Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Jaloliddin Masharipov: «Uy olishimda Samvel Babayan yordam bergandi...»

Jaloliddin Masharipov: «Uy olishimda Samvel Babayan yordam bergandi...»

Baho:
+ | -

Davomi. Boshlanishi gazetamizning 45 (2052)-sonida

Bu yigit zamonaviy o‘zbek futboli yetakchilaridan biridir, shubhasiz. YouTube» tarmog‘idagi IntervyuTV kanali ijodkorlari yaqinda Krishtianu Ronaldu bilan bitta jamoa - «Al-Nasr»da faoliyat yuritayotgan «O‘zbek Messisi»ning Saudiya poytaxti Ar-Riyodda joylashgan muhtasham uyida mehmon bo‘lib, undan katta intervyu olishdi. Alohida aytish kerak, o‘zbek futboli tevaragida bunday oshkora suhbatlar kamdan-kam bo‘ladi. Har­qalay, O‘zbekiston milliy jamoasi yulduzi barchani qiziqtiradigan mavzular - turmush tarzi, qiyinchiliklarga to‘la bolaligi, shaxsiy rivojlanish yo‘li, biznes olamidagi hozirgi ishlari, Saudiyadagi hayoti va faoliyati xususida ochiq-oydin gapirib berdi.

- «Oq-tepa» klubidagi ijara muddatida yashash uyingiz kalamushlardan xoli bo‘lmaganini aytgan edingiz...

- Ha, darhaqiqat, o‘sha payt - 2011 yili ijaraga uy olgandik va unda  kalamushlar bemalol izg‘ib yurardi. Umuman, «Oq-tepa»da oyiga 50000 so‘m miqdorida maosh olganman. Lekin pulga umuman qaramasdik, klubga tajriba to‘plash ilinjida borgandim. O‘zi «Oq-tepa» yoshlarni o‘yin amaliyoti bilan ta’minlaydigan jamoa edi. Oddiy aytganda, katta futbolga endi qadam tashlayotganlar uchun o‘ziga xos zinapoya. Klub xo‘jayinini yaxshi inson sifatida eslayman: qachon yordam so‘rab borsam, rad etmagan. Hozirgacha o‘zaro munosabatimiz yaxshi. Shu joyda bir qiziq holatni aytib beraman: Birinchi liga o‘yinida «Yangiyer» mehmoni bo‘lganmiz, birinchi bo‘limda umuman yugurolmadim, madorim qolmadi. Tanaffusda klub rahbari yonimga yaqinlashib, nega o‘ynolmayotganimga qiziqdi. Shunda hammasini ro‘y-rost aytdim: «Ertalabdan beri tuz totmadim, qornim och, yugurishga majolim yo‘q...». U esa biroz xijolat tortdi va darhol hammasini tashkillashtirdi - shokolad, mayda-chuyda yegulik...

- Aynan qachon moliyaviy mustaqillikka erishgansiz, o‘shanda oyiga qancha topardingiz?

- 2014 yildan binoyidek pul topa boshladim. Oyiga 4ta o‘yinda maydonga tushardik va chamasi 10 milliondan ko‘proq olardim. Lekin O‘zbekistonda eng katta pulni 2017 yili «Lokomotiv»ga o‘tganimdan keyin ko‘rdim - oyiga 20-25 million so‘m.

- Shundan so‘ng uy ham sotib olgan bo‘lsangiz kerak...

- Sal oldinroq, 2016 yili Chimyondan ikki xonali uy xarid qildim. To‘g‘ri, o‘shanda men yiqqan pul yetmadi va bosh murabbiyimiz Samvel Babayan 10 ming dollar qo‘shdi. Qarz emas, shunchaki, yordam tariqasida.

- Yoshlar o‘rtasidagi Meksika-2011 mundiali ishtirokchilariga «Spark» avtomobillari topshirilgan, keyinchalik o‘sha yigitlar umuman «yo‘qolib» qolishgan. Oqibatda katta moliya­viy rag‘bat yosh futbolchilarga salbiy ta’sir qilishi haqida ko‘p gapirildi. Sizningcha, pul chindan ham, iqtidorlarni yo‘ldan adashtiradimi?

- Yo‘q, aslida gap pulda emas. To‘g‘ri, 1994 yilda tug‘ilgan o‘sha yigitlar xalqaro maydonda chindan ham, natija ko‘rsatishdi. Lekin ulardan kuchli bolalar ham yo‘q emasdi. Oddiy aytganda, Meksikada jamoaviy o‘yin zo‘r chiqdi, lekin keyinchalik individual tomondan ancha kuchli futbolchilar yetishib chiqishdi va mundial qahramonlari «soya»ga o‘tishdi o‘z-o‘zidan.

