Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Zafar Musaboyev: “Futbolchilarda talabchanlik yetishmayapti”

Zafar Musaboyev: “Futbolchilarda talabchanlik yetishmayapti”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor gazetamizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida futbolchilar bilan uyushtirilgan intervyular, matbuot anjumanlari va o‘yinlar atrofidagi voqeliklarni video shaklida etiboringizga havola qilib kelmoqdamiz.

Yaqinda gazetaning Yotube platformasidagi kanalida ustozimiz Muhammadjon (Muhammad Vali) aka g‘oyasi asosida ishchi nomi “Futbol gurungi” deb nomlangan yangi loyihaga qo‘l urildi. Unga ko‘ra endilikda futbolchi va murabbiylar bilan uyushtiriladigan suhbatlar yangicha yondashuv asosida tashkil qilinadi va futbol kishilari bilan dildan suhbat qurish reja qilingan. Loyihamizning dastlabki mehmoni esa katta va o‘rta yoshdagi futbolsevar muxlislar xotirasida ajoyib iz qoldirgan, shonli “Navbahor”ning sharafli futbolchisi bo‘lgan chortoqlik Zafar Musaboyev bo‘ldi.

- Zafar aka dastlab bolalik davrlaringiz va futbolga qay tariqa kirib kelganligingiz haqida so‘zlab bersangiz? Bilamizki, sizga millionlar o‘yininingg ilk sir asrorlarini o‘rgatgan chortoqlik yagona futbol murabbiyi  Abdullo Jo‘raboyev bo‘lganlar. U kishi o‘zbek futboliga aka-uka G‘ofurovlar qolaversa Anvar va Azam Hafizovlar, Obid Jo‘raboyev, G‘iyos Komilov, singari o‘ziga yarasha taniqli nomlarni kashf etib bergan murabiy sanaladilar...

- Albatta. Futbol kirib kelishimda ham aynan ustozimiz rahmatli Abdullo akani hissalari beqiyos bo‘lgan. U kishi sakkiz yoshimizda Chortoqda sportga ixtisoslashgan internat ochilganligini ma’lum qilganlar. Shundan so‘ng chamasi o‘n besh nafar bolalar shu inson qo‘l ostilarida futbolning ilk sir asrorlarini o‘rganganmiz. Men birga keyinchalik taniqli futbolchiga aylangan rahmatli Tohir Madrahimov ham shug‘ullangan.

- Zafar aka aytingchi, o‘sha davrda qariyib o‘n besh kishi shug‘ullanishni boshlaganmiz deyapsiz. Keyinchalik bu sondagi tafovut asta sekin o‘sib borgan bo‘lishi tabiiy jarayon. Ammo nima uchun ko‘plab yoshlarni o‘ziga jalb qilib futbolga oshufta qilgan xududdan juda kam taniqli ijrochilar yetishib chiqqan? Demoqchimizki, qolganlar nima uchun ma’lum darajaga ko‘tarila olmadi?

- Bu turli sabalarga bog‘liq. Ba’zi birlari boshqa sport turlarida o‘zlarini sinab ko‘rishga qaror qilishgan, yana boshqalari oilaviy sabab bo‘lib futboldan uzoqlashgan.  Ayrimlar esa o‘zlaridagi ishtiyoq u darajada yuqori bo‘lmaganidan, o‘z ustilarida tinimisiz ishlashmagan. Umuman olganda shu va shu kabi boshqa sabablar tufayli professional futbolga o‘tish bosqichida ko‘plab yoshlar bu sport turini tark etishgan.

- Professional faoliyatingizning dastlabki bosqichi “Sohibkor”da boshlangan. O‘sha davrda “Navbahor”da o‘ynash imkoniyati ham bo‘lganmi?

- To‘g‘risi u davrlarda o‘tish bosqichida ko‘pincha tanlov o‘zingizda bo‘lmasdi. Sababi, taxsil olayotgan maskaningiz sizni qayerga tavsiya qilsa professional faoliyatingizning dastlabki davrlarini o‘sha yerda o‘tkazishga to‘g‘ri kelardi. “Sohibkor”ga borib qolishimning asosiy sababini qisqacha qilib tushuntirganda shu edi.  Keyinchalik “Norin-Suvchi” jamoasida to‘p surdim va shundan keyin “Navbahor” taklifiga binoan ona shahrim bosh jamoasi tarkibiga borib qo‘shilganman.

- O‘sha davrlarning eng qudratli jamoalaridan biri bo‘lgan “Navbahor”ga borib qo‘shilgan dastlabki kunlaringizni eslay olasizmi?

