Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/11 01:00 Bayer 5-0 Zalsburg
27/11 01:00 Bavariya 1-0 PSJ
27/11 01:00 Yang Boyz 1-6 Atalanta
27/11 01:00 Barselona 3-0 Brest
27/11 01:00 Inter 1-0 RB Leypsig
27/11 01:00 Manchester Siti 3-3 Feyenoord
27/11 01:00 Sporting 1-5 Arsenal
27/11 15:00 Kvangju 1-0 Shanghai Shenhua
27/11 15:00 Yokogama Marinos 2-0 Poxang Stilers
27/11 17:00 Tep Han Nam Din 3-0 Li Man
27/11 17:00 Tampines Rovers 1-0 Bangkok Yunayted
27/11 19:00 Oltin Asr 0-2 Al-Quva al-Javiya
27/11 19:00 Nasaf 1-2 Kuvayt SK
27/11 21:00 Traktor 3-3 Al-Vakra
27/11 21:00 Al-Hussayn 2-3 Shabab al-Ahli
27/11 22:45 Srvena Zvezda 5-1 Shtutgart
27/11 22:45 Shturm 1-0 Jirona
27/11 23:00 At-Ta'vun - Xolidiya
28/11 01:00 Monako 2-3 Benfika
28/11 01:00 Aston Villa 0-0 Yuventus
28/11 01:00 Bolonya 1-2 Lill
28/11 01:00 Seltik 0-0 Bryugge
28/11 01:00 Dinamo Zagreb 0-3 Borussiya D
28/11 01:00 Liverpul 2-0 Real Madrid
28/11 01:00 PSV 3-2 Shaxtyor

Infantino bugungi darajaga qanday yetib keldi?

Infantino bugungi darajaga qanday yetib keldi?

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

16 mart sanasida Ruandada bo‘lib o‘tgan FIFA kongressida tashkilot rahbari Janni Infantino uchinchi marta qayta saylandi.

Shu tariqa amaldagi prezident ikkinchi marta biron-bir nomzodning qarshiligisiz o‘z taxtini egalladi. Tepakal shveysariyalik shu qadar mug‘ombir va qudratliki, sayyoramizdagi 7,8 mlrd. kishi orasidan unga to‘siq bo‘la oladigan birorta mard topilmadi. Bu - o‘ta achinarli holat. FIFAdagi shiddatli taraqqiyot va mo‘may daromad haqida Infantino qanchalik bong urmasin, qilayotgan ishlari allaqachon ayon bo‘ldi - Zepp Blatterni «qulatganidan» keyin korrupsiyani yo‘q qilishga va’da bergan yangi amaldor o‘sha korrupsiyaning rahbariga aylandi.

FIFA boshqaruv qo‘mitasi rahbarini lavozimidan chetlatdi 

Xalqaro tashkilot rahbarlarining asosiy quroli - har bir milliy FFga bitta ovoz berish huquqini beradigan boshqaruv tizimi. Bunday vaziyatda Angliya, Fransiya yoki Germaniya kabi nufuzli futbol mamlakatlari uchinchi dunyo mamlakatlari bilan bir xil maqomdalar. Mitti davlatlar rahbarlarini qing‘ir ishlarga og‘dirish oson. 

Infantino kichik, lekin korrupsiyaning domida qolgan Uganda, Filippin va boshqa davlatlarga katta e’tibor qaratadi. Masalan, o‘tgan yili Indoneziyaga yo‘l olishiga u yerda yuz bergan fojia sabab bo‘ldi. «Arema» - «Persebaya» (2:3) uchrashuvidan keyingi muxlislar to‘qnashuvida polisiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangani sababli, 174 kishi, jumladan, 5 yoshli bolakay hayotdan bevaqt ko‘z yumgandi. Xo‘sh, FIFA rahbari bunga qanday munosabat bildirdi? Fojia tufayli safarga otlangan Bosh rahbar mahalliy federasiya rahbariyati bilan... o‘rtoqlik uchrashuvida yuzidan tabassum arimagan holatda to‘p surdi, ertasiga ko‘tarinki kayfiyatda Indoneziya prezidenti Joko Vidodo bilan uchrashdi. O‘ta ketgan surbetlik! 

