Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Lion»ga nima bo‘ldi?

«Lion»ga nima bo‘ldi?

Baho:
+ | -

So‘nggi yillarda jiddiy muammolarga duch kelgan Fransiyaning eng sovrindor jamoalaridan biri hozir ichki chempionatda 9-o‘rinda bormoqda, yevrokuboklar hududidan 8, YECHLdan 15 ochkoga ortda.

Bu yagona omadsizlik emas. «Lion» yangi asrdagi eng og‘ir davrni boshdan kechirmoqda.

2019|2020 yillar mavsumiga qadar ortda qolgan 19 yil davomida jamoa atigi 3 marta sovrindorlar safidan joy olmagan, mavsumni ikki marta 4, bir marta 5-o‘rinda yakunlagandi. Taajjubki, 2000, yillarda qatorasiga 7 mavsumda chempionlikni hech kimga bermagan «Lion» 2010-yillarda biror marta shohsupaga ko‘tarila olmadi, sovrinli o‘rinlardan chetda qolish ham aynan shu davrda yuz berdi. Biroq AQSH va Yaqin Sharq vakillarining sarmoyalarisiz faoliyat yuritayotgan va maydondagi muvaffaqiyatlari evaziga yangi stadionni bunyod etgan jamoa uchun «barqarorlik» atamasi o‘rinliroq bo‘ladi. 2019|2020 yillar mavsumidan keyin «Lion» biror marta sovrinli uchlikka chiqa olmadi, oxirgi 4 yil ichida 3-marta yevrokuboklar musobaqalaridan chetda qolishga yaqin turibdi. Qisqasi, tanazzul. Xo‘sh, nima bo‘ldi?

«Lion» - koronavirus qurbonlaridan biri. Klub moliyaviy zarbaga duch keldi

2008-2016 yillarda klub 60000 o‘rinli «Grupama Stedium»ni barpo etdi. Bu Jan-Mishel Olasning navbatdagi tarixiy muvaffaqiyati. Muammo shundaki, «Grupama» muxlislari to‘satdan g‘oyib bo‘lishdi. 2020 yil martida pandemiya tufayli Liga1 musobaqalari to‘xtatildi. 28 turdan keyin 7-o‘rinni band etgan «Lion»ning yevrokuboklardagi 23 yillik seriyasi nihoyasiga yetdi. O‘shanda jamoani YEL guruh bosqichiga yo‘llanma beruvchi «Nissa»dan atigi 1 ochko ajratib turardi. O‘zini qo‘yarga joy topa olmay qolgan Olas boshqa top-chempionatlar kabi ichki musobaqani yozda davom ettirishni talab qildi. Keyin turnir jadvalini avvalgi mavsumlar natijalariga ko‘ra qayta shakllantirish va yevrokuboklarga kuchliroq jamoalarni jo‘natish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, uquvsizlik bilan tuzilgan TV-shartnoma tufayli Liga1 rahbarlari klublarni iqtisodiy o‘limga mahkum etayotganlariga ishontirdi. Biroq yugur-yugurlar naf bermadi. «Lion» yevrokuboklardan chetda qoldi, buning uchun tegishli mablag‘ni olmadi, pandemiya tufayli «Grupama»dagi tushumlardan judo bo‘ldi. Shu tariqa 2020|2021 yillar mavsumi moliyaviy halokatga aylandi: zarar 36 mln. yevrodan 109 mln.ga ko‘tarildi, tushum 181 mln.dan 118 mln.ga tushib qoldi, transfer bozoridagi tushum ham 83dan 45ga pasaydi. Stadionga kirish chiptalari sotuvi 36dan 2ga, TV-translyasiyasidan olinadigan daromad 98dan 69ga tushib qoldi. Pandemiyaga qadar «Grupama»ga o‘rtacha 47000 muxlis kelar, bu «Marsel» va «PSJ»dan keyingi 3-ko‘rsatkich edi. «Lion» 1,5 yilga ana shu mo‘may daromaddan mahrum bo‘ldi. TV-translyasiyadagi omadsizlik qo‘shimcha muammo bo‘ldi: avvalgi shartnoma bo‘yicha 760 mln. to‘laydigan Mediapro 11,2 mlrd. yevro to‘lashi kerak edi. Ammo dastlabki yildayoq majburiyatini bajara olmadi va kelishuv bekor qilindi. Yakunda TV huquqlari yiliga 662 mln. beradigan «CanalQ»ga o‘tdi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2019|2020 yillar mavsumida APL 3,6 mlrd, La Liga 2, Bundesliga 1,4, «A»seriyasi 1,3 mlrd. daromad olgan.

«Lion» Juninyoni sport direktori lavozimiga taklif etdi

Bu klub uchun halokat bo‘lmasada, ish yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin edi. 2019 yil mayida Olas sport direktori lavozimiga tajribasiz Juninyo Pernambukanoni ta­yinladi. Uning fikricha, klub afsonasi mehnatsevarligi evaziga boshqa kamchiliklarni yuvib yuborardi. Juninyo o‘z faoliyatini hech qachon bosh murabbiy rolida ishlamagan Silvinoni taklif etish bilan boshladi. Oktyabrda yangi bosh murabbiy iste’foga chiqarilib, uning o‘rnini Rudi Garsiya egalladi. Lekin ular o‘rtasida doimo kelishmovchiliklar bo‘lib turardi. Garsiya Juninyoni asosiy tarkibga braziliyalik futbolchilarni tiqishtirishda ayblasa, Juninyo o‘zi tanlagan bosh murabbiyga quyidagicha baho bergandi: «Faoliyatim davomida duch kelgan eng yomon xarakterli, hayotimdagi eng yovuz kimsa».

