Messi AQSHga kelgach, bu yerdagi infratuzilmaga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazdi.
Chiptalar narxi 1000% oshdi. Va bu hammasi emas
Futbol tarixida o‘z nomi bilan har qanday jarayonlarga katta ta’sir ko‘rsata oladigan shaxslar juda kam. Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoniga shu sababdan taklif qilingan: uning nomi ba’zi prezidentlardan ko‘ra kuchliroq, deyishadi. Portugaliyalik o‘z faoliyati davomida omma e’tiborida bo‘lgan, turli reklama kampaniyalarida porlagan, brendlar bilan hamkorlik qilgan va o‘z brendini yaratgan.
U bilan nomi teng kuchli bo‘lgan Lionel Messining "Mayami"ga o‘tishi MLS imijini allaqachon o‘zgartirib yubordi. Ammo u hali birorta ham o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Leo Devid Bekxemni 2018 yilda “Inter Mayami”ga asos solingani bilan tabriklar ekan, videomurojaatida hazillashib: “Balki bir kun kelib menga qo‘ng‘iroq qilarsiz”, degandi. Klub xo‘jayinlari jamoaga yulduz jalb etishga jiddiy yondashgan va shu vaqt ichida ular hech qachon bu g‘oyadan voz kechishmagan. 2021 yilda "Inter"ning egasi Xorxe Mas The Athletic nashriga shunday degandi: "Devid va men buni amalga oshirish uchun juda ko‘p harakat qilmoqdamiz. O‘ylaymanki, bu nafaqat "Mayami", balki butun liga uchun ham katta o‘zgarish bo‘ladi". Liga komissari Don Garber 2023 yilning mart oyida liga Messini olib kelish choralarini ko‘rishga tayyorligini aytdi.
Lionelning kelajagini tanlashi tushunmovchilik va qiyinchiliklarga to‘la edi. U "Barselona"ga oxirigacha qaytishni istadi, Kataloniya klubi ham buni xohlardi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni varianti ham bor edi va yakunda MLS varianti g‘alaba qozondi. Amerika ligasi uchun bu haqiqatan ham keyingi rivojlanish uchun kuchli qadamdir - balki Messining harakatini turnirning yaqin tarixidagi misli ko‘rilmagan eng yaxshi voqea deb hisoblash mumkin. Buning ta’siri aniq ko‘rinadi (bu Leo o‘yin o‘tkazmagan bo‘lsa ham, hozirdanoq sezilmoqda) va buni 1975 yilda "Nyu-York Kosmos"ga kelgan va Shimoliy Amerika futbol ligasida o‘ynagan Pele misoli yaqqol tasdiqlaydi. O‘shanda klub Warner Communications media imperiyasining kuchida yashadi va Amerika futbolida hech kim bu muvaffaqiyatga erisha olmagan voqelikka intildi: butun mamlakat bo‘ylab o‘g‘il bolalarni ushbu o‘yinga mehr qo‘yishga undadi.
Pele kelganidan so‘ng, ikki yil ichida "Kosmos"ning uy uchrashuvlariga o‘rtacha hisobda muxlislar tashrifi 3500dan 45 000gacha oshdi. Uch marta jamoaning uy stadioniga 70 000 dan ortiq odam yig‘ildi, o‘sha paytda buni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Pele ligaga Jorj Best, Yoxan Kroyff, Frank Bekkenbauer va Gerd Myullerni olib keldi. U futbol missioneriga aylandi va haqiqatan ham 1990 yilgi Jahon chempionatiga chiqish uchun Amerika futbolining birinchi avlodini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bir muncha vaqt o‘tgach endi Bekxem uni yanada rivojlantirish uchun keldi, undan keyin Zlatan Ibrahimovich va endi Messi...
Messi har qanday marketologning orzusi. Qo‘shma Shtatlarda esa, ular, albatta, ushbu qimmatbaho aktivdan maksimal darajada foydalanadilar. "PSJ"ni eslaylik: birinchi yili Leo klubga ko‘p yillik shartnomalar bo‘yicha 700 million yevro olib keldi, chunki uning ortidan brendlar hamkorlik bo‘yicha takliflar bilan kelishdi. Dior, Gorillas, Big Cola, Crypto.com, Sports Water, shuningdek, Nike va Coca-Cola bilan shartnomalar yangilandi. Sotilgan liboslarning 60 foizi argentinalik futbolchining nomi bilan bo‘lgan va umumiy to‘plam savdosi 40 foizga oshgan. Umuman olganda, Leoning Parijda bo‘lgan davridagi homiylik shartnomalari turli hisob-kitoblarga ko‘ra klubga 3 dan 10 million yevrogacha foyda olib keldi. Uning ketishi bilan klub bir necha kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda kamida ikki million obunachini yo‘qotdi. Messi bilan "Inter Mayami" Amerika ligasidagi eng qimmat brendga aylanishi ehtimoldan xoli emas va nima bo‘lishidan qat’i nazar, klub natijalarga ega bo‘ladi. Tijoriy jihatdan bu allaqachon jozibali loyiha ekanligi muhimroq.
Xo‘sh, endi nima o‘zgarganini ko‘rib chiqaylik.
Ijtimoiy tarmoqlar
Chorshanba kungi yangiliklardan oldin, klubning ijtimoiy tarmoqdagi bitta sahifasida 900 000 ga yaqin obunachilar bor edi. Juma kuni ertalab bu raqam 6,8 millionga yetgan bo‘lsa, hozir bundan ham ko‘proq - 8 million. MLSning boshqa hech bir klubida bunchalik ko‘p obunachi yo‘q.
Chiptalar
Messining transferi e’lon qilingandan so‘ng birinchi kun ichida "Inter Mayami" uy o‘yini uchun o‘rtacha chipta narxi 31 dollardan 152 dollarga ko‘tarildi. Masalan, 25 avgust kuni "Nyu-York Red Bulls" bilan o‘yinga chipta hozirda 983 dollarni tashkil etadi, bu dushanba kungi 99 dollardan 883 foizga ko‘p. 3 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan "Los-Anjeles" bilan uchrashuv uchun narx o‘rtacha 400 foizga – 150 dollardan 785 dollargacha oshdi.
Messi qachon debyut qilishi noma’lum, biroq manbalar The Athletic nashriga uning birinchi o‘yini 21 iyul kuni "Inter Mayami" va Meksikaning "Kruz Azul" jamoalari o‘rtasidagi Liga kubogi doirasida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi. Chipta o‘rtacha 1248 dollar turadi, bu 12 iyun, dushanba kungidan 922 foizga qimmat (o‘rtacha 120 dollar).
Translyasiyalar
MLS o‘yinlari Apple TV striming xizmati tomonidan translyasiya qilinadi va Messining "Inter Mayami" bilan kelishuviga yangi obunachilardan tushgan daromad ulushi kiradi. Apple yaqinda mavsumning qolgan qismi uchun liga obunasini 99 dollardan 49 dollargacha pasaytirdi, bu esa yanada ko‘proq auditoriyani jalb qilishi kerak. Kompaniya ko‘rish raqamlarini e’lon qilmaydi, ammo Apple'ning xizmatlar bo‘yicha katta vise-prezidenti Eddi Kyu yaqinda obuna va ko‘rish raqamlari "prognoz qilinganidan ancha yaxshi" ekanligini aytdi.