FIFA prezidentining ta’rifi uchun shuning o‘zi yetarli. Insonga xos bo‘lmagan fe’l-atvor - Janni uchun normal. Qolaversa, u turli bahonalar bilan vaziyatdan chiqib ketishni o‘rniga qo‘yadi. 2017 yilda Infantinodan ish bilan Surinamga borganida yo‘l qo‘ygan behuda harajatlarga izoh talab qilishgandi. O‘shanda u Shveysariyaga zudlik bilan xususiy samolyotda qaytishga majbur bo‘lganini aytgan va bu «zarurat» 130000 dollarni «suv» qilgandi. «UYEFA rahbari Aleksander Cheferin bilan shoshilinch tarzda uchrashish ehtiyoji yuzaga keldi», - degandi Janni tashkilotning nazorat bo‘limi rahbariga. Surishtiruv natijasida Infantino aytgan kunlarda Cheferin xizmat safari bilan Armanistonda bo‘lganligi aniqlandi. Lekin FIFAning etika qo‘mitasi kutilmagan tarzda Bosh rahbarni oqladi. Qo‘mita rahbarligiga taniqli olim va siyosatchi bo‘lmish portugaliyalik sudya Migel Maduro tayinlangandi. Biroq tez orada FIFAga korrupsiyani fosh etish va yo‘qotish maqsadida kelgan Maduro Infantinoning maqsadi hammani o‘ziga tobe qilish ekanligini angladi. Bunga 2017 yilda FIFA ijroqo‘mi rahbarligiga Vitaliy Mutko saylanishiga qarshilik qilgani sabab bo‘ldi. Chunki Mutko Rossiyada bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlayotgani imkon bermasdi. Bundan tashqari, u rossiyalik sportchilar bilan yuz bergan doping mojarosiga aralashib qolgandi. Shu bois, Maduro Mutkoni saylovga qo‘ymadi, Infantinoning xufyona iltimoslarini inobatga olmadi. Janni nima qildi? To‘ppa-to‘g‘ri, Maduroni FIFAdan chetlatdi. 

Infantino o‘z boshlig‘i Platiniga choh qazidi 

Maduroga birdamlik belgisi sifatida uning 3 nafar kasbdoshi ham qo‘mitani tark etishdi. Yevropa sudining sobiq raisi Vasilios Skuris qo‘mita rahbari etib tayinlandi. Nemis matbuotining xabariga ko‘ra, Infantino qimmatbaho parvozni Cheferin bilan emas, aynan shu Skuris bilan uchrashish uchun amalga oshirgan. Qo‘mitaning tergov bo‘limi tasarrufini u boshqa bir eski tanishi - kolumbiyalik Mariya Roxasga topshirdi. Hozir bu ikki amaldor Jannining har qanday qing‘irliklarini yopish bilan bandlar. 

