Kirish Ro'yxatdan o'tish

Alisher Nikimbayev: «Fayzullayevning istiqboli balandroq...»

Alisher Nikimbayev: «Fayzullayevning istiqboli balandroq...»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Qatar bir yildan ko‘proq vaqt ichida 2ta oliy darajali futbol turniriga mezbonlik qildi.

2022 yilning dekabr oyida jahon chempionatiga o‘z bag‘rini ochgan mitti mamlakat yaqinda Osiyo kubogi-2023ni ham qabul qildi. Hamyurtimiz Alisher Nikimbayev har ikki nufuzli turnirni tashkillashda bevosita ishtirok etdi. Uzoq muddat O‘FF (hozirgi O‘FA)da ishlagan, keyin OFK tizimiga o‘tgan tajribali mutaxassis 7 yildan buyon Qatarda istiqomat qilmoqda. U JCH-2022da ham, OK-2023da ham menejer sifatida har ikki turnir o‘yinlarini qabul qilgan 8ta stadionda tashkilotchilik uchun mas’ul bo‘ldi. Alisher Nikimbayev qit’a chempionati yakuni bo‘yicha Rossiya matbuotiga bergan intervyusida bir qator qiziqarli mavzularga to‘xtaldi:

* Eldor Shomurodovning jarohati Abbos Fayzullayevning O‘zbekiston terma jamoasida yetakchisi bo‘lishiga nechog‘li ta’sir qildi?

* Qatar nimaning hisobiga OK-2023da muxlislar tashrifi yuqori bo‘lishini ta’minladi?

* JCH va OK tashkilotchiligida qanday farq bor?

* Rossiya termasi Osiyo kubogida o‘ynaganida, qaysi bosqichga chiqishi mumkin edi?

* Qatar termasi 2024 yili nima uchun Rossiya milliy jamoasi bilan o‘ynamaydi?

«O‘zbekiston va  Tojikistonga metodikalar yetib keldi, murabbiylik takomillashmoqda»

- Abbos Fayzullayev deylik, Shomurodov darajasidan o‘ta oladimi?

- Rossiyaga Eldordan ancha yoshroq vaqti ketganini hisobga olsak, ha. Shomurodov o‘rta chiziqqa qaram hujumchi, Abbosda ijodkorlik kuchli, ko‘p narsani o‘zi uddalay oladi. Menimcha, Fayzullayevning istiqboli balandroq. Shomurodov mehnatsevarligi va matonati bilan yaxshi. U o‘z avlodining eng iqtidorli futbolchisi emasdi, lekin ko‘proq yutuqlarga erishdi. Ha, hammasi Abbosning o‘yinchilik fazilatlarigagina bog‘liq emas, lekin umid qilamanki, unda katta faoliyat uchun hammasi mujassam.

- Shomurodovning yo‘qligi OK-2023ga katta ta’sir qildimi?

- Ha, jamoa hujumda xavfli bo‘lolmadi. Oldindagi xilma-xillik yo‘qoldi, qolaversa, hujumchisiz o‘ynaldi. Natijada butunlay boshqacha O‘zbekiston termasini ko‘rdik, boz ustiga, yana bir hujumchi Igor Sergeev tuzukroq o‘ynashga ulgurmay, safdan chiqdi. Chinakamiga turtib, kurashadigan hujumchiga ehtiyoj sezilgan asosiy bahs­larda oldingi chiziqda yarim himoyachilar harakatlanishdi.

- Rossiyada ko‘pchilik haligacha O‘runovni kuzatmoqda. U umidni oqlolmadimi?

- Shomurodov yo‘qligi tufayli umidlar ham boshqacha bo‘ldi. Ya’ni yigitlarning maydondagi rollari o‘zgardi hujumchi yo‘qligi ortidan. Ha, Oston umidni oqlamadi, lekin ranjitmadi ham. Yanada ko‘proq harakat qilib, yaxshiroq o‘ynashi mumkin edi. Osiyo kubogi har 4 yilda o‘tkaziladi va hamma buni intiqlik bilan kutadi. Demakki, futbolchilardan oddiy o‘yindagiga nisbatan ko‘prog‘ini kutishadi. O‘runov esa kattalashgan umidni oqlolmadi. Ammo uning darajasi shu. Mana, endi Eron chempionatiga yo‘l oldi, futbolchini u yerda ham bir ko‘raylik-chi...

- Ko‘pchilik tojik va o‘zbek futbolchilari so‘nggi yillar ancha o‘sishganini qayd etyapti. Bu nima bilan bog‘liq?

