2024 yilgi futbol mavsumi G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi uchun ham omadli bo‘ldi.
Jamoa Pro-Ligada muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘tish o‘yinida zafar quchdi. Bu esa 7 yillik tanaffusdan so‘ng jamoaga Superliga eshiklarini ochdi. Muxbirimiz «Sho‘rtan» bosh murabbiyi Anvar Berdiyev bilan ana shu xususda suhbatlashdi.
- Anvar Berdiyevning yo‘li Superligaga chiqish uchun «Turon», «Istiqlol» jamoalariga ham kesishgani rost. E’tiborlisi, bu «Sho‘rtan»da o‘zining amaliy natijasini berdi. Ana shu muvaffaqiyat, dadil qadam bilan tabrigimizni qabul qiling.
- Rahmat, o‘zing tug‘ilib o‘sgan maskanda yutuqqa erishishning gashti bo‘lakcha bo‘lar ekan. «Sho‘rtan» rahbariyatining taklifi bilan bu yerda ish boshlash baxti menga ana shunday qutlug‘ qadamni keltirdi. Bundan behad xursandman.
- G‘uzor futbolining ham o‘z an’anasi bor. Bu futbol fidoiysi va tashkilotchisi Shamil Yarullin kelganidan so‘ng o‘zgacha ko‘rinish oldi.
- Nimasini aytasiz, Shamil Samigulovich haqiqiy futbol tashkilotchisi. O‘ziga xos bilim va tajribaga ega mutaxassis, desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. U kishining «Nasaf»dagi faoliyati ham tahsinga loyiq. Qisqa muddatda barcha ishni joy-joyiga qo‘yish, akademiya tashkil etib, iqtidorlarni saralash, ularni «charm to‘p»ga oshno qilish qobiliyatiga tan bermasdan iloj yo‘q. Eng avvalo, klubning oddiy xizmatchisidan tortib, futbolchi-murabbiylarning har bir murojaatiga quloq tutishi barchada kasbga bo‘lgan mehrni oshirdi. Texnik direktor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Nurali Sultonovning ham bu boradagi faoliyati maqtovga sazovor. Qayerda odamlarni rozi qilish hissi kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda yutuqqa yutuq qo‘shilishi bejiz emas ekan.
- «Sho‘rtan»ni oldinga yetaklash oson kechmadi. Buning mashaqqatini qanday ta’riflaysiz?
- Har bir ishning mashaqqati bor. Bu mehnatni talab etadi. Intilishimiz, astoydil olib borgan keng ko‘lamli ishlarimiz besamar ketmadi. Tanlagan yo‘limizni isbotlab berdi. Barcha mashaqqatlarni birgalikda bosib o‘tdik. Futbol jamoasidagi barchaning orzusi, ko‘p sonli g‘uzorlik muxlislarning maqsadi amalga oshganidan mamnunmiz.
- Jamoani yangidan shakllantirishda nimalarga e’tibor qaratdingiz?
- Asosiysi, mahalliy futbolchilarga suyandik. Jamoamizda legionerlar yo‘q edi. Bundan tashqari Qashqadaryo futbolida toblangan yigitlarning yashil maydondagi mardonavor harakati qo‘l keldi.
- Davralar oralig‘idagi natijalardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Qaysi davra o‘yinlaridan qoniqish hosil qildingiz-u, sizni qanoatlantirmagan o‘yinlar ham bo‘ldimi? Ana shu kamchiliklarni bartaraf etishda nimalarga e’tibor qaratdingiz?
- Pro-Liga o‘yinlari 4 davrada o‘tdi. 1-2-davralarda «Buxoro» va «Mash’al»da 26, bizda esa 24 ochko bor edi. 4-davrada o‘yinimiz pasaydi. 4 nafar futbolchimiz sariq kartochka oldi. Jasur O‘rinov va Shukurali Po‘latov jarohatlari tufayli yordam bera olishmadi. Shunga qaramasdan yagona maqsad yo‘lida oldinga intildik. Garchi, turnir jadvalida 4-o‘rinda bo‘lsakda o‘tish o‘yinida «Olimpik»ni kichik hisobda mag‘lubiyatga uchratib, kuchlar safiga yo‘l oldik.
