Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Oraliq marra qahramonlari

Oraliq marra qahramonlari

Baho:
+ | -

Joriy mavsum ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘ta qiziqarli kechmoqda. Deyarli barcha top-ligalarda chempionlik poygasi avjiga chiqqan.

Qo‘shimchasiga, yangi mavsumdagi yevrokubok musobaqalar yo‘llanmasi uchun kurashning qizg‘inligi ham juda yuqori. Ana shu murosasiz qarama-qarshilikda nafaqat sermahsul futbolchilar, balki murabbiylar ham muhim o‘rin tutadilar. Navbatdagi hikoyamiz peshqadam jamoalarning ilg‘or boshqaruvchilariga bag‘ishlangan.

Michel («Jirona»)

«Jirona» va uning murabbiyi chinakamiga joriy mavsumning asosiy kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Michel uchun murabbiylik sohasi yangilik emas. O‘z vaqtida u «Ueska» va «Rayo Valyekano»ni Primeraga olib chiqqan, lekin bu jamoalar bilan maqtanarli natijalarga erisha olmagandi. «Jirona» - o‘zgacha jamoa. Kurashning yarmi ortda qolgan bo‘lsada, u hamon g‘oliblikka asosiy da’vogar. Yozda «Real»dek gegemonga «Klasiko»dagi azaliy raqibi bo‘lmish «Barselona» emas, balki kamtarin klubi jiddiy qarshilik ko‘rsatishini kim o‘ylabdi, deysiz. Mavsumning yakuniy natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Michel va uning «qizil-oq« jamoasi tarixdan joy olishiga shubha yo‘q.

Xabi Alonso («Bayer»)

Leverkuzendagi debyut mavsumidayoq Xabi anoyilardan emasligini namoyish etgandi. Joriy mavsum buni tasdiqladi. Startda yetakchiga aylangan «dorishunoslar» birinchi davra marrasiga pesh­qadam maqomida yetib kelishdi, so‘nggi yillarning doimiy chempioni «Union» bilan qoldirilgan 13-tur o‘yinini hisobga olgan holda 4 ochkolik farq bilan 2-pog‘onada bormoqda. Tafovut katta emas, biroq muhimi, Myunxen grandiga anchadan beri hech qaysi jamoa shunchalik bosim o‘tkaza olmayotgandi. Xabi qisqa vaqt ichida navqiron, shijoatli, ajoyib jamoani shakl­lantirdi. Hozirda «Ba­yer» joriy mavsumda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.

Unai Emeri («Aston Villa»)

Navbatdagi sensasiya «aybdori». Bir tomondan, Emerining ajabtovur muvaffaqiyatlariga ko‘pchilik muxlislar allaqachon ko‘nikib ulgurishgan. Boisi, u taniqli, malakali va ko‘plab sovrinlarga sazovor bo‘lgan murabbiy. Biroq uning «Aston Villa»dagi ijodiy faoliyati alohida e’tiborga loyiq. 2022 yil noyabrida u jamoa tasarrufini o‘z zimmasiga olganida, «sherlar» ayanchli holatda edilar. Bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida Emeri ularni faqat oldinga yetaklay boshladi. Hozirda «Villa» peshqadam «Liverpul»dan atigi 2 ochkoga ortda qolmoqda. Chempionlik Birmingem klubi orzuligicha qolishi mumkin, ammo YECHLdek nufuzli turnir yo‘llanmasi deyarli naqd bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Angelos Postekoglu («Tottenxem»)

Postekoglu APLga shiddat bilan kirib keldi. Angliyada umuman ish tajribasiga ega bo‘lmagan mutaxassis qatorasiga 3 marta oyning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etildi - APL tarixidagi dast­labki sensasiya. Keyinchalik o‘yinlarda jarohatlar tufayli muayyan pasayish kuzatilgan bo‘lsada, jamoa kurashni davom ettirmoqda. Turnir jadvalidagi vaziyat xavotirli emas - jamoa yetakchi kvartetga ancha yaqin. Postekoglu shogirdlari anchayin xavotirli yuqori pressingdan foydalanishga odatlanishgan. Ana shu qaltis uslub ko‘pincha jamoaga manfaat keltirmoqda. «Shporlar» joriy mavsumda sov­rindorlar safidan joy olmasliklari mumkin, lekin shu ketishda ular tez orada favoritlardan biriga aylana oladilar.

