«Bavariya»ning afsonaviy darvozaboni Zepp Mayer 28 fevral kuni 80 yillik yubileyini qarshi oldi
E’tiborlisi, u shu xursandchilik vaqti jamoaning amaldagi kiperi Manuel Noyer bilan birga o‘tirib, kecha, bugun va ertangi kun haqida rosa chaqchaqlashdi. «Bavariya» rasmiy sayti jurnalisti esa bunday qulay fursatdan foydalanib, o‘tmish va bugungi kun qahramonlarini sinxron ravishda suhbatga tortdi.
- Zepp, Zebenershtrassedagi hozirgi shart-sharoitlarni ko‘rganingizda, biroz hasad qilasizmi?
Zepp Mayer: - O, vaqtida darvoza hududini o‘zim belkurak bilan qordan tozalardim, maroqli mashg‘ulot... Qishda ba’zan yer muzlab, o‘ta qattiq bo‘lib qolardi. O‘sha payt «Bavariya» tizimida xokkey jamoasi ham bor edi. Esimda, xokkey darvozaboni jihozlari bilan mashg‘ulot o‘tashimga ham to‘g‘ri kelardi. Menga eng yoqmagani - tizza va tirsak yostiqchalari. Nihoyatda dag‘al matohdan ishlangan shu himoya vositalarini butun hafta davomidagi mashg‘ulotlarda taqib olishga majbur bo‘lardim. Yoqimli tomoni, o‘yin vaqti yostiqchalarsiz o‘zimni xuddi pat kabi yengil his etardim.
- Manuel, Zepp Mayerning o‘yinlari bilan nechog‘li tanishsiz?
Noyer: - Tabiiyki, o‘yinlarini ko‘rmaganman, lekin ko‘plab klassik chiqishlarini videoto‘plamlardan yaxshi bilaman. Shuning barobarida Zeppning darvozabonlar murabbiyi sifatidagi uslublari men uchun ikkinchi manbaga aylandi keyinchalik. Ya’ni bolaligimda Mayer yozgan kitobni ko‘p marta o‘qib chiqqanman. Unda turli mashqlar ko‘rsatilgan. Xullas, o‘sha kitobni hamisha yonimda olib yurardim. Otam ham meni ko‘pincha shu kitobda ko‘rsatilgan mashqlar asosida shug‘ullantirardi. Ayniqsa, yosh kiperlar uchun juda kerakli manba, unga qarab, darvozabonlikning birinchi sirlarini o‘rganasiz, misol uchun, to‘pga qanday tashlanish va to‘g‘ri yiqilishni.
Mayer: - Darvozabonlar murabbiyi rolida hamisha mashg‘ulotlarda xilma-xillikni imkon qadar oshirishga intilardim. Zero, o‘zim vaqtida bunday tarzda shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lmaganman. O‘sha vaqt bosh murabbiy shunchaki, navbatdagi mashg‘ulotdan yarim soatcha oldin kelishim kerakligini aytardi. Ba’zan esa jamoaviy mashg‘ulotdan keyin yana yarim soat qolishimizni so‘rardi. Keyin oddiy dastur bo‘yicha ishlardim - 100 metrga sprint, fitnes-mashg‘ulotlar... Tamom.
Noyer: - Yo‘q, bunaqasi bizning zamonga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Mayer: - Shunday. Chorak soat davomida faqat o‘ng tarafga tashlan, keyin chap tomonga, so‘ngra 20 marta qarsak chalgan holda yuqori va pastga sakra. Albatta, bunaqasi hozir aslo yordam bermaydi. 1984 yili «Bavariya»da, 1988 yildan terma jamoada darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlaganimda, hammasi qiziqarli tus olishini ta’minlashga chog‘landim. Axir bitta oddiy mashqni 30 marta beparvo bajarishdan ko‘ra, 5-6 marta diqqat bilan qaytarish yaxshiroq. Deylik, muayyan o‘yin davomida darvozangga 30 marta bir xil zarba berishmaydi. Murabbiylik faoliyatimning xotimasiga kelib, shaxsiy dasturimda 146 xil mashq bor edi. Oliver Kan hatto 90 daqiqalik mashg‘ulotdan so‘ng yelka qisardi: «Nega buncha erta yakunladik?» O‘zi hech qachon sport zalida ishlash ixlosmandi bo‘lmaganman. Trinajyor faqat jismoniy tiklanish payti yoki jarohat davrida foydali. Darvozabon uchun esa eng muhimi - sakrovchanlik va moslashuvchanlik.
- Manu, Zeppning innovasion uslublari qanchalik muhim?