- Superliga Pro-Ligadan keskin farq qiladi. Kuchlilar safida to‘p tepish oson emas. Tarkibni takomillashtirish, qishki o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazishda nimalarga e’tibor berish kerak deb o‘ylaysiz?
- Ancha yildan buyon futbol ichidamiz. Birinchi o‘rinda jismoniy holatga e’tibor berish kerak. Asosiy maqsadlarimizdan yana biri tarkibni takomillashtirish talab etiladi. Bu yo‘lda bilim va tajribamizni ishga solamiz. Reja bo‘yicha ishlaymiz. «Sho‘rtan», albatta yaxshi jamoa bo‘ladi.
- Anvar Berdiyev ham hamkasblari singari farzandlarini ortidan yetaklayaptimi?
- Uch nafar o‘g‘lim bor. To‘ng‘ichi Amirbek 15 yoshda. Hozirgi kunda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan futbol maktabiga qatnayapti. 14 yoshli Azizbek, 11 yoshli Anzurbek «Odil Junior» futbol maktabi o‘quvchilari. Albatta, ulardan umidim katta. Kelajakda yaxshi futbolchi bo‘lishi niyatidaman. Eng asosiysi, odob-axloqda munosib voris bo‘lishidan umidvorman.
- Futbolimizda og‘riqli nuqta - bu hujumchi masalasi. Sizning davringizda Ja’far Irismetov, Zafar Xolmurodov, Baxtiyor Hamidullayev, Umid Isoqov singari to‘purarlar bo‘lgan. Hozirgi kunda ularning izdoshlari yaqqol ko‘rinmayapti. Buni nima bilan izohlaysiz?
- Bizda yaxshi hujumchilar bor. Eng asosiysi, ularga erkinlik berish kerak. O‘z ustida ishlashda charchash, toliqish nimaligini bilmasligi lozim. Shuningdek, yutuqlardan havolanib ketish ham bu borada pand berishi tabiiy. Umid qilamizki, yaqin kelajakda joylardagi futbol akademiyalarida tarbiyalanilayotgan yoshlar orasidan mohir hujumchilarning katta avlodi yetishib chiqadi. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Fursatdan foydalanib, sizni va siz orqali jamoani hamda ko‘p sonli muxlislarni yangi 2025 yil bilan chin yurakdan qutlaymiz. Yangi yil tinchlik, tan sihatlik, futbolimizda ham omadli yil bo‘lsin.
- Rahmat, futbolimiz yanada ravnaq topsin. Milliy terma jamoamiz mundialga yo‘l olsin. Baxtli kunlarni ko‘rib, baxtiyor bo‘lib yashaylik.
DARVOQE...
So‘nggi kunlarda «Sho‘rtan» bosh murabbiyi Anvar Berdiyevning klubdan ketishi haqida turli xabarlar paydo bo‘ldi. Championat.asia sayti G‘uzor klubi bosh direktori Shamil Yarulin bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi:
«Anvar Berdiyev juda yaxshi murabbiy va juda yaxshi inson. U bilan birga jamoamiz yana Superligaga qayta olganidan xursand bo‘ldik. Ayni paytda Berdiyev Pro lisenziyasiga o‘qimoqda va o‘z bilimini yanada kuchaytirmoqda. Biroq Superligada «Sho‘rtan»ni tajribaliroq murabbiy boshqarishi kerak deb hisobladik. Anvar bilan bu borada gaplashib oldik va uni klubimiz tizimida qoldirishga qaror qildik. U agar klubda qolsa, murabbiy sifatida yanada o‘sardi va bizga ham yordami tekkan bo‘lardi. Hozirga qadar hech qaysi murabbiy bilan kelishuvga erishganimiz yo‘q. Bir narsani ta’kidlash kerakki, «Sho‘rtan» klubida Superliga grandlaridek katta smeta yo‘q. Shu sabab xorijlik murabbiy variantini o‘ylamayapmiz ham. Mahalliy, nimanidir isbotlashga harakat qilayotgan murabbiy bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Asror Aliqulovmi? To‘g‘risi u bilan bu borada gaplashganimiz yo‘q. Bundan tashqari Aliqulov «Mash’al» bilan Superligaga chiqdi va menimcha Muborakda qolsa kerak».
Husan TEMIROV suhbatlashdi