- Har ikki mamlakatda metodikalar paydo bo‘la boshladi. O‘zbekiston va Tojikis­tonda futbol eng ommaviy sport turi bo‘lib, inson resursi har doim yetarli. Bolalar futbol bilan shug‘ullanishni xohlashadi, lekin ko‘pincha murabbiylarning sifatsiz uslublari tufayli ko‘pchilik yarim yo‘lda to‘xtab qolardi. Hozir bu yo‘nalish asta-sekin izga tushmoqda, murabbiylar saviyasi yaxshilanmoqda. Har ikki mamlakatda yoshlar darajasida porlagan, lekin keyin birdan qayergadir g‘oyib bo‘lgan futbolchilar yetarli. Endi nihoyat, muvozanat topilgandek.

- O‘zbek futbolida yaqin orada chetga chiqishi mumkin iqtidorlar bormi?

- 1 yilcha oldin Fayzullayevni hech kim tanimasdi, bugun esa u Rossiyada mashhur futbolchi. Ko‘plab salohiyatli yigitlar bor, faqat ular bilan shug‘ullanish, tarbiyalash kerak.

 

«JCH-2022 chiptalari FIFA saytida sotilgan. OFK esa OK-2023 chiptalari sotuviga aralashmadi»

- OK-2023 finaliga 80 ming dona chipta sotildi. JCHdan keyin Osiyo kubogiga qiziqish darajasi qay yo‘sinda yuqori saviyada saqlab qolindi?

- Ko‘p omillar bir-biriga mos tushdi. Birinchidan, 1 yilcha avval Qatarning JCHga mezbonlik qilgani. JCHni qabul qilgan mamlakatning darhol Osiyo kubogiga ham o‘z bag‘rini ochishi oldin kuzatilmagandi. Osiyoda katta stadionlar kam, lekin Qatarda 8ta bor, yana bitta shaharda. Misol uchun, navbatdagi turnir Saudiya Arabistoniga berilgan. U yerda bitta yarim finalni bevosita tomosha qilgan kishi ikkinchisini ko‘rolmaydi, chunki o‘yinlar turli shaharlarda bo‘ladi. Qatarda esa odamlar tom ma’noda har kuni turli o‘yinlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shu tufayli ham tomoshabinlar soni ko‘paydi. Qatar aholisining atigi 10 foizini mahalliy odamlar tashkil etishadi, qolgan 90 foizi diasporalar vakillari. Yana bir omil shundaki, Qatarga uchish juda oson. Iroq, Tojikiston va Iordaniyadan charter reys bilan uchishdi. J.Koreya va Avs­traliya termalari o‘rtasidagi uchrashuvga mahalliy muxlislar ham tashrif buyurishdi. Shu tariqa chiptalar sotuvi va tashrif bo‘yicha imkoni bor barcha rekordlar yangilandi. Qiziqishning asosiy omili - jahon chempionatidan keyingi turnir, albatta. Diasporalar vakillari o‘z jamoalarini qo‘llashda ajralib turishdi. Muhit bor edi, hatto betaraf muxlislar ham futbol tomoshasiga oshiqishdi.

- Qatar finaldagi g‘alabani dabdabali nishonlamadi, xususan, muxlislar stadionda jim o‘tirishdi. Bu mamlakat uchun normal holatmi?

- Xalqlar mentaliteti turlicha. Umuman, Qatarda Yevropadagi kabi fanatizmni biror marta sezmaganman.

- Qatar termasi o‘z maydonida zafar quchdi. Bu mahalliy aholi uchun nimani anglatadi? Mamlakatda g‘alaba kutishganmidi?

- Turnir boshlanishi arafasida g‘alabaga uncha umid bog‘lashmagan, uzog‘i bilan yarim finalni kutishgandi. Amalda hammasi chiroyli chiqdi. Mamlakatda bu yutuq ancha shov-shuvli tarzda nishonlandi. Xalq sayllariga mo‘ljallangan alohida joy bor, finaldan keyin u yerda katta tirbandlik yuzaga keldi. Aslida boshqa yo‘nalishda ketayotgandim, lekin tirbandlikka tushib qoldim, baribir.

- JCH-2022ning tashkiliy ishlari bilan solishtirganda, Osiyo kubogida qanday farqli jihatlar bo‘ldi?

- Bular ikki tashkilot - FIFA va OFK tomonidan o‘tkaziladigan butunlay bosh­qa-boshqa turnirlar. Hozir barcha tafsilotlar haqida gapirmayman, lekin ishoning, tashkilotchilikda katta farq bor. Yo‘q, biri yomonroq, ikkinchisi yaxshiroq emas. Shunchaki, turlicha yondashuv bor. Oddiy misol, JCH-2022ga naq 10 yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi, OK-2023ga esa atigi 1 yil, hatto kamroq ham.

- Tashkilotchilik nimasi bilan farqlandi, baribir?

