Nihoyat, top-chempionatlar beshligining boshqa vakillari qatori Angliya chempionati ham hal qiluvchi bosqichdagi murosasiz bahslarni boshlab yubordi.
Qatar mundiali tufayli yuzaga kelgan tanaffus arafasida «Arsenal» hujumchisi Itan Nvaneri APLdagi debyutini nishonlab, turnirning eng yosh futbolchisi rekordini yangilagandi. «Brentford»ga qarshi o‘yinda u zaxiradan maydonga tushganida 15 yosh, 5 oy, 23 kunlik o‘spirin edi. Avvalgi rekord Xarvi Elliottga tegishli bo‘lib, u 16 yosh, 30 kunlik paytida maydonga tushgandi.
Romeo Laviya - 18 yoshda, «Sautgempton» tayanch yarim himoyachisi
Belgiyalik yosh iqtidor sohibini o‘tgan yilning yozida «Manchester Siti» 12 mln. funtga xarid qilgandi. Matbuot xabarlariga binoan, «shaharliklar» futbolchini 40 mln.ga qaytadan sotib olish bandini shartnomada qoldirishgan. Laviya jarohat olgani bois, sentyabr-oktyabr oylarida maydonga tusha olmagan bo‘lsada, «Tottenxem», «Chelsi», «MYU» va «Liverpul» skautlarining e’tiborini tortishga muvaffaq bo‘ldi.
Alexandro Garnacho - 18 yoshda, «MYU» hujumchisi
Bu futbolchi YEL doirasidagi «Sherif»ga qarshi uchrashuvda barchaning diqqat-e’tiborini tortgan va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgandi. O‘shanda u o‘zining yuksak salohiyatini namoyish etgandi. O‘yindan keyin Erik ten Xag shogirdi himoyada yanada ishonchliroq o‘ynashi lozimligini ta’kidlagan bo‘lsada, umuman, ko‘proq o‘yin amaliyotiga haqli ekanligini ham e’tirof etgandi. Keyinchalik argentinalik hujumchi «Fulxem» darvozasiga gol urdi.
Fabio Karvalyo - 20 yoshda, «Liverpul» yarim himoyachisi
Portugaliyalik iqtidor sohibi «Fulxem»ga elitaga ko‘tarilib olishda yordam berib, keyin 5 mln. funt evaziga «Enfild»ga yo‘l oldi. «Liverpul» hujumkorligidagi beqarorlik va o‘ta kuchli raqobat Karvalyoning yangi muhitga moslashib olishiga monelik qilmoqda. Biroq Portugaliya yoshlar terma jamoasining a’zosi chempionatning birinchi davrasida salohiyatining ayrim qirralarini namoyish etishga ulgurdi.
Degnand Gnonto - 19 yoshda, «Lids» hujumchisi
O‘z vaqtida «Inter»ning yoshlar tizimidan o‘tgan Gnontoni «Syurix»dan 4,5 mln. yevroga qilgunga qadar, «Lids» bir qator raqobatchilar qarshiligini yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Undagi ishtiyoq va qiziqish o‘ta yuqumli. Dribling va shiddatli reydlari hech kimni befarq qoldirmaydi.
Amadu Onana - 21 yoshda, «Everton» yarim
himoyachisi
Onana ro‘yxatimizdagi umidbaxsh iqtidorlardan keskin farq qiladi. U Germaniya va Fransiya chempionatlarida 50 martadan ko‘proq maydonga tushgan. «Everton» u uchun 35 mln. yevrodan voz kechgani bejiz emas. Yosh futbolchi Qatar mundialida ikki marta maydonga tushib, markaziy yarim himoyachidan talab etiladigan toplarga xos fazilatlarni namoyish eta oldi. Onana o‘yinni «o‘qiy oladi», to‘p bilan ishonchli muomala qiladi.
Riko Lyuis - 18 yoshda, «Manchester Siti» o‘ng qanot himoyachisi
Lyuisning asosiy tarkibdagi 7ta o‘yinidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, «shaharliklar» ustozi Xosep Gvardiola uning iqtidoriga yuksak baho bermoqda. Riko YECHLda gol urishga muvaffaq bo‘ldi, Liga Kubogi doirasidagi «Chelsi»ga qarshi bahsda ishonchli o‘ynadi. Himoyachida yanada mukammal to‘p surish uchun barcha xususiyatlar mavjud - to‘pni mohirlik bilan boshqaradi, tezkor va topqir o‘yinchi.
Natan Patterson - 21 yoshda, «Everton» o‘ng qanot himoyachisi
Shotlandiya terma jamoasi a’zosi «Everton»ning mavsum avvalida APLdagi debyutidan so‘ng anchayin jiddiy sinovlardan o‘tdi. Patterson o‘zining yuqori tezligi va bo‘shliqdan samarali foydalanish qobiliyati bilan nom qozondi. U yuksak saviyadagi bellashuvlarda o‘zini erkin his etadi. Ehtimol, orqa chiziqdagi yakkakurashlar uchun jismoniy quvvati bir oz yetishmayotgandir, ammo to‘pni egallab olishi bilan, uchqur otdek harakatlanadi.
Armel Bella-Kotchap - 21 yoshda, «Sautgempton» markaziy himoyachisi
«Boxum»dan 11 mln. yevro evaziga «avliyolar» safiga o‘tgan futbolchi mavsumni muvaffaqiyatli boshlab, tez orada Germaniya terma jamoasidan chorlov oldi. Bella-Kotchap - jasur himoyachi, har bir uchrashuvda o‘rtacha 8 marta raqib tomonidan uzatilgan to‘plarni ilib oladi, yakkakurashlarning 70 foizini o‘z foydasiga hal qiladi, «ikkinchi qavat»da hukmron.
Malkolm Ebiovey - 19 yoshda, «Kristal Pelas» vingeri
20 yoshgacha bo‘lgan Angliya terma jamoasining a’zosining «Derbi» bilan imzolagan shartnomasi nihoyasiga yetgach, o‘tgan yil yozida «Kristal Pelas»ga o‘tgandi. Hozirga qadar Malkolm APLda 3 marta maydonga tushdi. U qanotdan shiddatli reydlarni uyushtirish ustasi. Bundan tashqari, Ebiovey ko‘pincha o‘zining kuchli zarba yo‘llay oladigan chap oyog‘idan foydalanadi. Umuman olganda, vinger dribling va aniq uzatmalar san’atini yaxshi o‘zlashtirgan.
Manba: soccer.ru,
MUHAMMADSODIQ tayyorladi