- Albatta. Klubga ilk bor taklif etilganimizda jamoa mutassadilari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan keyin men va Tohir Madrahimov uchun o‘zimiz istiqomat qiladigan xonani ko‘rsatishgan. Xonaga kirsak o‘ziga hos salobatga ega baxaybat bir odam uxlab yotgan ekan. Qarab bildikki, u odam o‘sha paytdagi jamoa sardori Mustafo Bayramov ekan. Biz u kishinig haybatidan qo‘rqqanimizdan uyg‘ongunicha jim shovqin qilmay o‘tirgandik. (kuladi). Keyinchalik o‘zaro suhbatlarda ma’lum bo‘ldiki Bayramov juda ko‘ngilchan, yumshoq tabiat odam ekan.   

- Futbolchilik faoliyatingizni juda erta yani ayni kuchga to‘lgan 27 yoshingizda yakunlagansiz. Buning sababi nimada edi?

- Qisqacha qilib aytganda asosiy sabablaridan biri otam vafot etganlari bo‘lgan. Juda ham og‘ir davrlar edi. Keyinchalik esa yaxshi daromadga ega biznes g‘oyasi paydo bo‘lgan va futbolni to‘xtatib tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlaganman.

- Siz mana shu qisqa faoliyatingiz mobaynida besh marta xet-rik qayd etishga ulgurgansiz. Bu hozirgi hujumchilarimiz faoliyati bilan taqqoslaganda ular uchun besh marta xet-rik qayd etish orzudek gap. O‘zbek futbolida qanday muammolar bo‘y ko‘rsatyaptiki, bugungi kunda bizda to‘purar hujumchilar taqchilligi kuzatilmoqda?

- Ochig‘ini aytganda bu masala o‘zbek futbolining eng og‘riqli nuqtalaridan biri bo‘lib turipti. Bilasizmi, avvallari bizda darvozabon va hujumchilar borasida umuman muammo bo‘lmagan. Menimcha, hozirgi kunda futbolchilarda o‘ziga bo‘lgan talabchanlik hamda ularga to‘g‘ri yo‘nalish bera oladigan murabbiylar yetishmayapti.

- “Nasaf” hamda “Navbahor” klublarining OCHLdagi o‘yinlarini kuzatgan bo‘lishingiz tabiiy. Jamoalarimiz hujumchilarining ushbu bosqichdagi xarakatlarini ko‘rib sizda qanday taassurot uyg‘ondi?

- Xa, o‘yinlarni ko‘rdim. O‘ylaymanki xar ikki jamoamizda ham keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘lgan holda mag‘lubiyatga uchrashdi. Vaziyatlardan foydalana olmaslik masalasida esa jamoalar ayni damda tonusda emasligini keltirish mumkin. Endigina mavsumga kirishayotgan jamoa bilan o‘z chempionatida ayni formaga kirib olgan jamoalar orasidagi tafovut seziladi baribir.

- “Navbahor”- “Al-Ittixod” uchrashuvining ikkinchi bo‘limida charchoq sababli o‘yindan “tushib” qolgan namanganliklar hujumchisi Tabatadze borasida fikringiz qanday. Uni vaqtida zaxiraga olinmagani jamoa bosh murabbiyi samvel Babayanning xatosi emasmikin?

- Bilasizmi, futbolda ba’zan shunaqa xolatlar uchraydiki, futbolchi charchab qolgan vaziyatlarda ham iroda namoish etib qolganlardan kuchliroq o‘yin ko‘rsatib yuborishi mumkin. Balki, jamoa murabbiylari Tabatadzedan iroda ko‘rsatishini kutishgandir. Extimol, uchrashuv asosiy vaqtini durang bilan yakunlab tanaffus chog‘ida futbolchilar xolidan yaxshiroq xabardor bo‘lib keyin zaxira kuchlarini ishga solishni reja qilishgandir. Bunisi bizga qorong‘u. Bu narsa vaziyatga qay tomondan qarashga bog‘liq.

- Afsuski, millionlar o‘yinida eng keng muxokama qilinadigan va eng yoqimsiz holat kelishilgan o‘yinlar sanaladi. Tabiyki, siz faoliyat yuritib borgan davrlarda ham kelishilgan o‘yinlar quloqqa chalinib turgan. Shaxsan o‘zingiz xam shunday o‘yinlarga guvoh bo‘lganmisiz? O‘zi umuman bu kabi “o‘yinlar” qanday tashkillashtiriladi.

