Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Kayzer buyukligiga misoli hujjat!

Kayzer buyukligiga misoli hujjat!

Baho:
+ | -

Tengi yo‘q futbolchi, murabbiy va atoqli shaxs - buyuk Frans Bekkenbauerning yorug‘ olamni tashlab ketgani nafaqat Germaniya, balki butun dunyo futbol jamiyatini chuqur qayg‘uga solgani tayin. Kayzerning futbolchi rolidagi ijodiy faoliyati davomida va oddiy inson maqomida erishgan martabasi ko‘lamini kengroq tushunish uchun eng muhim jihatlarga e’tibor qaratish kifoya qiladi.

***

Bekkenbauer futbolni tubdan o‘zgartirdi, namunali libero ixtisosini yaratdi. Libero roli o‘tgan asrning 60-yillari Bekkenbauerning o‘z iqtidorlari shodasidan maksimal foydalanishga urinishlari natijasida shakllandi. O‘sha davrda bo‘lajak Kayzer hujum chizig‘ining chap qanotidan markaziy yarim himoyachi pozisiyasiga ko‘chgan, lekin yangi roldan qoniqmagandi. U tez orada Errera boshqaruvidagi «Inter» o‘yin­larini kuzatish jarayonida jumboqqa yechim topadi. Jamoa 1-3-3-3 taktik chizmasiga tayanar, bunda Jachinto Faketti chap qanot himoyachisi va laterali (o‘ng tarafda bunday ixtisos umuman bo‘lmagan) rolini bajarib, bir tomonni to‘liq yopgan holda hujumga otlanardi. Bekkenbauer esa Faketti va Pikki rollarini umumlashtirib, vertikal yo‘nalishda harakatlanadigan liberoga aylanadi. Natijada jamoa o‘yini tubdan o‘zgaradi. U himoyachilar ortida turib, o‘yin ravishini boshqarar, jamoadoshlarini raqib yarim maydoniga jalb etar va pozision hujumlarda qo‘qqisdan oldinga o‘tib, son jihatdan ustunlikni ta’minlardi. Bunda Fransga dribling, tezlik va har ikki oyog‘i bilan zarba yo‘llash imkoniyati qo‘l kelardi. Shu tariqa nemis futboli birdaniga Yevropada hukmronlik qila boshlaydi, Fransning jamoalari g‘oliblar safiga ko‘tariladi. U jumladan, «Bavariya» bilan 13ta (jumladan, Yevropa Chempionlar kubogida 3 marta) sovrin yutadi, yana jahon va Yevropa chempionatlarida zafar quchadi, «Nyu-York Kosmos»dagi 4 mavsumda 3 marta g‘oliblik nashidasini suradi. Shuningdek, «Gamburg» safida ham Germaniya chempioni bo‘ladi.

***

Frans - barcha buyuk voqealar ishtirokchisi va bosh qahramoni. Germaniya televideniye­sida terma jamoalar miqyosidagi biror o‘yin JCH-70 yarim finalidan o‘rin olgan Italiya - GFR to‘qnashuvichalik ko‘p namoyish etilmagan. 2000 yili dunyoning eng mashhur 50 nafar futbol namoyandasi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov yakuniga ko‘ra, ayni shu o‘yin XX asrdagi eng yaxshisi sifatida e’tirof etilgandi. Bekkenbauer o‘sha bahs boshlanishi arafasida jamoadoshlarini ogohlantiradi: «Yigitlar, asosiysi - dast­labki daqiqalarda gol qo‘yib yubormaslik. Aks holda, ital­yanlar qo‘ygan beton to‘siqdan hech qachon o‘tolmaymiz». Bi-roq bundestim ilojini topolmaydi: avvaliga gol qabul qilib, keyingi 83 daqiqada muvozanatni tiklashga zo‘r beradi. Nihoyat, 90+1-daqiqada Shnellinger ham oldinga o‘tadi va uning kutilmagan hamlasi raqib himoyachilarini dovdiratib qo‘yadi. Jarima maydoni ichiga yorib kirgan himoyachi yakunda Grabov­ski uzatmasidan so‘ng to‘pni darvozaga yo‘llaydi. «Meni tobutga yotqizib, ibodat boshlashganida, ruhoniy ro‘parada 1970 yili Italiya termasiga qarshi o‘yinda hisobni teng­lashtirgan kishi yotganini aytadi», - deya hazillashgandi buntestim libosidagi 47ta o‘yinda 1tagina gol urgan Shnellinger bir necha yildan keyin.

