Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Odil Ahmedov: «Mashg‘ulot joyigacha 10 kilometr piyoda yo‘l bosardim...»

Odil Ahmedov: «Mashg‘ulot joyigacha 10 kilometr piyoda yo‘l bosardim...»

Baho:
+ | -

Setanta Sports jurnalisti Valeriy Samsonov Toshkentda bo‘lib, O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq sardori Odil Ahmedovdan katta intervyu oldi. O‘zbekiston futbolining eng mashhur vakillaridan biri suhbat jarayonida butun yorqin faoliyati haqida gapirdi - boshlanish chizig‘idagi qiyinchiliklar, «Paxtakor»,  yulduzlarga to‘la o‘ta boy «Anji»ning muammolari, shaxsiy klub sanalgan «Krasnodar», Xitoy chempioni «Shanxay SIPG»dagi o‘yinlari va menejer rolida erishgan yutuqlari... 2021 yilning oxirida O‘FA vise-prezidenti rolida ish boshlagan Ahmedov yana shaxsiy akademiyasini Tyerri Anri va Kilian Mbappeni tarbiyalagan bilim dargohiga tenglashtirmoqchi ekanligiyu, hamon jahon chempionatini orzu qilayotganini yashirmadi.

5 MILLION YEVROGA TENG YILLIK MAOSHDAN BOSH TORTISH...

- 2011 yili pulga ko‘milgan «Anji» safiga qo‘shildingiz. Ertak ichiga tushib qolganingizni aynan qaysi vaqtda tushundingiz?

- 2011 yilgi Osiyo kubogidan so‘ng (O‘zbekis­ton termasi 4-o‘rinni egallagan turnirda Ahmedov 2ta gol urgan) 3-4ta manfaatli taklif tushdi. Asosan Saudiya Arabistoni klublaridan. Oxirgi muzokara «Al-SHabab» egasining shaxsan o‘zi bilan bo‘ldi. Shayx bir necha soatdan keyin yiliga 5 million yevro miqdorida maosh berishini aytdi. Lekin otam bu yo‘ldan qaytardi: «Shoshma, Saudiyada o‘ynashga hali ulgurasan». O‘zim ham Yevropada o‘ynashni xohlardim. Shu tariqa agentlarga Yevropada faoliyat boshlash uchun Rossiya varianti yaxshiroq ekanligini aytdim. Shu orada Moskva «Dinamo»sidan chorlov bo‘ldi. Klub hattoki, Kiprdagi yig‘inga borishim uchun viza bilan ta’minladi. Safarga chiqishimga 3 kun qolganida esa, agent «Anji»ning qiziqishi haqida so‘z ochdi. Avvaliga ko‘nglim chopmadi va rad etdim. Keyin hozir «Navbahor»ni boshqarayotgan «Paxtakor» direktori Samvel Babayan «Anji» bosh murabbiyi Gadji Gadjiyev bilan bog‘landi. U klub rejalari haqida ma’lumot berdi va allaqachon Roberto Karlos bilan shartnoma tuzishganini aytdi. Darvoqe, bolaligimda xonam devorida aynan braziliyalik himoyachining suratlari bo‘lardi. Xullas, shuni o‘ylab, «Anji»ni tanladim. Turkiya yig‘inida jamoa safiga yana bir qator katta futbolchilar qo‘shilishdi. Shu asnoda «Anji» loyihasi jiddiy ekanligini angladim.

- Yiliga 5 millionlik maoshdan qanday voz kechdingiz?

- Bu masalada ortiqcha bosh qotirmadim. Kambag‘al oilada ulg‘ayganman: qiyinchilik, pul yetishmasligi... Muhimi, futbolchi sifatida o‘sishni maqsad qilgandim. Qolaversa, katta pul vaqt masalasi ekanligini ham bilardim.

- Kambag‘allik darajasi qanday edi?

- Qishloqda ulg‘ayganman, u yerda odamlar asosan qora ishlar bilan tirikchilik qilishadi. Otam esa davlat idorasida ishlagan. Maosh kichik, lekin oila katta. Menda 4 nafar aka-ukam va bir singlim bor. Xullas, bolalikdan akam bilan otamizga yordam berardik. Masalan, olma va nok sotish uchun bozor yoki stadionga borardik. 2000 yili «Paxtakor» maktab-internatiga ko‘chib o‘tdim. Ba’zan metro yoki avtobusga to‘lash uchun pul topilmasdi va mash­g‘ulotlar bazasigacha 10 kilometr piyoda yo‘l bosardim. Shukrki, Alloh yordami bilan shunday sharoitlardan chiqib oldim.

