Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Odil Ahmedov: «Akademiyamiz uchun yiliga 200-300 ming dollar sarflaymiz..»

Odil Ahmedov: «Akademiyamiz uchun yiliga 200-300 ming dollar sarflaymiz..»

Baho:
+ | -

Setanta Sports jurnalisti Valeriy Samsonov Toshkentda bo‘lib, O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq sardori Odil Ahmedovdan katta intervyu oldi. O‘zbekiston futbolining eng mashhur vakillaridan biri suhbat jarayonida butun yorqin faoliyati haqida gapirdi - boshlanish chizig‘idagi qiyinchiliklar, «Paxtakor», yulduzlarga to‘la o‘ta boy «Anji»ning muammolari, shaxsiy klub sanalgan «Krasnodar», Xitoy chempioni «Shanxay SIPG»dagi o‘yinlari va menejer rolida erishgan yutuqlari... 2021 yilning oxirida O‘FA vise-prezidenti rolida ish boshlagan Ahmedov milliy futbol akademiyasini Tyerri Anri va Kilian Mbappeni tarbiyalagan bilim dargohiga tenglashtirmoqchi ekanligiyu, hamon jahon chempionatini orzu qilayotganini yashirmadi.

AHMEDOV-MENEJER: O‘ZBEKISTONDA FUTBOLNI RIVOJLANTIRMOQDA

- Qachon va qanday qilib O‘FA vise-prezidenti bo‘ldingiz?

- 2 yilcha oldin futbolchilik faoliyatimga nuqta qo‘ydim. Keyin federasiya prezidenti Abdusalom Azizov qo‘ng‘iroq qilib, ishga chaqirdi. 

- Zimmangizdagi majburiyat va vazifalar qanday?

- O‘zbekiston futbol assosiasiyasining hozirgi asosiy vazifasi - bolalar futbolini tartibga solish. Agar mustahkam poydevor qo‘yilsa, qolganida hammasi joyida bo‘ladi. Bizda murabbiylar va texnik direktorlar yetishmaydi. Ayni shu masala ustida ishlayapmiz.

- Murabbiylar yetishmasligi maosh kamligidanmi?

- Ilgari bolalar murabbiylari oyiga chamasi 300 dollar olishardi. Prezident Farmoni bilan maosh miqdori 700-800, hattoki, 1000 dollargacha ko‘tarildi. Agar futbolchi o‘z yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kirsa, uning murabbiyi maoshi avtomatik ravishda oshiriladi.

- 1 yilcha oldin «Ayntraxt» klubi egalaridan biri Kozim Aripov O‘zbekiston futbolidagi asosiy muammo sifatida iqtidorlarning Yevropa emas, balki Yaqin Sharq­qa intilishlarini tilga olgandi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Yo‘q. Agar futbolchi Yevropadan taklif olsa, u yerga boradi, albatta.

- Nega unda o‘zbekistonlik futbolchilar kamdan-kam holda Yevropada o‘ynashadi?

- Professional futbolga o‘tish jarayonida ko‘plab iste’dodlar yo‘qolib qolishmoqda. Balki katta pul tushayotgani uchundir... Aslida Yevropada o‘ynay oladigan yigitlarimiz ko‘p. Umid qilamanki, ular yaqin orada o‘sha qit’a­ning kuchli klublarida javlon urishadi.

- Hozir kuzatib borishga arziydigan yoshlar terma jamoasi futbolchilari...

- Abbos Fayzullayev. SSKA uning faoliyatida asosiy jamoa bo‘lib qolmasligini istardim. Abbosda o‘sish, yuqori saviyada o‘ynash uchun zarur sifat va intizom bor. Shuningdek, «Lans»da o‘ynayotgan Abduqodir Husanovni ham aytish mumkin. Umuman, bunday yigitlar yetarli, faqat hammasi ularning o‘zlariga bog‘liq: urinib ko‘rishsa, qo‘llaridan kelsa kerak.

