbiyalanuvchisi, o‘rtancha Andri Lukas esa «IFK Norrkoping» klubi hujumchisi. Shuningdek, 20 yoshli Andri terma jamoada 12ta uchrashuv o‘tkazib, 2ta gol urgan.

Jems KARRAGER

Bolaligida «Everton» muxlisi bo‘lgan Jeymi Karrager taqdir taqozosi bilan azaliy raqib - «Liverpul» safida naq 737 (!) marta «qizillar» sharafini himoya qilgandi. O‘g‘li Jeyms esa klub akademiyasida 6 yil tahsil olib, 2017 yilda o‘quv dargohini tark etdi. Keyinchalik «Uigan»ga yo‘l olgan kichik Karrager o‘tgan yilning avgustida «Latiks» jamoasida debyutini nishonladi. Hozir 20 yoshli himoyachi «Oldxem»da ijara asosida to‘p surmoqda.

Jio REYNA

AQSH terma jamoasi a’zosi inglizlar safida o‘ynashi ham mumkin edi. Chunki u Sanderlendda tug‘ilgan. Uning otasi Klaudio o‘sha davrda Black Cats klubida o‘ynardi. Yarim himoyachi «Bayer», «Reynjers», «Manchester Siti» va «Nyu-York Red Bullz» klublarida to‘p surgan. Jioning o‘g‘li Jovanni Nyu-York akademiyasidagi tahsildan so‘ng, 2019 yilda «Borussiya D.» safidan joy oldi. Shuningdek, u AQSH terma jamoasi bilan Qatar mundialida ishtirok etdi.

Daniel MALDINI

2020 yilda Daniel «Milan»dagi debyutini nishonlash bilan Maldinilar sulolasining uchinchi avlodi faoliyatini boshlab bergandi. Uning bobosi Chezare va otasi Paoloni tanimaydigan muxlis bo‘lmasa kerak. Ular bilan kichik Maldini o‘rtasidagi farq shuki, Daniel himoya chizig‘ida emas, hujumkor yarim himoyachi pozisiyasida o‘ynaydi. U «rossonerlar» safida 24 uchrashuv o‘tkazdi, 2022|2023 yillar mavsumini «Spesiya»da o‘tkazmoqda.

Manba: fourfourtwo.com, S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:00, 22.01.2023.
O'qildi: 2707 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.