***

- «Anji» qaysi jihatlarda saviyaga mos emasdi?

- Hammasi zo‘r edi, ma’muriyatdan tashqari. Masalan, mashg‘ulotlardan keyin kir formalarni savatga tashlardik, ularni yuvgach, qaytarib olib kelishardi. Biz esa savat ichidan o‘z formamizni qidirardik. Ke­yinroq «Bavariya»dan ma’mur chaqirishdi va u barcha ishlarni tartibga soldi: mashg‘ulotga kelasan, hammasi tayyor, biror narsa so‘rasang, darrov topib beradi...

- «Anji»da sizni nima ko‘proq hayratlantirdi?

- Klub egasi Suleyman Kerimov bir safar Roberto Karlosga «Bugatti» o‘yinchog‘ini sovg‘a qildi, uning ichida esa haqiqiysining kaliti bor edi. Karlos juda sodda, samimiy inson. Unga qarasangiz, oldingizda futbol afsonasi turganini sira o‘ylamaysiz.

- Igor Denisov «Anji»ning qora tanli futbolchilari haqida ko‘p noxush gaplar aytdi. Ushbu iqtibosingizga izoh bersangiz...

- Denisov - xarakteri og‘ir futbolchi. U o‘yinlardan biri yakunida Bussufa yoki Diarra bilan tortishib qoldi va shu bilan jamoa­da mojaro boshlandi: futbolda juda muhim sanalgan birdamlikka putur yetdi. Shundan ko‘p o‘tmay, Gus Xiddink ketdi va bizga klubning rivojlanish yo‘nalishi o‘zgarganini, xohlagan futbolchi ketishi mumkinligini ma’lum qilishdi. Xiddink juda obro‘li edi, ammo jamoada deyarli hammasini Samuel Eto~O hal qilardi. U faqat g‘alaba qozonish, gol urishni xohlardi, klub manfaati yo‘lida ancha joy kuydirardi. Masalan, futbolchilar mukofot pulidan ma’murlar va boshqa xodimlarga yig‘ib berganini aytish mumkin. Eto~O shuningdek, «Real»dagi eski tushunmovchilik tufayli Roberto Karlosni jamoadan yo‘qotdi. To‘g‘ri, braziliyalik himoyachining ketgani foydamizga ishladi. Unga hurmat saqlagan holda aytganda, yoshi 40ga yaqinlashib qolgan va avvalgi Karlos emasdi.

***

- 2011 yilning yozida sizni Londonning «Arsenal» jamoasiga chaqirishdi. Nega natija chiqmadi?

- «Anji» safiga qo‘shilganimga atigi 6 oy bo‘lgandi. Maxachqal’a klubi katta ambisiyalarga ega edi, shuning uchun meni qo‘yib yuborishmadi. Qolaversa, o‘zim APLga sakrashdan oldin Rossiyada 2-3 yil o‘ynashni xohladim. Axir bunga qadar faqat O‘zbekiston chempionatida to‘p surgandim.

- Alisher Usmonovning o‘zi ham qo‘ng‘iroq qildimi?

- Yo‘q. U bilan yo‘llarimiz bir marta kesishdi, lekin salomlashdik, xolos.

- 2022 yili «Anji» loyihasi o‘ldi. Bu haqda eshitganingizda, ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi?

- O, bilmadim. Bunday tarixga ega klubning o‘z faoliyatini to‘xtatgani juda achinarli. Dog‘istonda RPLda o‘ynaydigan klub bo‘lishi shart.

- «Anji» RPLdan tushib ketgach, sizga SSKA va «Zenit» qiziqdi. Nima uchun aynan «Krasnodar»ni tanladingiz?

- Shunchaki, klub egasi Sergey Galiskiy meni ko‘ndirdi. Bundan tashqari, Krasnodar iqlim bo‘yicha O‘zbekistonga yaqin. U yerda o‘zimni uydagidek his qildim.

- Ammo yakunda SSKA chempionlikka erishdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri CHL guruh bosqichiga chiqdi.

- Albatta, salohiyatimni CHLda sinab ko‘rishni istardim, ammo Galiskiy «Krasnodar» tez orada ushbu turnirning doimiy ishtirokchisi bo‘lishiga ishontirdi.

- «Krasnodar» 2015 yili birinchi marta bronza medalini yutdi. Bunga qanday erishdinglar?

- Aslida oltin medal olishimiz ham mumkin edi, faqat tajriba va mentalitet yetishmadi: mavsumning oxirgi o‘yinlarida muhim ochkolarni yo‘qotdik.

- Igor Shalimov va Oleg Kononov - «Krasnodar»ni boshqargan shu ikki murabbiy o‘rtasida qanday farq bor?

