Italiya terma jamoasi futbol olamining yetakchi jamoalaridan biri ekanligini yaxshi bilamiz.
Biroq yirik muvaffaqiyatlarga erishish uchun ko‘pincha bu jamoaga nimadir yetishmay qolishi, ba’zan omad undan yuz o‘girishidan ham xabardormiz. Uzoqqa bormaylik, JCHlarining gultoji sifatida e’tirof etilgan Qatar-2022 turniri ham 4 karra tojdor bo‘lmish «Skuadra Adzurra»ning ishtirokisiz o‘tdi. Bosh murabbiy Roberto Manchini uchun jammoani raqobatbardosh o‘yinchilar bilan shakllantirish surunkali muammo bo‘lib qoldi. Vaziyat shunchalik og‘irki, mutasaddilar ayrim braziliyalik futbolchilarga Italiya fuqaroligini taklif qilmoqdalar. Buni qarangki, shunday pallada «Moviy gvardiya» yaqin kelajakda o‘ta noyob iqtidor sohibini o‘z safiga jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ha, mundialni tomoshabin maqomida kuzatishga majbur bo‘lgan amaldagi qita chempionidan bo‘lajak top-hujumchi ko‘magida JCH-2026 turnirida muvaffaqiyatli ishtirokni umid qilish mumkin.
GAP KIM HAQIDA, O‘ZI?
Maqolamiz qahramonimiz nomi Franchesko Kamarda, yoshi 14da, ammo ko‘pchilikka tanilishga arziydigan o‘yinchi. U chinakam markaziy hujumchi pozisiyasida to‘p suradi, juda yosh bo‘lishiga qaramay, yuksak cho‘qqini zabt etishga ulgurdi. Ya’ni, 13 yoshli paytida Italiya chempionatining 15 yoshlilar toifasida «Milan» bilan chempionlikka erishdi. Milanliklar 2010 yildan beri chempionlikka erisha olmayotgan edilar. Ikki yil kattalar uchun arzimasdek ko‘rinsada, o‘smirlar uchun ulkan jarlik, lekin Kamardani kattaroq yoshdagilar jamoasiga shunchaki, sinov uchun o‘tkazishmagan, qahramonimiz akalari jamoasida muhim o‘yinchilarning biri, chempionlikni tuhfa etgan oltin golni ham aynan Franchesko urgandi.
Ayni pallada iqtidorli hujumchi 16 yoshlilar jamoasida to‘p surmoqda, 9 uchrashuvda 11ta gol urgan holda chempionat to‘purarlari orasida yetakchilik qilmoqda. Kamardani ba’zan yanada kattaroq yoshdagi jamoalarga ham chaqirib turadilar. Qizig‘i shundaki, ularda ham Franchesko sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. Masalan, «Milan»ning19 yoshlilar jamoasi tarkibida dublga erishib, jamoani 4:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Aslida, Kamardaning nisbatan katta yoshdagi raqiblariga qarshi o‘yinlardagi sermahsulligi ajablanarli hol emas. Chunki u o‘z tengdoshlari bilan kuch sinashganida ishonish qiyin bo‘lgan natijalarni qayd etgan:
2017|18 yillar mavsumida: 40ta uchrashuvda 247ta gol;
2018|19 yillar mavsumida: 31ta uchrashuvda 172ta gol;
2019|20 yillar mavsumida: 16ta uchrashuvda 64ta gol.
To‘g‘ri, o‘smirlar futbolida gollar ko‘p bo‘ladi, buni tushunish mumkin. Lekin 87ta o‘yinda 483 marta (o‘rtacha 5,5dan ko‘proq) darvozani zabt etgan 14 yoshli snayper tez-tez uchraydigan o‘yinchi emas.
Yosh iqtidor sohibining xalqaro maydonlardagi ko‘rsatkichlari ham talab darajasida. 15 yoshlilar terma jamoasi tarkibidagi 5ta uchrashuvda u 5ta gol va 2ta samarali uzatmani o‘z hisobiga rasmiylashtirgan edi, hozir 16 yoshlilar jamoasida adaptasiya davrini o‘tkazmoqda.
Francheskoning sermahsul faoliyatida uning barcha tengdoshlari havas qiladigan darajdagi jismoniy jihatlari ham muhim rol o‘ynaydi. 14 yoshli hujumchining bo‘yi 182 sm., vazni 60 kg. O‘yin uslubiga ko‘ra, Kamarda Erling Xoland va Karim Benzemani eslatadi. Darvoqe, Benzema uning «kumir»i.
DAHOMI YOKI XOMSEMIZ IQTIDOR?
Bu savolga faqat vaqt aniq javob berishi mumkin. Futbol tarixida o‘smirlar va yoshlar darajasida hayratomuz o‘yinlarni namoyish etgan, lekin professional futbolga moslasha olmagan yigitlar juda ko‘p. Bunga o‘z vaqtida «sayyoramizning o‘ta kelajagi porloq futbolchisi» maqomiga sazovor bo‘lgan Hakim Masturni misol sifatida ko‘rsatish mumkin. «Milan»ning marokashlik o‘yinchisi xuddi Kamarda kabi yoshlar toifalarida tengdoshlarini nazar-pisand qilmagan, to‘pni olib yurishi, dribling va fintlari bilan muxlislarni maftun etgan bo‘lsada, tez orada oniy chaqmoqdek so‘ndi. U hatto «rossonerlar»ning asosiy tarkibiga ko‘tarildi, ammo mustahkam o‘rnasha olmadi. Yevropadagi urinishlaridan samara chiqmagach, Marokashning 2-divizionidan boshpana topdi. Vaholanki, u endigina 24ga chiqqandi.
Xullas, bu yog‘iga Kamarda kamarini mahkamroq tortishi, sustkashlikka yo‘l qo‘ymasligi, «Milan» esa o‘z tarbiyalanuvchisini «A» seriyasi va YECHL talablariga javob bera oladigan darajaga olib chiqish uchun o‘z vaqtida, to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Aks holda, Italiyaning keyingi 15-20 yil ichidagi eng zo‘r hujumchisi sifatida e’tirof etgan qahramonimiz umidlarni puchga chiqarib, Hakim Masturdek g‘oyib bo‘ladi.
Manba: Sovsport.ru, Sodiq SOBIR tayyorladi