Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andrea Anyelli: «UYEFA monopoliyasi – klublar kelajagiga to‘siq...»

Andrea Anyelli: «UYEFA monopoliyasi – klublar kelajagiga to‘siq...»

Baho:
+ | -

Andrea Anyelli o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida yuzaga kelgan moliyaviy ayblovlarga bog‘liq mojaro ortidan «Yuventus» prezidenti lavozimidan ketdi.

 Bu holat italiyalik funksionerning Yevropa Superligasi loyihasini yanada kuchli targ‘ib qilishiga to‘sqinlik qilmayapti. Anyelli jumladan, yaqinda Niderlandiyaning De Teleg-raaf nashriga bergan intervyusida hammasini batafsil tushuntirishga urindi: Superliga Yevropa futboliga nima uchun kerak, uning tashkilotchilari UYEFA va FIFA­ga nega faollik bilan qarshi chiqishmoqda? Umuman, italiya­lik funksio­-ner ushbu harakat qayta boshlangani e’lon qilinganidan buyon sport jurnalistlari bilan tez-tez muloqotga kirishyapti.

- Superliga tashkilotchilari UYEFAni futbolda monopoliya o‘rnatganlikda ayb­-lashmoqda. Buni qanday tushunish kerak?

- Chindan ham, shunday. Yevropa klublarning moliyaviy barqaror kelajagi uchun ham UYEFA monopoliyasiga chek qo‘yish zarur. Yevrokuboklarda qatnashmaslik fojiaviy kelajakka olib kelmaydi. Bu - qit’aning har bir klubiga tegishli gap. Shuning uchun ham shaxsan men Yevropa miqyosidagi musobaqalarda liga tizimini yaratish g‘oyasini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Binobarin, bunda har bir ishtirokchi ham moliya, ham sport nuqtai nazaridan birdek keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Misol sifatida «Ayaks»ni olaylik. Amsterdam klubi 2019 yili o‘z milliy chempionatida g‘alaba qozondi, Chempionlar Ligasida esa yarim finalgacha bordi, lekin shundan atigi 1-2 oy o‘tgach, asosiy yevrokubok saralashidayoq kurashni to‘xtatishi hech gap emasdi. Klublar siyosatini bunday mavhum tarz­da rejalashtirish mumkin emas aslo.

- O‘zi 4 yil oldin UYEFA prezidenti Aleksander Cheferin bilan birga Yevropa musobaqalarini isloh qilish harakatiga tushgandinglar. Ammo keyinchalik UYEFA negadir orqaga qadam tashladi...

- Aslida Aleksander xuddi biz kabi islohotlarga tayyor edi. Shuningdek, Yevropa klublar assosiasiyasining ilg‘or a’zolari bilan yangi format bo‘yicha kelishuvga erishildi. Biroq yirik chempionatlar vositachilari, elit ligalar rahbarlari va ba’zi milliy federasiyalar vakillari yangi formatni tahdid o‘rnida ko‘rishdi. Oqibatda Cheferin ham islohotlardan bosh tortishga majbur bo‘ldi. Qaytaraman, deyarli barcha klublar yevrokuboklar tizimini yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagandi. UYEFA bu yo‘nalishda harakatni to‘xtatgach, Yevropa klublar assosiasiyasi bilan yangi turnirlarni yo‘lga qo‘yish varianti yuzaga keldi. Loyiha amalga oshadimi yoki yo‘q - bu endi Yevropa sudi hukmiga bog‘liq. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: UYEFA ichida bo‘lganimda, nega tizimni o‘zgartirishga harakat qilmadim? Chunki bu kabi ichki urushda g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘qligini teran anglagandim. Hattoki, mavjud tizim «Ayaks», «Anderlext», «Seltik», «Benfika», «Panatinaikos», «Srvena Zvezda» kabi klublarga hech qanday kelajakni kafolatlamasligi aniq-ravshan bo‘lsada, tarafdorlar topish mushkul edi.

- Futbolda aniq bashorat qilish tobora osonlashmoqda, Angliya klublari va qolganlar o‘rtasidagi tafovut esa faqat kattalashib bormoqda, ayniqsa, moliyaviy qudrat nuqtai nazaridan...

