Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Olimpiada yo‘lida nodir futbol loyihasi!

Olimpiada yo‘lida nodir futbol loyihasi!

Baho:
+ | -

Futbolimizni har qancha tanqid qilmaylik, ijobiy o‘zgarishlar ham bor, albatta. Deylik, Olimpiada yo‘lida tuzilgan «Olimpik» loyihasi xorijda ham e’tirof etilmoqda. To‘g‘ri, Temur Kapadze boshqaruvidagi klub va terma jamoa uchun asosiy sinovlar endi boshlanadi. Loyiha nechog‘li muvaffaqiyatli chiqqanini U-23 terma jamoasining Parij-2024ga yo‘llanma olish-olmasligi ko‘rsatib beradi, albatta. Barchasi vaqt hukmidagi masala. Hozircha esa «Sport Den za Dnem» nashri tomonidan «Olimpik» loyihasi xususida tayyorlangan maqolaga e’tibor qaratamiz.

Muallifdan 

Odatda hamma tomosha ko‘radigan va muhokama qilayotgan futbol voqeliklariga e’tibor qaratishni yoqtirmayman (kamdan-kam holatlarda JCH kabi katta turnirlar bundan mustasno). O‘zbekiston chempionatiga taxminan 1 yilcha oldin alohida qiziqa boshladim va uning Qozog‘iston ligasidan ancha jonliroq ekanligiga yana bir bora amin bo‘ldim. Men uchun MDH hududidagi eng kuchli ligalardan biri. Mart oyida hammasi bilan yaqinroq tanishish uchun Toshkentga bordim va qanchalik g‘alati tuyulmasin, hukumatning futbol ishlariga aralashuvida ijobiy tomonlarini ham ko‘rdim. Yangi o‘zbeklar (U-20 toifasida Osiyo kubogi-2023 chempionlari) nafaqat yaxshi murabbiylar (ulardan biri o‘sha mashhur Mixail Anning o‘g‘li Dmitriy An) qo‘liga tushishgani, balki yuqoridan olimpiya terma jamoasi uchun kattalar futbolida bazaviy klub tuzish va uni darhol ishga tushirishga qaror qilingani ortidan ham jiddiy yuksalishga erishishdi mubolag‘asiz. Xullas, Toshkentda olimpiya o‘yinlari uchun noyob futbol loyihasi yaratilgan. 

Bundan 35 yil oldin sobiq ittifoq olimpiya termasi Seul Olimpiadasida oltin medal yutgandi. O‘sha jamoaning ayrim yigitlari 1990 yili Italiyada o‘tkazilgan mundialda ishtirok etishdi, keyin MDH bayrog‘i ostida Shvesiya mezbonlik qilgan Yevro-92 final qismiga yo‘l olishdi. Agar ittifoq parchalanmaganida, 1988 yilgi o‘sha chempion tarkib o‘z holicha yoki boshqacha shaklda rivojlantirilardi katta ehtimol. Nima bo‘lmasin, hozirgi fakt shuki, 1988 yildan buyon Rossiyadan biror jamoa Olimpiadaga chiqolmayapti. Aksincha, limit kabi turli to‘siqlar tufayli sifatli yoshlar yetishmasligi haqida alamli «qo‘shiq»larni yanada balandroq ovozda eshitganmiz. Umuman, butun sobiq ittifoq mamlakatlarida ham asosiy sport musobaqasi futbol yo‘nalishi bo‘yicha aytarli yutuq yo‘q. Qayerdadir yoshlarga e’tibor past, qayerdadir yaxshi tarkib yig‘ilgan, ammo marra sari ozgina qolgan... To‘g‘ri, adolat nuqtai nazaridan aytish kerak, Olimpiada saralashi hattoki, JCHnikidan ham murakkab. E’tiborlisi, birinchi bo‘lib aynan O‘zbekistonda omad kelishini kutishdan charchashdi. Buning ajablanarli tomoni ham bor...

 

Mehmondorchilik, yengilgina tamaddi

O‘zbekistondagi eng dahshatli ibora - «Hozir yengilgina ovqatlanib olamiz». Aeroportdan chiqishingiz bilan taom haqida gapira boshlaydilar. Ertalabki so-at 6da sizni kabobxo‘rlikka olib borishlari mumkin, chunki namozdan keyin u juda mazali issiq non bilan «engil» o‘tadi. Soat taxminan 11da esa palov yeyishingiz kerak, albatta. Soat chamasi 3ga borib, sho‘rva ichmasangiz, kimdir sizdan xafa ham bo‘ladi. Kechqurunchi? Kechki «ozgina ovqatlanish» ziyofatni anglatadi. Unda hamma narsa bor, yana mazali ham. Deylik, bahorda shunga mos taomlar... Sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak, vitaminga ehtiyoj bor. Katta idishda qaynatilgan kartoshka, sholg‘om, sabzi, karamdan hosil bo‘lgan «tog‘» olib kelinadi. Uning ustida qo‘y qovurg‘asidan yasalgan Eyfel minorasi... Qisqasi, vitamin yetishmasligi shunchaki, mumkin emas.

