Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

«Miyasiga chip joylangan robotlar» bahsi qiziqmas...

«Miyasiga chip joylangan robotlar» bahsi qiziqmas...

Baho:
+ | -

Ayni damda yangi mavsumga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida qishgi yig‘inga kirishgan jamoalarimiz lageridan kunda - kun ora keldi-ketdilar borasida yangiliklar uchrab turipti.

 Odatdagidek, har galgi transfer oynasida kuzatiladigan yoppasiga futbolchi almashinuvlar bu gal ham davom etmoqda. Klublarimiz mutasaddilari jamoa muvafaqqiyatida tarkib o‘zagini saqlab qolish va uni kuchaytirish asosiy omil ekanligini bilishsada, bunga amal qiladiganlari nihoyatda kam. Boz ustiga, oldi-sotdi orqali ma’lum miqdorda daromad ishlab oladigan klublarimiz soni nihoyatda kam. Legionerlar masalasi esa undanda og‘riqli. Quyida shu haqda.

Hushyor bo‘ling, yarmarka ochilmoqda

Ochig‘i, bu mavzu gapiraverilganidan yoki yozilaverilganidan «siyqasi» chiqib ketgan. Ammo vaziyat hamon o‘sha-o‘sha - o‘zgarishsiz qolmoqda. Yaxshiyamki, PFL bu masalani sal bo‘lsada tartibga solish borasida dastlabki qadamlarni tashladi va ma’lum ta’qiqlarni joriy etdi. Masalan, endi jamoalar qishki transfer oynasida belgilangan yosh chegarasidan o‘tgan futbolchilarni 10 nafargacha o‘z saflariga qo‘shib olishlari mumkin, yozda esa undan biroz ozroq. Belgilangan yosh chegarasiga yetmagan futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun esa to‘siq yo‘q. Shuningdek, O‘zPFL legionerlar masalasida ham reglamentga ayrim o‘zgartirishlar kiritdi va yurtimizga kelayotgan saviyasiz legionerlar oqimini pasaytirish maqsadida ko‘zda tutilgan o‘zgarishlarni ma’lum qildi. Kelajakda aynan shu masalaga yanada jiddiyroq yondashuv bo‘lishidan umidimiz katta. Zero, ligamiz klublarida kuchli ijrochilar ko‘payishi nafaqat klub yoki undagi futbolchilarga, balki barcha uchun ham foydali. Klubda qariyib bir xil darajadagi futbolchilarning jamlanishi faqat o‘zaro raqobatni oshiradi. Ular amalda kimdandir nimanidir o‘rganib o‘zlashtirishlari uchun esa chinakkam yetakchilar bilan birga shug‘ullanishlari kerak. Tan olib aytaylik, hozirda biz o‘z o‘yinlari bilan muxlis va mutaxassislarni qiziqtira oladigan legionerlarga ega emasmiz.

Statistik ma’lumotlar, erishilgan yutuqlar hamda o‘tgan yil so‘nggidagi taqdirlash marosimida topshirilgan individual sovrinlar ayni damda Dragan Cheran yurtimizdagi eng yaxshi legioner ekaniga ishora qilmoqda. Cheran O‘zbekistonda to‘p surishni boshlaganiga olti yil bo‘ldi, ammo o‘zbek klublari shu davr ichida saviya borasida serb futbolchisi bilan raqobatlasha oladigan legionerga ega bo‘la olishmadi. Hatto Cheranga raqobatdosh sifatida olib kelingan tajribali hujumchi Eren Derdiyok ham kutilgan samarani bermadi. Qolgan legionerlar orasidan mahalliy futbolchilardan bir bosh ustun turadiganini sanash uchun bir qo‘l barmoqlari yetarli.

Ha, sifatli legionerlar qimmat turadi va arzonlari bilan ham vaqtida hisob-kitob qila olmaydigan klublarimiz uchun ortiqcha va’z o‘qishni foydasi yo‘q. Ular ham ko‘rpalariga qarab oyoq uzatishadi va olib kelgan legionerlari aksar hollarda shunchaki o‘ynab, o‘z haqlarini olib ketish uchun kelishadi. Bundan esa faqat o‘sha futbolchilargina manfaatdor bo‘ladi, xolos. Aksiga olib, ularning o‘rni yana o‘sha darajadagi futbolchilar bilan to‘ldiriladi. Asl muammo esa keng qamrovli izlanishlar olib boradigan seleksionerlarni yo‘qligidadir. Bizda ularning vazifasi murabbiylarga topshirilgan. Murabbiylarimiz esa serb diyori futbolchilariga oshufta bo‘lishgan. Ular bilan tuzilgan shartnomadagi mas’uliyat bo‘lsa klub gardanida. Sarflangan harajatlar o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi, qizig‘i yo‘q. Foyda esa biz uchun ikkinchi Braziliya ma’qomiga ko‘tarilayotgan Serbiya fuqarosi cho‘ntagida. O‘shanda ham hammasi emas, albatta... Endi savol, murabbiylarimiz tavsifi bilan aytganda serb futbolchilaridek bo‘ydor va jismonan baquvvat futbolchilarni izlab topish klub mutasaddilari uchun shunchalar qiyin ishmi? Yoki ularni o‘zbek diyoriga olib kelish muammomi? Nazarimda, ozgina tashabbuskorlik, tirishqoqlik va izlanish orqali Osiyo, Afrika, Amerika va hatto Yevropa qit’asidan ham yurtimizga kelayotgan legionerlardan sifatli, arzon va muhimi yosh futbolchilarni topish mumkin. Bu uddalasa bo‘ladigan masala. Ammo afsuski, klublarimizda shu kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladigan mutaxassislarga «ehtiyoj» yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham bu murabbiylar zimmasidagi vazifa. To‘g‘rida, oyligini ogandan keyin ishlaydida... Axir iste’dotlar izlanadigan asosiy mamlakat tayinku, ortiqcha bosh og‘riq kimga kerak...

