«Chelsi» bosh murabbiyi Liam Rosenyor Premyer-liga doirasida «Lids» bilan o‘yinda qo‘ldan boy berilgan g‘alaba (2:2) haqida fikr bildirdi.
«Ko‘klar» Joao Pedro va Koul Palmerning 24 va 58-daqiqalarda kiritgan gollari evaziga 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi. Mehmonlar 67 va 73-daqiqalarda Lukas Nmecha hamda Noa Okaforning sa’y-harakatlari bilan muvozanatni tiklashdi.
«Hamma narsa olti daqiqa ichida sodir bo‘lgan ikkita vaziyat tufayli hal bo‘ldi. Biz g‘alaba qozonishimiz shart edi, lekin aynan shu ikki epizod sababli ikki ochko yo‘qotdik. Biz «Lids»ga durang sovg‘a qildik.
Futbolda, agar hal qiluvchi vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘ysangiz, har qanday voqea sodir bo‘lishi mumkin. O‘sha davrdan oldin va keyin butun o‘yin davomida raqibdan yaxshiroq o‘ynagan bo‘lsak-da, ikkita gol o‘tkazib yubordik. Albatta, bunday holat yuz bermasligi kerak edi. Bunday vaziyatlar yana takrorlanmasligi uchun futbolchilar bilan muayyan masalalarni muhokama qilib olishim kerak», — deya BBC Rosenyorning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.













