Fransiyalik markaziy himoyachi Kastello Lukeba shu yozda «RB Leypsig» klubidan ketishi mumkin. Insayder Florian Plettenberg bergan ma’lumotlarga ko‘ra, klub rahbariyati futbolchini sotishga qaror qilgan.
Germaniya tomoni Lukeba uchun 65–70 million yevro atrofidagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Bu uning shartnomasida ko‘rsatilgan tovon pulidan (80 million yevro) biroz kamroq demakdir. Avvalroq, 23 yoshli futbolchiga Londonning «Arsenal» klubi va Premyer-liganing bir qator boshqa jamoalari qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Lukebaning nemis klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. Joriy mavsumda u 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi, shuningdek, 2 ta sariq kartochka oldi. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 45 million yevroga baholamoqda.