 

Hukumat buyrug‘i yetarli

Milliy stadion hayqiradi, qichqiradi, oyoq qoqadi, bayroqlarni silkitadi. Tribunalarda 35 ming kishi bor (umumiy sig‘imi shuncha), ammo xuddi butun O‘zbekiston yig‘ilgandek. Lojalardagi odamlar faqat tanaffus yuzaga kelsagina «engilgina ovqatlanish» uchun oynaga qarab yugurishadi, keyin yo‘lda chaynab, yana ortga qaytishadi. Selfi uchun hech kim kelmadi. Ehtimol, maydonda «o‘zga sayyoralik»lar borligi uchundir... O‘zbekiston U-20 termasi 2 hafta ichida Suriya va Iroq jamoalarini yengdi, Avs­traliya va Janubiy Koreya to‘sig‘idan penaltilar seriyasi bo‘yicha o‘tib, Osiyo kubogi finalida iroqlik yoshlarni yana bir bora mag‘lubiyatga uchratdi. Ravshan Haydarov jamoasi kubokni qo‘lga kiritish barobarida butun turnir davomida 1tagina gol qo‘yib yubordi (gollar nisbati - 5:1). Mening xotiramga esa J.Koreya termasidan ko‘proq masofani bosib o‘tgan birinchi jamoa sifatida o‘rnashdi. O‘zbekistonlik yoshlar yarim finalda penalti tepishishdan ko‘ra, o‘lishni ko‘proq xohlashdi, go‘yo. Tezlik, to‘pni oldinga siljitish, maksimal hajmda chidam, tinimsiz harakat - o‘zbeklar yaqindagina Markaziy Osiyo mintaqasiga mehr bilan qaray boshlagan xalqaro skautlarni hayratda qoldirishdi.

O‘zbekiston butun dunyo uchun sensasiya yaratdi, lekin o‘ziga emas. Mahalliy futbol rahbarlari yaqinda vazifani ortig‘i bilan bajarish rejasiga o‘tishdi. Hammasi alohida g‘oyadan boshlandi, bunga manba ham topildi. Ha, ma’muriy. Axir buningsiz iloji yo‘q. Olimpiada yo‘lidagi navbatdagi omadsizlikdan so‘ng turli ayyuhannoslar va limit haqidagi nolalar o‘rniga yosh futbolchilardan alohida klub tuzish va yangi olimpiya saralashini ko‘zlab, uni kattalar musobaqalariga qo‘shish to‘g‘risida qaror qabul qilindi bir guruh mas’ul shaxslar tomonidan. Rasmiy ravishda bu tajriba Xitoydan olindi, ammo xitoylik yoshlarning yutuqlari haqida hali gap yo‘q. O‘zbeklarning futbol uchun tabiiy layoqatlari ancha baland. Faqat buni anglash qoldi.