Noyer: - Bir umrga tatigulik yutuq, bunga shubha yo‘q. Zepp hammamiz uchun ajoyib namuna, albatta. Xoh Oliver Kan yoki meni shug‘ullantirgan darvozabonlar murabbiylariga, xoh boshqa ampluadoshlarimga. Uning dasturi tizimli va barchasi aniq ko‘rsatilgan. Tan olish kerak, bunaqasi ilgari mavjud emasdi.
- Zepp, ko‘pchilik Manuel zamonaviy darvozabonlar o‘yinida inqilob yaratganini aytadi. Bunga nima deysiz?
Mayer: - Ha, Manuel - oldinga ko‘tarilish va oyoq bilan o‘ynashni odatiy holga aylantirgan birinchi kiper. Asosiysi, u har doim harakatda va bu ishni yaxshi bajaradi. Ishonchim komil, Noyer bunday texnik salohiyati bilan «Bavariya» hujumida ham bemalol to‘p surishi mumkin. Bugungi kunda darvozabonlar xuddi maydon futbolchilari kabi har ikki oyoqda birdek o‘ynashlari kerak, aks holda, yuqori darajaga chiqolmaydilar. Bizning davrda esa oyoq bilan o‘ynashga hojat yo‘q edi, chunki orqaga uzatmadan keyin ham to‘pni bemalol qo‘lga olardik. Shaxsiy fikrimcha, shu qoidaning bekor qilingani darvozabon o‘yinini tubdan o‘zgartirdi. Ya’ni kiperlar oldida butunlay boshqacha vazifalar paydo bo‘ldi.
- Darvozabonlikda o‘ziga ishonch va jasoratning o‘rni qanday?
Noyer: - Xarizma hal qiluvchi omil, albatta. Axir kiper oxirgi nuqta egasi, u hamisha jamoani sug‘urtalashga majbur. Shunday ekan, raqibni dadil qarshi olish kerak: «To‘xta, mendan o‘tib ketishing mumkin emas!» Darvozabon o‘zini oxirgi najotkordek his etishi shart, aks holda, bu pozisiya uning uchun emas.
Mayer: - Avvalo, maydonda raqibni senga hurmat bilan qarashini ta’minlashing kerak. Agar u senga qarshi 20 metrdan harakat qilishga hojat yo‘qligini bilsa, unda har bir hujum xavfli tus oladi. Shuningdek, darvozabon uchun qo‘rquv hissi mutlaqo ortiqcha. Esimda, qaysi hujumchidan cho‘chishimni so‘rashsa, bunaqasi yo‘qligini aytardim. Chunki qo‘rquv uyg‘otadigan yagona hujumchi - Gerd Myuller bizda o‘ynardi.
- Zepp, Bundesligada qatorasiga 442ta o‘yin o‘tkazgansiz - qoyilmaqom seriya. Maydonning bir nuqtasida turaverish zeriktirmaganmi?
Mayer: - Ochig‘i, seriya haqida hech nima bilmaganman. Faqat jurnalist ketma-ket 400ta o‘yin sharofati bilan «Olimpiya» stadionida intervyu berishim va suratga tushishim kerakligini aytganida, seriyadan xabar topgandim. Bitta holatni juda yaxshi eslayman, 1979 yili sodir bo‘lgan avtohalokatdan so‘ng «Tez yordam» mashinasida tibbiyot xodimlariga darhol bor gapni aytgandim: «Shu dam olish kunlari safga qaytishim shart, aks holda, seriyam uziladi».
- Qatorasiga 13 yil tinimsiz o‘ynash! Manu, bu qanday eshitiladi?
Noyer: - Ochig‘i, Zepp buni qanday uddalaganini tasavvur qilish ham ilojsiz. Myunxen klubiga 2011 yili qo‘shilganman. Demak, 13 yil bo‘libdi. Yo‘q, shuncha vaqt tinimsiz ravishda maydonga tushish aqlga sig‘maydi...
Mayer: - Faoliyatim davomida faqat bir marta jarohatlanganman: 1965 yili Uve Zeeler Gamburgdagi o‘yin payti tizzasi bilan qovurg‘amni sindirgandi. O‘sha payt futbolchi almashtirish qoidasi yo‘q edi va darvozada o‘rnimni Gerd Myuller egallagan. Men esa darvoza ortida muolaja olish barobarida unga ko‘rsatma berib turgandim: «Qara, u yerga chop, tashlan...». Gamburgliklar imkon tug‘ilganini his qilishdi, ayniqsa, Sharli Dyorfel birin-ketin zambarak otdi. Gerd esa hujumchi sifatida zarbalardan keyin to‘p qanday yo‘nalish olishini bilardi va uni mushtlari bilan qaytardi. Shifokorimiz bu orada menga bir nechta ukol urdi, tishlarimni g‘ijirlatdim va keyin davom ettirdik...
M.PO‘LATOV tayyorladi