- Ha, gap faqat moliyaviy barqarorlikdagina emas. Hozirda aksariyat milliy va xalqaro turnirlar g‘oliblarini oldindan aytish muammo tug‘dirmayapti. Barchasi asosan klublarning ichki bozorga bog‘liq daromadi miqdorida katta farq borligi tufayli. Mana, Angliya futboli bu borada hammadan ancha o‘zib ketdi. Shuning uchun yevrokuboklarning so‘nggi bos­qichlarida APLning ko‘plab vakillarini ko‘rish oddiy holatga aylanib qoldi. Angliya klublari ortida esa Ispaniyaning ikki giganti, «PSJ» va «Bavariya»dek tarixan kuchli jamoalarni o‘z ichiga olgan kichik bir guruh bor. Qisqasi, Superliga juda zarur, agar futbol shu holatida qolaversa, odamlar undan sekin-asta yuz o‘girishadi. Deylik, «Ayaks», «Feyenoord» va PSV klublarida yevrokuboklar shohsupasiga ko‘tarilish imkoniyati yo‘q ekan, muxlislar faqat Niderlandiya ichki musobaqalarini kuzatishadimi? Bir necha divizionni o‘z ichiga oladigan, yuqoriga ko‘tarilish va pastga tushish sxemasi aniq bo‘lgan yangi Liga g‘oyasi aynan shu kabi misollar ta’sirida tug‘ilgan. Oddiy aytganda, klublar uchun teng sharoitlar zarur. Biz butun Yevropa futboli, kamida 60-80ta klub kelajagini o‘ylashimiz kerak. Futbol sohasida 13 yillik tajribaga egaman va hammasi qanday ishlashini yaxshi bilaman. Shunga asosan g‘oyalarni to‘pladik va adolatli yaxlit liga yaratish vaqti kelganini ta’kidlaymiz. Agar mavjud tizim saqlanib qolsa, Angliya klublari va qolganlar o‘rtasidagi tafovut yanada kattalashib boraveradi. Xullas, sport demokratiyasi uchun yeng shimarib harakat qilmasak bo‘lmaydi.

- Agar Yevropa sudi oxir-oqibat, UYEFA foydasiga qaror chiqarsa, futbol iqtisodiyotning bir qismi emas, balki to‘p tepiladigan oddiy o‘yin bo‘lib qoladi. Shundaymi?

- Yevropaning ko‘plab klublari futbol manzarasini o‘zgartirish g‘oyasini yoqlaydi, bunga aminman, chunki ularning vakillari bilan gaplashdim. Ammo shunisi borki, qaysidir klub biz bilan aloqa o‘rnatsa va g‘oyamizni oshkora ma’qullasa yoki qo‘llab-quvvatlasa, UYEFA uni darhol jazoga tortadi. Umuman, eng yaxshi va halol modelni ochiqchasiga himoya qiladigan klubni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchning o‘zi yo‘q. Quyidan tashabbus bor, ko‘plab jamoalar yangi turnirlarga moyil, ammo... Shuningdek, jamoalardan tashqari, futbolchilar, muxlislar, translyasiya guruhlari, tijorat hamkorlari va sarmoyadorlardan ham talab tushmoqda. Faqat UYEFA o‘rnatgan monopoliya bu borada ochiq gapirishga yo‘l qo‘ymaydi. Eng yomoni, UYEFA har qanday o‘zgarishlarni to‘xtatib qolish qudratiga ega. Endi umidimiz Yevropa sudidan. Yaqin orada bu masala yuzasidan yakuniy qaror e’lon qilinishi kerak. Qiziq, sudda UYEFAning Yevropa erkin bozoridagi futbol turnirlariga bog‘liq monopoliyasi tasdiqlanadimi? Agar sud hammasini avvalgidek qoldirsa, bu futbolni yillik aylanmasi 50 milliard yevroga teng va 700 ming ish o‘rniga ega sanoat emas, balki ko‘ngilochar o‘yin sifatida tan olingani hisoblanadi. Ya’ni futbol iqtisodiyotning bir qismi ekanligi rad etiladi. Bu yerda boshqa gap ortiqcha…

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:00, 29.03.2023.
O'qildi: 1397 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.