Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tomas Tuxel: «Bavriya» - bu doimiy qudratli kuch»

Tomas Tuxel: «Bavriya» - bu doimiy qudratli kuch»

Baho:
+ | -

Xarri Keynni «Bavariya»ga tortish yo‘lidagi uzoq va mashaqqatli harakat nihoyat, samara berdi.

Binobarin, Tomas Tuxelning shaxsan o‘zi ushbu top-goleador bilan ishlashni qattiq xohladi. To‘g‘ri, myunxenliklar yangi mavsum hisobidan birinchi rasmiy o‘yinda «RB Leypsig» oldida ojiz qolib, Germaniya superkubogini qo‘ldan chiqarishdi. «Bavariya» bosh murabbiyi ayni o‘sha uchrashuv arafasida klub rasmiy saytiga o‘z falsafasi va mavsum uchun maqsadlari haqida alohida intervyu bergandi.

- Janob Tuxel, aslida bu yil umuman ta’tilga chiqmadingiz, xususan, Zebenershtrasseda transferlar qo‘mitasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turdingiz. Bunday holatda qayerdan va qanday energiya olasiz?

- Oilam davrasida farzandlarim, itim yoki do‘stlarim bilan vaqt o‘tkazsam, charchoq o‘z-o‘zidan tarqaladi. Shuningdek, tabiat qo‘ynida, deylik, suv bo‘yida ozgina o‘tirsam, o‘zimni ancha tetik his qilaman, suzish ham jonu dilim. Deylik, bir necha soat suv ichida bo‘lish 7 kunlik ta’til o‘rnini bosadi bemalol. Erta tongda turib, hali odamlar kelmagan payt dengiz bo‘yida piyoda yurish yoki ko‘lda ozgina suzishga odatlanganman. Kunni yaxshi boshlashning eng zo‘r usuli shu. Yana tog‘lar yon-atrofiga chiqishni ham xush ko‘raman.

- Xo‘sh, mavsumga tayyorgarlik qanday o‘tdi?

- Tahlil hamisha voqealar bilan parallel ravishda bo‘ladi. Yozgi ta’til vaqti kitobni oxirigacha o‘qib, keyin o‘ylash uncha to‘g‘ri emas. Aksincha, har bir jihatni joyida tahlil qilib, o‘zaro taqqoslab borish, ishlarni muntazam kuzatuv ostiga olish kerak. Tushunarliki, o‘tgan mavsumdan mamnun emasmiz. Zero, jamoani o‘zimiz xohlagan darajada barqarorlashtirolmadik. Demak, boshlangan ishni izchil davom ettirishimiz kerak. 

- CHLda g‘olib chiqqan murabbiysiz, ammo haligacha biror klubda uzoq muddat qolmadingiz...

- Tan olish kerak, shunisi chindan ham, biroz g‘alati. Murabbiy o‘z orzusi yo‘lida ko‘p ter to‘kadi, mudom izlanadi va ma’lum vaqtda muayyan marra uning uchun aniq maqsadga aylanadi. Keyin to‘satdan boshlagan ishingizni to‘xtatishingizga to‘g‘ri keladi garchi qo‘lingizda CHL kubogi bo‘lsa ham. Umuman, futbolda g‘alaba - o‘tkinchi lahza. Hech kim zafar vaqtini uzoq ushlab turolmaydi, lekin barchasini qayta takrorlashga urinish imkoni bor. Har holda, shaxsan men bitta g‘alaba bilan ko‘p vaqt ovunib qololmayman. Bir necha kundan keyinoq avtomatik ravishda yangi maqsadlar sari intilishni xohlayman.

- Bilishimizcha, ilgari butun tunlarni o‘yinlar yozuvlarini qayta-qayta ko‘rish bilan o‘tkazardingiz...

- Hozir ham shunday. Farqi shuki, oldin texnik imkoniyat boshqacha edi - bitta yozuvni topish uchun oldin va orqaga burilish talab etilardi. Endi esa hammasi oson: bitta tugmachani bosish bilan xohlagan sahna yoki vaziyatni topish mumkin. Umuman, o‘yinlar domiga sho‘ng‘ish - murabbiylik ishimning ajralmas qismi. Bunda nafaqat o‘z jamoamga e’tibor qarataman, balki yangi g‘oyalar sari ilhomlantiradigan boshqa klublar o‘yinlarini ham obdon o‘rganaman. To‘g‘ri, o‘z jamoam o‘yinlari tahlili birinchi o‘rinda turadi, baribir. Bunga odatda 1 yoki 2 kechani qurbon qilaman, ayniqsa, ma’lum o‘yindan keyin.