Peter Bosh («PSV»)

Eyndxoven klubi Bosh uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tamoqda. Bungacha niderlandiyalik mutaxassis «Lion»da ham, Dortmundning «Borussiya»sida ham muvaffaqiyatga erisha olmadi, «Bayer»dagi esda qolarli natijasi Germaniya Kubogining finali bo‘ldi. Biroq shuni ham ta’kidlash joizki, u bilan ishlagan jamoalarning ko‘pchiligi Boshning uslubiga moslasha olmadilar. Nihoyat, murabbiy «PSV»da o‘z g‘oyalarini 100 foizga ro‘yobga chiqara boshladi - 17ta o‘yin, 17ta g‘alaba. Jamoa 2-o‘rinda borayotgan «Feyenoord»dan 12 ochkoga ilgarilab ketgan. Shuningdek, uni YECHLning pley-off bosqichi kutmoqda. Qisqasi, ot aylanib-aylanib qozig‘ini topdi. Izlanganga tole yor!

Enso Mareska («Lester»)

Jamoaning Klaudio Ranyeri va Brendan Rojers davridagi muvaffaqiyatlardan keyin Chempionshipga tushib ketishi ajabtovur hodisa bo‘lsa, Mareskaning bosh murabbiy lavozimini egallashi chinakam sensasiya bo‘ldi. Chunki «tulkilar» elitaga qaytish vazifasini kamtarona faoliyat yuritayotgan mutaxassisga ishonib topshirishgandi. Italiyalik murabbiy «Lester»dan avval «Manchester Siti»da Xosep Gvardiolaning yordamchisi bo‘lgan, undan avval «Parma»ni qabul qilgan va bor-yo‘g‘i 14ta o‘yinda maydonga olib tushgandi. Biroq voqelik «tulkilar» tanlovda yanglishmaganliklarini (taxallus bejiz emasligini ham!) isbotladi. Chempionshipdagi ortda qolgan 27 tur natijalariga ko‘ra, «Lester» eng yaqin ta’qibchisi «Ipsvich»ga nisbatan 7 ochko ko‘proq to‘plagan holda APL sari intilmoqda. Mareska o‘z shogirdlariga kerakli turtkini bera oldi, «Lester» APLga tobora yaqinlashib bormoqda.

Tyago Motta («Bolonya»)

«Bolonya» anchadan beri «A» seriyasining o‘rtamiyona jamoalari qatorida, mavsumni ko‘pincha jadvalni ikkinchi yarmida yakunlab kelayotgandi. Taqdir taqozosi bilan bu jamoaga ham Mareskadek tajribasi oz murabbiy - Motta keldiyu, ishlar yurishib ketdi. Vaholanki, Motta «Bolonya»dan avval «Spesiya»da ham, «Jenoa»da ham ijobiy o‘zgarishlarga erisha olmagandi. Hozir vaziyat tamoman o‘zgacha - 20-turdan keyin «Bolonya» yetakchi kvartetdan atigi 2 ochkoga ortda qolgan holda, 7- pog‘onada bormoqda, «Roma» va hatto amaldagi chempion «Napoli»dan oldinda. Kadrlar bobida va moliyaviy jihatdan cheklangan imkoniyat bilan namoyish etilayotgan samarali faoliyat uchun jamoa va albatta, kamtarin murabbiy tahsinga loyiq.

Sebastyan Xyoness («Shtutgart»)

«Shtutgart»ning amaldagi murabbiyi ulkan futbolchilar oilasida ulg‘aygan. Sebastyan jahon vise-chempioni Diter Xyonessning o‘g‘li, «Bavariya» faxriy prezidenti Uli Xyonessning jiyani. Futbolchi maqomida juda oz va o‘rtamiyona faoliyat yuritgan. Keyin «Selendorf», «RB Leypsig» va «Bavariya»ning yoshlar jamoalarida saboq bergan. 2020 yil yozida Sebastyan «Xoffenxaym»ni qabul qilib, qoniqarli natijalarga erisha olmadi. «Shtutgart»dagi debyuti esa muvaffaqiyatli boshlandi. Jamoaning sovrindorlar uchligida yurishini ko‘pchilik muxlis va mutaxassislar o‘tkinchi muvaffaqiyat sifatida e’tirof etishgandi. Biroq mavsumning yarmi tarixga aylanib ulgurgan pallada ham vaziyat o‘sha-o‘sha - faqat «Bayer» va «Bavariya» Sebastyan jamoasidan oldinda. Aftidan, shonli oila o‘g‘lonining chinakam faoliyati endi boshlangandek.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:55, 21.01.2024.
O'qildi: 1384 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.