Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Futbolchilar oilasi: otasidan o‘zib ketgan yulduzlar

Futbolchilar oilasi: otasidan o‘zib ketgan yulduzlar

Baho:
+ | -

Bugun biz futbol maydonidagi yutuqlari bo‘yicha otasidan ustun bo‘lgan mashhur futbolchilar haqida gaplashamiz. Shuning uchun, ushbu ro‘yxatda Erling Xoland yoki Paolo Maldinilar yo‘q. Ammo o‘g‘il nafaqat otasining ishini davom ettirgan, balki undan ham yaxshiroq bo‘lgan boshqa ko‘plab qiziqarli voqealar mavjud.

Gonsalo Iguain va Xorxe Iguain

Gonsalo 1987 yilda Fransiyada tug‘ilgan. Uning onasi Nensi Zakarias rassom bo‘lgan, otasi esa o‘sha paytda «Brest»da o‘ynagan va bu uning faoliyatidagi yagona Yevropa klubiga aylangan. Faqat 10 oy o‘tgach, oila Argentinaga qaytib keldi. E’tiborlisi, Gonsalo fransuz pasportiga ega, ammo u fransuz tilini bilmaydi.

Xorxe Iguain markaziy himoyachi sifatida o‘ynadi. Uning eng yuqori ko‘rsatkichlari «Boka Xuniors» (1986-1987) va «River Pleyt» (1988-1991) jamoalarida bo‘lib, Argentinada ikki marta chempionlikni qo‘lga kiritgan. Xorxe va Nensining to‘rt o‘g‘li bor: Nikolas, Lautaro, Gonsalo va Federiko. Biroq, faqat oxirgi ikkitasi otasining izidan borishdi. Gonsalo va Federiko «River Pleyt»da birga o‘ynashgan, faoliyatlari oxirida esa «Inter Mayami»da ham birga to‘p tepishdi. Bundan tashqari, Gonsaloni otasi bilan birlashtirgan yana bir qiziq fakt bor. 1990 yilda «River Pleyt» va «Boka Xuniors» o‘rtasidagi Superklasikoda «River» safida to‘p tepgan Xorxe raqib darvozasiga gol urdi va bu uning jamoasiga 2:0 hisobida g‘alaba qozonish imkonini berdi. Oradan 16 yil o‘tib, 2006 yilda yosh Gonsalo «Boka Xuniors»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, «millionerlar»ga g‘alaba qozonish imkonini berdi (3:1). Ana o‘xshashlik!

Leroy Sane va Sulaymon Sane

Sulaymon Sane Senegalda tug‘ilgan va u to‘rt yoshga to‘lganda, uning oilasi Fransiyaga ko‘chib o‘tgan. 1982 yilda fransuz armiyasi tarkibida Sane G‘arbiy Germaniyaga keldi va u yerda bir yil xizmat qildi. Biroz vaqt o‘tgach, Sulaymon «Frayburg» bilan shartnoma imzoladi. 1987/88 yilgi mavsumda u 21 ta gol urib, ikkinchi Bundesliganing eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. 1990 yilda «Vattenshayd 09» Bundesligaga qaytdi va hujumchi bilan shartnoma imzoladi. Sulaymon 4 mavsum davomida «kulrang sichqonlar» tarkibida 39 ta gol urib, Bundesliga tarixidagi klubning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Keyinchalik, hujumchi Avstriya va Shveysariyada o‘ynadi, keyin yana «Vattenshayd 09»ga qaytdi.