- Qiziq, Saudiya o‘smirlar futbolida rag‘batlantirish masalasi qanday?

- Misol uchun aytaman, yaqinda Temur Kapadze boshqaruvidagi yoshlar termamiz bilan finalda o‘ynagan saudiyaliklarga 300 ming dollardan berishibdi. Aslida bu yerda pulning ahamiyati past, chunki ko‘pchilik to‘liq ta’minlangan va yigitlar yurt sha’nini ko‘tarishsa, bas. Futbolchilar yosh bo‘lishlariga qaramay, rag‘bat masalasiga umuman chalg‘imaydilar, shunchaki, mehnat ortidan yetuklikka intilishadi.

- Saudiyadagi ilk kunlar qanday kechgandi siz uchun?

- Boshida moslashishda ancha qiynaldim, albatta. Ayniqsa, havo haroratining 40 darajadan yuqoriligi noqulayliklar tug‘dirdi. Mana, Allohga shukr, to‘liq moslashib ham oldim.

- Bizda futbolga katta pul ajratilishi, lekin natija yo‘qligi haqida ko‘p gapiriladi. O‘zi mablag‘ nimalarga sarflanadi?

- Qani katta pul? O‘zi bizda futbolga haddan ortiq ko‘p mablag‘ sarflanayotgani haqidagi tushuncha noto‘g‘ri. Mana, men O‘zbekiston futbolini ham, Saudiyanikini ham yaxshi bilaman. Pul bizda emas, bu yerda tikilyapti! Qarang, yurtimizda yigitlar mashaqqatlarga chidab, qattiq mehnat qilishadi va zo‘r futbolchi bo‘lib, tezroq chetga chiqishni o‘ylashadi. Nima uchun? Chunki katta pul chet elda...

- Aytishlaricha, yoshligingizda Samvel Babayan bilan uncha chiqisholmagansiz. Keyin hammasi qanday joyiga tushdi?

- Ha, ko‘pchilik fikricha, Babayan meni yoqtirmaydi. Yo‘q, aslida shunchaki, uning o‘yinga qarashi menikidan farqlanardi. Tabiatan qaysarroqman, shuning uchunmi, fikrimiz bir joydan chiqmasdi. Keyinchalik uning futbolga umumiy qarashlari ancha o‘zgardi. Umuman, oramizda hech qanday sovuqchilik ro‘y bermagan. Esimda, ba’zan dahanaki jangga ham kirishardik, muhimi, Samvel Vyacheslavovich ertasigayoq menga «O‘g‘lim», - deya murojaat qilardi.

- Fint ishlatish tug‘ma qobiliyatmi yoki...?

- Dribling salohiyati aslida tug‘ma bo‘ladi, lekin unga mashaqqatli mehnat bilan sayqal beriladi. Agar iqtidorning o‘zi bilan yuraversangiz, hech narsaga erisholmaysiz.

- Milliy jamoa o‘yinlarida avvalo, nimalarni his qilasiz?

- Milliy jamoamiz libosini kiyganimda, qandaydir hissiyot paydo bo‘ladi, buni to‘liq tavsiflab berishim qiyin. Xuddi futbol maydoni emas, janggohga tushgandek harakat keladi vujudingizga o‘z-o‘zidan. Menimcha, barcha futbolchilarda shunday holat kuzatilsa kerak.

- Tajribangizdan ayting­chi, futbolchi uchun qanday taomlar zararli?

- Hazmi og‘ir taomlar, deylik, fast-fud va non mahsulotlaridan imkon qadar ti­yilish kerak. Mana, hozir mash­g‘ulotdan keyin klub bazasida tartib bo‘yicha ovqatlanib keldim. Buyog‘i o‘zimizga bog‘liq... Ora-orada bir-bir qo‘shimcha tanovul qilish mumkin, lekin muntazam emas. Mavsum tugashi bilan klubda og‘irligimizni o‘lchashadi va ta’tildan qaytgach, yana shunday qilishadi. Agar og‘irlik oshgan bo‘lsa, unda jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘zi bizda futbolga haddan ortiq ko‘p mablag‘ sarflanayotgani haqidagi tushuncha noto‘g‘ri. Mana, men O‘zbekiston futbolini ham, Saudiyanikini ham yaxshi bilaman. Pul bizda emas, bu yerda tikilyapti! Qarang, yurtimizda yigitlar mashaqqatlarga chidab, qattiq mehnat qilishadi va zo‘r futbolchi bo‘lib, tezroq chetga chiqishni o‘ylashadi. Nima uchun? Chunki katta pul chet elda...

(Davomi bor...)

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:02, 14.06.2023.
O'qildi: 7204 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.