Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Bahrom Davlatov: «Futbol – hayotim mazmuni»

Bahrom Davlatov: «Futbol – hayotim mazmuni»

Baho:
+ | -

O‘zbek futbolida ham iqtidori, ham katta xizmati bilan nom qozongan, hurmat topgan jonkuyarlar yetarlicha topiladi.

Yangiyer futbolining chin fidoiysi, vaqtida «Nasaf» va «Mash’al» klublari hayotida yorqin iz qoldirgan sport ustasi Bahrom Davlatovni bemalol shunday shaxslar qatoriga qo‘shish mumkin. Maxsus muxbirimiz hozirda AQSHda bo‘lib turgan mutaxassis bilan atroflicha suhbatlashib, uning hozirgi ishlari qanday ketayotganiga qiziqdi. Bahrom aka shu asnoda samarali faoliya­tini ham esga oldi. 

- Bahrom Boyjonovich, okean ortida ekanligingizni eshitib, noqulay bo‘lsada, bezovta qilyapmiz. Avvalo, siz orqali xorijdagi barcha vatandoshlarimizga ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz...

- Rahmat. Qo‘ng‘irog‘ingizdan bag‘oyat ko‘nglim ko‘tarildi. Taqdir taqozosi bilan ayni payt Amerikadaman. Chunonchi, o‘g‘lim Ruslan va qizim Margarita shu yerda istiqomat qilishadi. Ruslan - musiqa prodyuseri. Margarita esa Los-Anjelesda kosmetolog bo‘lib ishlayapti. Kenja farzandim Angelina - Toshkentdagi Xal­qaro Vestminster universiteti 2-kurs talabasi. Turmush o‘rtog‘im Oksana - hisobchi. Qisqasini aytganda, AQSHda farzandlarim xonadonida mehmon bo‘lib turibman.

- Davlatovlar sulolasi va futbol o‘rtasidagi bog‘liqlik tarixi ko‘pchilikni qiziqtiradi...

- Oilada 10 nafar farzand­miz. Otam Boyjon Davlatov aslida Dehqonobod tumanidan, ular 1943 yili Farhod GES qurilishi bahona Yangiyerga ko‘chib kelgan. Onam Tunuqoy Davlatova Qarshi shahridan. Onam 2008 yili 76 yoshda, otam 2010 yili 85 yoshda foniy dunyoni tark etishdi. Men oilada uchinchi farzandman. Ukam Baxtiyor vaqtida «Yangiyer»,  «Angren» va «Nasaf» klublari hujumida to‘p surib, muxlislar mehrini qozongan. U 2013 yili og‘ir xastalikdan vafot etdi. Yana bir ukam Bahodir ham futbol ortidan hayotda o‘z o‘rnini topdi. Hozir Bekobodda «Metallurg-W» bosh murabbiyi sifatida ishlamoqda. Ixtiyor esa Yangiyerdagi stadionda faoliyat ko‘rsatmoqda. Futbol - xalqimiz sevgan sport turi. Biz bejiz  millionlar o‘yiniga mehr qo‘ymaganmiz. 1977 yili O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutiga futbol mutaxassisligi bo‘yicha hujjat topshirdim va o‘qishga kirdim. Zero, nazariy bilim bo‘lmasa, amaliyotning o‘zi bilan uzoqqa borish qiyin. Institutda tahsil olish jarayonida ham «Yangiyer»da to‘p surdim. 1984 yilgacha shu klubda o‘ynadim. Keyin bir yilcha Navoiyda «Zarafshon» sharafini himoya qilib, «Yangi­er»ga qaytdim. Darvoqe, 1977 yili sobiq ittifoq yoshlar termasining 3ta o‘yinida qatnashganman. O‘shanda ikki marta polshalik va bir bora chexoslovakiyalik tengdoshlarimiz bilan kuch sinashgandik. 30 yoshda butsalarimni mixga ilib, «Yangiyer» murabbiylar shtabida ish boshladim. Ustozim Karim Mo‘minovdan yangi yo‘nalishning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandim. Qolaversa, Valeriy Lyubushin va Gennadiy Krasniskiy kabi mutaxassislardan ham saboq oldim.

- «Nasaf»ning amaldagi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning futbolchi sifatida kashf etilishida hissangiz borligini bilamiz...

