Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tanib oling, Sofyan Rahimiy!

Tanib oling, Sofyan Rahimiy!

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Yangiliklar

Xabaringiz bo‘lsa, Parij Olimpiadasida bo‘lajak chempionga imkoniyatni boy berib, finalga chiqa olmagan Marokash terma jamoasi mag‘lubiyat alamini qit’adoshi Misrdan olgan (6:0) va bronza medallari sohibiga aylangandi.

Bu bejiz emas, albatta. Uning tarkibida Hakimiy, Ezzalzui, Akomach va al Xannus kabi mashhur yulduzlar to‘p surishadi. Biroq bizga tarkibdagi o‘yinchilar orasida 28 yoshli markaziy hujumchi Sofyan Rahimiy jamoadoshlariga nisbatan qiziqarliroq ko‘rindi. Axir u nufuzli musobaqani eng yaxshi to‘purar maqomida yakunladi (8ta gol). Olimpiadaga qadar u ko‘pchilikka tanish bo‘lmasada, e’tiborga molik ajoyib fazilatlar sohibi.

Umuman olganda, Sofyan Rahimiy marokashlik futbolchiga anchayin xos bo‘lmagan hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Yo‘q, u Hakimiy yoki Akomach kabi Yevropadagi migrantlar oilasida tug‘ilmagan, u yerdagi top-akademiyalarda tahsil olgan ham emas. Hammasi mamlakatning eng yirik shahri va futbol markazi hisoblangan Kasablankada boshlandi. U aynan shu maskanda dunyoga kelib, shu yerda ulg‘aydi. Bundan tash­qari, uning uyi Marokash futbolining grandi bo‘lgan «Raja Kasablanka» klubi bazasi yonida bo‘lib, atasi aynan shu yerda murabbiy edi. Sofyan otasi tufayli akademiyada saboq olib, yakunda U-23 jamoasidan joy oldi. Asosiy jamoadagi faoliyatini esa 2018G‘19 yillar mavsumida milliy chempionatdagi o‘yin bilan boshlagan: boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 50 daqiqa o‘ynagan, hatto gol urishga ham ulgurgan. U tez orada asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib, 3 yil ichida Marokash chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi, 2 marta AFK Kubogi turnirida g‘olib chiqdi.

Aynan Rahimiy jamoaning asosiy qudrati va yetakchi hujumchisi maqomida ko‘plab xorijiy klublar, jumladan, Italiya jamoalarining e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Saviya borasida «Raja»dan o‘zib ketgan futbolchi Yevropaga ketishni istagan bo‘lsada, bunga erisha olmadi va BAAning «Al-Ayn» klubini tanladi. «Al-Ayn» amirliklar chempionatining yetakchi klublaridan biri bo‘lgani sababli, Sofyan sermahsullik borasida muammoga duch kelmadi. 107ta uchrashuvda u yangi jamoasini 46ta gol va 39ta assist bilan siylab, yakunda chempionlik va liga kubogi sovrinlariga sazovor bo‘ldi. Biroq uning biografiyasidagi eng qiziq voqea bu emas.

O‘tgan mavsumda «Al-Ayn» tarkibi va o‘yin saviyasi bo‘yicha eng kuchli jamoa bo‘lmagan holda OCHLda zafar quchgandi. Yodingizda bo‘lsa, o‘shanda Saudiya Arabistonida chinakam shov-shuv ko‘tarilgan, kamtarin «Al-Ayn» tarkibini Ronaldu, Mane, Telles, Otavio va Brozovichlar bilan kuchaytirgan «An-Nasr» yoki o‘z safiga Malkom, Kulibali, Milinkovich-Savich kabi afsonalarni jamlagan «Al-Hilol» qarshisida favorit maqomiga da’vogar bo‘lolmasdi.

Biroq Sofyan Rahimiy barcha taxminlarni puchga chiqardi va Ernan Krespo rahbarligidagi jamoaning sensasion g‘alabasida bosh rolni ijro etdi. Ha, argentinalik afsona «Al-Ayn»ning bosh murabbiyi. Qiziqarli fakt: Krespo - Rahimining bolalikdagi kumiri.

Avvaliga Sofyan dastlabki bellashuvda «An-Nasr» darvozasiga g‘alaba keltiruvchi yagona golini urdi, javob uchrashuvida esa dublga erishdi va penaltilar seriyasida keyingi bosqich yo‘llanmasini o‘z jamoasiga olib berdi.

Yarim finaldagi raqib yanada kuchliroq jamoa - o‘sha o‘yinga qadar qatorasiga 34ta uchrashuvda g‘alaba qozongan «Al-Hilol» edi. Ko‘pchilik g‘alabali seriyaning davom etishini taxmin qilgandi. Biroq bu fikrni qat’iyan rad etdi - dastlabki bellashuvda xet-trik va 2 uchrashuv natijasiga ko‘ra 5:4 hisobidagi g‘alaba «Al-Ayn»ni finalga olib chiqdi. Navbatdagi favorit esa turnirni tark etishga majbur bo‘ldi.

G‘olibni aniqlab beradigan hal qiluvchi bahsda amirliklar jamoasidan Yaponiyaning Gari Kyuell rahbarligidagi «Yokogama F-Marinos» klubi qarshiligini sindirish talab etilardi. Lekin safardagi o‘yinda muammolar yuzaga keldi: Yaponiyada Rahimi gol ura olmadi, «Al-Ayn» 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatini tan oldi. Javob uchrashuvida vaziyat tubdan o‘zgardi: amirliklar «Yokogama»ni shunchaki, yanchib tashladi - 5:1. Sofyandan esa dubl, assist va halol ishlangan penalti.

Umuman o‘sha turnirda marokashlik mergan 13ta o‘yinda 13ta gol urdi va jamoaning yetakchisi ekanligini isbotladi. U muntazam ravishda himoya chizig‘ini nazorat qilib, to‘plarni ilib olish payida bo‘ldi va albatta, tezkor reydlarni ham unutmadi. Rahimiydagi tezlik va sovuqqonlik ayniqsa, jamoaning qarshi hujum taktikasida qo‘l keladi. Risoladagidek dribling sohibi ekanligi esa chap qanotda ham samarali to‘p surish imkoniyatini beradi. Qo‘shimchasiga, Sofyan o‘ta mohir penaltist - «nuqta»dan zarba yo‘llash bobida xatoga deyarli yo‘l qo‘ymaydi.

Rahimiyning Marokash terma jamoasidagi o‘yinlari hozircha klubdagidek sermahsul emas. Garchi u 2021 yilda o‘z debyutini nishonlagan bo‘lsada, shu paytgacha yirik musobaqalarda maydonga tushgani yo‘q. To‘g‘ri, oldingi chiziqning markazi al Nosiri tasarrufida, chap qanotda esa Bufal hukmronlik qilmoqda. Yaqinda Sofyanni yana jalb etishdi va u 2ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Qizig‘i, shundaki, mutasaddilarda Rahimiyni Olimpiya tema jamoasiga jalb etish rejasi ham yo‘q edi, ular Braim Diasni afzal ko‘rishgandi. Biroq Florentino Peres uni qo‘yib yubormadi.

Ta’kidlash joizki, don Florentinoning qarori marokashlik olimpiyachilar, ayniqsa, Sofyan Rahimi uchun ayni muddao bo‘ldi. Jamoa Parijdan bronza medallari bilan qaytdi, qahramonimiz esa eng yaxshi to‘purar unvonini ham qo‘lga kiritdi.

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 23.08.2024.
O'qildi: 2268 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.