Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Alangaga aylangan uchqun

Alangaga aylangan uchqun

Baho:
+ | -

AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Gregg Berxalter Qatarda hujumchi Jovanni Reynaga zaxira o‘yinchisi rolini ravo ko‘rgandi.

Endi shu mojaro tufayli o‘z lavozimidan vaqtincha chetlatildi. Futbolchini samolyotda Qatardan qaytarib yuborishlariga «bir bahya» qolganini esladingizmi? O‘sha voqea ulkan mojaroga aylanib, bosh murabbiyning 31 yil avvalgi maishiy zo‘ravonligi oshkor bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1991 yilda Gregg o‘zining bo‘lajak rafiqasining oyog‘iga tepgan ekan. Bu hozir mish-mish emas, tasdiqlangan axborot - uni er-xotin Berxalterlar aytib berishdi. O‘sha noxushlikdan keyin, ular tezda yarashib olishgan, turmush qurishgan va birgalikda baxtiyor hayot kechirishmoqda.

31 yil avvalgi voqeaning oshkor bo‘lish tarixi ajablanarli: Uni Jio Reynaning ota-onasi murabbiy JCHda o‘g‘illari bilan yaxshi munosabatda bo‘lmagani uchun fosh etishdi. Hujumchining otasi Klaudio Reyna - AQSH terma jamoasining afsonasi, onasi 1991 yilda murabbiy tepgan (keyin uylanib olgan) qizning hamxonasi edi.

Qatar mundialiga yo‘l olish arafasida Gregg Berxalterga jamoani JCH-2026ga puxta tayyorlash vazifasi yuklatilgandi. Endi yuz bergan janjal sababli, uning keyingi faoliyati so‘roq ostida qolmoqda.

Mojaroning muhokamasi uzoqqa cho‘ziladigan ko‘rinadi. Biz uning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tamiz.

Terma jamoa murabbiyi Reynaga cheklangan rol ajratgach, futbolchi darg‘azab bo‘lib, mashg‘ulotda barcha qatori shug‘ullanmay qo‘ydi. Kelishmovchilikning asosiy sababi shu.

Qatarda Jio 52 daqiqa o‘ynadi. Lekin umuman olganda, uning pley-off bosqichiga yetib kelishini omadga yo‘yish mumkin. Mojaro OAVga yetib bordi: Jovanni mashg‘ulotlarga yomon munosabatda bo‘lgani uchun, uni Qatardan uyga qaytarmoqchi bo‘lishdi.

Vaziyatni tushuntirish paytida Berxalter nomlarni tilga olmagan bo‘lsada, jamoada sezilarli o‘zgarish yuz berganligini tan oldi:

«Soatlab o‘tirgan holda, uni nima qilish xususida bosh qotirdik. Vaziyat shunchalik jiddiy ediki, biz u uchun chipta xarid qilishga tayyor edik. Oxir-oqibat, yana bir marta gaplashish kerak, degan qarorga keldik va unga jamoadan uzr so‘rashi kerakligini, so‘raganda ham shunchaki, «yigitlar, kechiringlar» deb emas, nima uchun ekanligini ham aytishini so‘radik. To‘g‘ri yo‘lni tanlagan ekanmiz - uzr so‘raganidan keyin har bir futbolchi o‘rnidan turib, shunday dedi: «quloq sol, aytganlaring yetarli emas, sen jamoadoshimiz sifatida ishonchni oqlay olmading. Biz o‘zgarishni ko‘rishni istaymiz».

Tabiiyki, gap Reyna xususida edi, sababi esa uning o‘ta sust, hatto ajabtovur taassurot qoldirgani bo‘ldi. U JCH startidan 4 kun avvalgi o‘rtoqlik uchrashuvida ham, Uelsga qarshi o‘yin arafasidagi mashg‘ulotda ham o‘ziga o‘xshamasdi. Jamoadoshlarining gap-so‘zlaridan ikki xil fikrga kelish mumkin: Jio jarohat olmaslik maqsadida o‘zini avaylayapti yoki boshlang‘ich tarkibga kiritilmagani uchun qattiq xafa bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hammasiga Reynaning JCHdagi roli sabab bo‘lgan: Uelsga qarshi o‘yinda hatto zaxiradan maydonga tushmasligi aniq bo‘lgach, u jahl bilan himoya qalqonini uloqtirdi, ertasiga mashg‘ulotni maynabozchilik bilan o‘tkazdi. ESPN xabariga ko‘ra, jamoa Reyna bo‘yicha ovoz bergan. Natija: 13-12 hujumchi Qatarda jamoa bilan qolishini istaganlar foydasiga. Ha, qaror demokratik bo‘ldi, ammo jamoaning qariyb yarmi qarshi ovoz berganiga nima deysiz.