Bizda esa taklif bor. Xabaringiz bor, mart oyida yurtimizda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Bizdan boshqa dunyoning istalgan seleksioner murabbiylari uchun tayyor yarmarka. Nima uchun bizdan boshqa? Sababi, o‘tgan yili mamlakatimiz yashil maydonlarida o‘tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida qit’amizning saralangan davlatlari termalari to‘p surdi. Ular tarkibidagi yuzlab futbolchilardan bor-yo‘g‘i bir nafari Superligamiz yetakchisi «Paxtakor»da qiziqish uyg‘otdi. Qolgan jamoalardan esa sado chiqmadi. Ishoning, O‘zbekistonga kelgan o‘sha yoshlar orasida hozirgi murabbiylarimiz o‘lchoviga mos tushadigan va o‘zini ko‘rsata oladigan, eng muhimi Superligamizdan tushadigan taklifni yangi chaqiriq sifatida qabul qiladigan futbolchilar topilardi. Ammo fursat boy berildi. Hechqisi yo‘q, yurtimizda navbatdagi «yarmarka ochilishi»ga oz qoldi. Bu safar yanada yoshroq futbolchilar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishga kelishadi. Mening nazarimda, professional faoliyatining ilk pog‘onalarida turgan futbolchilar uchun qit’amizda o‘rta darajadan yuqoriroq turuvchi ligamizda to‘p surish yaxshi imkoniyat. Boz ustiga vaziyat transfer qilish darajasigacha yetib boradigan bo‘lsa, ular u qadar katta summaga baholanishmaydi. Futbolchilarning o‘zi uchun esa pul muhim emas. Agarda o‘zimizning qorako‘zlardan bir bosh ustun futbolchi topilsa, uni tarkibga qo‘shib olish orqali kamida futbolchining boshqa jamoalarga ko‘chib o‘tishi ortidan keladigan mashg‘ulot kompensasiyalari orqali pul ishlab olish mumkin. Undan tashqari o‘zimizning yoshlarni xorijlik tengqurlari bilan raqobatlashishi o‘ziga xos motivasiya vazifasini o‘taydi. Fikri ojizimcha shunday. 27-30 yoshli o‘rta darajadagi futbolchini tekinga olib kelib, bir-ikki yil katta pul to‘lab o‘ynatib yana tekinga qo‘yib yuborgandan ko‘ra, yuqoridagi variantni qo‘llagan yaxshi emasmi? Aslida, bu juda keng mavzu, qisqacha mazmuni esa shu edi. Bu bir taklif, xolos. Klublarimiz tizimida futbolchi tanlashda va kimni tarkibga jalb qilish masalasida mendan o‘n chandon aqlli insonlar ish olib borayotganliklariga ishonaman. Ammo...

Biz uchun o‘zimiz e’tirof etib, o‘zimiz faxrlanadigan futbolchilardan ko‘ra, boshqalar gapirib, biz faxrlanadigan futbolchilar nihoyatda muhim. Barchamiz vaziyatlarga kreativ yondashadigan, nozik harakatlari bilan ajralib turadigan o‘yini bilan muxlislarga zavq bag‘ishlaydigan ijrochilarni faqat televizor orqali tomosha qilishdan charchadik. Hech kimga «miyasiga chip joylangan robotlar» bahsi qiziq emas. Biz yuqoridagi sifatlarga ega futbolchilarni maydondagi harakatlarini tribunadan o‘tirib tomosha qilishni, zavqlanishni xohlaymiz. Izlaning, axtaring muxlislarga bir o‘yindan keyingisigacha yetadigan iliq taassurotlar tuhfa etuvchi halol va qiziqarli futbol taqdim qiling. Undan ortig‘i kerak emas. Futbol shaxsiy manfaatlar uchun emas, muxlislar uchun o‘ynalishini unutmang. Agar siz ham aynan shuni istasangiz istakni maqsadga aylantiring. Maqsadni esa qadr­lang.

XURSHIDBEK

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:00, 11.02.2023.
O'qildi: 2137 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.