Sulaymon Bundesliga tarixidagi ilk afrikalik futbolchilardan biri. Sane o‘zining tezligi bilan ajralib turardi. U 100 metr masofani 10,7 soniyada bosib o‘ta oldi. Leroy ham tezlikni otasidan olganga o‘xshaydi. Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Sulaymon Zanzibar terma jamoasi (2008-2011) va «Vattenshayd 09»ni boshqargan. 1996 yilda Leroy tug‘ilgan. Leroyning onasi Regina Veber mashhur nemis badiiy gimnastikachisi edi. U ko‘plab Germaniya chempionatlarida g‘olib chiqdi va 1984 yilgi Los-Anjeles Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Veber bugungi kungacha badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiya medalini qo‘lga kiritgan yagona nemis bo‘lib qolmoqda. Leroyning ikkita akasi bor. Kim (undan bir yosh katta) Germaniyaning quyi ligalarida o‘ynagan va 2017 yilda 22 yoshida nafaqaga chiqqan. Hozir 19 yoshda bo‘lgan Sidi «Shalke» yoshlar jamoasida o‘ynaydi. Uch aka-uka ham otalarini haligacha eslatib turadigan «Vattenshayd 09» yoshlar jamoasida o‘yinlarni boshladilar.

Martin Edegor va Xans Erik Edegor

Xans Erik o‘z faoliyatining ko‘p qismini «Stryomsgodset» (1994-2003) jamoasida o‘tkazdi, u o‘sha paytda Norvegiya oliy ligasida bo‘lgan, keyin esa quyi ligaga tushib ketdi. Biroq, uning otasi Norvegiya chempionatidan tashqari boshqa jamoaga o‘ta olmay, shon-shuhrat topa olmadi. Martin 1998 yilda Drammen shahrida tavallud topgan. Yoshligida kichik Edegor otasiga tegishli bo‘lgan «Drammen Strong» akademiyasida o‘ynagan. Martinning ota-onasi darhol o‘g‘lining karyerasini rivojlantirishga kirishdilar. Ular uyning yonida sun’iy maydon yasash uchun 50 000 kron to‘lashdi. 9 yildan so‘ng «Stryomsgodset» Martinning oilasiga 100 000 kron to‘ladi, chunki yosh o‘yinchi 2014 yilning eng yaxshi iqtidori sovrinini qo‘lga kiritdi. 2015 yilda Edegor «Real Madrid»ga sotilganida, «Drammen Strong» akademiyasiga 250 ming kron foyda keltirgan. Xans Erik o‘g‘li bilan birga Madrid klubiga ham yo‘l oldi va u «qaymoqranglilar»ning yoshlar jamoalarini tayyorlashni boshladi. 3 yillik shartnoma imzolagan Xans bolalar bilan ishlash uchun yiliga 100 000 yevro olgan. Bundan tashqari, u 3 million yevro miqdorida bir martalik bonus olish huquqiga ega edi. Shu tariqa, 2015 yildan 2017 yilgacha «Real Madrid»da ishlagan Xans Erik taxminan 3,3 million yevro oldi. O‘shanda «Real Madrid U-23»ni boshqargan Zinedin Zidan har mavsumda 600 ming ishlab olgan. Hatto 3 yil ichida ham Zizu Martin Edegorning otasi olgan pulni topa olmagan. Martin va Xans Erik keyinchalik boshqa yo‘llardan ketishdi. Ota Norvegiyaning ikkinchi divizionidagi«Sannefyord» klubini boshqardi, o‘g‘li esa «Arsenal»da qoldi.

 

Pyer-Emerik Obameyang va Pyer-Fransua Obameyang

Pyer-Emerikning otasi Gabonda tug‘ilgan, biroq keyinchalik Fransiyaga ko‘chib o‘tgan va u yerda mahalliy klublarda o‘ynay boshlagan. Biroq, Fransiya fuqaroligini olish uchun otasi faqat bitta ism qoldirishi kerak edi, natijada u Obameyang bo‘ldi. Yarim himoyachi sifatida o‘ynagan Pyer-Fransua «Laval», «Gavr», «Tuluza» va «Nissa» klublarida o‘ynagan. Gabon terma jamoasi safida 29 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urgan. «Chelsi» va Fransiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Frank Lebyof qiziqarli voqeani esladi. 90 yillarning oxirida «Laval» uchun o‘yin payti Obameyang shu qadar kasal bo‘lib qoldiki, u yura olmadi. Lebyofning ta’kidlashicha, shifokorlar uning jamoadoshini davolay olishmagan, ammo marabut (musulmon diniy rahbari) qora sehr yordamida Pyer-Fransuani tom ma’noda oyoqqa turg‘azdi. Professional faoliyatni tugatgandan so‘ng, Obameyanglarning kattasi «Milan»da skaut bo‘lib ishladi, o‘g‘li o‘z faoliyatini shu yerda boshladi. Pyer-Emerikning Villi va Katilin ismli ikkita akasi bor, ular asosan u qadar taniqli bo‘lmagan jamoalarda o‘ynashgan.