Reynanning o‘zi ijtimoiy tarmoq orqali terma jamoada faqat u muammoga duch kelganini tasdiqladi:

«Mundial arafasida Berxalter menga cheklangan rol ajratganini aytdi. Men hayron bo‘ldim. Chunki bor kuch,quvvatimni o‘yinga sarflardim. Futbol - mening hayotim. JCHda iqtidorli jamoamga sezilarli yordam berish va u bilan imkon qadar uzoqroqqa borishni orzu qilgandim».

Yakunda ro‘yobga chiqmagan istak va ehtiroslar nafratga aylandi. Biroq qatardagi noxushlik keyin yuzaga kelgan mojaro oldida hech narsa emas.

Katta Reyna xafa bo‘ldi, rafiqasi Berxalterning yoshlikdagi noma’qul harakatini FFga yetkazdi.

Jovannining ayanchli holati tabiiyki, otasi - terma jamoada 112ta uchrashuv o‘tkazgan Klaudio Reynani qattiq ranjitdi. U rafiqasi Daniella bilan ishga kirishdi. Jioning onasi AQSH FFga murojaat qilib, Gregg Berxalterning bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga o‘tkazgan zug‘umi haqida xabar berdi.

Daniella 1991 yilda Greggning qaylig‘i bilan bitta xonada yashardi. «Oilalarimiz juda ahil edi. Biz yaqin do‘stlar edik. Ba’zan Jioga qarab, o‘zimni maydonda yurgandek his etardim», - degandi murabbiy.

Avvaliga mish-mishlar paydo bo‘ldi, FFga yuborilgan xabarni anonim sifatida qabul qilishdi. Berxalterlar esa vaqtliroq otni qamchilashga qaror qilishdi va o‘sha voqeani bayon etishdi.

«Rozalind bilan tanishganimda, men 18 yoshda edim va kollejning 1-kursida o‘qirdim. Bir kuni o‘rtamizda qizg‘in tortishuv yuzaga keldi. Bardagi bahs ko‘chada davom etdi. o‘shanda uning oyog‘iga tepgandim», - deb yozdi Gregg.

Tez orada Gregg va Rozalind yarashib olishdi, keyinchalik turmush qurishdi va 4 nafar farzandni tarbiyalashmoqda. Yaqinda nikoh to‘ylarining 25 yilligini nishonladilar.

Daniella o‘z harakatlari shantaj emasligini ta’kidladi.

Klaudioning rafiqasi va Jioning onasi federasiyaga qo‘ng‘iroq qilganini tan oldi va bu shantaj emasligini ta’kidladi: «Erni Styuartni (AQSH FF sport direktori) anchadan beri bilaman va uni yaqin do‘stim deb hisoblayman. Men unga Jioning ayanchli holatga tushib qolgani, oilamizning uzoq yillik yaqin do‘stining o‘g‘limga munosabatidan qattiq xafa bo‘lganimni aytmoqchi edim.

Muloqot paytida Jio uzr so‘raganidan keyin ham tahqirdan xalos bo‘lmagani adolatsizlik ekanligini Erniga aytdim. Rozalind Berxalter mening hamxonam, jamoadoshim va yaqin dugonam edi. O‘sha voqeadan keyin uni Greggni kechirishga da’vat etdim. Turmush qurishganidan keyin ular va farzandlarini oilam a’zolaridek qabul qildim. Ular Jioga ham shunday munosabatda bo‘ladilar, deb o‘ylagandim».

Aftidan, oilaviy do‘stlik barbod bo‘lgandek. 1991 yildagi noxush voqea shu paytgacha ko‘pchilik uchun mavhum edi. Uning fosh etilgani Berxalterning nufuziga putur yetkazishi aniq. Balki faoliyatiga ham ta’sir etishi mumkin.

Gregg va Rozalind Berxalterlar FF bilan doimiy aloqadalar, mojaroni ko‘rib chiqish uchun huquqshunoslarni yollashdi.

Berxalter vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatildi, bu yog‘iga terma jamoani uning yordamchisi Entoni Xadson boshqaradi. 25 yanvarda AQSH terma jamoasi Serbiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:00, 24.01.2023.
O'qildi: 2566 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.