Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/07 06:00 Argentina 1-1 Ekvador
05/07 21:00 Ispaniya 2-1 Germaniya
06/07 00:00 Portugaliya - Fransiya
06/07 06:00 Venesuela - Kanada
06/07 21:00 Angliya - Shveysariya
07/07 00:00 Niderlandiya - Turkiya
07/07 03:00 Kolumbiya - Panama
07/07 06:00 Urugvay - Braziliya

«Chelsi» - barcha yomonliklar ramzi(!)mi?

«Chelsi» - barcha yomonliklar ramzi(!)mi?

Baho:
+ | -

Futbolda to‘pga egalik qilish va xavfli vaziyatlarni yaratishning o‘zi g‘alabaga kafolat bo‘la olmaydi.

Minimal farq bilan zafarga erishishning jozibasi ham shunda. Basketbolda o‘nlab ochkolar farqini bartaraf etish futboldagi bitta gol ustunligini yo‘qqa chiqarishdan osonroq.

Yaqin o‘tmishda APL grandlari safida yurgan «Chelsi» Liga Kubogi yarim finalining dastlabki uchrashuvida Chempionshipning 12-pog‘onasida kelayotgan «Midlsbro»ga imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, javob bahsida «aristokratlar» mavsumdagi eng chiroyli g‘alabalaridan birini qo‘lga kiritishdi (6:1), lekin...

Taqqoslaydigan bo‘lsak, «MYU» afsonasi bo‘lmish Maykl Karrik jamoasining umumiy transfer qiymati atigi 68 mln. yevroga teng. Londonlik «aslzodalar» esa nomlariga xos bahodalar - 998 mln. yevro! «Midlsbro» g‘alabasining ahamiyatini bir tasavvur qilib ko‘ring.

... lekin mavzu faqat shu o‘yin haqida emas. APL doirasida faqat 2 jamoa - «Bornmut» va «Nottingem Forest» avvalgi mavsum startidan shu paytgacha «Chelsi»ga nisbatan ko‘proq mag‘lubiyatga imzo chekishgan. «Aslzodalar» 31 marta maydonni mag‘lub maqomida tark etishdi. Bu o‘ta halokatli ko‘rsatkich. Turnir jadvalidagi o‘rtamiyona o‘rin va saviyasiz o‘yinni esa zamonaviy futboldagi bir talay qusurlar bilan izohlash mumkin.

SOHIBLAR

Roman Abramovich «Chelsi»dan sarmoyalarini ayamasdi. Boeli rossiyalik milliarder an’anasini davom ettirmoqda, biroq u va uning maslakdoshlarida Granovskaya va Chexda ko‘p yillik tajriba yo‘q. Shu mutaxassislar davrida «Chelsi» ikkinchi marta YECHLda zafar quchgandi. Boeli birdaniga APL g‘olibligini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lib, milliardlarni sarflay boshladi. «MYU» va «Arsenal»dagi urinishlar zoye ketganidan u bexabar edi. Yangi sohib futbol tizimi qanday ishlashini tushunmagani bois, qandaydir qing‘ir yo‘llar bilan aldamoqchi bo‘ldi. Keyin uzoq yillik shartnomalarni o‘ylab topdi. Biroq FIFA tez orada bu yangilikni taqiqlab qo‘ydi. Amerikalik sohib Grem Potter va uning assistentlarini «Brayton»dan olib kelish uchun 22 mln. funtdan voz kechdi. Boz ustiga, mazkur xarid samara bermaganiga qaramasdan, Kaysedo uchun «chaykalar»ga 116 mln. yevroni hadya qildi.

TRANSFERLAR

«Chelsi» parchalanib ketishi mumkin. Mazkur omadsiz transfer jarayoni har qanday jamoani yiqitadi. Pochettino jamoasidagi yosh futbolchilarning boshqa jamoalardagi kasbdoshlaridan farqli jihati - ularning asl qiymatlari londonliklar sarflagan mablag‘dan farq qiladi. Belgiyalik xavbek Lavianing bahosi 62 mln. yevro emas, bozorda ikki baravar arzonroq edi. Kaysedo uchun 116 millionli yorliqni ham havodan olingan, ekvadorlik futbolchi «Real»dagi jahon chempioni Makelele emas. Hatto Enso Fernandes ham 121 mln. yevroga arzimaydi, shunchaki, JCH-2022da g‘olib chiqqan jamoaning navqiron, lekin g‘o‘r a’zosi. Mudrik, Fofana va tajribali Kukurelya ham anchayin yuqori bahoda kelishgan. APLda o‘zi uchun keraksiz yoki uslubga mos bo‘lmagan o‘yinchilarning ko‘pligi har qanday jamoani o‘rtamiyonalar safiga tushirib yuboradi. Mana, hujumchi Jeksonni olaylik. U yangi Drogba emas, «Vilyarreal»da ko‘pincha qanotlarda to‘p surardi. Endi «Chelsi» yangi markaziy hujumchi uchun yana pul sarflashi kerak.