- Ha, Ro‘ziqulning futbolchilik faoliyati «Yangiyer»da kurtak otgani rost. 1993 yili «Yangiyer» bosh murabbiyi Karim Mo‘minov institutlar o‘rtasidagi turnirda Ro‘ziqul Berdiyev iliq taassurot qoldirganini aytdi. Ro‘ziqul o‘sha payt O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi bo‘lgan. Darhaqiqat, yigitchada o‘ziga xos texnik salohiyat va futbol intellekti yaqqol sezilib turardi. Murabbiylar kengashida barchasini ko‘rib chiqib, Berdiyevni jamoamizga taklif qildik. Muhimi, u chorlovni mamnuniyat bilan qabul qilib, katta ishtiyoq bilan «Yangiyer» safiga qo‘shildi.

- Berdiyevning salohiya­ti «Nasaf» parvoziga esh bo‘lishini taxmin qilganmidingiz?

- Har bir kasbda muvaffaqiyat qozonish iqtidor barobarida mehnatga bog‘liq, albatta. 1988 yildan «Yangiyer»da jamoa boshlig‘i bo‘lib ishladim. 1996 yilning dekabrida esa «Nasaf»da faoliyat boshladim. Meni Qarshi shahriga Qashqadaryo viloyatining o‘sha vaqtdagi hokimi Ozod  Parmonov va «Nasaf» prezidenti Nuriddin Zayniyev taklif qilishgandi. Yangidan shakllangan klub tarkibiga Baxtiyor Davlatov, Shavkat Sai­dov, Baxtiyor Xoliqov, Vladislav Sidorov, Rustam Oripov qatori Ro‘ziqul Berdiyevni ham jalb etdik. Muhimi, viloyatda futbolga nisbatan yangicha qarash boshlandi. Buning samarasi o‘laroq, «Nasaf» barqaror va kuchli jamoaga aylanish yo‘lida dadil qadam tashladi.

- «Nasaf» infratuzilmasi  shakllanishida sizning rahbarligingizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar ta’siri katta ekanligini ko‘p ta’kidlashadi. 

- Qarshida katta jamoa hamjihat ishlaganmiz. Hayotiy tajribam, o‘qib-o‘rganishlarga taya­nib, turli g‘oyalarni ilgari surganman va bir yoqadan bosh chiqarib, ularni amalga tatbiq etganmiz. Tushunarliki, har bir jamoa o‘z qarorgohi, ya’ni uyi­ga ega bo‘lishi shart. Shuni nazarda tutib, ishni klub bazasini barpo etishdan boshladik. Bu borada ko‘pchilikning katta yordami qo‘l keldi. Xususan, viloyat hokimligi, klub prezidenti, bosh muassis - Muborak gazni qayta ishlash zavodi direktori, marhum Nuriddin Zayniyev xizmatlarini alohida  ta’kidlash kerak. Xullas, qisqa muddatda ko‘rkam va shinam, barcha qulayliklarga ega qarorgoh qad ko‘tardi. Endilikda ishlar yanada takomillashib, «Nasaf» bazasi mamlakatimizda andoza olishga arziydigan sport manzilgohiga aylandi. 

- O‘zbek futbolining hozirgi holatiga qanday baho berasiz?

- Nafaqada bo‘lsamda, futbolimizga befarq emasman. Qayerda yurmayin, O‘zbekiston milliy chempionatini muntazam kuzatib boraman. 2022 yilgi mavsumda raqobat ancha oshgani sezildi. Ayniqsa, «Nasaf»ga gap yo‘q - jamoaning texnik-taktik tomondan tashkil etilgan kombinasion o‘yinidan o‘zgacha zavqlandim. Qarshiliklar O‘zbekiston kubogi finalida ham nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi. Jamoaning ayniqsa, OCHLdagi mardonavor yurishi tahsinga loyiq. Xalqaro darajada «pley-off» bos­qichiga chiqish - katta natija. To‘g‘ri, «Nasaf»ga chempionat yakunidagi sustkashlik pand berdi. Ehtimol, charchoq sezilgandir... Asosiysi, jamoa yil sayin chiroyli futbol ko‘rsatmoqda.

- «Nasaf» yanada kuchayishi va chempion bo‘lishi uchun nima qilish kerak, sizning­cha?