- Tan olaman, men faoliyat olib borgan paytlarda ham kelishilgan o‘yinlar tashkil qilingan. Lekin uning qanday tashkil qilinishi to‘g‘risida aniq bir narsa deya olmayman.

- Futboldagi g‘alaba va mag‘lubiyatdan keyin ko‘proq kimlarning huzuriga oshiqardingiz?

- Agarda g‘alaba qozonsak buni nishonlash uchun jamoadoshlarim bilan birga ovqatlanishga borardik. Mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsak, hech kimning ko‘ziga ko‘rinmay uyga ravona bo‘linardi va ikki uch kun muxlislardan yashirinib yurishga to‘g‘ri kelardi (kuladi).

- O‘z davrida milliy terma jamoamiz tarkibida ham ikki marta maydonga tushgansiz. Shulardan biri Tojikistonga qarshi kechgan va siz gol urgan edingiz. Umuman olganda Tojikiston bilan bog‘liq o‘sha mashhur ikki o‘yin yodingizdami?

- Xa albatta. Birinchi uchrashuvda safarda 4-0 hisobida mag‘lub bo‘lgandik. Javob uchrashuvi Toshkentda o‘tkazilishi kerak edi. Biz bazada istiqomat qilardik va o‘yinga bir kun qolganda terma jamoamiz raxbarlari oldiga yuqori lavozimda ishlaydigan amaldorlar birin-ketin kelib ketishardi va biz tushundikki ertasi kuni o‘yinni qanday qilib bo‘lsa ham yutib keyingi bosqichga chiqishimiz kerak edi. o‘yin ko‘ngildagidek kechdi va biz asosiy vaqtda 4-0 hisobida g‘alaba qozondik. Qo‘shimcha vaqtlar belgilanganda  men darvoza ortida chigalyozdi mashqlarni bajarayotgan edim behosdan murabbiylar meni chaqira boshlashdi avvaliga ishonmadim. Chunki u yerda maydonga tushishi mumkin bo‘lgan katta nomdagi hujumchilar ham bor edi. Murabbiylardan “menmi” degan ishoramga “ha sen” deb javob olgach ularni oldiga borib kerakli ko‘rsatmalarni oldim hamda maydonga tushgach gol urdim. U davrlarda “oltin gol” qoidasi amalda edi va qo‘shimcha bo‘limlarda kim birinchi bo‘lib gol ursa g‘alabani o‘sha jamoaga berib o‘yin to‘xtatilardi.

- Yigirmanchi asrning 90-yillardagi futbolchilarimiz bilan terma jamoamizning bugungi tarkibini solishtirib qanday xulosalar aytishingiz mumkin?

- Yo‘q, solishtirish noto‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman. Chunki, o‘sha davr u futbolchilarniki edi, hozirgisi hozirgilarniki. Demoqchimanki, xar bir davrni o‘z futboli va futbolchilari bo‘ladi. Masalan, Peleni davrini olaylik u davrda xuddi Peledan boshqa futbolchilar maydonda to‘p tepishni bilmaydiganga o‘xshardi. Keyin esa Maradona chiqdi. Uning davrida Maradonadan boshqalar xuddi maydonda piyoda yurganga o‘xshardi. Hozir bu ikkisi o‘sha davrdagi futbolni namoish etsa Ronaldu va Messi kabi cho‘qqiga chiqa olardimi yo‘qmi? Ko‘ryapsizmi, futbolda oldingisi va hozirgisini solishtirish imkonsiz narsa. 

***
ZAFAR MUSABOYEV, 48 yoshda

15 oktyabr 1975 yilda Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan.

"Sohibkor"  (1991 yil), "Suvchi" (Haqqulobod, 1993), "Navbahor" (1994-1999 yillarda, 85 ta o‘yin 38 gol), "Andijon"  (1999-2003, 88 ta o‘yin (32 gol) jamoalarida o‘ynagan.

Oliy ligada jami 173 uchrashuvda 70 ta gol (shundan 5 marta "xet-trik"ga erishgan) urishga sazovor bo‘lgan.

Olimpiya terma jamoasi (U23) (1995 yil, 1 (1), O‘zbekiston milliy terma jamoasi (1996, 2 (1) tarkibida ham to‘p surgan.

Yutuqlari: O‘zbekiston chempioni(1996), O‘zbekiston chempionati bronza medali( 1994, 1995, 1997, 1998 yillarda), O‘zbekiston kubogi egasi ( 1995, 1998).

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:34, 29.02.2024.
O'qildi: 788 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.