- Tabiiyki, JCHda talablar yuqoriroq, ammo bu qiyinroq ekanligini anglatmaydi. Aynan talablar boshqacha bo‘lgani uchun moslashishimizga to‘g‘ri keldi. FIFA va OFK turli jihatlarga e’tibor qaratadi, har ikkisining o‘ziga xos ish uslubi bor. Amerikadagi KONKAKAF «Oltin kubogi»da ikki marta bo‘ldim, u yerda mahalliy tashkiliy qo‘mita yo‘q. Bu yaxshi yoki yomonligini aytolmayman, har kimning ish uslubi turlicha. Mohiyatan dunyodagi barcha tashkilotlar taxminan bir xil turnirlarni o‘tkazadi, ammo yondashuv turlicha. Bunda har kimning o‘z asoslari bor, chunki hammamiz turli sharoitlarda ishlaymiz.

- Aniq biror misol keltira olasizmi?

- Eng oddiysini aytaman: JCH o‘yinlari chiptalari sotuvi FIFA sayti orqali amalga oshirildi, tashkilot jarayonni to‘liq nazorat qildi. Osiyo kubogi chiptalari sotuviga esa mahalliy tashkiliy qo‘mita mas’ul edi. OFK chiptalar savdosiga umuman aralashmadi.

- Agar turnirning o‘zida ishlash haqida gapirsak...

- FIFA Qatarda o‘tgan JCHdan e’tiboran mahalliy tashkiliy qo‘mita g‘oyasidan voz kechdi. Endi odamlar yonma-yon ishlaydigan qo‘shma korxona yaratilmoqda. Qatarda xuddi shunday bo‘ldi. Hozir Shimoliy Amerikada tizim shunday yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi JCHda ham shunga amal qilinadi. Osiyoga kelsak, OFK va mahalliy tashkiliy qo‘mita bor. Ular birga ishlaydi, lekin rasmiy ravishda  ikki butunlay boshqa yuridik tashkilot hisoblanadi. FIFA kimni ishga olishni ham nazorat qiladi, OFK esa yo‘q. Shuning o‘zidan xulosa chiqarishingiz mumkin.

«Mehmonxonalar bo‘yicha Osiyo kubogida qiyinchilik sezilmadi...»

- Osiyo kubogi tashkiliy qo‘mitasida qancha kishi ishladi?

- 1000 nafardan ortiq, chunki stadionlar va funksiyalar ko‘p edi.

- Shaxsan siz nima bilan shug‘ullandingiz?

- Musobaqani tashkillash va o‘tkazish masalalari bilan. Aniqrog‘i, bizning bo‘lim jamoalar bilan ish olib bordi: futbolchilarni kutib olish, mashg‘ulotlar jarayonini tashkil etish. Yana stadionlar ichida ham jamoalar bilan ishladik. Misol uchun, mehmonxonalarni jamoalarning o‘zi tanladi, biz esa yashash joyidan kelib chiqib, ularga yaqin atrofdagi mashg‘ulotlar maydonini tavsiya etdik. 

- Germaniya termasi JCH vaqti kiyinish xonasida stol bezatishni talab qilganini aytgan edingiz. Shunga o‘xshash so‘rovlar yangradimi?

- Yo‘q, lekin ba’zi jamoalar darhol ovqatlanish uchun o‘yin yakunlanishi bilan kiyinish xonasiga taom olib kirdi. 

- Taom olib kirish taqiqlangan emasmi?

- Operasion cheklovlar mavjud: stadionda iste’mol qilinadigan ovqat sifat standart­lariga javob berishi kerak. Xohlagan taomni olib kelolmaysiz, shunchaki, nazorat punktida ruxsat berilmaydi. Xudo ko‘rsatmasin, birov zaharlansa, kim javob beradi? Aytgancha, JCHda taom olib kirish taqiqlangan edi, Osiyo kubogida esa yo‘q. Chunki futbolchilarga qayerdan ovqat olib kelishlarini bilardik.

- Osiyo kubogida noodatiy vaziyatlar ham kuzatildimi?

- Qandaydir g‘ayritabiiy holat uchramadi, chunki jamoa­lar JCHdagi kabi murakkab emasdi. Hammasi standart. 

- JCH-2022da konteyner-mehmonxonalar va muxlislar uchun joy yo‘qligi haqida ko‘p gapirildi. Osiyo kubogida bu osonroq bo‘ldimi?

- Albatta, chunki mundialdagi kabi oqim sezilmadi. Suv sporti bo‘yicha jahon chempionati Osiyo kubogi bilan bir vaqtda o‘tkazilganini ham e’tiborga olish kerak. 2024 yilning yanvar oyida Qatarga sayyohlar oqimi bo‘yicha rekord o‘rnatilganini eshitdim. To‘g‘ri, ko‘plab sayyohlar uzoq vaqt qolishmadi. JCH payti esa xorijliklar Qatarda ancha uzoq yashagandilar. Qisqasi, bu safar hech kim vagonchalarda yashamadi.

- Mehmonxonalarda narx oshdimi?

- Hozir Qatarda sayyohlik mavsumi, shuning uchun baholar yuqori. Yozda tushadi, chunki havo juda issiq bo‘ladi.

Davomi gazetamizning keyingi sonlarida.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:38, 16.03.2024.
O'qildi: 1311 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.