MDH mamlakatlari uchun standart sanalgan omillar to‘plami O‘zbekiston futboliga ham ancha vaqt muvaffaqiyat qozonish yo‘lida xalaqit berdi: o‘smirlar sektoriga bog‘liq sust seleksiya, yoshlarda o‘yin amaliyoti yetishmasligi, yana «engilgina tamaddi» va mahalliy yigitlar mentalitetining o‘ziga xos jihatlari. Futbol assosiasiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan tuzilgan «Olimpik» klubi esa isloh usuli bo‘ldi. Tabiiyki, manbasiz jamoa shakllantirish mumkin emas. Superliga klublari o‘rinbosarlaridan shakl­lantirilgan klubni darhol Pro-ligaga qo‘shishning esa siyosiy roziliksiz iloji yo‘q. Mana sizga imkoniyat, marhamat, foydalaning.  «Hukumat jamoa Olimpiadaga chiqolmaganidan keyin vaziyatni tuzatish to‘g‘risida buyruq berdi», - deydi Orient Group asoschisi, «Olimpik» prezidenti, O‘zbekistondagi eng yaxshi sport funksionerlaridan biri, jumladan, mahalliy boks federasiyasi rahbari Saken Polatov. Suhbatdoshning dangal gapi va kuchli ishonchi o‘z yo‘liga. Ha, vazifa qo‘yish va buyruq berish zarur, ammo muhimi,  buni bajarish jarayonini boshqarish, loyiha bilan shug‘ullanishdir. Vaqtida Polatov jamoasi «Lokomotiv» (Toshkent) boshqaruvini qo‘lga olgan va u «Paxtakor» hamda «Bunyodkor» o‘rtasidagi chempionlik kurashiga kira olgandi. «Temiryo‘lchilar» uzoq vaqt shohsupa atrofida aylanib, keyin ketma-ket 3 marta chempion bo‘lishdi, shuning barobarida yetakchi futbolchilarni sotishdan ham qaytishmadi. Boshqaruv tajribasi mavjudligi va munosib murabbiyga ishonch - bu «Olim­pik»ni tom ma’noda yo‘q joydan shakllantirish imkonini berdi. Klub boshqaruvi O‘zbekiston milliy jamoasi bosh gvardiyachisi Temur Kapadzega ishonib topshirildi. Uning oldiga terma jamoani Olimpiada saralashiga tayyorlash vazifasi qo‘yildi, klub o‘yinini ham shu maqsad yo‘lida shakllantirishi talab etilardi. «Shubhasiz, bu men uchun yangi chorlov edi, zero, futbolimizda o‘zgacha tajribaga qo‘l urildi, - deydi Kapadze. - O‘sha vaqt yoshlar termasi murabbiyi edim va shogirdlarim olimpiya sikliga mos kelardilar. Men bilan ishlagan ko‘plab yigitlar o‘z klublari o‘rinbosarlari ro‘yxatida bo‘lsalarda, ularda amaliyotsiz qolish xavfi yo‘q emasdi. Qolaversa, o‘rinbosarlar jamoalaridagi sharoitlarni yaxshi bilardim. Yaxshi ovqatlanish yo‘q, sifatli maydonlar yo‘q, mashg‘ulotlar jarayoni ham talab darajasida emasdi. Ko‘plar yigitlarning «dubl»dan asosiy jamoaga o‘tish oralig‘ida yo‘qolib qolishganida ajablanadigan tomoni yo‘q, chunki hammasida farq juda katta edi. Aslida haqiqiy vunderkindlar kelishardi, keyin esa...».

Kapadze so‘zlarini deyarli 10 yildan buyon O‘zbekiston MOQ bosh kotibi lavozimida ishlayotgan Oybek Qosimov ham tasdiqlaydi, u bundan oldin «Paxtakor» top-menejeri sifatida futbolda ham tajriba orttirgan: «Olimpiadaga chiqish uchun bizda raqobatlashish tajribasi yo‘q edi, garchi iste’dodlarga ega bo‘lsakda. Birinchidan, terma jamoa a’zolari klublarda asosiy rolda emasdilar, ikkinchidan, faqat bir necha haftaga yig‘ilishardi. Uchinchidan, yigitlardan har safar yangi murabbiy, uning talablari, yangi jamoadoshlar va yangi taktikaga moslashish talab etilardi. Oqibatda real sharoitda sinovdan o‘tish qiyinlashardi». Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tezda sport vaziri tomonidan tasdiqlandi. Ammo shubha yo‘q emasdi, baribir. Binobarin, yangi tajriba odatda sinov tariqasida qabul qilinadi, boz ustiga, boshida tahlil qilish imkoniyatisiz. Murabbiylarning bu kabi shubhalari «Olimpik»ning oldinroq tug‘ilishiga to‘sqinlik qilgani ham bor gap. Ma’muriy resurs faqat 2021 yilda, jamoa Pro-ligada birinchi o‘yin­larini o‘tkazganidagina harakatga tushdi. Saviyani ko‘tarish vazifasi bilan, albatta. Kimdir kulgandir ehtimol... «Tabiatan shaxsan o‘z oldimga hamisha maksimal vazifalarni qo‘yaman. Maqsad qancha yuqori bo‘lsa, unga shunchalik intilasiz, ko‘proq narsaga erishasiz, - deydi Kapadze, - Lekin «Olimpik»da ish uchun munosib sharoitlar yaratilishini tasdiqlab olganimdan keyingina faoliyat boshladim. Tabiiyki, bunday lo­yihaga bir murabbiy yetarli emas, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar. Bundan tashqari, asosiy shart shu bo‘ldiki, klublarning asosiy tarkibiga kirgan yigitlarga tegmaslikni so‘rashdi. Natijada kimlar «dubl»­da qolishlari, kimlar yangi bosqichga o‘tolmasligini tushunish uchun qishki yig‘inlarni kutishimizga to‘g‘ri keldi. Vaholanki, to‘liq jamoaga ega bo‘lish uchun 30 nafar futbolchi olishimiz kerak edi». Faoliyati shubha ostida qolgan ko‘plab yigitlardan tuzilgan «Olimpik» amalda 2021 yiliyoq, birinchi mavsum yakunidagi o‘tish o‘yinida «Mash’al»ni yengib, Superligaga chiqdi.

P.S.: davomi gazetamizning keyingi sonlarida.

Ivan JIDKOV («Sport Den za Dnem»)

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:01, 19.08.2023.
O'qildi: 1546 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.