Mana, Xosep Gvardiola turnirning 3 karra chempion-murabbiylari qatoriga qo‘shildi. 10 iyun kuni Istanbulda uning «Manchester Siti»si «Inter»ni yagona gol evaziga dog‘da qoldirdi. Shu tariqa ispaniyalik mutaxassis bunga qadar Yevropa klub futbolidagi asosiy turnir kubogini kamida 3 marta qo‘lga kiritgan 3 nafar yetuk murabbiy safiga kirdi.
Karlo Anchelotti o‘tgan mavsum Yevropa Chempionlar kubogi/CHempionlar Ligasida 4 marta g‘alaba nashidasini surgan birinchi murabbiyga aylangan edi. Endi esa dahshatnamo «Manchester Siti»ning Istanbuldagi g‘alabasidan keyin Xosep Gvardiola 3 karra g‘oliblar elit guruhiga qo‘shildi. Ispaniyalik mutaxassis shuning barobarida turli jamoalar bilan «shalpangquloq» kubok sohibiga aylangan atigi 6-murabbiy bo‘ldi.
Endi asosiy yevrokubok turniri tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylarga birma-bir e’tibor qaratamiz.
Karlo Anchelotti (Italiya) - «Milan» (2003, 2007), «Real» (2014, 2022)
Futbolchilik davri madaniyatli yarim himoya generali sifati bilan «Milan» safida turnirning ikki karra g‘olibiga aylangan Anchelotti murabbiylikda bu natijasini keskin yaxshiladi. Don Karlo avvaliga 2003 yil («Yuventus»ga qarshi) va 2007 yil («Liverpul»ga qarshi)gi finallarda «rossonerlar» g‘alaba qozonishlarini ta’minladi. U bu orada 2005 yili «Istanbul mo‘’jizasi»da tayyor chempionlikdan mosuvo qoldi ham. 2014 yilga kelib, murabbiy «Madrid» boshqaruvida 3-g‘alabasini nishonladi - «Atletiko»ga qarshi dramatik finalning qo‘shimcha bo‘limlari ko‘pchilik yodida bo‘lsa kerak. 2022 yili esa Karlo bobo CHL tarixida 5ta finalni ko‘rgan va 4 marta chempionlikka erishgan birinchi murabbiy bo‘ldi.
Bob Peysli (Angliya) - «Liverpul» (1977, 1978, 1981)
Bob Peysli 1974 yili «Liverpul» boshqaruvida afsonaviy Bill Shenkli o‘rnini egalladi va klubni rivojlantirish yo‘lida bor bilimini ishga solishini aytdi kamtarlik bilan. Bob 9 yildan so‘ng iste’foga chiqdi, «qizillar» esa bu orada Angliya chempionatida 6 marta, Liga kubogida 3 marta, UYEFA kubogida 1 marta zafar quchishdi. Asosiysi, Chempionlar kubogining 3 mavsumi aynan «Liverpul»ga ataldi. Peysli jamoasi turnirdagi o‘ziga xos «xet-trik» uchun atigi 5 mavsum sarfladi - 1977 yili «Borussiya» M., 1978 yili «Bryugge» va 1981 yili «Real» dog‘da qoldirildi hal qiluvchi bahsda.
Zayniddin Zidan (Fransiya) - «Real» (2016, 2017, 2018)
Ehtimolki, o‘z davrining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan buyuk Zizu oltin tusli butsasini mixga ilishiga qadar CHLda atigi bir marta g‘alaba nashidasini surdi. Lekin qanday holatda? 2002 yilgi final, «Bayer» darvozasiga tomon berilgan ulug‘vor zarba... Bunaqasi xotiralardan o‘chmaydi uzoq vaqt. 2014 yili «Madrid»da Karlo Anchelotti assistenti sifatida ish boshlagan Zidan bosh murabbiy maqomidagi dastlabki 3 mavsumidayoq benazir rekord o‘rnatdi. Ya’ni tarixda bitta klub bilan qatorasiga 3 marta chempionlikka erishgan birinchi shaxsga aylandi.
Xosep Gvardiola (Ispaniya) - «Barselona» (2009, 2011), «Manchester Siti» (2023)
Zamonaviy futbolning eng yaxshi murabbiylaridan biri CHL belgisi ostidagi «xet-trik» sari uzoq yo‘l bosdi. To‘g‘ri, u dastlabki 2ta yutug‘ini «Barselona»ning betakror modeli bilan atigi 3 mavsum oralig‘ida nishonladi - 2009 va 2011 yillar. Demak, 3-«shalpangquloq»ni 12 yil kutishiga to‘g‘ri keldi. Pep bu orada «Bavariya»da omadsiz urinishlarga duch keldi, qolaversa, «Siti»da ham CHLga bog‘liq ishlari ancha vaqt samara bermadi. Muhimi, u endi 3 karra chempionlar qatorida!