***

Yarim himoyada to‘p surgan Frans osongina bo‘sh koridor topar va oldinga intilardi. Shunday reydlaridan birida uni jarima maydoni yonida qo‘pollik bilan to‘xtatishadi. «Maydonga yiqilgach, o‘ng yelkamda kuchli og‘riq sezdim», - deb yozgandi futbolchi «Raqiblarim - mening do‘stlarim» nomli biografik asarida. Nemislar hakamdan raqibga kartochka ko‘rsatishni talab qilishadi, Bekkenbauerning o‘zi esa jim edi. O‘sha lahzada murabbiy Xelmut Shyonda futbolchi almashtirish imkoniyati qolmagandi. Shifokorlar Fransga tibbiy yordam ko‘rsatishgach, u o‘ng qo‘li bint­langan va gavdasiga mahkam yopishtirilgan holda maydonga qaytadi. Biroq avvalgi harakatchanligi qolmagandi. «Maydonda sog‘lom Bekkenbauerni ko‘rishni istagandim. Shunda adolat qaror topardi», - degandi unga qo‘pollik ishlatgan Rivera o‘yin yakunida afsus ohangida. Kayzer faoliyatidagi yana bir unutilmas yorqin o‘yin - bu JCH-74 finali (GFR - Niderlandiya). O‘shanda nimislar jahon ahliga total futbolga qarshi qurol - universal uslubni namoyish etgandilar. Xelmut Shyon finalga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Rinus Mixels taktikasini ipidan ignasigacha tahlil qilgan, xavf qaysi hududdan kelishini o‘rganib chiqqan va unga qarshi universal mashina yaratgandi. Uchrashuvda hamma nemislarning hududlarni nazorat qilishlari, hujumchilarning himoyachilarga yordam berishlari va kerakli pallada raqib rejalarini puchga chiqarishlariga guvoh bo‘ladi. Albatta, samarali harakatlarda Frans bosh rolni ijro etgandi. Yakunda ijodkor Mixelsning total futboli mag‘lubiyatni tan oladi.

***

Germaniya futbolida barcha avlod vakillari unga ta’zim qiladilar. Nafaqat nemislar, balki boshqalar ham. Mana, ayrim e’tiroflarga e’tibor qarating.

Karl-Xayns Rummenigge: - Aytish joiz, u ideal ijrochi edi. Hayotim davomida xoh maydon, xoh uning tashqarisida Kayzerni kimdir tan­qid qilganini eshitgan emasman.

Gerd Myuller: - Hech kim hech qachon Fransdan o‘zib ketolmagan.

Erik Kantona: - Bekkenbauer chin yetakchi, to‘pni mohirlik bilan olib yuradigan abjir yigit bo‘lgan. Lekin hozir bosh­qa jihatini tilga olaman: u yuragimni parchalagan. 8 yoshligimda GFR va Niderlandiya termalari o‘rtasidagi finalda niderlandlarga muxlislik qilganman. Jamoa mag‘lubiyatidan keyin esa ho‘ngrab yig‘lagandim. Kayzer mukammal inson bo‘lganini esa endi tushundim.

Eysebio: - Kayzer barcha pozisiyalarda birdek o‘ynardi - himoyada ham, markazda ham. Universalligi ham mayli, o‘yin­ni nozik his etardi. Shuningdek, oldinga intilib, gol urishni ham o‘rniga qo‘yardi.

Bobbi Charlton: - Fransning arsenalidagi eng muhim qurol - maydondagi holatni aniq baholash. Frans to‘p bilan muomalada, uni raqibdan tortib olishda yaqqol ustun edi va hech qachon tushkunlikka tushmasdi. Ideal darajada o‘ynagan payti ham bor kuchini ishga solmayotgandek tasavvur uyg‘otardi. Bunday futbolchiga qarshi o‘ynash juda qiyin.

Pele: - Bekkenbauer maydonda menga duch kelgan raqiblarning eng sarasi. Bosh­qa gap ortiqcha.

Jerar Pike: - Videolavhalar tahlilidan keyin Bekkenbauer tengi yo‘q futbolchi bo‘lganini teran tushundim. U himoyadagi ishlardan ortib, hujumda ham faol qatnashgan, gollar urgan va jamoani boshqargan. Qoyilmaqom ijrochi.

Umuman, Kayzer futbolda imkoni bor barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Deylik, futbolchi va murabbiy maqomida JCHda zafar quchgan. Bundan ortiqcha ta’rifning hojati ham yo‘q.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 25.01.2024.
O'qildi: 1776 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.