Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

G‘aroyib oilaviy qissa

G‘aroyib oilaviy qissa

Baho:
+ | -

Navbatdagi qahramonimiz - Qatar mundiali guruh bosqichining dastlabki turida AQSH terma jamoasi gollari hisobini ochgan (Uels, 1:1) Timoti Vea.

 Mabodo, bu nom sizga notanish yoki yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, tanishtirib qo‘yaylik: Timoti - «Qora qit’a» vakillari orasida birinchi bo‘lib «Oltin to‘p» sovriniga sazovor bo‘lgan (1995) va hanuzgacha nufuzli sovrinning yagona sohibi bo‘lib qolayotgan liberiyalik afsonaviy hujumchi Jorj Veaning o‘g‘li.

Hozirda Liberiyani prezident sifatida boshqarib turgan katta Veaga jahon chempionatida to‘p surish nasib etmadi. Buning asosiy sababi - nisbatan zaifroq bo‘lgan terma jamoaning saralash bosqichidan o‘ta olmaganligi.

Ota-o‘g‘il kasbdoshlarning o‘zaro munosabati doimo havas qilarli darajada bo‘lgan: «Bolaligimda otamni shunchaki, faqat farzand ko‘zi bilan qarardim. Uning shu qadar mashhur shaxs ekanligidan bexabar edim. Ulg‘aygach, ko‘chalar, jamoat joylarida odamlar uni qurshab olishlari va birgalikda suratga tushishni iltimos qilishganiga guvoh bo‘ldim va yuksak hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lgan inson ekanligini tushuna boshladim», - degandi Timoti Qatar mundiali boshlanishidan 2 kun avval «Vashington Post» gazetasiga bergan intervyusida.

«Men unga «Vatsap» orqali noma yuboraman. Agar u band bo‘lsa, javob qaytarmaydi. Men ham xuddi shunday - nima bilandir band bo‘lsam, javob bermayman. Mening otam - kamdan-kam uchraydigan o‘ta normal inson. Ertalab o‘rnidan turadiyu, basketbol yoki futbol o‘ynagani yo‘l oladi. O‘ylashimcha, mening Qatar mundialida maydonga tushishim otam uchun muhim voqea bo‘ladi. Farzandi maydonga tushib, uning izidan borayotganini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak ota uchun. Agar mening o‘g‘lim yoki qizim jahon chempionatida o‘ynayotganini ko‘rish baxti nasib etsa, o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor ota, deb hisoblardim. Qaysi terma jamoa tarkibida to‘p surish xususida bosh qotirish zarurati meni chetlab o‘tdi. Tabiiyki, otamning avlod-ajdodlari - mening avlodim. Biroq men Qo‘shma shtatlarda ulg‘aydim, umrim shu diyorda o‘tmoqda, oilam, do‘stlarim shu yerda. Shu sababli, menda qaysi mamlakat sharafini himoya qilish ehtiyoji bo‘lmadi. Mening vatanim - AQSH», - kichik Veaning mazkur e’tirofini biz Fox Sports nashriga bergan intervyusidan bilib oldik. Xullas, Vealar oilasi nihoyat, sayyoramizning bosh musobaqasi tarixidan joy oldi.

Jorj Vea Liberiya poytaxti - Monroviya yaqinidagi faqir kulbada ulg‘aydi. Ota-onasi uning bolalik davrida ajrashib ketishgach, Jorjni buvisi tarbiyaladi. Liberiya chakalakzorlarining yetakchi futbolchisi 20 yoshga chiqqanida mahalliy klub tarkibidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi. Vea mahalliy yulduz maqomida qolib ketishga juda yaqin turgandi. Lekin ashaddiy futbol muxlisi bo‘lgan prezident Semyuel Dou noyob iqtidor sohibiga yordam qo‘lini cho‘zdi - iqtisodiyotdagi jiddiy muammolarga qaramay, Liberiya terma jamoasini qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun Braziliyaga jo‘natdi. 1987 yilda Jorj Kamerun terma jamoasi bosh murabbiyi Klod Le Ruaning e’tiborini o‘ziga jalb etgandi. Bir yildan so‘ng murabbiy uni Arsen Vengerga tavsiya etgach, «Monako» afrikalik hujumchini 12000 funt evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Jorj debyut mavsumidayoq jamoaning eng yaxshi to‘purari va «qora qit’a»ning 1989 yildagi eng yaxshi futbolchisi unvonlarini qo‘lga kiritdi. Liberiya futbolining bosh yulduzi parvozi Birinchi fuqarolar urushi davriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, uning faoliyatiga to‘sqinlik qilmadi. Vea «PSJ»ga o‘tib, raqib jamoalarning dodini berdi. Shuningdek, 1994|2095 yillar mavsumida YECHLning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Shundan keyin Jorj Vea Fabio Kapelloning «Milan»i tarkibidan joy olib, Roberto Badjo bilan yonma-yon to‘p surdi. Liberiyalik afsonaviy hujumchi «Verona»ga qarshi bellashuvda o‘z muxlislariga unutilmas lavhani hadya etdi. Ya’ni, o‘z jarima maydonchasi ichida burchakdan yo‘llangan to‘pni egallab olib, raqib jarima maydonchasigacha duch kelgan raqiblarini aldab o‘tdi va aniq zarbasi bilan Maradonaga xos afsungarlikni namoyish etdi. Aynan o‘sha yilda Jorj «Oltin to‘p» sovriniga loyiq topildi.

2000 yil fevralida navbatdagi muhim voqea yuz berdi - o‘g‘li Timoti dunyoga keldi. O‘sha paytda Jorj Angliyada - yarim mavsum «Chelsi»da, yarim mavsum «Manchester Siti»da to‘p surgandi. Timotiga «Chelsi» ko‘proq yoqadi.

2003 yilda katta Vea faoliyatini yakunladi - Liberiyada fuqarolar urushi nihoyasiga yetdi. Bunga qadar Jorj Fransiyada, keyin BAAda o‘ynashga ulgurgandi. Kichik Vea esa o‘z faoliyatini Amerikada boshlab, 2014 yilning yozida «PSJ» tarkibidan joy oldi. Bu uning otasi uchun quvonchli xushxabar edi, albatta. Hozir Timoti «Lill» sharafini himoya qilmoqda. Joriy mavsumda o‘z o‘yinini ko‘rsata olmayapti - Liga1 doirasida 20 marta maydonga tushdi, gollar hozircha yo‘q. Afsonaviy hujumchi esa qariyb 5 yildan beri Liberiyani boshqarmoqda. Shu yil navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident qayta saylanishiga shubha qilmayapti. G‘aroyib oilaviy qissa.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:30, 07.04.2023.
O'qildi: 2133 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.