SHAXSIY AKADEMIYA YO‘LIDA YILIGA 200-300 MING DOLLAR... 

- Aynan qaysi pallada shaxsiy akademiya ochishga qaror qildingiz?

- Krasnodarda Galiskiy qurgan ajoyib akademiyani ko‘rganimdayoq ko‘nglimda shunday g‘oya tug‘ilgandi. Ishni jonajon shahrim - Namanganda boshladim. Birinchi guruhda iqtidorli futbolchilar yig‘ilishdi, shundan so‘ng Toshkentda asosiy filialni ochdik. Akademiyada bolalar 12 yoshdan boshlab shug‘ullanishadi. Hozirda jami 300 nafar tarbiyalanuvchi tahsil olmoqda. Zamonaviy futbol seleksiya ishlariga bog‘liq. Hozirda seleksionerlarimiz butun mamlakat bo‘ylab ishlashadi. Deylik, 2009 yili tug‘ilganlar jamoasida 25 nafar futbolchidan atigi 11 nafari namanganlik, qolganlar boshqa viloyatlardan. Asosiysi, qiziqtirish: agar bola mash­g‘ulotlardan rohatlansa, u yaxshi futbolchi bo‘lib yetishadi.

- Bu borada Galiskiy bilan maslahatlashdingizmi?

- Yo‘q, lekin «Krasnodar» akademiyasi dunyodagi eng yaxshilaridan biridir. O‘zbekistonda ham shunday ta’lim dargohi bo‘lishi uchun o‘z Galiskiyi­miz kerak. Toki, futbolni yaxshi ko‘rsin va shlyapasini yechib, sarmoya kiritsin.

- Xo‘sh, shaxsiy akademiyangiz bosh maqsadi nima?

- Top-klublar talabiga javob bera oladigan yuqori saviyali futbolchilar tarbiyalash, albatta. Hozir Birinchi ligada tarbiyalanuvchilarimizdan tuzilgan jamoamiz bor. Kelajakda akademiya klubini Superligada ko‘rishni xohlayman. Asosiy maqsad - futbolchilar ortidan pul ishlash emas, balki ularni tarbiyalash.

- Dastlabki 4 yilda akademiyangiz erishgan 3ta asosiy yutuqni tilga olsangiz... - O‘zbekistonning turli yosh toi­fasidagi terma jamoalarida 5-6 nafar yigitimiz bor. Eng kattasi 2006 yilda tug‘ilgan. Yana birini «Paxtakor», ikkinchisini «Lokomotiv» oldi.

- Futbolchi yoshligida katta klubga ketsa, tovon puli olasizlarmi?

- Yosh futbolchilarni o‘tish davrida nazorat qilish juda qiyin. Agar ularga biror gapni 100 marta aytsangiz ham, o‘zlaricha yo‘l tutishadi. Shunday futbolchilar borki, ular uchun shuncha ish qilganingizga qaramay, hattoki, xayrlashishni ham unutishadi.

- Akademiyani ushlab turish uchun yiliga qancha sarf­-layapsiz?

- 200-300 ming dollar. O‘z pulingni sarflaganingdan so‘ng hammasini nazorat ostiga olishing mumkin. Shunday akademiyalar borki, direktori 10-15 yildan buyon ishlaydi, ammo qanday futbolchilar yetishib chiqishayotgani bilan umuman qiziqmaydi.

- Akademiyaga homiylar jalb etishga harakat qilmadingizmi?

- Hozircha yo‘q, lekin kimdir sarmoya kiritishni xohlasa, muhokama uchun ochiqman. Ko‘plab homiylar futbolni tushunishmaydi, shuning uchun sohaga shaxsiy hisoblaridan pul ajratishni xohlamaydilar. Bunday odamlar bilan ishlash qiyin...

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 21:54, 11.01.2024.
O'qildi: 3086 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.