- Menga Kononov bilan ishlash osonroq bo‘ldi, chunki uning talablari va taktikasini yengilgina tushundim. Shalimov davrida esa juda qiynaldik, ammo aynan uning sharofati bilan Fyodor Smolov RPLning eng yaxshi to‘p­urariga aylandi (Smolov mavsum-2015|2016da 20ta, keyingisida 18ta gol urdi). Shalimov unga oddiy narsalarni o‘rgatdi: to‘p bilan oldinga harakatlanish. Shu tariqa Smolov gollar ura boshladi.

- Kokorin - juda iqtidorli futbolchi. Afsus, unga fe’l-atvori va intizomi pand berdi. Smolov haqida nima deya olasiz?

- Bir-biriga o‘xshash futbolchilar. Faqat Smolov ehtiroslarini nazorat qila oldi. U nisbatan professionalroq.

***

YEVROPA EMAS, XITOYNI TANLASH...

- Xitoyga qanday borib qoldingiz?

Mavsum-2016|2017ning qishki bozorida oldimda 2ta variant bor edi: «Nissa» kichik maosh va transfer summasi taklif qildi, «Shanxay» esa butunlay boshqacha imkoniyatlar. Deyarli 30 yoshda edim, shuning uchun Xitoyga borishni ma’qul ko‘rdim.

- 2011-2013 yillar Yevropani orzu qilgandingiz, keyin esa birdan Xitoyni tanladingiz. Nima o‘zgardi?

- 24-26 yoshda bemalol Yevropaga ketgan bo‘lardim, 29 yoshda esa menda biroz boshqacha qarashlar bor edi. Shuningdek, Xitoyda kuchli futbolchilarni yig‘a boshlashgani ham Osiyo tomon yuz burishimga turtki berdi.

- «Krasnodar»da yiliga deyarli 2 million yevro olgansiz. Xitoy klubi bundan necha barobar ko‘p taklif qilgandi?

- Ikki hissa.

- Ahmedov futbol emas, pulni tanladi - bunday gap-so‘zlarga qanday munosabatdasiz?

- O‘zbekistonda ham shunday yozishgandi. Ishonchim komil, bu gapni aytganlar shunday taklif oldida ojiz qolishardi: o‘shanda Xitoy, hozir esa Saudiya Arabistonidan.

- Xitoyda o‘zbekistonlik shaxsiy oshpaz xizmatidan foydalangansiz. Nima, ov­qatlanish masalasi yomonmidi?

- Dastlabki yillar ziravorlar ko‘pligi tufayli mahalliy taomlarni iste’mol qilishda ancha qiynaldim. Shuning uchun palov tayyorlash uchun O‘zbekistondan oshpaz chaqirtirdim, mahalliy mahsulotlarga ham buyurtma berardim. Barchasiga o‘z yonimdan to‘lardim, lekin chiqim uncha katta emasdi. Qolaversa, oshpaz qarindoshim edi. 

- Xitoyda mavsum boshlanishiga 1 oy qolgan vaqtda maydonga tushadigan legio­nerlar limiti 3 nafarga qisqartirildi. Klubda bunga qanday qarashdi?

- Mutlaqo kutilmagan qaror. Klublar bu masalada federasiya bilan bahslashib-bahslashib, yakunda ko‘ndi. Shu tariqa Andre Villash-Boash xorijlik futbolchilarga yuzlanib, har birimiz navbati bilan 1tadan o‘yin o‘tkazib yuborishimizni aytdi. Amalda ham shunday bo‘ldi.

- Xitoy futbolidan nimalar esingizda qolgan?

- Legionerlarga tayangan futbol: kuchli xorijliklar bilan shartnoma imzolagan klublar chempionlik uchun kurashdi. Deyarli barcha stadionlar yangi bo‘lib, doimo to‘lib-toshardi. Rossiyadan farqli o‘laroq, muxlislar hech qachon futbolchilarni so‘kishmasdi, ular faqat qo‘llab-quvvatlashardi.

- Yulduzli legionerlardan qay biri sizni ko‘proq hayratga soldi va nima uchun?

- Marko Arnautovich. U hammasiga shunchaki, beparvo qarardi - avstriyalik «Kokorin». Xalk esa hammadan ko‘proq ter to‘kardi: mashg‘ulotdan oldin va keyin qo‘shimcha ishlardi. Oskar aksincha, uncha joy kundirmasdi, lekin o‘yinda zo‘r edi.

Davomi gazetamizning keyingi  sonlarida. 

A.AHMEDOV tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:33, 08.01.2024.
O'qildi: 1594 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.