FIFA prezidenti maqomida Infantino ko‘plab asossiz parvozlarni amalga oshirgan. Masalan, 2016 yilda u Rim Papasi bilan uchrashish uchun Vatikanga uchganida Alisher Usmanovga tegishli xususiy samolyotdan foydalangan. Lekin nima uchun rossiyalik oligarx samolyotini tanlaganini aytmagan. Etika qo‘mitasining sudyasi Xans-Yoaxim Ekkert o‘z lavozimidan chetlatilgach, Qo‘mita Jannining faoliyatidan qoidaga zid harakatlarni topa olmayapti. O‘tmishdagi qora dog‘larini oqlash uchun Infantino ko‘p mehnat qildi. Masalan, maxfiy hujjatlar va kontraktlar bilan shug‘ullanadigan Football Leaks guruhi Janni 2016 yilda, FIFA prezidentligiga saylanishi arafasida ijroqo‘m kengashining hujjatlarini yo‘q qilganini aniqladi. Bundan tashqari, guruh uning 2015 yildagi shubhali safarini ham chop etdi. O‘shanda u UYEFA kotibi sifatida Nyu-Yorkka borib, TV va marketing huquqlariga oid kelishuvlarga imzo chekkan va Blatterning Platiniga ajratgan 2 mln.li gonorari hujjatlarini yopishga erishgandi. Shu tariqa bo‘lajak prezident bir o‘q bilan ikki raqobatchini safdan chiqargandi. Bu ishni «bosdi-bosdi» qilish maqsadida Infantino Shveysariya federal prokurori Mixael Lauber bilan maxfiy ravishda uchrashgan. 

2020 yilda bu qilmishi uchun Janniga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. Navbatdagi saylovdan bir hafta avval funksioner qisman oqlandi. «Ish yuritishdagi insofsizlik yoki firibgarlikka oid gumonlar tasdiqlanmadi», deyiladi federal prokurorlar Xans Maurer va Ulrix Vederlar bayonotida. Biroq ular Infantino va boshqa xizmatchilar xizmat sirini saqlashdagi qonunbuzarliklar, o‘z mansabini suiste’mol qilish va favoritizm, ig‘vogarlik bo‘yicha tergov davom etishini bildirishdi. 

Bosh tergovchini ishdan chetlatishdi 

Avvaliga Infantinoga oid ishni Shtefan Kyoller olib borayotgandi. U FIFAning nazorat organlari milliy FFda saylov normalariga rioya qilinmasligiga beparvolik bilan qarashlarini aniqladi. Biroq Kyoller ko‘plab dalil-isbotlarni jamlagan pallada, o‘z vakolatini suiste’mol qilganlikda ayblab, ishdan chetlatishdi. 

Bunaqangi panohlar soyasida istagan ishini qilishi mumkinligiga amin bo‘lgan Infantino endi FIFAning daromadlarini oshirish yo‘lida izlanmoqda. Va albatta, o‘zini ham unutmayapti - fevral oyida prezident Qatar mundialidan 1,66 mln. yevro mukofot puli olgani ma’lum bo‘ldi. 4 yil avval u Rossiyada 840000 yevroni «cho‘ntak» qilgandi. Umuman, prezident o‘tgan yili FIFAda 3,62 mln.ga ega bo‘ldi. Yaqinda Kyolnda bo‘lib o‘tgan namoyishda Infantino quloqlari, og‘zi va boshqa a’zolaridan pullar chiqib turgan holda tasvirlangani bejizmas. 

FIFAda oppozisiya o‘ta achinarli holatda. FFlari amaldagi rahbarlarining ko‘pchiligi Infantinoga mute bo‘lib qolishgan, saylovlarning raqobatchi nomzodlarsiz o‘tayotgani sababi shunda. Yaqin kelajakda 2016 yilda FIFA tasarrufini o‘z qo‘liga olishi kerak bo‘lgan UYEFAning sobiq rahbari Mishel Platini korrupsiyaga oid mojaroda nohaq ayblanib, saylovdan chetda qolgandi. Infantino Blatter va o‘z boshlig‘ini «cho‘ktirish» uchun bor nayranglarini ishga solgani haqidagi bahs hozir ham to‘xtagan emas. Yakunda Janni hukmronlikni o‘z qo‘liga oldi. Biroq Shveysariya sudi kechikib bo‘lsada, 2022 yilda Blatter va Platinining aybsiz ekanliklari xususida hukm chiqardi. Bu esa Mishel tez orada sobiq kotibiga asl o‘rni qayerda ekanligini ko‘rsatib qo‘yish istagida ekanligini anglatadi. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:08, 31.03.2023.
O'qildi: 1612 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.