Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Aziz Amonov: «Tabiatan hujumkor o‘yin shaydosiman»

Aziz Amonov: «Tabiatan hujumkor o‘yin shaydosiman»

Baho:
+ | -

Superligada anchadan buyon chempionlikka intilayotgan futbolimizdagi eng barqaror jamoalardan biri - «Nasaf» turdan-turga o‘yiniga mazmun qo‘shib bormoqda.

Sir emas, tetik va chiroyli futbol «ajdarlar» uchun o‘ziga xos belgiga aylanib ulgurgan allaqachon. Shunday ekan, Qarshi klubining o‘z o‘yinini tobora takomillashtirib borayotgani jamoa muxlislarini behad quvontirmoqda. «Nasaf»ning uyg‘un o‘yinida har doimgidek, tajribali futbolchilar qatori yosh iste’dodlarning o‘rni yaqqol sezilayotgani ham e’tiborga molik, albatta. Maxsus muxbirimiz 12-turdan o‘rin olgan «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yin arafasida joriy mavsum boshida Erondan qaytib, «ajdarlar» safiga qo‘shilgan umidli hujumchi Aziz Amonovni suhbatga chorlab, faoliyatiga doir savollarga javob oldi.

- Aziz, har bir futbolchining millionlar o‘yiniga bog‘lanishida o‘z tarixi bo‘ladi. O‘ylaymizki, faoliyat yo‘lini tanlashingizga doir voqea-hodisotlar ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Avvalo, shu haqda gaplashsak...

- 1997 yilning 30 oktyabr kuni Navoiy viloyati Zarafshon shahrida tavallud topganman. Otam Asqar Hasanov - oddiy ishchi, onam Oydina Hasanova - shifokor. Oilada ikki nafar farzandmiz. Akam Asilbek ham futbolni tanlagan, vaqtida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi darvozasini munosib qo‘riqlash asnosida nazarga tushgan. Ko‘pchilik biladi, Asilbek keyinchalik bir qator klublar sharafini himoya qildi, xususan, «Lokomotiv» va «Surxon»da faoliyat yuritdi. Qisqasi, futbol bilan oshno tutinganimda akamga havas qilganim ta’siri katta. To‘g‘ri, Asilbekdan farqli o‘laroq, hujumchilikni ixtiyor etdim. Har holda, oilamizga bir darvozabon yetarli...

- Zarafshon mamlakatimizdagi zamonaviy, Yevropa shaharlarini eslatuvchi so‘lim maskanlardan biridir. Bilamizki, bu shaharda futbol infratuzilmasi ham chakki emas. Demoqchimanki, Zarafshondagi shart-sharoitlar ham aynan futbol bilan shug‘ullanishingizga katta turtki bergandir...

- Xuddi shunday. Lekin ishtiyoqning o‘rni katta, baribir. «Yoshlikda bergan ko‘ngil ayrilmas balo bo‘lur» - bu hikmat bejiz aytilmagan. Qisqasi, bolalikdan futbolga oshufta bo‘ldim va shu muhabbat meni professionallik sari yetakladi. Avvaliga ko‘cha futbolida ma’lum darajada ko‘nikma hosil qildim. Ulg‘aygan sari qiziqishim ortib bordi. Televizor orqali katta o‘yinlarni ko‘rish asnosida yetak yulduzlarga havas bilan qaray boshladim. Boshida «Progress» stadioni orqasidagi asfalt va qum maydonchalarda to‘p ortidan yugurganmiz. Adashmasam, 8-9 yoshimda murabbiy Viktor Pushanin akam bilan astoydil o‘ynayotganimni ko‘rib, bizni o‘z guruhi mashg‘ulotlariga jalb etdi. 12 yoshda esa «Bun­yodkor» akademiyasiga borib, taniqli yoshlar murabbiyi Dmitriy Kimdan saboq ola boshladim. Biroq 15-16 yoshda mashg‘ulot payti orttirilgan jarohat futbol tahsili bir maromda davom etishiga yo‘l qo‘ymadi. Keyinchalik Toshkent­ning boshqa klubi - «Lokomotiv» safiga qo‘shildim. Professional darajadagi deb­yutni aynan «temiryo‘lchilar» tarkibida nishonladim.

- Birinchi marta necha yosh-da rasmiy o‘yinda maydonga tushganingiz va gol urganingizni yaxshi eslab qolgan bo‘lsangiz kerak...

- Albatta. Avvaliga «Lokomotiv» o‘rinbosarlari safida o‘ynadim. 19 yoshda esa asosiy jamoaga o‘tkazishdi. Birinchi golni esa «Buxoro»ga qarshi bahsda nishonladim. O‘shanda jamoamiz avvaliga 0:1 hisobida yutqazayotgandi, keyin muvozanatni tiklab, g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirganmiz. Umuman, maydonda hujumkor yarim himoya­chi, sof hujumchi, hattoki, chap qanot vingeri rolida ham to‘p surganman. «Loko»da chempionat va kubok bahslarida raqiblar darvozasini chamasi 20 martacha ishg‘ol qildim. Asosiysi, Mirko Yelichich, Andrey Fyodorov, Samvel Babayan, Temur Kapadze va portugaliyalik Mikael Sekeyra kabi murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanib, turli uslublarda o‘ynab ko‘rdim. 

