Italiya federal apellyasiya sudi yakuniy hukmni chiqardi.
Joriy mavsumda "Yuventus" bilan nima sodir bo‘layotganini mantiqan tushuntirish qiyin. Sport nuqtayi nazaridan, holat quyidagicha: turinliklar ochig‘ini aytganda, zerikarli va yoqimsiz futbol o‘ynashadi, lekin shu bilan birga, yaqin-yaqingacha A seriyada yuqori o‘rinlarni egallab yurdi va joriy mavsum Yevropa Ligasi yarim finaliga qadar yetib bordi. Buni omadsizlik deb atash ham qaysidir ma’noda to‘g‘ri emas, chunki bir necha yil oldin "Yuve" Yevropaning eng yaxshi klublari darajasida qayd etilgandi.
Ammo byurokratik tomonlama "keksa sinyora" bilan bundan ham g‘alati narsalar sodir bo‘lmoqda. Yanvar oyida rahbariyatning moliyaviy qallobligi tufayli Italiya chempionatida "Yuventus"dan 15 ochko tortib olingandi. Bunday jazoning sabablari haqida avvalroq batafsil yozgan edik.
Bir so‘z bilan aytganda, "Yuventus" o‘yinchilarning transfer summalari haqida yolg‘on ma’lumot berdi, xodimlarga sarflangan mablag‘lar va xodimlarning maoshlari haqidagi ma’lumotlarni kam qilib ko‘rsatdi. Shu tufayli klub o‘z kapitalini 700 million yevroga oshirdi. Turin aksiyalari birjada sotilayotganini hisobga olsak, bu jarayon uchun jiddiy sababdir.
Bir necha oy oldin, 2022 yil noyabr oyida direktorlar kengashining barcha a’zolari iste’foga chiqdi. Keyin klub rahbarlari noqonuniy ishlar bilan shug‘ullangani haqida birinchi mish-mishlar paydo bo‘ldi. Prezident Andrea Anyelli, vise-prezident Pavel Nedved va bosh direktor Maurisio Arrivabene ham ketishdi. Yangi direktorlar kengashining tarkibi dekabr oyida e’lon qilingan edi. E’tiborlisi, nomzodlarni klub aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi Exor kompaniyasi ilgari surdi. Ko‘rinishidan, yangi rahbariyat tanlangan. Aprel oyi o‘rtalarida Italiya Milliy Olimpiya qo‘mitasi kengashi "Yuventus"ning soxta kapital o‘sishi bo‘yicha apellyasiya arizasini qanoatlantirdi va yangi sud jarayoni kutilmoqda. Apellyasiya natijasida "Yuve"ga 15 ochko qaytarildi va jamoa kutilmaganda Chempionlar ligasiga chiqish uchun kurashni davom ettirdi. Biroq, bu kengash ishni yopmadi va uni Federal Apellyasiya sudiga yubordi. Prezident Janluka Ferrero va bosh direktor Andrea Skanavino jazo adolatsiz ekanligini aytib, jamoani birlashishga chaqirishdi.
Kecha klubdan 10 ochko olib tashlandi va jazoni tanlashda aynan qanday me’zonlarga amal qilinganini aytish qiyin. Bungacha 69 ochko to‘plagan "Yuventus" A Seriyada ikkinchi o‘rinni egallab turgandi, hozirda 59 ochko bilan turinliklar Italiya chempionati yakunlanishiga ikki tur qolganda yettinchi o‘ringa tushib ketdi. Chempionlar ligasiga yo‘l olishning nazariy imkoniyatlari saqlanib qolmoqda, ammo buning uchun "Yuve" qolgan uchta o‘yinda ham g‘alaba qozonishi va "Milan" va "Inter"ning xatosiga umid qilishi kerak. Bu qanchalik jiddiy ekanini tushunish kerak, Chempionlar ligasidagi ikkinchi o‘rin turinliklarga 67,6 million yevro ishlab olish imkonini beradi, ammo jamoa yettinchi o‘rinda qolsa, atigi 5,6 million oladi.
Qabul qilingan hukm yakuniy hisoblanmoqda. Bu shuni anglatadiki, hali "Yuventus"dan qat’iy ochkolar olib tashlanishi dargumon (agar yangi firibgarliklar aniqlanmasa) va ochkolarning qaytarilishiga ham ishonish mumkin. Demak, jamoa hech bo‘lmaganda Yevropa ligasiga chiqish uchun bor kuchini jiddiy ishga solishi, rahbariyat esa bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak.