Futbol olamining o‘ziga xos shafqatsiz jihatlari ham yo‘q emas.
Sahifamiz qahramonlari - butun mavsum davomida muvaffaqiyatli to‘p surib, biror marta chempionlikka erisha olmagan, ba’zan so‘nggi bellashuvda g‘oliblikni boy bergan yulduzlar.
Marko ROYS (14 mavsum)
Bundesliganing yakuniy turidan keyin Markoning ko‘zlaridan quyilgan ko‘z yoshlarini tushunish juda oson. Lekin Terzichning mutlaqo ahamiyati bo‘lmagan o‘yinda maydonga tushadigan «Mayns»ga qarshi tayyorgarlikni barbod qilganligini tushunish juda qiyin. G‘alaba qozongan taqdirda «Borussiya Dortmund» chempionlikni naqd qilardi, ammo birinchi bo‘limda penaltini golga aylantira olmagani kamlik qilgandek, o‘z darvozasidan ikkita to‘p o‘tkazib yubordi. Jamoa shunchalik saviyasiz o‘ynadiki, faqat qanotlardan to‘p uzatish bilan kifoyalandi va Reyna maydonga tushganidan keyin bir oz jonlangandek ko‘rindi. Nemis futbolining eng iqtidorli o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Marko Roysning shu paytgacha sovrinsiz qolayotgani o‘ta achinarli hol. Boz ustiga, u o‘ta omadsiz futbolchi, arzimagan jarohat tufayli jahon chempioni unvonini qo‘ldan chiqardi, bo‘lajak «Spartak»chi Shyurrle esa bu imkoniyatdan unumli foydalandi.
Antuan GRIZMANN (13 mavsum)
Futbol ikkinchi imkoniyatni bera oladigan videoo‘yin emasligini Antuan tushunib yetdi. U faqat bir marta «Real Sosyedad» bilan Segundada g‘oliblik lazzatidan bahramand bo‘ldi. Biroq uning zavqi o‘zgacha, elitadagidek emas. U «Atletiko»ni tark etdi, jamoa esa «Liverpul»dan keyin «Barselona» bilan omadsizlik illatidan forig‘ bo‘lgan Suares bilan shohsupaga ko‘tarildi. Kataloniyada Antuan chempionlikka erisha olmadi, u «Atletiko»ga qaytgach, «Barsa» chempionlikni qo‘lga kiritdi. Alamli jihati shundaki, jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan, mundiallardagi va «Atletiko»dagi bahorgi o‘yinlari bilan eng yaxshi o‘yinchilar safida zikr etilgan futbolchi ichki chempionatda cho‘qqini zabt eta olmadi. Simeone Deshamning Grizmanni erkin musavvirga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagani ham samara bermadi.
Antonio Di NATALE (14 mavsum)
Daniele De Rossi faxriylik davrida chempionlik orzusini ro‘yobga chiqarish maqsadida Argentinaga yo‘l olgandi. «Boka Xuniors» bu vazifani uddalab, Rossini mamnun etdi. Antonio esa Italiya terma jamoasi bilan chempionlik chanqog‘ini qondira olmadi - Yevro-2012 turnirining finalida «Skuadra Adzurra» Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi. Di Natale iqtidorli hujumchi bo‘lsada, uzoq vaqtgacha uni munosib qadrlashmadi. Natijada «Empoli» tarbiyalanuvchisi o‘z faoliyatini quyi divizionlardan boshladi, keyin «A» seriyasida sovrinsiz seriyani davom ettirdi. Chunki u kamtarin «Udineze» tarkibida to‘p surgandi. Mantiqan to‘g‘ri qaror, ammo achinarli yakun.
Xarri KEYN (11 mavsum)
Agar Artyom Zyuba qattiq ishonadigan o‘zga sayyoraliklar uchib kelishsa va Yer sayyorasidagi eng ommaviy sport turi haqida so‘rasalar, Keynning nima uchun sovrinlarsiz qolganini tezda tushunib oladilar. APLda qariyb 13 yil to‘p surgan hujumchi «Norvich»dagi 1-2 uchrashuvni hisobga olmaganda, «Tottenxem»da o‘ynadi. Hatto u ma’lum muddat ijarada to‘p surgan «Lester» ham chempion bo‘lishga ulgurdi. U esa hamon sovrinsiz. Agar Keyn APLdagi faoliyatini davom ettirsa, turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purar unvonini Shirerdan tortib olishi mumkin. Lekin chempionlik bobida unga yeta olmaydi - Alan «Blekbern» bilan cho‘qqini zabt etgan.
Lorenso INSINYE (11 mavsum)
Gamshik Turkiyaga yo‘l oldi va «Trabzonspor» bilan chempion bo‘ldi. U nomdor jamoalardagi omadsiz afsonalar ro‘yxatini tark etdi. Yevropa chempioni bo‘lmish Insinye esa endi yaqinlashmoqda. U asosiy vaqtini quyi divizionlarda ijarada o‘tkazdi, «Napoli» bir necha bor sovringa yaqin kelgan bo‘lsada, Skudettoni Lorenso «Toronto»ga o‘tib ketganidan keyin rasmiylashtirdi. MLS klubi esa g‘oliblikdan juda yiroqda.
Fernando TORRES (17 mavsum)
Torresga oid hujjatlarda uning «Liverpul» bilan Angliya vise-chempioni bo‘lgani qayd etilgan. «MYU» muxlislari ham uni kinoya bilan tilga olishadi. Ispaniya bilan jahon va ikki karra Yevropa chempioni bo‘lgan hujumchi «Atletiko» va «Chelsi»da zafar qucha olmadi, «Milan» va «Liverpul»dagi urinishlari ham samara bermadi. Hozir Fernando «Atletiko» o‘smirlar jamoasini boshqarmoqda, «Real»ga qarshi derbi bahsida o‘yindan chetlatildi. Xayriyatki, El Ninyo o‘z davrida «Chelsi» bilan YECHL va YELda zafar quchgandi.
Stiven JERRARD (19 mavsum)
Ro‘yxatimiz qiroli. Qariyb 20 yil chempionlik ortidan quvdi, ammo yeta olmadi. Fauler, Xasselbaynk, Karrager va Le Tissye kabi afsonalarga ham Angliya chempionligi armon bo‘lib qolgan. Shuningdek, Sokrates, Benks, Mur va Metyuzlar ham. Ularning ko‘pchiligi bu «illat»dan klubni o‘zgartirish evaziga forig‘ bo‘ldilar. Toni «Bavariya»da orzusiga erishdi, van Persi «MYU»da. David De Xea ham Robin bilan muvaffaqiyatga erishdi. Omadsiz Xuntelar «Ayaks» safida, Zanetti «Inter»da g‘olib chiqdi. Lekin salmoqli ro‘yxat hayotning doimo adolatli bo‘lavermasligini eslatib turadi. Lekin omadsizlik yonida omad ham yo‘q emas. Yaqinda Kingsli Koman top-chempionatlar beshligida birinchi bo‘lib qatorasiga 11-marta shohsupaga ko‘tarildi. 27 yoshli futbolchi faoliyatini 16 yoshda «PSJ»da boshlagan va ikki marta g‘olib chiqqan, keyin «Yuventus» bilan ikki marta tengsiz bo‘lgandi. Endi Bundesligadagi dramatik yechimdan keyin «Bavariya»dagi 8-sovrinni rasmiylashtirdi. Grizmann bunday qila olmaydi, Xuan Mata imkoniyat qidirmoqda, hozir uning «Galatasaroy»i Turkiyada peshqadam bo‘lib oldi. Bu yog‘iga jamoa «Borussiya D.»ning xatosini takrorlamasa, bo‘ldi.
Sodiq SOBIR tayyorladi