MURABBIYLAR

Tuxelga ham avvalroq chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yishlari mumkin edi, biroq Tomas «aslzodalar»ni YECHLda shohsupaga olib chiqdi. Aynan u bema’ni kelishuvlarga chek qo‘ygandi. Neymar transferga qarshi chiqqani uchun Boelining qahriga duch keldi. Germaniyalik murabbiy bilan hech bo‘lmaganda yetakchi kvartetdan joy olish mumkin edi. Endi jamoa qachon YECHLda ishtirok etishi noma’lum, chunki APLda saviyali jamoalar yetarli. Malakali murabbiylar rahbarligida to‘p surayotgan «Aston Villa», «Brayton» kabi jamoalar nufuzli yo‘llanmalarni ilib ketishlari hech gapmas. «Chelsi»ning bu borada ham omadi kelmayapti. Potter provinsiyada binoyidek ishlayotgandi, poytaxtda esa muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Klub murabbiylarga katta mablag‘ sarflaydi, Konte bilan Mourinyo Abramovichdan olgan tovon pullari bilan «Midlsbro»ning to‘liq tarkibini sotib olishga qodirlar. Biroq «Chelsi» uchun aynan murabbiylar masalasi jiddiy muammo bo‘lib qoldi. Boeli Tuxel, Potter va Lempardning mashaqqatlariga guvoh bo‘ldi, endi Pochettino navbati. Darvoqe, murabbiylar tanlovi xususida. Avval Frenk, keyin uning o‘rnini egallagan Maurisiolar «Chelsi»ga tashriflar ekspertlar tomonidan salbiy baholangandi. Lempardga tajriba yetishmagandi, Pochettinoga esa qattiqqo‘llik. Ko‘ngilchan mutaxassis doimo Jekson, Mudrik va boshqa o‘yinchilarning yorqin o‘yinlari oldinda ekanligini ta’kidlashdan nariga o‘tmaydi. Balki shundaydir, lekin boshqa murabbiy bilan.

BOSHQARUVCHILAR

Mazkur band murabbiylar haqida emas, balki bosh va sport direktorlari xususida. Bartomeudek rahbar rahnamoligida buyuk jamoa ham qarzga ko‘milishi hech gapmas. Yaqinda u «Barselona»ning o‘yi­niga kelishdan ham uyalmadi, yuzidan kulgi, qahqaha arimadi. Lekin qulog‘ini burab qo‘yadigan birorta mard topilmadi. Unga o‘xshagan buzg‘unchi va no‘noq rahbarlarning tegirmondan butun, suvdan quruq chiqishlari adolatdan emas. Sal avvalroq Abramovich qariyb 20 yil Rossiya neftidan topgan pullarini huda-behuda sarflagan bo‘lsada, yonida uning kamchiliklarini to‘g‘rilab turadigan ijodkor yordamchilari bor edi. Futbol u uchun biznes emas, balki uni o‘ziga rom etgan sport turi ekanligini sobiq sohib e’tirof etgandi. Boeli ham ashaddiy muxlis, lekin Todd­ning ixtiyorida boshqaruv tizimini tartibga keltiradigan «sartaroshlar» yo‘q. Va shu asnoda malakali murabbiylar ham noshud rahbar bilan ishlashni istamaydilar. Shuningdek, tez orada yosh iqtidorlar ham «Aslzodalar» takliflarini qabul qilmay qo‘yadilar. Ulkan mablag‘ning cho‘g‘i beradigan qiziqish yo‘qoladi. Bir qator variantlarni rad etib, «Chelsi»ga rozilik bergan Enso Fernandes, Mudrik yoki Badyashil esa afsuslanishlari mumkin.

Umuman, futbol olamiga kuchli boshqaruvchilar yetishmayapti. Shuningdek, malakali murabbiylar ham. Ulkan byudjetga ega bo‘lgan klublar Ueyn Runi kabi tajribasiz mutaxassislar bilan ishlashga majburlar. Pochettino ham mutasaddilar ko‘magisiz nomdor jamoani ko‘zlangan cho‘qqiga ko‘tara olmaydi. Fransiyada Maurisio «PSJ»ni YECHL shohsupasiga olib chiqa olmadi, hatto Tuxel kabi finalga ham yetib bormadi. «Real»ning Pochettino nomzodidan voz kechgani to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:00, 18.02.2024.
O'qildi: 1904 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.