- Eng avvalo, klubda barcha ishlar maromi buzilmasligi lozim. Bilaman, «Nasaf»da hammasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Endi tashkiliy ishlar va mashg‘ulotlar jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish talab etiladi. Bunda futbolchilar mentalitetini hisobga olish shart. Tabiiyki, tarkib o‘zagini imkon qadar saqlab qolib, yigitlarga chempionlik ruhiyatini singdirish ham muhim. Yana rag‘batni ham unutmaslik kerak. Ishonamanki, «Nasaf» harakatdan to‘xtamaydi va hali chempionlik marrasiga ham yetadi, albatta.

- «Nasaf»ni o‘yin uslubi bo‘yicha qaysi xorij klubiga qiyoslash mumkin?

- Bunday o‘xshatishdan ma’no yo‘q. Muhimi, «Nasaf» zamonaviy futbol tendensiyalaridan xabardor va bundan ortda qolmaslikka intilayotgan bosh murabbiyga ega. Demoqchimanki, Berdiyevda o‘ziga xos texnik-taktik uslubi bor. Jismoniy tayyorgarlikka yanada ko‘proq urg‘u berilsa, «Nasaf»da har qanday sharoitda ham charchoq-toliqish alomatlari sezilmaydi. Bugunning talabi - jamoani har 3-4 kunda o‘ynash rejimiga moslashtirish. Yangi mavsumda tarkibga katta futbolda toblangan 3-4 nafar yetuk ijrochi jalb etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Lekin iqtidorli yoshlarni zinhor chetga surib qo‘ymaslik kerak.

- Mavzuni biroz o‘zgartiramiz: AQSH futboliga qiziqish qanday?

- Bu yerda futbolga e’tibor mislsiz darajada katta. Deylik, Los-Anjeles shahrida 2ta katta klub bor - «Los-Anjeles» va «LA Geleksi». Ikkisi o‘rtasidagi derbi o‘ta murosasiz kechadi. Har bir o‘yinda stadionlar muxlislar bilan to‘lmoqda. Hozir mamlakatda bu boradagi ishlar yanada kuchaytirilmoqda. Binobarin, 2026 yilgi JCH aynan AQSH, Kanada va Meksikada tashkillashtiriladi. 

- Bilamizki, vaqtida Yevropaning nomdor klublari faoliyati bilan ham yaqindan tanishgansiz.

- Yevropa futboli - bu etalon. Bejiz dunyoning turli burchaklaridan iqtidorli futbolchilar yevrofutbolga talpinishmaydi. Ha, xizmat safari bilan 2 marta Angliya, 1 martadan Niderlandiya, Portugaliya va Germaniyada bo‘lib, katta klublarda ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganini o‘rganganman. Ayniqsa, «Manchester Siti», «Sporting», «Ayaks» va «Borussiya» D. klublari tizimi kuchli havas o‘yg‘otgandi. Portugaliyada Krishtianu Ronaldudek dahoni tarbiyalagan «Sporting» faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Barchasini o‘zimizda yo‘lga qo‘­yishni nechog‘li istaganimni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin. Mana, Eldor Shomurodov hozir Italiyada o‘ynamoqda, Bobur Abduxoliqov Belarus chempionatida o‘z so‘zini aytdi. Buyog‘iga iqtidorli yigitlarimiz imkon qadar yevrofutbolga intilishlari shart. Agar 7-8 nafar futbolchimiz Yevropada o‘ynash darajasiga yetsa, unda milliy va olimpiya jamoalarimiz jahon miq­yosidagi elit turnirlarga bemalol chiqishi mumkin.

- Bahrom Boyjonovich, maroqli suhbat, ko‘ngilga xush fikr-mulohazalar yuksak marralar sari undaydi. Buning uchun katta tashakkur.

- Sizga ham rahmat. Futsatdan foydalanib, «InterFutbol» gazetasi orqali barcha vatandoshlarimizga salom yo‘llayman. Har bir xonadonga avvalo, tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik tilayman, ulug‘vor ishlarda omad hamisha yonimizda bo‘lsin. Ozod va obod yurtning munosib farzandi bo‘lish hammamizga nasib etsin.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:30, 09.02.2023.
O'qildi: 1150 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.