- Siz uchun yaxshi o‘yin asosi nima?

- Qizg‘in va tezkor futbol tarafdorimin, chunki o‘yin muxlislarni rom etishi kerak. Vaziyatlar yaratish, gol urish, ko‘proq maydonning raqibga tegishli tomonida harakatlanish - shular yaxshi o‘yinga olib boradi. Barchasi, avvalo, to‘p nazoratiga bog‘liq. To‘psiz harakatlanadigan jamoa shunchaki ochiq hujumga o‘tolmaydi, istalgan vaqt raqib darvozasiga tahdid sololmaydi. Umuman, futbol juda serqirra va faqat hujum hamda o‘yin nazorati bilan cheklanish ham yaramaydi. Mohiyat bitta - jamoa o‘yini muxlislarga energiya bag‘ishlashi shart. Yana futbolning asosiy qadriyatlari mavhum qolmasligi muhim. Boshqacha aytganda, jamoa jismoniy imkoniyat bo‘yicha o‘z potensialiga maksimal darajada yaqinlashishi, futbolchilar maydonda kuchli ruhiyatga ega butun mexanizm shakllantirilganini ko‘rsata olishlari lozim. Deylik, bir futbolchi xatoga yo‘l qo‘ysa, uni ikkinchisi tuzatadi. 

- «Bavariya» siz uchun avvalo, nimani anglatadi?

- Futbolga bolaligimdan oshuftaman. «Bavariya»ga hamisha g‘alaba qozonishga qodir qudratli kuch sifatida qaraganman. Aslida ham shunday: bu jamoa har qanday holatda faqat g‘alabani ko‘zlaydi. Mana, murabbiylik ishida ulg‘ayib, bularning barchasi mentalitet, qat’iyat, iroda, mutlaq ishonch bilan naqadar bog‘liq ekanligini teran anglayapman. Omad o‘z-o‘zidan kelmaydi, buning uchun mashg‘ulotlarda ter to‘kiladi. Shundagina mashhur Bayern-Dusel («Bavariya-Omad») sifati o‘z tasdig‘ini topadi. Lui van Gal davridan buyon klubda g‘oliblik geni jozibali va mutlaq ustun uslub bilan qorishiq. Qisqasi, «Bavariya» futboli - bu doimiy gegemoniya, jasurlik va yuksak ishonch. Klub har doim shu formula asosida rivojlanadi.

- Bugungi kunda futbolchilarning o‘z klublari tarixini bilishlari qanchalik muhim?

- Menimcha, asosiysi - klub va futbolchilar identifikasiyasi bir-biriga mos kelishi. Tabiiyki, futbolchilar o‘z klublari qadriyatlarini teran anglashsa, ular bilan ishlash yanada osonlashadi - maydonda ham, uning tashqarisida ham. Bu masalada hammasi juda aniq. Axir «Bavariya» xorijda ham obro‘li, raqiblar klubdan cho‘chishadi. Chunki birdam jamoa bilan to‘qnashish xavfli ekanligini bilishadi. Umuman, «Bavariya» yillar davomida to‘plagan ichki kuchi bilan o‘z futbolchilariga aniq yo‘nalish beradi.

- Qiziq, mavsum yakunida «Bavariya»ni qanday holatda tasavvur qilyapsiz?

- Ideal holatda. Menimcha, «Bavariya» tarixidagi biror murabbiy boshqacha javob bermagan. Albatta, Germaniyada yana chempion bo‘lishni xohlaymiz, CHLda ham doimgidek kubok uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida gavdalanishni istaymiz. Asosiysi, ishimiz va o‘yinimiz muxlislarni to‘lqinlantirsa, bas. O‘tgan mavsum natijalarini yaxshilash uchun imkoniyat borligini bilamiz. To‘g‘risi, unda yuqori talablarga javob berolmadik, endi hammasini to‘g‘rilashimiz shart.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:40, 28.08.2023.
O'qildi: 1118 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.