Serxio Buskets va Karles Buskets

Karles «Barselona» tarbiyalanuvchisi bo‘lib, u yerda deyarli butun faoliyatini 90 yillarda darvozabon sifatida o‘tkazgan. Ammo ko‘p mavsumlarda Buskets Andoni Subisarrete, Vitoru Baye va Rudu Xespga o‘z o‘rnini bo‘shatib, ikkinchi darvozabon bo‘lib yurgan. U faqat 1994/95 va 1995/96 mavsumlarida murabbiyning birinchi tanlovi bo‘lgan. Biroq Karles futbolchilik faoliyatini hujumchi sifatida boshlagan. Karlesning o‘ziga xos xususiyati bor edi - kiper oyoqlari bilan mukammal o‘ynagan, bu o‘sha paytda o‘z pozisiyasining vakili uchun kamdan-kam uchragan. Mashhur fransuz gazetasi L'Équipe uni «qo‘lsiz darvozabon» deb atagan.

Bundan tashqari, Karles issiq havoda ham shortiklarda emas, shimda chiqish qilgan. Katta Buskets buni mashg‘ulotlarda ularni kiyishga o‘rganib qolgani, shu bois o‘yinlar vaqtida maydonga shimida kirishga qaror qilgani bilan izohladi. Shuning uchun u tizzalarini jarohatlardan ko‘proq himoyalangan deb hisobladi. Ammo o‘sha paytda muxlislar Karles shu yo‘l bilan chandiq yoki tatuirovkani yashirishga urinayotganini ham taxmin qilishgan. Nafaqaga chiqqanidan keyin Serxioning otasi Kataloniya klubiga darvozabonlar murabbiyi sifatida qaytdi. U shu kungacha bu lavozimni egallab, «Barselona B» bilan ishlamoqda. Va uning o‘g‘li «ko‘k-anorranglilar»ning afsonasiga aylandi.

Diyego Forlan va Pablo Forlan

Diyegolar oilasi tom ma’noda futbolga ishtiyoqli edi. Uning ona tomondan bobosi Xuan Karlos Korasso «Independiyente»ning taniqli futbolchisi va keyinchalik Urugvay terma jamoasini boshqargan. Uning amakilari Rikardo Boccini va Xose Omar Pastoris ham «Independiyente»da o‘ynagan. Diyegoning otasi Pablo Forlan «Penyarol» bilan to‘rt marta Urugvay chempionligini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Libertadores kubogini qo‘lga kiritgan, 1966 va 1974 yilgi jahon chempionatlarida qatnashgan.

E’tiborlisi, Diyego Forlan o‘z oilasi izidan bora olmadi. Yoshligida u nafaqat futbolni, balki tennisni ham yaxshi ko‘rardi. Diyego Maradona tufayli dunyoning eng yaxshi sport turini tanladi. 1991 yilda uning singlisi avtohalokatga uchradi, natijada nogiron bo‘lib qoldi. Oila operasiya uchun pul to‘lay olmadi, biroq Maradona mablag‘ yig‘ishga yordam berdi. Ushbu harakatdan ilhomlangan Diyego Forlan singlisiga pul topish uchun futbolchi bo‘lishga qaror qildi. Qizig‘i shundaki, Diyegoning amakisi va otasi Urugvay terma jamoasi tarkibida Amerika kubogini qo‘lga kiritgan, 2011 yilda kichik Forlan ham muvaffaqiyatga erishgan.

Kiritildi: 11:03, 03.02.2023.
O'qildi: 2857 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.