Pernambukano Olas bilan hamkorlikda baribir Garsiyani jamoadan chetlatdi. Rudi Silvinodan meros qolgan va poyoniga yetmagan 2019|2020 yillar mavsumida vaziyatni yaxshilay olmadi. Lekin YECHLda Xosep Gvardiolaning «Siti»sini to‘xtatgan holda yarim finalga qadar yetib bordi. Shunga qaramasdan, 2020|2021 yillar mavsumidan keyin Garsiyani lavozimidan ozod etishdi, «Lion» 4-o‘rinni band etib, YELga chiqdi. Garsiya hujumkor futbolni yo‘lga qo‘yib, «Lion»ni tiklagandi. Jamoa faqat «Lill», «PSJ» va «Monako»dan ortda qolgandi. Bu 10 ichidagi eng samarali mavsum edi. Navbatdagi bema’ni qaror - «Lion» Garsiyadan keyin Juninyodan ham judo bo‘ldi. Balki Olas Garsiyani chetlatgani uchun pushaymon bo‘lgandir: uning o‘rniga kelgan Peter Bos 2021|2022 yillar mavsumini 8-o‘rinda yakunladi. Joriy mavsumning 10-turidan keyin undan ham voz kechishdi. Chunki jamoa 9-o‘ringa tushib qolgandi. Rahbariyat Bos o‘rnini 2016 yilda «PSJ»ni tark etgan Loran Blan to‘ldirishdi. Qizig‘i, Blan shu paytgacha faqat qatarning «Ar-Riyod» klubini 2 yil (2020-2022) boshqargan xolos. Uning rahbarligida «Lion» hozircha oldinga siljiy olmayapti - Bos davridagidek, hamon 9-pog‘onada.

«Lion»ning asosiy muammosi - ruhiyat. Blan ham, futbolchilar ham shunday fikrdalar

Murabbiy jamoaning eng og‘riqli jihatini topishga intilmoqda. Uning fikricha, uzluksiz omadsizliklar tufayli futbolchilar o‘zlariga ishonmay qolishgan, ruhiyatlari singan. Blan jamoani qabul qilgan paytdayoq mentalitet pasayib ketganligi, shu bois, ichki muhit keskin tus olganini aytgan. Misol tariqasida u bir yil avval «Brest»dan 15 mln. yevroga xarid qilingan yarim himoyachi Romen Favr Lionda o‘zini baxtsiz his etayotgani va ketmoqchi ekanligini bildirdi. Bunaqa kayfiyatdagi o‘yinchilar anchagina. Yarim himoyachi Ussam Auar, hujumchilar Mussa Dembele va Karl Toko-Ekambi, himoyachilar Jerom Boateng va Damyen Da Silva... Yo ular «Lion»dan norozilar, yo «Lion» ulardan umidini uzgan yoki shartnoma muddati tugashiga yarim yil qolgan va tomonlar shuni kutishmoqda. Qishki darchada Favr, Toko-Ekambi va Da Silva masalalari hal bo‘ldi: birinchisi «Loryan»ga, ikkinchisi «Renn»ga, uchinchisi Avstraliyaning «Melburn» klubiga ijaraga berildi.

Loran Blan muvaffaqiyatsizlik yechimini tarkibga tajribali va tajovuzkor o‘yinchilar bilan yangilashda ko‘rmoqda. 33 yoshli Deyan Lovrenni «Zenit»dan 2 mln. yevroga xarid qilingani mantiqan to‘g‘ri qarordek tuyuladi. Bu yangi sohibning ilk xaridi. Ha, endi Olas «Lion»dagi birinchi shaxs emas.

«Lion»ning yangi egasi «ko‘p klubli» atamasidan nafratlanadigan ko‘p klubli amerikalik biznesmen

2022 yilning dekabrida klub sohibi o‘zgardi. 1987 yildan beri «Lion»ni boshqargan afsonaviy Jan-Mishel Olas o‘z o‘rnini amerikalik biznesmen Jon Tekstorga bo‘shatdi. Tekstor esa «Lion»ni Braziliyaning «Botafogo», Belgiyaning «Molenbek», Angliyaning «Kristal Pelas» klublari va AQSHdagi «Florida» yoshlar tayyorgarlik markazidan iborat kolleksiyasiga qo‘shib oldi. Kelishuvning qiziqarli jihati shundaki, Olas mo‘may daromadga ega bo‘lish bilan birgalikda 2025 yilgacha prezidentlik lavozimida qoladi. Jamoa muxlislari ikki guruhga bo‘lindilar: bir tomondagilar Olas klubni bankrotdan muhofaza qiladi, deyishsa, qolganlari uni amalparastlikda ayblashmoqda. Tekstor xususida biron-bir fikr bildirish qiyin, ammo Olasning ta’siri asta-sekin pasayishi - katta yo‘qotish. Garchi bu qachondir yuz berishi aniq bo‘lsa ham. Chunki u 73ga chiqdi, 35 yillik umrini «Lion»ga sarfladi va juda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishdi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:58, 26.02.2023.
O'qildi: 1652 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.