Yevropa CHK/CHLning ikki karra G‘olib murabbiylari
Xose Vilyalonga (Ispaniya) - «Real» (1956, 1957)
Luis Karnilya (Argentina) - «Real» (1958, 1959)
Bela Guttmann (Vengriya) - «Benfika» (1961, 1962)
Elenio Errera (Argentina) - «Inter» (1964, 1965)
Migel Munyos (Ispaniya) - «Real» (1960, 1966)
Nereo Rokko (Italiya) - «Milan» (1963, 1969)
Shtefan Kovach (Ruminiya) - «Ayaks» (1972, 1973)
Detmar Kramer (Germaniya) - «Bavariya» (1975, 1976)
Brayan Klaf (Angliya) - («Nottingem Forest» (1979, 1980)
Ernst Xappel (Avstriya) - «Feyenoord» (1970), «Gamburg» (1983)
Arrigo Sakki (Italiya) - «Milan» (1989, 1990)
Ottmar Xitsfeld (Germaniya) - «Borussiya» D. (1997), «Bavariya» (2001)
Visente del Boske (Ispaniya) - «Real» (2000, 2002)
Aleks Fergyuson (Shotlandiya) - «MYU» (1999, 2008)
Joze Mourinyu (Portugaliya) - «Portu» (2004), «Inter» (2010)
Yupp Xaynkes (Germaniya) - «Real» (1998), «Bavariya» (2013)
Bir necha klub boshqaruvida Yevropa CHK/CHL G‘olibiga aylangan murabbiylar
Karlo Anchelotti - «Milan» (2003, 2007), «Real» (2014, 2022)
Xosep Gvardiola - «Barselona» (2009, 2011), «Manchester Siti» (2023)
Ernst Xappel - «Feyenoord» (1970), «Gamburg» (1983)
Yupp Xaynkes - «Real» (1998) , «Bavariya» (2013)
Joze Mourinyo - «Portu» (2004), «Inter» (2010)
Yevropa CHK/CHLda ham futbolchi, ham murabbiy sifatida G‘olib chiQQanlar
Karlo Anchelotti
Futbolchi sifatida - «Milan» (1989, 1990)
Murabbiy sifatida - «Milan» (2003, 2007), «Real» (2014, 2022)
Migel Munyos
Futbolchi sifatida - «Real» (1956, 1957, 1958)
Murabbiy sifatida - «Real» (1960, 1966)
Yoxan Kroyff
Futbolchi sifatida - «Ayaks» (1971, 1972, 1973)
Murabbiy sifatida - «Barselona» (1992)
Frank Raykaard
Futbolchi sifatida - «Ayaks» (1995), «Milan» (1989, 1990)
Murabbiy sifatida - «Barselona» (2006)
Zayniddin Zidan
Futbolchi sifatida - «Real» (2002)
Murabbiy sifatida - «Real» (2016, 2017, 2018)
Xosep Gvardiola
Futbolchi sifatida - «Barselona» (1992)
Murabbiy sifatida - «Barselona» (2009, 2011), «Manchester Siti» (2023)
Jovanni Trapattoni
Futbolchi sifatida - «Milan» (1963, 1969)
Murabbiy sifatida - «Yuventus» (1985)
Yevropa CHK/CHLda G‘olib chiQQan rekordchi murabbiylar
Ketma-ket g‘alaba - Zayniddin Zidan (3 marta)
Eng yoshi katta chempion - Raymon Getals (71 yosh)
Eng yosh chempion - Xose Vilyalonga (36 yosh)
Ikki chempionlik orasida eng katta tanaffus - Yupp Xaynkes (15 yil)
Chempion murabbiylar mamlakatlar kesimi bo‘yicha
Italiya - 7 nafar murabbiy, 12ta chempionlik
Germaniya - 7 nafar murabbiy, 10ta chempionlik
Ispaniya - 6 nafar murabbiy, 10ta chempionlik
Angliya - 4 nafar murabbiy, 7ta chempionlik
Niderlandiya - 5 nafar murabbiy, 5ta chempionlik
Argentina - 2 nafar murabbiy, 4ta chempionlik
Shotlandiya - 3 nafar murabbiy, 4ta chempionlik
Fransiya - 1 nafar murabbiy, 3ta chempionlik
Portugaliya - 2 nafar murabbiy, 3ta chempionlik
Ruminiya - 2 nafar murabbiy, 3ta chempionlik
Avstriya - 1 nafar murabbiy, 2ta chempionlik
Vengriya - 1 murabbiy, 2ta chempionlik
Belgiya - 1 nafar murabbiy, 1ta chempionlik
Yugoslaviya - 1 nafar murabbiy, 1ta chempionlik
Manba: uefa.com, A.AHMEDOV tayyorladi