Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

O‘zgalarga o‘xshamaydigan o‘zbilarmon «Sosyedad»

O‘zgalarga o‘xshamaydigan o‘zbilarmon «Sosyedad»

Baho:
+1 | -

Oxirgi 10 yil ichida «Real Sosyedad» ilk bor YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Nufuzli turnirda to‘p suradigan jamoalar muxlislari odatda, klub rahbariyatidan tarkibni kuchaytirish uchun ulkan sarmoyalar sarflashlarini kutadilar. Deyarli barcha jamoalar aynan shu yo‘lni tanlashadi, lekin bir jamoa bu tizimga qarshi. U - «Real Sosyedad».

So‘nggi mavsumda basklar klubi 2013/14 yillar mavsumidan beri YECHLda to‘p surish huquqiga ega bo‘ldilar. Imanol Alguasil shogirdlari «Atletiko»ga nisbatan 2ta kamroq g‘alabaga erishib, mavsumni 4-o‘rinda yakunladilar. Shunday ijobiy finishdan keyin ko‘pchilik jamoalarda saviyali o‘yinchilarni xarid qilish istagi paydo bo‘ladi. Biroq «oq-havoranglilar» hanuzgacha o‘tgan mavsumda olingan daromadlardan hech bo‘lmaganda bitta transfer uchun mablag‘ sarflamadilar. Yangi mavsum tobora yaqinlashmoqda, San-Sebastyan tepaliklarida sokinlik hukmron.

Ortda qolgan mavsumlarning yanvar-mart oylari oralig‘ida basklar jamoasi o‘yinlariga putur yetar, bunga futbolchilarning jarohat olishlari sabab bo‘lar va jamoa nufuzli turnirdan chetda qolardi. Birinchi raqamli klub turniridagi ishtirok mavsum tig‘izligini yanada kuchaytirishi jamoalardan tarkibga yangi kuchlarni jalb etish vazifasini yuklaydi. Biroq «oq-havoranglilar»da o‘zgarish yo‘q: sarmoyalar akademiyaga sarflanmoqda, yoshlar jamoasidan bir nechta iqtidorlar jalb etilmoqda va arzon bahodagi o‘yinchilar qidirilmoqda. Klubning standart ish uslubi shu.

«Sosyedad» yarim himoyachilari Benat Turryentes va Xon Ander Olasagasti asosiy jamoaga o‘tishdi. Yangi mavsumda ularga ko‘proq o‘yin amaliyoti berilishi taxmin qilinmoqda. Himoya markazida to‘p suradigan Xon Pacheko ham akademiya tarbiyalanuvchisi. Endi u ham yangi mavsumni faolroq o‘tkazsa kerak.

San-Sebastyanliklar yozda atigi bitta transferni amalga oshirishdi - Amari Traore «Renn»dan erkin agent maqomida o‘tdi. Tajribali himoyachi o‘ng qanotda akademiya tarbiyalanuvchisi Andoni Gorosabel va o‘zi San-Sebastyanda tug‘ilgangan, lekin «Real» futbolchisi Alvaro Odriosola bilan raqobat qiladi.

Basklar «RB Leypsig»dan ijaraga olingan va muvaffaqiyatga sezilarli hissa qo‘shgan Aleksandr Serlotni xarid qilishni istamadilar. Vaholanki, norvegiyalik hujumchi 32ta o‘yinda 12ta gol urgandi. Endi u «Vilyarreal»ga o‘tib ketdi. Lekin boshqa tomondan, Serlot 2 yil ichida qancha vaziyatlardan foydalangan bo‘lsa, shuncha xavfli vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi. Shu bois, basklar u uchun 15 mln. yevro sarflashni istamadilar, lekin boshqa hujumchini ham xarid qilishmadi. Mavsum startiga esa sanoqli kunlar qoldi - 12, avgustda «Sosyedad» «Jirona»ga qarshi maydonga tushadi.

Norvegiyalik hujumchi o‘rnini kim to‘ldiradi? Bu savolga «Sosyedad»da har doimgidek, javob tayyor. Tarkibda Umar Sodiq borligini ko‘pchilik muxlislar unutishga ham ulgurishdi. Chunki nigeriyalik hujumchi avvalgi mavsum boshida jarohat olib, maydonga tushmayotgandi. Klub uni o‘tgan yilning yozida «Almeriya»dan xarid qilgan va hozir ham unga katta umid bog‘lamoqda. Sodiqning safga qaytishi tarkibni ancha kuchaytirishi aniq.

«Sosyedad» «Barselona», «Betis» yoki «Sevilya»dan farqli ravishda, moliyaviy feyr-pley muammolaridan yiroq. O‘tgan yilning yozida shvesiyalik hujumchi Aleksander Isak «Nyukasl» safiga o‘tish bilan basklarga 70 mln. yevro daromad keltirgandi. Klub bu mablag‘ning 20 millionini Sodiq uchun sarfladi. Mablag‘ning yana bir qismi Brais Mendes, Takefusi Kubo va Muhammad-Ali Choning transferlarida qo‘l keldi va bu futbolchilar Alguasil jamoasida o‘z o‘rinlarini topib oldilar. Qolgani har doimgidek, akademiya ravnaqi xarajatlariga ajratildi. Uddaburo klublar faqat futbol bilan cheklanib qolishmaydi. Ular xuddi «Sosyedad» kabi, o‘z o‘yinchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham yaratadilar. Masalan, basklar Mikel Oyarsabalning bilim olishiga ko‘mak berishdi. Hozir ularning tarbiyalanuvchisi oliy ma’lumotli futbolchi.

Cheksiz globallashuv jarayonida regionlar vakillari ham o‘z taraqqiyot yo‘llarini topa olishayotgani hech kimni befarq qoldirmaydi. Moliyaviy qudrati bilan maqtana olmaydigan ligada aql bilan ish tutish, oz imkoniyatdan imkon qadar samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga jalb etmaydigan va ulkan xarajatlarni talab etmaydigan kamtarona skauting va akademiyaning yutuqlaridan o‘rinli foydalanish - «Sosyedad» muvaffaqiyatining asosiy manbai. Klub to‘g‘ri yo‘ldan borayotganligini vaqt ko‘rsatib turibdi.

Transfer bozoridagi ulkan xarajatlar muvaffaqiyatni kafolatlay olmaydi. Bozordagi o‘rinli sarf-xarajatlar va asosiy e’tiborni sog‘lom model ravnaqiga, jumladan, akademiyaga qaratish moliyaviy barqarorlikni ta’minlashiga «Sosyedad» tajribasi misol bo‘la oladi. Eng muhimi, bunday munosabat futbolni yanada ilhombaxsh sportga aylantiradi.

 MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:01, 21.08.2023.
O'qildi: 1575 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.