- «Lokomotiv»dan Eronning yetakchi klublaridan biri - «Istiqlol»ga yo‘l oldingiz. Xorij tajribasidan qanday taassurotlar qoldi? 

- Ha, 2022 yili Tehron klubidan taklif tushgach, uzoq o‘ylab o‘tirmay, safarga otlandim. «Istiqlol»da mendan asosan yarim himoyachi rolida foydalanishdi. Nimadir o‘xshadi, nimadir o‘xshamadi. Eron futboli tajribasi qanday bo‘lgani yuzasidan xulosa chiqarishim qiyin. Har holda, u yerda o‘zim istagan daraja o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadim. Shunga qaramay, yangi jihatlarni o‘rganib qaytdim. Alohida aytishim kerak, forslar diyorida jismoniy tayyorgarlik birinchi o‘rinda turadi. Yana ochiq futbol hukmron. Oddiy o‘yin­larda ham keskin kurash kuzatiladi. Taqqoslashni xush ko‘rmayman, faqat futbolimiz salohiyat bo‘yicha forslardan orqada emasligini aytishim mumkin. Texnik-taktik tomondan esa hatto ustundirmiz. To‘g‘ri, muxlislik bobida Eron butun qit’ada yetakchilar qatorida. Deyarli har bir o‘yinda stadionlar to‘ladi, qaynoq muhit shundoq ko‘zga tashlanadi. Deylik, 60-70 ming muxlis ko‘z o‘ngida ham o‘ynadim. Bu ham bir tajriba, albatta. Qolaversa, forslar juda talabchanlar. Ayniqsa, media yo‘nalishi rivojlangan. Tabiiyki, «Tehron derbisi» maqomidagi o‘yinlar alohida o‘rin tutadi. Deylik, «Istiqlol» va «Persepolis» o‘rtasidagi o‘yin holatini so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu derbi - butun tarix, murosasiz jang. Tribunalardagi muhit esa har qanday futbolchini to‘lqinlantirib yuboradi. 2017 yili «Lokomotiv» bilan mamlakat chempioni bo‘lishdan tashqari, kubok sohibiga aylangan edim. Keyingi mavsum ham oltin medalga ega chiqdik. Eronda ham sovrin masalasida omadim yurishdi. Ya’ni «Istiqlol» tarkibida Eron chempionati va superkubogida zafar quchdim. Demak, esga oladigan xotiralar yo‘q emas.

- Eronda turmush tarziga ko‘nikish masalasida qiynalmadingizmi? Deylik, til borasida.

- Yo‘q. Birinchidan, Eron va O‘zbekistondagi turmush tarzi o‘rtasida katta farq yo‘q. Qolaversa, forscha turkiy tillarga nisbatan yaqin, o‘xshash iboralar ko‘p. Bundan tashqari, ingliz tilini oz-moz o‘rganganim ham qo‘l keldi ba’zi joylarda.

- Qiziq, Eronda qolib, «Istiqlol» tarkibiga o‘rnashish imkoniyati yo‘qmidi? Har holda, katta sovrinlar yutgan katta klub...

- Qaytishimning o‘ziga xos sabablari bor. Xususan, «Istiqlol»dagi ba’zi o‘zgarishlar qolishimga to‘sqinlik qildi. Oddiy aytganda, meni taklif qilganlar jamoadan ketishdi, ularning o‘rnini egallaganlar esa o‘zimni ko‘rsatishim uchun yetarli imkoniyat berishmadi.

- Endi «Nasaf» varianti qanday yuzaga kelgani xususida ham to‘xtalsangiz...

- Bunday jamoada o‘ynash imkoniyati har kuni ham tug‘ilavermaydi. To‘g‘ri, vaqtida «Paxtakor» libosini kiyishni orzu qilganim rost. Lekin Qarshi jamoasi aloqaga chiqqach, uzoq o‘ylashimga hojat qolmadi. Mana, hozir «Nasaf» akademiyasida kamol topgan yigitlarni Superliganing aksariyat klublarida uchratish mumkin. Jamoa zamonaviy qarorgoh va infratuzilmaga ega. Qarshilik muxlislarga ham gap yo‘q. Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyevga esa ta’rif berish shart emas. Ko‘rinib turibdiki, jamoada salohiyat katta. Mana, hozirga qadar 6ta o‘yin­da to‘liq harakatlandim, qolganlarida zaxiradan tushdim. Jamoaga moslashish jarayoni ham qiyin kechmadi. Chunki ko‘plab yigitlar bilan olimpiya jamoasida birga o‘ynagandik. O‘ylaymanki, «Nasaf» chorlovini qabul qilib adashmadim. Ha, hali yuqori sport formamni to‘liq tiklaganim yo‘q. Buning uchun mash­g‘ulotlarda astoydil ter to‘kishim kerak. 

- Joriy mavsum uchun asosiy maqsadingiz nima?

- Hujumkor futbolga mo­yilman, demak, imkon qadar ko‘proq gol urishni istayman. Gol masalasida uloq hozir Husniddin Aliqulov qo‘lida, omadini bersin. Hammamizga nasib etsin qo‘sha-qo‘sha gollar terish. Jo‘jani kuzda sanaymiz. Chempionlik sari dadil qadam tashlashimizga ishonaman. Asosiysi, «Na­saf»ga murabbiylar va muxlislar kutgan darajada yordam bersam, bas.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:32, 01.06.2023.
O'qildi: 1335 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.